3-Topshiriq Dinshunoslik tarixi, Milliy dinlar



Yüklə 69,38 Kb.
səhifə7/12
tarix07.05.2023
ölçüsü69,38 Kb.
#109009
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12
3-topshiriq

Cho'qintirish (kreshenie – suvga botirish). Xristianlik ta'limotiga ko'ra, cho'qintirish orqali kishi dinga qabul qilinadi, ya'ni cherkov a'zosiga aylanadi. Bu marosim insonni uch marotaba suvga botirish yoki boshidan suv quyish bilan birga, ruhoniy tomonidan maxsus so'zlarni aytish orqali amalga oshiriladi. Injilga ko'ra, cho'qintirish va Muqaddas ruhning kelishi osmondan tug'ilishning maxsus shartlaridan biridir. Uning asosi sifatida Injildan misollar keltiriladi: “Iso javob berdi: “Senga to'g'risini aytay, agar kim suvdan va Ruhdan tug'ilmas ekan, Xudo saltanatiga kirmaydi”. Suvga botirish marosimi birinchi bo'lib Ioann tomonidan amaliyotda qo'llangan. Shu kabi amaliyot Tavrotda aytib o'tilgan “prozema”, ya'ni “butparastlarni dinga kiritish marosimi”ga o'xshab ketadi. Unda erkaklar dinga kirishi uchun xatna qilinishi kerak bo'lsa, ayollar uchun esa faqat diniy ritualni bajarish marosimi shart qilingan. Xristianlikning har bir yo'nalishida cho'qintirish marosimi turlicha talqin etiladi. Pravoslav va katolik cherkovlarida cho'qintirish sirli marosim sifatida e'tirof etiladi. Bu hodisa Ioann cho'qintiruvchining faoliyati ya'ni Iordan daryosida uning oldiga keluvchi insonlarni suvda tozalanishi, yomon illatlarni qayta qilmasliklari, Masihni toza qalb bilan kutib olish maqsadida amalga oshirilgan. Masih kelishini Ioann targ'ib qilgan, cherkov nuqtai nazaridan cho'qintirish paytida inson hayotda shahvoniy jihatdan o'lib, Muqaddas Ruh tomonidan ma'naviy hayotga qayta tiriltiriladi degan aqida mavjud. Marosim vaqtida inson nafaqat barcha qilgan gunohlaridan poklanadi, shu jumladan, gunohlaridan ma'naviy forig' bo'ladi.
Suv yordamida “o'ldirish, jonsizlantirish” – mavjud bo'lgan qusurlardan tozalanish hisoblanadi. Albatta u mutlaq poklanish bo'lmasada, to'xtovsiz yovuzlikni, yomonlikni to'xtatadi, deb ta'kidlanadi. Rim nomalarida bu haqda shunday yoziladi: “Cho'qintirilayotgan Iso bilan birga o'lib, u bilan birga abadiy hayotda tiriladi. Shunday qilib biz cho'qintirilib u bilan birgalikda o'limga dafn qilindik, zeroki Ota nomi bilan Iso o'liklardan tirilgani kabi, biz ham yangilangan hayotda yashaymiz” (Rim, 6:4). Cho'qinishdan so'ng inson gunoh ishlarni qilsa u Xudoning marhamatidan voz kechgan bo'ladi: “Agar Xudoni anglab, bizning xaloskorimiz Isoni tan olib turib, eski yillariga, eski xolatiga qaytsalar, buning oxiri avvalgidan ham og'irroqdir” (2 Petr, 2:20).Cho'qintirish marosimi xristian dinining eng muhim va asosiy marosimlaridan biridir. Bu marosim asosan cherkovda o'tkaziladi. Xristianlar e'tiqodiga ko'ra, inson tug'ma gunohkor bo'lib tug'iladi va undan forig' bo'lish uchun muqaddas suv yordamida poklanadi. Shundan so'ng poklangan bola cherkov a'zoligiga qabul qilinadi.Cho'qintirishga o'xshagan marosim qadimgi Hindiston, Rim, Misr, Kichik Osiyo va boshqa davlatlar hududlarida yashagan xalqlar orasida ham mavjud bo'lgan. Xristianlikda cho'qintirish marosimi milodning I asri oxirlarida paydo bo'lgan. IV asrda birinchi xristian jahon soborining qaroriga muvofiq, bu marosim har bir xristian uchun majburiy deb e'tirof etilgan va “e'tiqod ramzi” sifatida qabul qilingan. Shu vaqtdan boshlab “cho'qintirilgan” so'zi “xristian” degan so'z bilan teng ma'no kasb eta boshlagan.
