4-Mavzu: O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurishda o‘tish davri
va taraqqiyot bosqichlari.
R e j a :
1.“O‘tish davri” tushunchasi, mohiyati va umumiy qonuniyatlari.
2. O‘tish davrining modellari va ularning o‘ziga xos xususiyatlari.
3. Birinchi President Islom Karimov tomonidan demokratik jamiyatga
o‘tishga doir nazariy va konseptual asoslarining ishlab chiqilishi.
1.O‘zbekiston demokratik jamiyatga o‘tish davrini mukammal o‘rganishga alohida ehtiyoj sezilmoqda. Chunki o‘tish davrining boshlanishi va poyonining mezonlarini aniqlamasdan turib, jamiyat hayotida sodir bo‘ladigan yohud sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan jarayonlar haqida aniq konseptual g‘oyalarni ishlab chiqish mumkin emas. Bu jarayonlar necha turli mamlakatlarda turlicha bo‘ladi, uni o‘rganish uchun bugun o‘tish davrini o‘z boshidan kechirayotgan O‘zbekiston uchun ham nazariy, ham amaliy ahamiyatga ega. Chunki, uni o‘rganish biz qurayotgan jamiyatda sodir bo‘ladigan jaroyonlar darajalari to‘g‘risida aniq tasavvurlarga ega bo‘lish va unga etib borish yo‘llarini aniqlash imkonini beradi.
O‘tish davri dunyodagi barcha mamlakatlar taraqqiyoti jarayonida sodir bo‘ladigan «oraliq», muhlat hisoblanadi. O‘tish davri har qanday davlat uchun umumiy qonuniyatdir. Chunki hech bir davlat paydo bo‘lishi bilan yuksak taraqqiyot darajasiga ko‘tarila olmaydi. Albatta, u avvalo shakllanadi va ma’lum taraqqiyot bosqichlarini o‘z boshidan kechiradi. Ma’lumki, har bir davlatning vujudga kelishi, rivojlanish va yuksak darajaga ko‘tarilish jarayonlari olimlar tomonidan o‘rganilgan va bugungi kunda ham o‘rganish davom etmoqda. Ammo o‘tish davri o‘zi nima, nima uchun o‘tish davri deb aytiladi? Bu kabi savollarga javoblar ilmiy adabiyotlarimizda juda kam uchraydi. Mukammal javob topish uchun, uni chuqurroq o‘rganish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Agarda o‘tish davri o‘zi nima, nima uchun shunday deb atalishini ilmiy adabiyotlarimizda ko‘pgina rivojlanish xususiyatlarini aniq tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bugungi kunda yuksak rivojlangan yoki hali kam taraqqiy etgan, balki endigina taraqqiyot yo‘liga qadam tashlayotgan mamlakatlarning bir iqtisodiy, ijtimoiy tuzumdan ikkinchisiga o‘tish jarayoni aynan takrorlanmasligi kerak. To‘g‘ri, o‘tish davri uchun barcha mamlakatlar uchun umumiy bo‘lgan qonuniyatlar ham mavjud.
Bunday holatda ularni amalga oshishi, shu joyda yashab turmush kechirayotgan aholining mintaliteti bilan bog‘liq holda bo‘ladi. Nima uchun o‘tish davrida tayyor andozalardan hatto «model»dan foydalangan holatda maqsadni amalga oshirish mumkin emas? O‘tish davri nazariyasini qanday tushunish mumkin. O‘tish davri nazariyasi bir ijtimoiy tuzumdan ikkinchisiga o‘tiladigan vaqt oraliq bosqich, uni o‘rganish tadqiqot qilish jarayonida shakllangan ilmiy asoslangan qarashlar tizimi tushuniladi.
Albatta, berilayotgan bu ta’rif oxirgi haqiqat sifatida qabul qilinmasligi mumkin. O‘tish davriga munosabat bildirgan germaniyalik olim Leonid Levitin shunday yozadi: odatda, «o‘tish davri» so‘zlarini aynan tushunib, uni o‘tmish va kelajak oralig‘idagi bugun, deb o‘ylaydilar. «O‘tish davri» ning paydo bo‘lishida, bunday qarashlarga ko‘ra, o‘tmish-sabab, kelajak esa maqsad tarzida voqea bo‘ladi».
Berilayotgan bu ta’rif o‘tish davrining mohiyatini o‘rganish asosida shakllangan qarashlar natijasi, o‘laroq yuzaga keldi. O‘tish davri haqida turli-tuman fikrlar bo‘lishiga qaramasdan uni bir tizimga keltirish, umumlashtirish asosida shakllangan ta’riflar bugungi kungacha uchramayotganligi sababli, “o‘tish davri nazariyasi” ga yuqorida berilayotgan ta’rifni boshqalari bilan taqqoslash imkonichti ham cheklanganligini nazarda tutish lozim.
Bu keltirilgan fikrdan ko‘rinib turibdiki, «o‘tish davri» «oraliq» ma’nosini anglatmoqda. Albatta bunday qarash ham o‘tish davri nazariyasining ishlab chiqilishida muhim asos bo‘lishi mumkin.
