4- Tarbiya va ijtimoiy tarbiya. Tarbiya pedagogikaning asosiy obʼekti sifatida pedagogikaning rivojlanish tarixi mobaynida olimlarning diqqat markazida boʼlib kelgan. Shu bilan birga “tarbiya” tushunchasining mazmuni amaliy ahamiyatga ega. Chunki bu tushuncha pedagogik faoliyatning vazifa va maqsadlariga asosiy yondashuvlarni belgilaydi.
Boshqa tomondan tarbiya ijtimoiy hayotning doimiy va umumiy kategoriyasidir. Tarbiyaning ijtimoiy qamrovi uning lugʼaviy maʼnosidan ancha kengdir.
Ijtimoiy tarbiyani insonning qobiliyati, bilimi, yurish-turish namunasi, qadriyatlar u yashayotgan jamiyatga munosabatidan iborat imkoniyatlarini rivojlantirishga yordam beruvchi, maxsus tarbiya tashkilotlarida amalga oshiriladigan jarayon sifatida koʼrib chiqish lozim.
Boshqacha aytganda, ijtimoiy tarbiyaning maqsadi insonni ijobiy rivojlanishga qaratilgan sharoitlar yaratish jarayoniga yoʼnaltirishdir.Bu sharoitlar individual va guruhiy subʼektlarning uchta oʼzaro bogʼliq va shu paytning oʼzida mazmuni, shakli, usuli jihatidan nisbatan mustaqil boʼlgan jarayonlarni qamrab oladi: bolalar, oʼsmirlar, oʼspirinlar ijtimoiy tajribasini tashkil qilish, ularning taʼlim olishlarini taʼminlash, ularga individual yordam koʼrsatish.
Ijtimoiy tajribani tashkil qilish guruh (jamoa)larning maishiy va hayotiy faoliyatini tashkil qilish, guruhdagi oʼz-oʼzini boshqarish faoliyatini ragʼbatlantirish va norasmiy mikroguruhlarga taʼsir etish orqali amalga oshiriladi.
Ijtimoiy tajriba keng maʼnoda turli koʼnikma va malakalar, bilim va fikrlash usullari, yurish-turish meʼyor va stereotiplari, qadriyatlar, odamlar bilan munosabatga kirishish tajribasi, moslashish tajribasi, shuningdek oʼz-oʼzini anglash, oʼz-oʼzini belgilash yigʼindisidir.
Taʼlim oʼz ichiga quyidagilarni oladi: uzluksiz tizimli taʼlim (rasmiy taʼlim), madaniyatni targʼib qilish va tarqatish, oʼz-oʼzini shakllantirishga va mustaqil taʼlim olishga yoʼnaltirish.
Individual yordam insonga muammolarni hal qilishda, oʼz-oʼzini rivojlantirishda, jamiyatdagi mavqei, oʼrnini yuksaltirishda yordam berishda namoyon boʼladi. Individual yordam boshqa insonlarning ehtiyojlarini qondirishga zarur boʼlgan bilim, malakalarni oʼzlashtirishga insonga ongli yordam berish, insonning oʼz qadrini bilishi, oʼz-oʼzini anglash, oila, guruh, jamiyatga mansubligi hissini rivojlantirishdir.
Tabiiyki, ijtimoiy tajriba taʼlim va individual yordamning usul, shakl, mazmuni, xarakter, jadalligi bevosita tarbiyalanuvchilarning yoshi, jinsi, qaysi kasb egasi ekanligi ularning va ijtimoiy-madaniy mansubligiga bogʼliq. Bu jihatlar turli taʼlim muassasalari va tashkilotlari farqlanadi. Farqlar ham tashkilot turiga, ham unda faoliyat yuritadigan pedagoglarning oʼz faoliyatlarida amalga oshirayotgan ishlariga bogʼliq.
Ijtimoiy tarbiya jarayonidagi oʼzaro munosabat uning subʼektlari orasidagi axborot, faoliyat usullari, qadriyatlar almashuvidir. Bunaqa munosabat ijtimoiy jihatdan tabaqalashgan, alohida koʼrinishga ega. Chunki oʼzaro munosabatning aniq ishtirokchilari muayyan etnik, ijtimoiy va ijtimoiy psixologik guruhlar vakili boʼla turib, oʼz munosabatlarida u yoki bu darajada ular mansub guruhlarga tegishli ijtimoiy yurish-turishni amalga oshirishadi.
Umuman olganda, oʼzaro munosabat tarbiyachilar va tarbiyalanuvchilarning, birgalikdagi faoliyati, uning mazmuni, xarakteri, tarbiyaviy samaradorligi, unda kimlar ishtirok etishi va ular oʼzlarini qay darajada shaxs deb hisoblashiga bogʼliq.
Oʼzaro munosabat jarayonida amalga oshirilayotgan ijtimoiy tarbiya insonning ijobiy ijtimoiy, maʼnaviy bilim va koʼnikmalarni oʼzlashtirishda qulay sharoitlar yaratadi.