Xristianlar boshqa dindagi hamma kishilarni “cho'qinmaganlar” (“Isoni tanimaganlar”) deb atay boshlaganlar. Cho'qintirish marosimini tartibga solish maqsadida Qadimgi Karfagen cherkovi ishlab chiqqan 124 qoidadan birida ushbu normalar belgilangan: “Go'daklar va yangi tug'ilgan chaqaloqlarni cho'qintirmaganlarga la'nat bo'lsin”. Pravoslov yo'nalishida cho'qintirish marosimi asosan yangi tug'ilgan chaqaloqqa o'tkaziladi. Ota- ona o'z farzandlarining diniy bilimiga mas'ul bo'lib, cho'qintirilayotgan bola e'tiqodiga kafil hisoblanadilar. Cho'qintirilayotgan bola o'g'il bo'lsa, uni erkak kishi ko'taradi, agarda qiz bo'lsa, ayol kishi tomonidan amalga oshiriladi. Bu holatda rohib ota-ona vazifasini bajara olmaydi. Qadimda cho'qintirish marosimini voyaga yetganlar qalban his qilgandagina o'tkazilgan. Xristianlikning ilk davrida ba'zilar go'daklarni gunohsiz deb bilib, agar olamdan o'tsa jannatga tushadi, shu sababli ularni go'daklikda cho'qintirish shart emas deb hisoblaganlar. Boshqalar esa bolani cho'qintirish lozimligini takidlaganlar. Ko'p insonlar cho'qintirish marosimini juda ham ortga surganlar. Ba'zilar o'limi oldidan bu marosimni o'tkazganlar. Toki ular umr mobaynida qilib o'tgan gunohlaridan shu yo'l bilan poklanib ketmoqchi bo'lar edilar. Shuning uchun cherkov bu an'anaga qarshi chiqib, go'dak tug'ilgan kundan boshlab sakkiz kun ichida bu marosimni bajarish lozimligini talab darajasiga ko'targan. Yevxaristiya (yunoncha “non va sharob totish marosimi”) xristianlikdagi eng muhim marosimlardan ikkinchisidir. Rus tilida bu marosim “Prichastie” deb nomlanadi. Yunon tilida “Evxaristiya” deb ataladigan mazkur marosim, xochga mixlanishdan oldin Isoning havoriylar bilan birga tanovul qilgan eng oxiri kechki ovqat xotirasi, sifatida e'tiqod qilinadi. Bu kecha tanovul kechasi ham deb ataladi. Avliyo Pavel keyinchalik bu hodisani sharhlab bergan. Cherkov esa uni marosim holiga keltirgan. Dastlab yilda bir marta amalga oshirilgani holda, keyinchalik har xaftada qilinadigan bo'lgan. Qadim xristianlar, “evxaristiya”ni qurbonlik sifatida bilganlar. Bugun ham cherkovlarda amalga oshiriluvchi yevxaristiya marosimida beriluvchi non va sharobni qurbonlik sifatida yeb-ichadilar.
Xristianlar non bilan sharobni tanovul qilar ekanlar, bu bilan ular Isoning tanasi va qonini tatib ko'rdik, endi xudoga yaqinroq bo'ldik, deb hisoblaydilar. Bu marosim ertalab yoki tushki ibodatda asosiy o'rinni egallaydi. Bugungi kunda yevxaristiya cherkovda yakshanba kuni amalga oshriladi. Bu marosim borasida yo'nalishlar orasida, mintaqa va madaniyatlardan kelib chiqib farqli ba'zi bir jihatlar mavjud. Jumladan, katoliklarda mazkur marosimda yaqin-yaqinlargacha faqat ruhoniylargina ham non ham vino iste'mol qilishgan. Oddiy insonlar (“miryane”) faqatgina non bilan poklanishgan. Pravoslav va protestant yo'nalishlarida esa bu borada ruhoniylar va oddiy insonlar farqlanmaydi. Shuningdek, yo'nalishlar orasida non va vinoning tarkibi borasida ham farqlar kuzatiladi. Masalan, katolik va protestantlarda muqaddas non xamirturushsiz hamda vino suv qo'shilmagan holda bo'ladi. Pravoslavlarda esa, aksincha, non xamirturushli va vinoga suv qo'shilgan bo'ladi.