Mazkur muallifning yana bir muhim xulosasi mavjudki, u e’tiborga loyiq. Jumladan, u shunday yozadi: «Tabiiyki, o‘tish davrlari turli xildagi tartibsiz jarayonlar, mavhumotliklar bilan to‘la». Kimdir bunday davrlarni «daryo bo‘ylab uzala tushgan ko‘prik» deb o‘xshatib ta’riflashgan. Xullas, o‘tish davri haqida fikrlar mavjud, ularni aniq tizimga solingan nazariya sifatida shakllantirish borasida o‘rinishlar davom etmoqda. Aslida o‘tish davri keng va o‘ta murakkab tushuncha bo‘lib, davlatlar taraqqiyotining bir bosqichidan ikkinchi bosqichiga kirib borishi bilan bog‘liq jarayon hisoblanadi. Xuddi ana shu jarayon mamlakatlar yuzaga kelgan dastlabki paytdan ularning keyingi bosqichga o‘tishi uchun zarur bo‘lgan umumiy qonuniyat hisoblanadi. Chunki, o‘tish davri davlatchilik paydo bo‘lib uning taraqqiyotining quldorlik, feodalizm va kapitalizm kabi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga o‘tishi uchun ham zarur bo‘ladi. To‘g‘ri, yuqorida keltirilgan taraqqiyotning bosqichlari keyingisi oldingining ichidan o‘sib chiqqan. Ammo, ana shu «o‘sib chiqish» juda murakkab kechgan, u turli davlatlarda turli ko‘rinishlarda bo‘lgan va o‘sib kelayotgan ehtiyojni qondirishga qaratilgan. Shuning bilan birga o‘tish davrining muhlati (davomiyligi) ham turli mamlakatlarda o‘ziga mos ravishda sodir bo‘lgan. Shu ma’noda ham o‘tish davrining muhlatini oldindan belgilab bo‘lmaydi. O‘tish davridagi bosh yo‘nalish «orqaga qaytish» emas, balki «oldinga yurish, pastdan yuqoriga ko‘tarilish yoki oldingi darajaga qaraganda taraqqiy qilish tomon kutarilish hisoblanadi.
Eski tuzumni saqlab qolish yo‘lidagi turli urinishlar, qon to’kishlar, xalq boshiga tushadigan turli fojialarga qaramasdan, ularning qaysi darajadan sodir bo‘lishidan qat’iy nazar, bari-bir o‘tish davrining bosh yo‘nalishi o‘zgarmas bo‘lib qolaveradi. Shu ma’noda Leonid Levitinning quyidagi fikriga qo‘shilish mumkin.
«Postkommunistik o‘tish davri-o‘tish davrining ko‘rinishlaridan biridir xolos. Insoniyat tarixida bunday davrlar ozmuncha yuz bermagan. Ular o‘zaro bir-biridan qanchalar salmoqli tafovutlar bilan farq qilmasin, biroq, asosiy ma’nolari bitta-jamiyatni uning iqtisodiyotini, siyosatini uning madaniyatini zamonaviylashtirish» - deb yozadi.
Ammo, ana shu «Zamonaviylashtirish»ni qaysi o‘lchov mezonidan kelib chiqmog‘i kerak, - degan savolga javob topish zarur bo‘ladi. Zero, «zamon» o‘zgaruvchan, shiddat bilan oldinga intiluvchi jarayondir. Agar, ana shu nuqtai nazardan qaraladigan bo‘lsak, o‘tish davri qachon tamom bo‘lish mezonlari mavjudmi yoki «zamon» kabi to‘xtovsiz jarayon hisoblanadimi?-degan savollar yuzaga kelaveradi.
Biz ana shunday jarayonni aniq tasavvur qilishimiz va tushunishimiz zarur bo‘ladi. Aks holda, insoniyat o‘z boshidan o‘tish davrini o‘tkazish bilan yashaydi va bu oxiri yo‘q bo‘lgan jarayon - degan noto‘g‘ri xulosa kelib chiqadi.
Fikrimizcha bir ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy tuzumdan ikkinchisiga o‘tish uchun zarur bo‘ladigan «o‘tish davri» yoki aniqrog‘i «oraliq» bosqichining muhlati ana shu yangi yuzaga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy tuzum o‘z imkoniyatlarini to‘la yuzaga chiqarib barqaror taraqqiy qilish jarayoni yuzaga kelishi bilan tugaydi.
Bu erdagi konseptual g‘oya shundaki, insoniyat faqat «o‘tish davri» bilan yashamaydi, balki uning boshlanishi bo‘lganidek poyoni ham mavjuddir. Xuddi ana shu «poyoni» taraqqiyot darajalarini yoki tuzumlarni birini ikkinchisi bilan farqlash imkonini beradi. «Poyoni» yoki o‘tish davrining oxiri, yangi tuzumning normal ishlashi ta’minlanganligi sharoiti yuzaga kelishi bilan tugaydi. «O‘tish davri»ga faqat ana shunday qaralsagina insoniyat va jamiyatlar rivojlanish jarayonlariga to‘g‘ri baho berish mumkin bo‘ladi.
