Texnologik jarayon tasnifi Tabiiy gazni siqib haydash jarayonlari Gazni siqish va haydash uchun mo’ljallangan mashinalar kompressorlar deyiladi.
Kompressorlar xalq xo’jaligida qo’llanilayotgan zamonaviy texnikalarda keng foydalanilmoqda. Ayniqsa kimyo, mashinasozlik, metallurgiya, temir yo’li, aviatsiya sanoatlarida, gaz-turbinali dvigatellarda va sovitish qurilmalarida kompressorlar keng ishlatiladi.
Ishlash printsipi va tuzilishiga ko’ra kompressorlar hajmiy va parrakli kompressorlarga bo’linadi.
Hajmiy kompressorlarda gaz bosimi uning hajmini majburiy kamaytirish hisobiga ko’payadi. Hajmiy kompressorlar jumlasiga porshenli rotatsion va vintaviy kompressorlar kiradi.
Parrakli kompressorlarda gazning bosimi kompressorning g’ildiraklari aylanganida vujudga keladigan inertsion kuchlar ta’sirida ko’payadi. Ular trubokompressorlar ham deyiladi va markazdan qochma hamda o’qiy kompressorlariga bo’linadi.
Porshenli kompressorlar miqdori unchalik katta bo’lmagan gazni katta bosimlargacha siqishda ishlatiladi. Trubokompressorlar esa buning aksicha gazni nisbatan past bosimlarda (0,15-1,5MPa atrofida) uzatib berish uchun mo’ljallangan.
Kompressorlar bir-biridan konstruktsiyasi va siqish printsipiga ko’ra farq qilishiga qaramasdan siqish protsessi termodinamikasi ularda bir xil bo’ladi.
Kompressorlarda sodir bo’ladigan protsesslarni tekshirish va tahlil qilish uchun, ish printsipi oddiyroq bo’lgan bir bosqichli porshenli kompressorlarni ko’rib chiqamiz (1-rasm).
1- rasm.
U silindr 1 va ichida harakatlanadigan porshen 2 dan iborat. Silindr devori ichi bo’shliq 6 dan iborat bo’lib unda sovituvchi suv aylanma harakat qiladi. Porshen shatun 3 vositasida krivoship 4 orqali kompressorning tirsakli vali 5 bilan birlashtirilgan va ilgarilama-qaytma harakat qiladi.
Porshen chapdan o’ngga siljiganda kompressor silindrida siyraklanish vujudga keladi. Tevarakdagi muhitning bosimi ta’sirida so’rish klapani 7 ochiladi va silindrga siqilishi lozim bo’lgan gaz to’ladi.
Porshen o’ngdan chapga tomon siljiganida so’rish klapani yopiladi va porshen silindrdagi gazni siqadi. Siqilgan gaz haydash klapani 8 ochilib silindrdan itarib chiqariladi va gaz yig’gichga haydaladi, undan esa iste’molchiga beriladi.
Bunda kompressorning ish protsessi porshenning ikki marta harakatlanishida amalga oshadi, bu esa valning bir marta aylanishiga muvofiq keladi.
Nazariy (ideal) bir bosqichli kompressorni ishlashini ko’rib chiqamiz.
Ishqalanishni yengishga sarf bo’ladigan ish yo’q, silindrning geometrik hajmi foydali ish hajmiga teng va qoldiq bo’shliq hajm hosil kilmaydi, deb faraz qilamiz. Gazni silindrga so’rish va yig’gichga haydash o’zgarmas bosimda amalga oshadi.