Konfirmatsiya (yun. miro moyi surtish marosimi; ruschada – miropomazanie). Zaytun yog'idan tayyorlangan muqaddas moy surtish sirli marosimlardan biri bo'lib havoriylar davrida yo'lga qo'yilgan. Miro moyi – (yun. – xushbo'y moy) cherkov yepiskopi tomonidan oliy navli zaytun yog'iga oq uzum vinosi, atirgul yaproqlari, binafsha, zanjabil ildizlari, muskat, atirgul, chinnigul va limon moylari kabi mahsulotlarni qo'shib qaynatish orqali tayyorlanadi. Cho'qintirilgan bolaning, muqaddaslashtirilgan yog' (xushbo'y miro moyi) bilan, vujudining turli joylariga surtish marosimi. U Sharq cherkovlarida cho'qintirilgandan darhol keyin, G'arb cherkovlarida esa keyinroq qilinadi. Pravoslavlarda cho'qintirish bilan konfirmatsiya orasida yaqin bir bog'liqlik bo'lganligi uchun ularning ketma-ket qilinishi afzal, deb bilinadi. Katoliklarda esa, mazkur marosim bola sakkiz yoshga to'lgachgina amalga oshiriladi. Bunda, miro surtilayotgan kishining peshona, yonoq, og'iz qismi, yelkalari va qorniga xoch shaklida suriladi. Protestant yo'nalishlari esa mazkur marosimni yo umuman rad etadilar, yo bo'lmasa uni “sirli” deb tan olmaydilar. Miro moyi tayyorlash cherkovning maxsus ichki marosimlaridan hisoblanib, uni tayyorlash huquqiga faqat yepiskoplar ega. Pravoslavlikda, miro tayyorlash imkoniyatiga ega bo'lgan cherkovlargina avtokefallik maqomini olishi mumkin. Miro surtilgan bola, cherkovning bu ish uchun ajratilgan joyiga olib boriladi. U yerda unga konfirmatsiya noni yediriladi. Yeya olmas darajada kichik bo'lsa, lablariga tekkiziladi. Shunday qilib u, cherkovning bir a'zosiga aylanadi. Tavba-tazarru qilish marosimi. Bunda inson o'zi qilgan gunohlariga iqror bo'lishi, keyinchalik shu gunohlarni qilmaslik uchun mag'firat so'rashi lozim. Bu xristianlikda keng yoyilgan
gunohlarni e'tirof qilish marosimi hisoblanadi. Bu marosim, asosan gunoh qilish orqali yo'qolgan cho'qintirish inoyatini qayta qo'lga kiritish uchun qilinadi. Buning asosi sifatida Bibliyada keltirilgan quyidagi matnlar olingandir: “Xoh ayol bo'lsin, xoh erkak bo'lsin qandaydir gunoh sodir etgan bo'lsa, istig'for aytib, gunohlariga tavba qilsin”ю Bu marosimning asosiy mohiyati dindor cherkovga kelib, qilgan gunohlari uchun tavba qiladi, ya'ni ruhoniyga o'zining hamma gunohlarini batafsil so'zlab beradi, xattoki, qalbi tubidagi yashirin sirlarini ham ruhoniy “ota”ga so'zlab beradi. Cherkov nomidan gunohlarni kechirish huquqiga ega bo'lgan ruhoniy uning gunohlaridan o'tadi va unga nasihat qilib, uni to'g'ri yo'lga soladi va Muqaddas Ruhning kuchi bilan uni gunohlaridan pok qiladi.