Insonlar ehtiyojlarining to’la ta’minlanishi va jamiyat taraqqiyotining yuksak darajaga ko’tarilishi fuqarolik jamiyati qurilgandagina amalga oshadi. Ammo, fuqarolik jamiyatini insoniyat ehtiyojlarini qondira oladigan, jamiyatning eng yuqori pog‘onaga ko’tarilgan va uning bundan keyin rivojlanishiga ehtiyoji bo‘lmaydigan «oxirgi», «manzil» sifatida qarash ham ilmiy nuqtai nazardan to‘g‘ri bo‘lmaydi. Chunki, faqat ehtiyojning yuzaga kelishigina taraqqiyot zaruriyatini keltirib chiqaradi. U to’xtagan daqiqadan boshlab, taraqqiyot zaruriyatini keltirib chiqardi. U to’xtagan daqiqadan boshlab taraqqiyot ham to’xtaydi.
Fuqarolik jamiyatini insoniyat o‘zining ideali sifatida qaramoqda va uni qurish uchun faollik ko‘rsatmoqda. Yana «o‘tish davri» haqida fikr yuritganimizda shuni alohida ta’kidlash lozimki, fuqarolik jamiyatigacha bo‘lgan barcha tuzumlarning insonlar manfaatlari va ehtiyojlarini to‘la qondira olmasligi bois ularning birinchisidan ikkinchisiga ob’ektiv ravishda o‘tishi uchun ehtiyojni yuzaga keltirib turadi. Bu o‘z navbatida yangi tuzumga o‘tish davrini boshlab beradi.
Albatta, ibtidoiydan, quldorlikka, undan feodalizmga, undan esa kapitalizmga o‘tish jarayonlarida mamlakatlar hayotida qanday alg‘ov-dalg‘ovlar, insonlar hayotida ham juda katta qiyinchiliklar, urushlar va ularning oqibatida qon to’kishlar sodir bo‘lganligiga qaramasdan, bu ijtimoiy-iqtisodiy tuzumlarning birining ichidan ikkinchisining o‘sib chiqish ob’ektiv zaruriyat sifatida sodir bo‘lib kelgan.
Ammo, kapitalizmdan demokratik tamoyillar asosiga qurilgan jamiyatga o‘tish bir qator xos xususiyatlar bilan farqlanadi.
Ular quyidagilardan iboratdir:
Birinchidan: ayrim mamlakatlarda demokratik jarayonlar kapitalizm tuzumining ichida shakllanadi va bu uning xalq uchun farovon hayotni ta’minlash yo‘lidagi faoliyati da namoyon bo‘ldi. To‘g‘ri, bu jarayon ham silliq amalga oshmaydi, balki o‘ta murakkab kechadi, katta talofotlarni o‘z boshidan kechiradi. Xuddi ana shu murakkab muammolarni hal qilishda to‘g‘ri yo‘lni tanlashdagi ya’ni jamiyat taraqqiyotining xalq manfaatlariga qaratil ganligi insonning to‘la ma’nodagi huquqlari va erkinliklarini ta’minlovchi jamiyatga aylanishiga olib keladi:
Ikkinchidan, ayrim mamlakatlarda hali kapitalizm to’la ma’nodagi jamiyat sifatida o‘z imkoniyatlarini yuzaga chiqarib ulgurmasdan kuch ishlatish yo‘li bilan g‘ayri ilmiy, soxta xalq «farovonligi»ni, «ta’minlovchi» kommunistik jamiyatga o‘tish yo‘lidan borildi. Bu yo‘lning tanlanishi tajribasi shuni ko‘rsatdiki:
a) jamiyat taraqqiyotini sun’iy ravishda jadallashtirib bo‘lmasligini:
b) kuch ishlatish, zo‘rovonlik ko‘rsatish jamiyat hayotini tubdan o‘zgartirmasligi va ularning zaminida pirovard maqsadlarga erishish yo‘lida kuch ishlatish va zo‘rovonlikni qo’llash davom etishi mumkinligini ko‘rsatadi:
v) o‘tish davri muhlatini siyosiy hokimiyat hukmronligining to’la ta’minlanganligi bilan emas, balki xalq farovonligining, uning barcha yo‘nalishlarda erkinligi qay darajada ta’minlangani bilan belgilash asosiy sifatda bo‘lishi kerakligini tasdiqlaydi:
g) kapitalizmning barcha imkoniyatlari yuzaga chiqmasdan turib, demokratik jamiyatga o‘tib bo‘lmasligini va o‘z navbatida kapitalizmning o‘zini ham sun’iy ravishda joriy qilib bo‘lmasligini, albatta ma’lum o‘tish davri zarur ekanligini ko‘rsatdi:
d) kapitalistik munosabatlar shakllanmasdan, uning imkoniyatlari yuzaga kelmasdan turib feodalizmdan demokratik jamiyatga o‘tib bo‘lmasligi tajribada tasdiqlandi. Mamlakatlar feoda lizmdan, tashqaridan ko’rsatiladigan «beg‘araz» yordamlar bilan kapitalizmni «chetlab» kommunizm darajasiga ko’tarila olmasligi, omma manfaatlarini «ifodalovchi» va «farovonligini» «ta’minlovchi» soxta kommunistik jamiyatga o‘tib bo‘lmasligini, albatta ana shu kommunistik jamiyat zaminida kapitalistik munosabatlar rivojlanib borishligini va bu o‘z navbatida o‘tish davri muhlatining cho‘zilib ketishiga olib kelishini tasdiqladi. Chunki, bunday sharoitda va faqat o‘tish davri muammolari, shuning bilan birga kapitalizm tuzumiga taalluqli muammolarini ham hal qilish vazifasi yuzaga keladi. O‘tish davri yuksak darajadagi moddiy imkoniyatlarning yuzaga kelishi bilan tugamaydi, balki ularning xalq farovonligini ta’minlashga qay darajada qaratilganligi bilan bog‘liq bo‘lgan jarayon hisoblanadi. Ular nafaqat mamlakatlarga bog‘liq, shu bilan birga ularda yashayotgan aholiga, ularning jarayonlar bilan hamohang bora bilishlariga ham bog‘liq bo‘ladi. Bularning hammasi tarixiy taraqqiyot bosqich larida shakllanib va rivojlanib keladi.
