Terminal – plastik kartochka egasiga xarid qilingan tovarlar va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lov operatsiyalarini amalga oshirish hamda bajarilgan operatsiyalar bo‘yicha sliplarni (cheklarni) shakllantirishga imkon beruvchi qurilma.
Bankomat - bu plastik kartochka egasiga o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish rejimida kassa avanslarini olishga imkon beruvchi va bajarilgan operatsiyalar bo‘yicha sliplarni shakllantiruvchi qurilma.
Infokiosk - o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish asosidagi to‘lov-ma’lumot berish terminali bo‘lib, platik kartochkalardan foydalangan holda naqd pulsiz to‘lov operatsiyalarini bajarishga va reklama-ma’lumot berish xizmatlarini tezkor tarzda ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Infokioskdan bank, kredit-moliya muassasalari, uyali aloqa provayderlari, bo‘limlarning tarmoqlangan tarmog‘iga ega bo‘lgan kompaniyalar xizmatlarini ko‘rsatish uchun foydalanish mumkin.
PIN-kod – plastik kartochka egasining kartochka hisobvarag‘ida hisobga olinadigan pul mablag‘larini tasarruf qilish huquqini beruvchi va tasaarruf qilish plastik kartochka egasiga berilganligini tasdiqlovchi shaxsiy identifikatsion raqami.
Emitent – bank plastik kartochkalari emissiyasini amalga oshiruvchi, o‘zi tomonidan emissiya qilingan bank kartalariga nisbatan egalik huquqiga ega bo‘lgan va ular tomonidan bank plastik kartochkalaridan foydalanib to‘lash huquqlarini amalga oshirish bo‘yicha plastik kartochka egalari va ekvayerlar oldida o‘z nomidan majburiyatlarga ega bo‘lgan bank.
Bank-ekvayer - xizmat ko‘rsatuvchi bank bo‘lib, tovar-servis korxonalari bilan shartnomaviy munosabatlarga ega bo‘lgan, ulardan plastik kartochkalardan foydalanib amalga oshirilgan tranzaksiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qabul qiluvchi, ularga ma’lumotlarni o‘zaro almashishning tegishli tizimini yo‘naltiruvchi hamda ushbu tranzaksiyalar bo‘yicha hisob-kitoblarni tovar-servis korxonalari bilan tuzilgan shartnomalarga ko‘ra amalga oshiruvchi kredit-moliya korxonasi.
Protsessing markazi – “UZCARD” BTT da protsessor vazifasini bajaruvchi va banklar uchun xizmatlar majmuasini, jumladan “UZCARD EMV” dasturiy-apparat majmuasi asosida bank kartalari emissiyasi va ekvayringi hamda to‘lovlar provayderi funksiyasini ta’minlovchi tarkibiy bo‘linma.
Mijozlar istagan bankning plastik kartasidan foydalanish huquqiga egadirlar. Bank kartochkasiga ega bo‘lish uchun avval mijoz va bank o‘rtasida “Plastik kartochkalar bo‘yicha xizmat ko‘rsatish shartnomasi” tuziladi.
Plastik kartochkalarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tuzilgan shartnoma quyidagilardan iborat bo‘lishi kerak:
a) tomonlarning nomi;
b) shartnoma predmeti;
v) tomonlarning xuquqlari va majburiyatlari;
g) tomonlarning javobgarligi;
d) hisob-kitoblarni o‘tkazish shartlari;
e) shartnomani amal qilish muddati va uni bekor qilish shartlari;
j) nizolarni echish tartibi;
z) tomonlarning yuridik manzili.
Personalizatsiya qilinganda plastik kartochkaga quyidagi rekvizitlar yozilishi kerak:
a) identifikatsiyalovchi ma’lumotlar (kartochkaning tartib raqami, seriyasi va boshqalar);
b) bank-emitentning (plastik kartochkalarii muomalaga chiqaruvchi bankning) xos raqami;
v) schyotning tartib raqami va kartochka ushlovchining familiyasi, ismi, sharifi (tashkilotning nomi);
g) kartochkaning amal qilish muddati.
Bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda amalga oshirilgan hisob-kitoblar qog‘ozda (slip, elektron terminal kvitansiyasi) yoki elektron shaklda (bankomat yoki terminalning elektron hujjati) yoki boshqa ma’lumotnomalar bilan tasdiqlanadi. Bunda mazkur ma’lumotnomalar hisob-kitoblarni amalga oshirishda ishtirok etuvchi tomonlarga etarli nusxalarda shakllantiriladi. Ma’lumotnomalar bank plastik kartochkalari orqali amalga oshirilgan operatsiyalar to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlarni o‘z ichiga olishi kerak.