Yeley surtish marosimi (rus. soborovanie). Muqaddaslashtirilgan zaytun yog'ining ham shifo, ham gunohlarning kechirilishi hamda bemalol o'lish uchun kasallarga surtish marosimidir. Bu bemorning peshona, yonoq, lab va qo'llariga muqaddas deb bilingan zaytun moyi surtish ko'rinishida kechadi. Mazkur marosim, cherkov ta'limotiga ko'ra, insonning jismoniy va ruhiy kasalliklarini davolaydi. “...qo'llariga ilon olib ko'tarsalar yoki zahri qotil biror narsa ichsalar ham ularga zarar yetmaydi. Bemorlarga qo'llarini qo'ysalar ular sog'ayib ketarlar”. Bu marosim ayni paytda tavbasiga tayanib ulgurmagan bandalarning gunohlardan xalos etib, osongina jon topshirishlariga yordam beradi, deb hisoblanadi. Ruhoniy unvonini berish marosimi. Bu ruhoniylik martabasiga ko'tarilish bilan bog'liq marosimdir. U “Xirotoniya” (yun. “xir” – qo'l va “tefimi” – qo'yaman) deb nomlanadi. Diniy ta'limotga ko'ra, ruhoniy bo'ladigan shaxsning boshiga yepiskop qo'l tekkizganidan keyin, u “Muqaddas Ruh” ning alohida marhamati bilan odamlar o'rtasidagi vositachilik qilish xususiyatiga ega bo'ladi. Shundan so'ng mazkur inson xuddi Isoga uning havoriylari xizmat qilganidek o'z zimmasiga Xudo va odamlar orasida vositachi bo'lib xizmat qilish majburiyatini oladi. Ma'lumki, xristianlik dinida ruhoniylik unvonlari – d`yakon, presviter, yepiskop kabi uch turli darajaga ega.
D`yakon (yunon. xizmatchi) – xristian cherkovidagi eng quyi ruhoniylik darajasi. U marosimlarda yepiskop va presviterlarga yordamchilik qilish bilan shug'ullanadi. Presviter (lot. oqsoqol) – xristian ruhoniylar ierarxiyasida yuqori darajaga ega ruhoniy. Qadimda yepiskoplar ham shunday nom bilan atalgan. Jamoa tarafidan saylab qo'yiluvchi ruhoniy bo'lib, dastavval, u pastor bilan birgalikda diniy marosimlarga rahbarlik qilgan. Yepiskop (yunon. nazoratchi) – xristianlikdagi oliy darajadagi ruhoniylik unvoni. Katolik e'tiqodiga ko'ra yepiskoplar havoriy Pavelning izdoshlari xisoblanadi. Shuningdek, yepiskop o'zi miro moyini tayyorlash, ruhoniylik darajasini berish, hamda diniy marosimlarni boshqarish huquqiga ega.
Nikoh marosimi. Xristianlikda kelin va kuyovlarning o'zaro xohishlari asosida kelgusi hayotlarida er-xotin bo'lib birga yashashlarini ta'minlash uchun amalga oshiriladigan sirli marosim. Nikohda ham sirlilik bor, erkin tarzda ruhoniy va cherkov huzurida er va ayol tarafidan oilaga sadoqatli bo'lishga va'da beriladi. Ularning oilalariga Isoning ruhi birlashib ketishiga oq fotiha beriladi va ulardan sof e'tiqodli xristian bolalar tug'ilishi va tarbiyalanishi Xudodan so'raladi. Ushbu marosim XVI asrda paydo bo'lgan. Katolik yo'nalishiga ko'ra, nikoh Iso va cherkov orasidagi uzviy bog'liq ruhiy munosabatning bir ko'rinishidir va shuning uchun ham muqaddas marosim sanaladi. Bir marosim sifatida nikoh, ikki kishi orasidagi ahdlashuvning cherkov tomonidan muqaddas deb bilinishi va bu juftlikning cherkovda muqaddas bir bog'ich bilan bog'lanishidir. Nikoh Xudo tomonidan yuzaga keltirilgan bir jamlanish bo'lgani uchun, qadim- qadimdan muqaddas deb bilingan. Xudoning o'zi odamlarning nikoh ittifoqini himoya qiladi. Cherkovning ta'kidlashicha, nikohda asosiy narsa huquqiy yoki iqtisodiy emas, balki axloqiy jihatdir. Ayni paytda, bu axloqiy jihat, diniy jihat bilan aynan bir narsadir. Shuning uchun ham nikoh marosimini o'tkazmay turib, chinakam axloqiy, oilaviy munosabatlarning bo'lishi mumkin emas. Cherkovda o'tkazilgan nikoh xristian oilasining qonuniy asosi hisoblanadi. Shu bois, uni buzishlik mumkin emas deb uqtiriladi. Yuqorida qayd etilganidek, bu marosim xristianlikning turli yo'nalishlarida turlicha shaklda amalga oshiriladi. U pravoslavlikning ham asosini tashkil etadi. Faqat ularning bajarilishida katoliklar bilan pravoslavlar orasida ba'zi farqlar bor.