Yuqoridagilardan quyidagi xulosalarni chiqarish mumkin:
Birinchidan, bugungi kungacha, o‘tish davrining mustaqil fudamental nazariyasi ishlab chiqilmagan. Buning oqibatida mamlakatlarning ma’lum tarixiy bosqichni bosib o‘tmasdan, uni «chetlab» demokratik jamiyatga o‘tishga bo‘lgan hatti-harakatlari sodir bo‘lmoqda. Bu o‘z navbatida ular hayotida ayrim holatlarda katta fojialarni keltirib chiqarmoqda:
Ikkinchidan, feodalizm munosabatlari sharoitida yashayotgan mamlakatlarga «chetdan» demokratik jarayonlarni «eksport» qilib bo‘lmaydi. Bunday urinishlar mamlakatlarda beqarorlikka, uni taraqqiyotdan orqada ketishiga olib kelishi mumkin.
Uchinchidan, «o‘tish davri» ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy tuzum emas, balki mamlakatlarning ularga o‘tishi uchun zarur bo‘ladigan zaminlarni shakllantirishga ketadigan tarixiy oraliq, bosqich hisoblanadi. Uning boshlanishi mamlakatlarda bo‘ladigan eng avvalo siyosiy o‘zgarishlar va uning zaminida esa iqtisodiy, ijtimoiy hamda ma’naviy sohalardagi o‘zgarish bilan bog‘liq bo‘lsa «poyoni», «oxiri» yangi vujudga kelgan jamiyatning o‘z imkoniyatlarini to’la yuzaga chiqara bilishi, zamon nuqtai nazaridan barqaror taraqqiyot uchun imkoniyatlarining ta’minlanganligi bilan bog‘liq bo‘ladi.
To‘rtinchidan, «o‘tish davri» qanchalik turli tuman bo‘lmasin, baribir, barcha ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy tuzumlar uchun zarurdir. Chunki, u har bir yangi vujudga keladigan yangi jamiyat uchun zamin tayyorlash imkoniyati hisoblanadi. Bu zamin nafaqat iqtisodiy, shuning bilan birga shu jamiyatda yashaydigan insonlarning o‘zlarini yangi jamiyatga «moslashtirishi» uchun ham zarur bo‘ladi.
2. Yuqorida o‘tish davrining tushunchasi, mohiyati va zarurligining umumiy nazariy masalalarini ko‘rib o‘tdik. Endi, mamlakatlarning turli ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy taraqqiyot bosqichlaridan demokratik tamoyillar asosida faoliyat ko‘rsatadigan jamiyatga o‘tishning turli «model» lari, ularning o‘ziga xos xususiyatlari ustida to‘xtalamiz.
Turli ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy bosqichlardan demokratik jamiyatga o‘tish o‘ta murakkab jarayon hisoblanadi. Uning murakkabligi, ungacha sodir bo‘lgan taraqqiyot bosqichlari ob’ektiv ehtiyoj sifatida birining ichida ikkinchisi shakllanib kelgan, davlat va uning ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlari shaklan o‘zgargan bo‘lsa ham mazmunan u baribir ommani itoatda ushlab turishga, uning ustidan hukmronlik qilishga qaratilganligicha qolavergan.
Demokratik jamiyatda esa, eng avvalo siyosiy tuzum tubdan o‘zgarib, xalqning hokimiyati bevosita yoki bilvosita ishtirokida boshqaruvi amalga oshadi va omma davlat uchun emas, aksincha, davlat omma uchun, - degan tamoyilning ustuvorligi asosida davlat boshqaruvi amalga oshadi.
Demokratik jamiyatga o‘tishda siyosiy sohada, davlatning amaldagi mexanizmlari tugati ladi, uning o‘rniga qurilayotgan jamiyat manfaatlariga javob beraoladigan mexanizmlari shakllantirilib boriladi, iqtisodiy sohada, bozor munosabatlari qaror topadi, taraqqiyot ommaning o‘z moddiy manfaatdorligini erkin qondira olishi asosida umumiy iqtisodiy rivojlanish sodir bo‘ladi, ma’naviy-ma’rifiy sohada, inson omili, uning qadr-qimmati yuksak qadriyat darajasiga ko’tariladi, jamiyatning yuksak intellektual kuch asosida rivojlanishi reallikka aylanadi. Ana shuning uchun ham bugungi insoniyat demokratik jamiyatga o‘z ideali sifatida qaramoqda va uni vujudga keltirish uchun faollik ko‘rsatmoqda.