Ma’lumotnomalarda bank plastik kartochkalari va bank plastik kartochkalari saqlovchilarning bankdagi hisobvaraqlari rekvizitlari, shuningdek tashkilotlar, naqd pul berish punktlari va bankomatlarning hisobvaraqlari rekvizitlari bo‘lishi shart.
Elektron ma’lumotnomalar bank-ekvayerga, bank-emitentga yoki shartnomada nazarda tutilgan protsessing markaziga yuboriladi.
Bank plastik kartochkalari bo‘yicha banklar o‘rtasidagi hisob-kitoblar:
elektron to‘lovlar tizimi orqali umumiy asosda amalga oshiriladi;
amaliyot kuni davomida o‘zaro majburiyatlarni yakuniy hisob-kitobi va yakuniy hisob-kitoblar summasini banklarning vakillik hisobvaraqlari orqali hisobga o‘tkazish asosida hisob-kitob ishtirokchilari tomonidan tashkil qilingan protsessing markazi orqali hisob-kitoblarni amalga oshirish.
Amalga oshirilgan operatsiyalar bo‘yicha umumiy hisob-kitoblar elektron to‘lovlar tizimi orqali quyidagicha amalga oshiriladi:
a) bank-emitent tomonidan avtorizatsiya qilinmagan holda amalga oshirilgan hisob-kitoblarda:
bank tomonidan xizmat ko‘rsatilayotgan tashkilotdan olingan elektron hujjatlar asosida bank-ekvayer uning hisobvarag‘iga tegishli mablag‘larni o‘tkazadi, bunda avtomatik ravishda debet elektron memorial order shakllanadi va elektron to‘lovlar tizimi orqali bank-emitentga yuboriladi;
mijozning bank plastik kartochkasi hisobvarag‘idagi mablag‘lar bank-emitent tomonidan debet elektron memorial order asosida dasturiy ravishda hisobdan chiqariladi. Debet elektron memorial order ro‘yxat ko‘rinishida chop etilib, bankning kunlik hujjatlar yig‘majildiga tikib qo‘yiladi;
b) bank-emitent tomonidan avtorizatsiya qilingan holda amalga oshirilgan hisob-kitoblarda:
bank tomonidan xizmat ko‘rsatilayotgan tashkilotdan olingan elektron hujjatlar asosida bank-ekvayerda avtomatik ravishda elektron xabarnoma shakllanadi hamda o‘tkazmalarni avtorizatsiya qilish va amalga oshirish uchun elektron to‘lovlar tizimi orqali bank-emitentga yuboriladi;
bank-emitent elektron xabarnoma asosida tranzaksiyani avtorizatsiya qilib, mablag‘larni elektron to‘lovlar tizimi orqali tegishli tashkilotlar hisobvarag‘iga o‘tkazish uchun bank-ekvayerga yuboradi hamda mablag‘larni bank plastik kartochkalari hisobvarag‘idan hisobdan chiqarish uchun elektron memorial orderni dasturiy ravishda shakllantiradi;
mablag‘lar bank-ekvayer tomonidan bank-emitentdan olingan elektron memorial order asosida tegishli tashkilotlarning hisobvarag‘iga o‘tkaziladi va memorial order ro‘yxat ko‘rinishida chop etilib, bankning kunlik hujjatlar yig‘majildiga tikiladi.
Protsessing markazi orqali hisob-kitoblar quyidagicha amalga oshiriladi:
amaliyot kuni davomida bank plastik kartochkalari bo‘yicha protsessing markazi orqali amalga oshirilgan barcha operatsiyalar hisob-kitob ishtirokchilari uchun ochilgan alohida shaxsiy hisobvaraqlarda yuritiladi;
yakuniy summalar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankning hisob-kitob markazida ochilgan banklarning vakillik hisobvaraqlari orqali shartnomada nazarda tutilgan muddatda o‘tkaziladi;
banklar tomonidan protsessing markazidan olingan ma’lumotlar asosida mijozning BPK hisobvarag‘iga mablag‘lar o‘tkaziladi yoki hisobdan chiqariladi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Banki va tijorat banklari tomonidan savdo, xizmat ko‘rsatish va naqd pul muomalasi bilan faoliyat ko‘rsatadigan mijozlarni hisob-kitob terminallari, bankomatlar va plastik kartochkalar bilan ta’minlash, ularni yuqori darajada himoya qilish bo‘yicha belgilangan talablarga rioya etilishini nazorat qilish, plastik kartochkalardan foydalanish orqali naqd pulsiz to‘lovlarni amalga oshirishda soxtalashtirish yoki boshqa qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik masalalariga alohida e’tibor qaratilyapti.
http://fayllar.org
Dostları ilə paylaş: |