Rojdestvo – Isoning tug'ilishi munosabati bilan o'tkaziluvchi, xristianlik dinidagi eng muhim bayramlardan biridir. Katolik, protestant va pravoslav yo'nalishlariga ko'ra, yangi taqvim hisobi bo'yicha (Grigoryan yil hisobi bo'yicha) 25 dekabrda nishonlanadi. Rus pravoslav cherkovlarida esa, eski taqvim (Yulian) yil hisobi bo'yicha 7 yanvarda nishonlanadi. Dastlabki davrda “Rojdestvo” va “Xudoning zohir bo'lishi” bayramlari bir-biriga mos kelgan. Bayram kunlarini tanlash cherkov an'analari bo'yicha “Ilohiy xushxabar” bayrami (Yulian taqvimi hisobida 25 mart kuni) bilan aloqadorlik asosida va undan keyingi to'qqiz oy ichidan tanlab olingan. Ma'lumki, yahudiylik bo'yicha “Xanukka”, rimliklar hisobida esa “Saturnali”, Rim imperiyasida Mitra xudosining tug'ilgan kuni nishonlanadi. Xristianlikkacha bo'lgan normalar Xaloskorning g'orda tavallud topishi, uning bolaligi, o'zga narsalar bilan munosabati, Sulaymon (Salomon) haqidagi, Vifleem yulduzlari haqidagi apokriflar hikoyalarida va xalq og'zaki ijodida namoyon bo'ladi. Qadimgi davrga oid qabr toshlaridan birida shunga tegishli surat saqlanib qolgan. Pravoslav yo'nalishida Rojdestvo Pasxadan keyingi o'rinda turuvchi muhim bayram hisoblanadi, katolik yo'nalishida esa yillik eng asosiy bayram sifatida nishonlanadi. Pravoslavlikda Rojdestvo bayrami qirq kunlik Postdan avval o'tkaziladi. Maxsus va qat'iy tartib asosida, bu marosim osmonda birinchi yulduz paydo bo'lguncha bajariladi. Bu qoida “sochel`nik” deb nomlanadi. V asrda Anatoliy Konstantinopol`skiy, VII asrda Andrey Ierusalimskiy, VIII asrda Ioann Damaskiylar tarafidan bu bayramda ijro etiladigan Rojdestvo kuyi ham yaratilgan. Agar Rojdestvo shanba yoki yakshanba kuniga to'g'ri kelsa Ioann Zlotoust yoki Buyuk Vasiliy liturgiyalari bajariladi. Rojdestvodan cho'qintirishga qadar bo'lgan vaqt rus xalqi an'analariga ko'ra “svyatka” deb ataladi. Ular bu vaqtda yovuz kuchlar kezib yuradi deb hisoblaydilar. Oddiy xalq e'tiqodiga ko'ra, agar Rojdestvo kuni qor yog'sa, yoki kun issiq bo'lsa, qirov bo'lsa don mo'l bo'ladi. Osmon yulduzli bo'lsa no'xot mo'l bo'ladi. Bo'ron asal mo'l bo'lishini anglatadi. Rojdestvo agar 31 kunlik oylarga to'g'ri kelsa, hosildorlik yaxshi bo'lmaydi, deb hisoblanadi. Bundan tashqari Rojdestvo kuni bichish-tikish