Ammo, demokratik jamiyatga o‘tishning barcha mamlakatlar uchun yagona bo‘lgan aniq andozalari, yana ham aniqrog‘i «model»lari yo‘q va uning bo‘lishi mumkin emas emas. Chunki, har bir mamlakat nafaqat o‘zining tuzilishi, iqtisodiy taraqqiyot darajalari, intellektual imkoniyatlari bilan biri ikkinchisidan farqlanadi, xuddi shuningdek o‘z xalqining mentaliteti, turmush tarzi, urf-odatlari va qadriyatlari bilan ham farq qiladilar. Ularni hech qachon bir qolipga solib bo‘lmaydi, bunday harakat qilish hech qanday samara bermaydi, balki og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini tarixiy tajriba tasdiqladi. Shuning bilan birga demokratik jamiyatga o‘tishning barcha mamlakatlar uchun umumiy bo‘lgan qonuniyatlari ham mavjud. Jumladan, siyosiy tizimni isloh qilish, bozor munosa batlarini yuzaga chiqarish uchun shart-sharoitlarni vujudga keltirish, jamiyat taraqqiyotida yuksak intellektual salohiyat demokratik jamiyat qurishga intilayotgan mamlakatlar uchun umumiy hisoblanadi.
Demokratik jamiyatga o‘tish deganda, mamlakatlarning turli tuzumlardan demokratik tamoyillar asosida rivojlanishi uchun vujudga keltiriladigan imkoniyatga ketadigan oraliq vaqt tushuniladi. Xuddi ana shu vaqt ichida demokratik jamiyat uchun zarur bo‘ladigan iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy-ma’rifiy imkoniyatlar yaratiladi. «Oraliq» vaqtning boshlanishi va uning o‘z poyoniga etishi o‘tish davri masalalari qatoridagi eng muhim ahamiyatga molikdir. Chunki, bugun bu masala ilmiy adabiyotlardan o‘zining echimini topganicha yo‘q. Unga aniqlik kiritmaslik esa «o‘tish davrining» boshi va oxiri qaerdaligini bilib olish imkonini bermaydi.
To‘g‘ri, o‘tish davri eng avvalo siyosiy hokimiyatda pirovardida demokratik jamiyatga olib boruvchi tub o‘zgarishlarning sodir bo‘lishi va uning bazasidan iqtisodiy hamda ma’naviy - ma’rifiy sohalarda olib boriladi gan islohotlarning boshlanishi bilan harakterlanadi. O‘tish davrining tugashi esa demokratik tamoyillarning to‘laligicha hayotiy reallikka aylanishi bilan bog‘liq bo‘ladi.
Bugungacha demokratik tamoyillar asosida rivojlanayotgan mamlakatlarning unga o‘tish davri tajribalariga asoslanib, o‘tishning uchta asosiy yo‘li yoki «model»i shakllanganligini ta’kidlash mumkin.
Uning birinchisi klassik yo‘l hisoblanadi. Bu yo‘lning asosiy xususiyati shundaki, u uzoq tarixiy bosqichda amalga oshadi va o‘tish davrining siyosiy sohada qancha bo‘hronlar sodir bo‘lishiga qaramasdan asosiy o‘tishning islohotlari iqtisodiy sohada amalga oshirila boshlanadi. Bu sohadagi muhim tadbir xususiy mulkchilikni qaror toptirish hisoblanadi. Xuddi ana shu tadbirning muvaffaqiyati ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy-madaniy sohalarda xam islohotlarning amalga oshirilishi imkonini beradi.
O‘tish davrining klassik yo‘lidagi bunday jarayonning harakterli tomoni shundaki: iqtisodiy sohada xususiy mulkchilikning rivojlanishidan axolining aksariyat ko‘pchilik qismi rozi bo‘lmaydi. Chunki, asosiy moddiy boylik bir qism odamlar qo‘lida to‘planadi, boshqalar esa unga qaram bo‘lib qoladilar oqibatda, mamlakat ichki hayotida katta bo‘hronlar, hatto fuqarolar urushlari sodir bo‘lishi mumkin.
O‘tish davri klassik yo‘lining boshlanishi kapitalistik munosabatlarning yuqori bosqichi, uning iqtisodiyotda islohot o‘tkazmasdan taraqqiy qilishiga imkoniyat yetmay qolish oqibatida yuzaga keladi.
Bu yo‘lning klassik (an’anaviy) yo‘l deyilishiga sabab shuki, mamlakatlarning demokratik jamiyatga o‘tishi dastlab xuddi ana shu ko‘rinishda namoyon bo‘ldi va butun yuksak taraqqiyotga erishgan mamlakatlarning aksariyati ana shu yo‘ldan bordilar.
Klassik yo‘l muammolarining ko‘pligi, ularni hal qilishning murakkabligi, aholining bu jarayonga «ko‘nikib» borishi kabi masalalar bilan bog‘liq bo‘lganligi uchun ham Evropa mamlakatlarida 2-2,5 asrgacha davom etdi. Ana shu muhlat ichida mamlakatlarda iqtisodiy sohadagi yutuqlarning zaminida demokratik qadriyatlar ham shakllandi va ularda bugun fuqarolik jamiyatini takomillashtirish jarayonlari davom etmoqda.
