Gegel falsafasi. Gegel falsafiy tizimi nemis klassik idealizmining tadrijiy yakuni hisoblanadi. Buyuk faylasufning barcha mashhur asarlari: «Ruh fenomenologiyasi» (1807), «Mantiq fani» (1812-1816), «Falsafa fanlari qomusi» (1817) ayni shu tizimni ishlab chiqishga bag’ishlangan. «Ruh fenomenologiyasi» asari Gegel falsafiy tizimiga o’ziga xos debochadir. Bu asarda Gegel inson ongi turli darajalari rivojlanishining izchil qatorini tahlil qiladi.
Gegel tizimining birinchi va muhim qismi – «Mantiq» «Ruh fenomenologiyasi»ning yakuni va xulosasidir. Bu subyekt va obyektga qadar mavjud bo’lgan «sof fikr» sohasidir. Mantiqda uning o’zi va mantiq shakllaridan tashqari hech qanday empirik mazmun mavjud emas. Mantiq tarix va tabiatdan oldin paydo bo’lgan. Mantiq ularni yaratgan.
Mantiq uch qismga: borliq haqidagi ta’limot, mohiyat haqidagi ta’limot va tushuncha haqidagi ta’limotga bo’linadi. Borliq va mohiyat tushuncha o’zini to’liq namoyon etgunga qadar «ko’tariladigan» pillapoyalar sifatida qaraladi. «Mantiq»da mutlaq g’oyaning rivojlanishi abstrakt mantiqiy kategoriyalar ko’rinishida yuz beradi. Uning tayanch nuqtasi – borliq haqidagi sof abstrakt fikr. Dastlab mazmunsiz bo’lgan bu «sof borliq» tushunchasi «nimadir» orqali o’z mazmunini kasb etishga harakat qiladi. Bu «nimadir», o’z navbatida, «muayyan borliq»dir. Gegel fikriga ko’ra, mutlaq g’oyaning vujudga kelish jarayoni ayni shu tariqa boshlanadi. «Muayyan borliq» keyingi bosqichda «qandaydir muayyan borliq» sifatida amal qiladi yoki sifat kasb etadi. Sifat kategoriyasi miqdor kategoriyasi bilan birga rivojlanadi. Sifatli miqdor yoki miqdoriy sifat esa o’lchov hisoblanadi. Borliq haqidagi ta’limotda Gegel dialektika qonunlaridan biri: miqdordan sifatga va sifatdan miqdorga o’tish, rivojlanish jarayonlari sakrash tarzida yuz berishini asoslashga harakat qiladi.
Hodisa sifatida tushuniladigan borliqdan Gegel yanada teranroq, ichki qonuniyatlarga – mohiyatga o’tadi. Bu qismda Gegel qarama-qarshiliklarning bir-biriga o’tishi, ularning birligi, ayniyat va kurash to’g’risidagi qonunni tahlil qiladi. Gegel fikriga ko’ra, ziddiyat – bu qarama-qarshiliklarning o’zaro nisbatidir. Ular bir-birisiz mavjud bo’lmaydi, lekin turli yo’ldan rivojlanadi va bu ular o’rtasidagi munosabatlarning keskinlashuviga sabab bo’ladi. Ziddiyatni yechish yoki unga chek qo’yish talab etiladi. Gegel ziddiyatni asos va oqibatning, shakl va mazmunning, hodisa va mohiyatning, imkoniyat va voqyelikning, tasodif va zaruriyatning o’zaro nisbatida ko’radi. Ziddiyat haqidagi ta’limotni rivojlantirar ekan, Gegel ichdan zarur bo’lgan, har qanday o’zgarish va rivojlanishning manbai sanalgan «o’z-o’zidan harakat» haqida xulosa chiqaradi.
Gegel fikriga ko’ra, ayniyat va tafovutning nisbatini bilish jarayonida ularning zamirida yotgan ziddiyat namoyon bo’ladi. Ziddiyatlar mavjudligi hodisaning rivojlanayotganidan dalolat beradi. Mohiyat haqidagi ta’limotda Gegel voqyelikni «mohiyat va mavjudlikning birligi» sifatida tavsiflaydi. Mohiyatning o’zi – «mavjudlik asosi»dir. Mohiyat haqidagi ta’limotning dastlabki boblaridan boshlab Gegel uni bilish mumkin emas degan tasavvurni rad etadi.
Borliq va mohiyat sohasidagi rivojlanish jarayonlarini belgilovchi zaruriyat tushunchada o’z aksini topadi. Bunday zaruriyat erkinlikka aylanadi, «erkinlik esa – bu anglab yetilgan zaruriyat»dir. Shu tariqa «Mantiq» tushunchaga o’tadi. Bunda Gegel falsafiy metod sifatidagi formal mantiq va metafizikani tanqid tig’i ostiga oladi va umumiylik, alohidalik va yakkalik dialektikasini ishlab chiqadi. Ayni vaqtda u haqiqat tushunchasini fikrning obyekt bilan mos kelish jarayoni sifatida tahlil qiladi. Bunga g’oyada erishiladi. Faqat g’oya tushuncha va narsaning shak-shubhasiz birligi hisoblanadi.
Mantiqdan Gegel tabiat falsafasiga o’tadi. Unda g’oya tabiat bunyodkori hisoblanadi. Aynan u o’zining «o’zga borlig’i» - tabiatni yaratadi. Tabiatning rivojlanish bosqichlari: mexanizm, ximizm, organizm. Gegel o’z dialektik tafakkurining teranligi va kuchi yordamida «Tabiat falsafasi»da noorganik va organik tabiatning ayrim bosqichlari o’rtasidagi o’zaro aloqa hamda dunyodagi barcha hodisalarning qonuniyati haqida bir qancha noyob farazlarni ilgari suradi.