ishlarini bajarish mumkin emas. Bu ish bajarilsa bolalar ko'zi ojiz tug'ilishi mumkin, degan e'tiqod mavjud. Bukri bolalar tug'ilmasligi uchun shu kuni to'quvchilik qilinmaydi. Ertalabki nonushtada suv ichilmaydi. Rojdestvo kuni nikoh tuzilmaydi. Xristian ta'limotiga ko'ra, rojdestvo kuni uch mahal (quyosh chiqayotganda, ertalab va kunduzi) ibodat qilinadi. Rojdestvo belgisi yashirin bo'lib e'tiqodli insonning qalbida bo'ladi. XII asrdan boshlab katolik ibodatxonalarida Isoning chaqaloq qiyofasidagi bolalar ibodati namoyish qilina boshlagan. Uning tug'ilgan kuni (ya'ni Rojdestvoda) insonlar uchun qutqaruvchi va abadiy hayot eshiklari ochiladi, deb e'tiqod qilinadi. Katoliklarda rojdestvo posti “advent” deb ataladi. U avliyo Andrey kunidan keyingi birinchi yakshanbada – 30 noyabrda boshlanadi. Bayram yarim tundagi, ertalabki va kunduzgi uch ibodat bilan nishonlanadi va Iso Masihning Ota-Xudoning ko'ksidan, Bibi Maryamning qornidan, dindorning ko'nglida ramziy ma'noda tug'ilishini anglatadi. O'sha kuni ta'zim qilish uchun ehromlarda go'dak Isoning haykalchasi qo'yilgan belanchaklar o'rnatiladi. Rojdestvo oilaviy bayram bo'lib, bu kunda faqat maxsus taomlargina dasturxonga tortiladi. Bular baliq, meva, sabzavotlar va shirinliklar. Osmonda birinchi o'nta yulduz paydo bo'lganda ibodatxonalarda marosimlarni bajarishga kirishadilar. Katoliklar uchun bajarishi shart bo'lgan amallar: rojdestvoning birinchi kuni dasturxonga go'shtli mahsulotlar, cho'chqa, kurka, baliq go'shti tortiladi. Dasturxon bu kunda qanchalik mo'l bo'lsa, kelgusi hayot shunchalik farovon bo'ladi, deb biladilar. Shuningdek, ushbu kunda hamma joyda sovg'alar ulashiladi. Cherkov tomonidan Isoning tug'ilishini bayram qilish IV asrdan boshlangan. Cherkov ta'limotiga ko'ra, bu bayramni Xudo tomonidan Iso sharafiga bag'ishlab bayram qilish tavsiya etilgan. Italiyada rojdestvo kuni uylaridan eski kiyimlarni, narsalarni, buyumlarni ko'chaga irg'itib yuboradilar, shu bayramda hattoki urushlar to'xtatilgan. Ayrim arazlashib yurgan kishilar yarashganlar, bemorlar holidan xabar olib, ularga sovg'alar berganlar. Iso insoniyatni gunohidan ozod qilish uchun o'z jonini fido qilish, Yer yuzida adolat o'rnatish uchun tug'ilgan deb tasavvur qilinadi va uning tug'ilgan kuni bayram qilinadi.