Demokratik jamiyatga o‘tishning ikkinchisi inqilobiy yo‘l hisoblanadi. Uning harakterli xususiyati shundaki, davlatlarda vujudga keltirilgan katta iqtisodiy salohiyat aksariyat ko‘pchilik aholining turmush tarziga nisbatan yuqori bo‘lganligiga asoslanib dastlab mamlakat siyosiy hayotida keskin o‘zgarishlar amalga oshiriladi. Yani amaldagi hokimiyat shakli barbod bo‘ladi va uning o‘rniga yangi,- demokratik jarayonlarni rivojlantirishga moyil bo‘lgan hokimiyat shakli va uning infrastrukturasi vujudga keladi, iqtisodiy hayotda keskin islohotlar o‘tkaziladi, xususan, amaldagi milliy valyuta bekor qilinadi (sindiriladi). Aholining qo‘lidagi pul mablag‘lar ham o‘z qiymatini yo‘qotadi va mamlakat siyosiy hayotida bo‘lgani kabi iqtisodiy hayotda ham demokratik jarayonlarning rivojlanishi sodir bo‘ladi.
Inqilobiy yo‘l uchun zarur bo‘lgan asosiy omillar qatorida:
Sobiq tuzum sharoitida xususiy mulk kurtaklarining saqlanib
qolganligi:
b) Demokratik qadriyatlarning kurtaklari mavjudligi:
c) Mamlakat hayotini demokratik tamoyillar asosida qayta qurishga qodir
bo‘lgan intellektual salohiyatning yetarli bo‘lishi:
d) Aholining ma’lum bir qismi ana shu demokratik jarayonga hech bo‘lmaganda «moyilligi» bo‘lishi kabilar hal qiluvchi ahamiyatga egadir.
Ularning har biri inqilobiy yo‘l uchun alohida ahamiyat kasb etadi.
Masalan, intellektuallarning rolini olib ko’raylik. Ular mamlakat hayotida bo‘ladigan har bir o‘zgarishni yuzaga keltiruvchi asosiy qudrat hisoblanadi. Xalq hokimiyatdan ko‘ra ularga ishonadi, ularga ergashadi. Shu ma’noda ham ular ommani uyushtiradi va demokratik jarayonlarga yo‘naltiradi. Shuning bilan birga intellektualning o‘zi ham demokratik jarayonlarning murakkab muammolarini hal qilishda bardosh bera oladigan, uyushgan kuch darajasiga ko‘tarilgan bo‘lishi lozim.
Intellektualning harakterli xususiyati shundan iboratki, u boshqa ijtimoiy tabaqalardan ko‘ra jamiyat hayotida yuzaga keladigan jarayonlarini oldindan bilishga intiladi va bu o‘zgarishlarning boshida tura oladi.
Hamma gap shundaki, avvalo, aholi murakkab muammolarni hal qilishda kuzatuvchi emas, ularni hal qilishda faol ishtirok qilmas ekan, inqilobiy yo‘l hech qanday samara bermaydi, aksincha, u mamlakatni taraqqiyotdan orqaga ketishiga olib keladi.
Intellektuallarning ana shu keskin o‘zgarishlardagi yakdilligi uyushgan tashkilotlari va harakatlantiruvchi kuchlariga aylanishini taqozo etadi.
Inqilobiy yo‘l jamiyatning siyosiy hayotida keskin burilish sodir etadi. Mamlakatlar siyosiy tizimida boshqaruvning mohiyatan butunlay yangi nodemokratik shakli vujudga keladi. Ular o‘zaro ichki kurashlarning avj olishi, ba’zi mamlakatlarda qon to‘kilishiga ham sabab bo‘ladi. Bu yo‘l ancha murakkab va mamlakat hayotida juda katta bo‘hronlarga olib kelishini hisobga oladigan bo‘lsak, uni demokratiya tamoyillari taqozo etmaydi.
Bu yo‘l qanchalik murakkab bo‘lmasin, mamlakat hayotida juda katta bo’hronlarga olib kelishini hisobga oladigan bo‘lsak, uni har mamlakat o‘z xususiyatlari va imkoniyatlaridan kelib chiqqan holdagina amalga oshirishi mumkin. Ammo, shuni ham hisobga olish zarurki, yuqoridagi omillarning mavjudligining o‘zi ham mamlakatlarning demokratik jamiyatga inqilobiy yo‘l bilan o‘tishiga «majbur» etadi. Chunki, ana shu omillar o‘tish jarayonini tezlashti ruvchi asosiy qudrat hisoblanadi.
Demokratik jamiyatga o‘tishning uchinchisi-evolyusion yoki bosqichma-bosqich yo‘l hisoblanadi. Bu haqda ma’ruzaning 4-savolida to‘xtaymiz.
3.O‘tish davrining umumiy qonuniyatlari O‘zbekiston uchun ham umumiylikka egadir. Ular o‘tish davrining boshlanishi uchun xos bo‘lgan, amaldagi siyosiy hokimiyatning tugatilishi, uning zaminida iqtisodiy sohadagi islohotlarning amalga oshirilishi uchun zamin tayyorlash va oldingi mavjud tizimning ma’naviy-mafkuraviy zo‘ravonligidan qutilish bilan harakterlanadi. Ular qaysi darajada bulishdan qat’iy nazar, demokratik tamoyillar asosida rivojlanish yo‘lini tanlagan barcha mamlakatlar uchun umumiy zaruriyat hisoblanadi.
Ammo, hamma masala o‘tish davrining ichida amalga oshiriladigan vazifalar strategiyasini belgilash, ularni hal qilishning mexanizmlarini ishlab chiqish va ularni reallikka aylantirish kabilarda har bir mamlakatning o‘ziga xos xususiyatlari mavjud bo‘ladi. Bir mamlakatning yoxud bir necha mamlakatlarning o‘tish davrida qo‘llagan tajribalarini aynan ikkinchi mamlakat qo‘llay olmaydi. Chunki, demokratik jamiyatga o‘tishda va faqat mamlakatlarning taraqqiyot darajalari belgilovchi ahamiyatga ega bo‘ladi, xuddi shuningdek, har bir mamlakatda yashayotgan xalqning mentalitetini hisobga olish ham muhim ahamiyatga molikdir. Uni hisobga olmaslik esa pirovard maqsadga erishish imkonini bermaydi.
Xuddi ana shuning uchun ham O‘zbekistonda uning o‘ziga xos va o‘ziga mos bo‘lgan evolyusion tadrijiy yo‘l ishlab chiqildi. Bu yo‘lning O‘zbekiston uchun eng maqbul yo‘l ekanligi Birinchi Prezident Islom Karimov tomonidan ilmiy asoslandi va uning konseptual g‘oyalarini fundamental tarzda bosqichma-bosqich amalga oshirishga kirishildi.
Bu yo‘l Birinchi Prezident tomonidan ishlab chiqilgan besh tamoyilda o‘z ifodasini topdi. Xuddi ana shu tamoyillarni tavsiflab, I.A.Karimov shunday ta’kidlagan edi: «Shuni alohida ta’kidlash zarurki, soxta inqilobiy sakrashlarsiz, fojiali oqibatlarsiz va kuchli ijtimoiy larzalarsiz, evolyusion yo‘l bilan normal, madaniyatli taraqqiyotga o‘tish tanlab olingan yo‘lning asosiy mazmuni va mohiyatidir».
Bu bosh g‘oyani Birinchi Prezident Islom Karimov jahon mamlakatlarining tajribalarini chuqur tahlil qilish asosida ilgari surdi va O‘zbekistonga xos o‘tish davri «model»ini ishlab chiqishda uning dunyodagi bironta ham davlatlardagi «model»lariga aynan o’xshamasligiga asosiy e’tiborni qaratdi.
U mamlakatimiz o‘z mustaqilligini endigina qo‘lga kiritgan va mustaqillikka qarshi xavf hali batamom tugamagan sharoitda 1992 yilda bu konseptual g‘oyani ilgari surdi. U shunday yozadi: «O‘zbekistonning chinakam mustaqilligiga erishishdan iborat o‘z yo‘li Respublikani rivojlantirishning quyidagi asosiy o‘ziga xos xususiyatlari va shart-sharoitlarini har tomonlama hisobga olishga asoslanadi. Avvalo, u aholining milliy-tarixiy turmush va tafakkur tarzidan, xalq an’analari urf-odatlaridan kelib chiqadi. Chuqur ildizi o‘tmishdagi an’anaviy jamoa turmush tarziga borib taqaladigan kollektivchilik asoslari O‘zbekiston xalqiga tarixdan xosdir. Kattalarni hurmat qilish, oila va farzandlar to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish, ochiq ko‘ngillilik, millatidan qat’iy nazar odamlarga xayrixohlik bilan munosabatda bo‘lish, o‘zgalar kulfatiga ham dard bo‘lish va o‘zaro yordam tuyg‘usi kishilar o‘rtasidagi munosabatlarning me’yori hisoblanadi. O‘zbeklar diyoriga, o‘z Vataniga mehr-muhabbat, mehnatsevarlik, bilimga, ustozlarga, ma’rifatparvarlarga nisbatan alohida hurmat-ehtirom O‘zbekiston aholisiga xos fazilatlardir. Ichki va tashqi siyosatni ishlab chiqib, amalga oshirish chog‘ida islom dinini e’tiborga olish muhim ahamiyatga ega. Odamlarning turmush tarzida, ruhiyatida, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni shakllantirishda, islomga e’tiqod qiluvchi xalqlar bilan yaqinlashish istagida ham shu omil namoyon bo‘lmoqda
Respublikadagi o‘ziga xos demografik vaziyat-g‘oyat muhim xususiyatlardan biridir. Jumhuriyatimizda aholi va mehnat resurslari har yili yuksak sur’atlar bilan o‘sib bormoqda. Aholining yarmidan ko‘prog‘i qishloq joylarida yashaydi va asosan dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Aholi tarkibida 60 foizdan ko‘prog‘i bolalar, o‘smirlar, 25 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlardir.
Respublikaning yana bir xususiyati-milliy tarkibining o‘ziga xosligi dir. Etnik tarkibda tub aholi ustun mavqeni egallaydi. Shu bilan bir vaqtda Respublika hududida o‘z madaniyati va an’anasiga ega bo‘lgan yuzdan ziyod millat vakillari yashab turibdi. O‘zbekistonning milliy-madaniy jihatdan g‘oyat rang-barangligi milliy o‘zligini anglash va ma’naviy qayta tiklanishining kuchayib borishi bilan uzviy birlikda jamiyatni yangilash, uni ochiq jamiyatga aylantirish uchun qudratli omil bo‘lib xizmat qiladi va Respublikaning jahon hamjamiyatiga qo‘shilishi uchun qulay sharoitlarni vujudga keltiradi.
Respublika qulay geostrategik mavqega ega. Tarixan hozirgi O‘zbekiston hududi shunday joy bo‘lganki, bu erda juda ko‘hna savdo yo‘llari (mashhur Buyuk Ipak yo‘li) tutashgan, jo‘shqin tashqi aloqalar va turli madaniyatlarning bir-birini o‘zaro boyitish jarayoni kechgan. Hozirgi kunda O‘zbekiston o‘zining mustaqil energetika va suv tizimlariga ega bo‘lgan O‘rta Osiyosining markazida turibdi, ko‘pgina masalalarda Respublikalar o‘rtasidagi bog‘lovchi bo’g‘in bo‘lib xizmat qilmoqda va xorijiy mamlakatlar bilan munosabatlarni rivojlantirishda tobora faol rol o‘ynamoqda.
Keyingi o‘n yillar mobaynida ma’lum qadriyatlarga ega bo‘lgan kishilarning muayyan ijtimoiy ongi shakllanganligini ham e’tiborga olmaslik mumkin emas.
Bir tomondan, bu ijtimoiy tenglikka, kafolatlangan mehnat qilish huquqiga, yalpi bepul ta’lim va tibbiy xizmatga qat’iy tarafdorlikka intilishida namoyon bo‘lmoqda.
Ikkinchi tomondan esa, yakkahokimlikdan iborat ma’muriy-buyruqbozlik tizimi keltirib chiqargan insonni mulkka egalikdan va xo’jayinlik tuyg‘usidan begonalashtirilganligi, tayyorga ayyorlik ruhiyati yuzaga keltirilganligida ko‘rinmoqda.
Yuqorida qayd etilgan o‘ziga xos shart-sharoitlar ham alohida, ham birgalikda hozirgi bosqichda O‘zbekiston ichki va tashqi siyosatining o‘ziga xos xususiyatlarini belgilab beradi.
Birinchi Prezident Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan konsepsiyadagi ana shu xususiyatlarni hisobga olish mamlakatimizda beqarorlik vujudga kelishining, sotsial ziddiyatlarning kuchayib ketishining, aholining murakkab vaziyatga tushib qolishining oldini olish imkonini beradi. Ular o‘z navbatida yuzaga kelayotgan yangi ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy qiyinchi liklarni sobitqadamlik bilan hal qilishda muhim rol o‘ynadi va boshlang‘ich islohotlar o‘z samarasini bera boshladi. O‘zbekistonning o‘tish davri muammolarini hal qilishning o‘ziga xos strategiyasi jahon jamoatchiligi tomonidan e’tirof etilib, uni «o‘zbek» modeli nomi bilan aytila boshladi. «O‘zbek» modeli deganda o‘zbek millatining o‘ziga xos mentaliteti, urf-odatlari, an’analari, qadriyatlarini, uning demografik jarayonlari aholining milliy tarkibi, O‘zbekistonning geostrategik holati va boshqa bir qator omillarni hisobga olishga asoslangan demokratik jamiyat qurishning shakli tushuniladi.
4. Demokratik jamiyatga o‘tishning uchinchi yo‘li - bu evolyusional bosqichma-bosqich yo‘l hisoblanadi. Uning harakterli xususiyati shundaki, mamlakatda amaldagi siyosiy hokimiyat tugatilib, uning o‘rniga yangi hokimiyat vujudga kelishi bilan eskini keskin, bir «zarb» bilan tugatmasdan bosqichma-bosqich vazminlik bilan tugatilib boradi. Hatto ularning ayrim imkoniyatlaridan ham foydalanib boriladi.
Siyosiy va iqtisodiy hayotda o‘tkaziladigan islohotlar bir vaqtda ma’naviy-ma’ri fiy sohalarni ham yangi ehtiyojlar asosida rivojlantirilib boriladi. Agar bosqichma-bosqich o‘tiladigan bo‘lsa, uning klassik yo‘ldan farqi nimada, unda ham asta-sekinlik yo‘l bilan demokratik jamiyatga o‘tilgan-ku ?- degan savol tug‘ilishi mumkin.
Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov «O‘zbekiston XXI asrga intilmoqda» nomli asarida «Biz kelgusi asrga o‘zimiz bilan nimalarni olib o‘tishimiz mumkin va zarur va nimalardan voz kechishimiz darkor?» - deb savol qo‘yish bilan birga «O‘z xatolarimizni qanday yo‘llar bilan tuzatmoq chimiz», degan masalaga ham oydinlik kiritdi. I.A.Karimov o‘zi maydonga tashlagan taraqqiyotning metodologik asosini shunday tushuntiradi: «Jamiyatni yangilashning iqilobiy usullariga biz mutlaqo qarshimiz. Biz tarixiy, evolyusion islohotlar yo‘li tarafdorimiz va bunga qat’iy amal qilamiz».
Xo‘sh, shunday ekan, evolyusion yo‘l qanday ahamiyatga ega, - uning falsafiy mazmuni nimadan iborat?
Dostları ilə paylaş: |