Mutlaq g’oya rivojlanishining uchinchi bosqichi ruh bo’lib, u ham o’z rivojlanish jarayonida uch bosqichdan o’tadi: subyektiv ruh, obyektiv ruh, mutlaq ruh. Subyektiv ruh – bu «jon» yoki «ruh o’zida», ong yoki «ruh o’zi uchun». Obyektiv ruh huquq sohasini belgilaydi. Pirovard natijada u axloqda o’z ifodasini topadi va oilada, fuqarolik jamiyati va davlatda mujassamlashadi. Mutlaq ruh – umrboqiy haqiqat. U o’z rivojlanish jarayonida uch bosqich: san’at, din va falsafa bosqichlaridan o’tadi. San’at, Gegel fikriga ko’ra, mutlaq g’oyani bilishning bevosita shakli. Din o’z manbai – vahiy orqali Xudoni anglab yetadi. Falsafa - mutlaq ruh rivojlanishining oliy darajasi. Bu yerda g’oya o’zini o’zi anglab yetadi, o’zining «sof prinsipi» darajasiga ko’tariladi, mutlaq g’oyaning intihosini uning ibtidosi bilan bog’laydi.
Shunday qilib, Gegel falsafiy tizimida mutlaq g’oya rang-barang va murakkab hayot yo’lini bosib o’tadi. Uning tizimi – bu obyektiv idealizm: mutlaq g’oya tabiat va insonga qadar «sof fikr» sifatida mavjud bo’ladi, tabiat va jamiyatni vujudga keltiradi. Tizim zamirida «triada»: tezis – antitezis – sintez yotadi. Bu «triada», bir tomondan, Gegel falsafiy tizimiga izchil tus beradi, boshqa tomondan esa, Gegelga dunyo rivojlanishining hujumkor xususiyatini ko’rsatish, qomusiy bilimlardan foydalanish uchun imkoniyat yaratadi.
Uning falsafiy tizimi mantiq va tabiat falsafasini, antropologiya va psixologiyani, huquq falsafasi va axloqni, davlat va fuqarolik jamiyati falsafasini, din falsafasi va estetikani, falsafa tarixi va tarix falsafasini, tamoyillar, qonunlar va kategoriyalar tizimi sifatidagi dialektikani o’z ichiga oladi.
Dialektika muammolarini ishlab chiqishda ham Gegelning xizmatlari beqiyosdir. U sifat o’zgarishi, quyi shakllardan oliy shakllarga yuksalish, eskining yangiga o’tishi, har bir hodisaning o’z ziddiga aylanishi sifatidagi dialektik rivojlanish haqidagi ta’limotni yaratdi. Gegel dunyodagi barcha jarayonlar o’rtasidagi o’zaro aloqani qayd etdi.
Gegel dialektikaning idealistik shaklini ishlab chiqqan: u kategoriyalar dialektikasini, ularning aloqalari va bir-biriga o’tishini, «sof fikr» - mutlaq g’oyaning rivojlanishini tahlil qiladi. U rivojlanishni o’z-o’zidan harakat sifatida, qarama-qarshiliklar bir-biriga o’tishi natijasida yuz beruvchi o’z-o’zidan rivojlanish sifatida tushunadi: hodisa ziddiyatli bo’lgani bois, u harakatlanish va rivojlanish qobiliyatiga ega bo’ladi. Gegel dialektikasida har bir tushuncha qolgan barcha tushunchalar bilan ichdan bog’lanadi: tushunchalar va kategoriyalar bir-biriga o’tadi. Masalan, imkoniyat rivojlanish jarayonida voqyelikka, miqdor – sifatga, sabab – oqibatga aylanadi va ayni vaqtda buning aksi yuz beradi. Gegel qarama-qarshi kategoriyalar – shakl va mazmun, mohiyat va hodisa, tasodif va zaruriyat, sabab va oqibatning birligini qayd etadi.
Gegel dialektikaning asosiy qonunlari: miqdor va sifat o’zgarishlari qonuni, qarama-qarshiliklarning bir-biriga o’tishi qonuni va inkorni inkor qonunini kashf etdi. U kategoriyalar dialektikasi orqali dialektika asosiy qonunlarining amal qilish mexanizmini o’rganadi.
Gegel dialektikani bilish jarayoniga tatbiq etdi. Gegel uchun haqiqat bir marta va bir umrga berilgan mutlaqo to’g’ri javob emas, balki jarayondir. Gegelda bilish nazariyasi bilish tarixi bilan mos keladi: bilish, fan rivojlanishi tarixiy bosqichlarining har biri u haqda «mutlaq», lekin cheklangan, to’liq bo’lmagan tasavvur hosil qilish imkonini beradi. Har bir keyingi bosqich o’zidan oldingi bosqichdan boyroq va muayyanroq. U avvalgi mazmunning boyligini o’zida to’liq saqlaydi va oldingi bosqichni rad etadi, lekin uning noyob jihatlarini yo’qotmaydi, «o’zlashtirilgan barcha xossalarni yanada boyitadi».
Shunday qilib, Gegel mutlaq va nisbiy haqiqat dialektikasini ishlab chiqadi. Gegel dialektikasini o’rganish bilish nazariyasiga oid bilimlarni boyitadi, nazariy, ijodiy fikrlash qobiliyatining rivojlanishiga yo’l ochadi, mustaqil g’oyalarni yaratishga ko’maklashadi.