Pasxa. Yahudiylik va xristianlik dinlarida bir xil nomlanuvchi Pasxa – xristianlarda, ayniqsa, katta tantana bilan o'tadigan bayramdir. Pasxa (qad. yahudiycha “Peysax” – o'tmoq) – yahudiylar va xristianlarning bahor bayrami. Qadimda ko'chmanchi somiy qabilalari Pasxani chorva mollarining bahorgi bolalash vaqtida bayram qilganlar. Bu qabilalarning o'troqlashishi va dehqonchilik bilan shug'ullanishi natijasida Pasxa yig'im-terim bayramiga aylangan. Pasxa yahudiylarning yillik bayramlari ichida eng e'tiborlisidir. Bu bayram xristianlarning Pasxasidan farqli o'laroq, yahudiylarning Misrdagi Fir'avn qulligidan ozodlikka chiqqanlari (taxminan mil. av. 8-asr) munosabati bilan nishonlanadi. Yahudiylar Pasxasida keyinchalik messiyani kutish g'oyasi ham o'z ifodasini topadi. Tadqiqotchi A.Ranovich o'zining “Qadimiy yahudiy dini tarixi qissalari” (“Ocherki istorii drevneevreyskoy religii”) nomli kitobida bu bayramning kelib chiqishi, uning nishonlanish sabablari haqida alohida to'xtalib o'tgan. Uning fikricha, dastlab bu bayram chorvador- dehqonlar tomonidan, keyinchalik esa Bibliyaga ko'ra, misrliklar qo'lidagi qullikdan ozod bo'lish sharafiga nishonlangan. Mazkur bayram Rus Pravoslav cherkovida yana “Voskreshenie Iisusa Xrista” deb ham nomlanadi. Katoliklar (G'arbiy xristianlik)da pasxa 22 mart – 25 aprel` oralig'ida, pravoslavlar (Sharqiy xristianlik)da 4 aprel` – 8 may oralig'ida nishonlanadi. Bu bayramni nishonlanishining ham o'z sababi bor. Yahudiylar Pasxani Misrdagi qullikdan ozod bo'lganliklari sharafiga bayram qilsalar, xristianlar Iso Masihning qayta tirilganini nishonlaydilar. Xristianlik ta'limotiga ko'ra, bu Iso Masih o'limining uchinchi kuni sodir bo'lgan. Ma'lumki, shanba yahudiylar uchun muqaddas kun hisoblanadi. Shanba kuni hech qanday ish qilmaydilar, hatto, o'lik ham ko'milmaydi. Xristianlik ta'limotiga ko'ra, Iso Masih juma kuni kechqurun vafot etgan. Uni yakshanba kuni dafn etmoqchi bo'lishadi. Bir qancha ayollar Iso Masihning qabri oldiga ibodat qilish uchun keladilar. Ular orasida Mariya Magdalena ismli ayol ham bor edi. U tosh ustida ko'rinishi chaqmoqdek yorqin, kiyimi qordek oq farishtani ko'radi. Farishta ayollarga Iso Masihni qayta tirilgani haqida xabar beradi. Natijada bu xabar tez orada hamma joyga tarqaydi. Mariya Magdalena Rim imperatori huzuriga borganida unga qizil rangga bo'yalgan tuxumni ko'rsatadi va “Iso qayta tirildi”, deydi. Shuning uchun xristianlar tuxumni barcha tug'ilishlarning avvali, deb hisoblaydilar. Shundan beri “Pasxa” bayramida tuxumni bo'yab, bir-biriga taqdim qilish odat tusiga kirgan. Bu bayramning asosiy g'oyasi shundaki, Iso Masih o'limga rozi bo'lish bilan o'z qavmini gunohlardan saqlab qolgan, deb e'tiqod qiladilar. Bu bayram yetti kun davom etadi. Yahudiy va xristianlarda Pasxa bayramini nishonlash vaqti bir haftaga farq qiladi. Yahudiylar uni xristianlardan avval nishonlaydilar. Bu xristianlarning xohishiga ko'ra, Mazkur sana milodiy 325 yili Nikeya shahrida bo'lib o'tgan birinchi butun olam saborida belgilangan. Xristianlikda asosiy ibodatlar majmuasi liturgiya deb nomlanadi. Liturgiya (yunon. – ibodat) – pravoslavlikda ertalabki yoki tushki ibodat (obednya), katoliklarda liturgiya messa deb ham ataladi. Unda non va vino totish marosimi o'tkaziladi. Liturgiya uch qismdan iborat. Birinchi qism – proskomidiya deb ataladi. Unda cherkov xizmatchisi non va vino totish marosimi uchun dindorlarga non va vino tayyorlaydi. Ikkinchi qism – oshkor e'lon qilish (oglashenie) deb nomlanadi. Bunda cho'qintirish oldidan xristian ta'limoti tanishtiriladi va xohlagan kishilar ishtirok etishi mumkin. Uchinchi qism – e'tiqodlilar liturgiyasi deb ataladi va u faqat cho'qintirilganlarga taalluqlidir. Liturgiya vaqtida turli marosimlar bajariladi xudoga iltijolar qilinadi, diniy qo'shiqlar kuylanadi, va'zlar aytiladi va h.k. Cherkov liturgiyani “sir-asrorlar siri” deb atab uni faqat Iso Masihning o'zi sirli kechada belgilagan, deb hisoblaydi.

Yüklə 69,38 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin