4-sinf o`qish darslarida xalq og`zaki ijodiga oid mavzularni o`q
Latifa.O‘zbeklar dunyodagi boshqa xalqlar kabi hazilni, taqlidni, kulgini yaxshi ko‘radilar. Kulgi insonga sog‘lik, yaxshi kayfiyat, o‘z-o‘zidan qoniqish tuyg‘usini bag‘ishlaydi. Xalqimizning dono farzandlari Yusufjon qiziq, Aka buxor, G‘anijon Toshmatov kabilar hayot maShaqqatli kechgan paytlarda ham yurtimiz ahliga tetiklik, umid, ishonch ulashganlar. Bunday natijaga erishish o‘z vaqti uchun juda og‘ir bo‘lgan. Latifalar, loflar, askiya, xalq dramasi asarlari, muqallidchilikdan unumli foydalanish zukko va iqtidorli insonlarni xaqiqiy ma’noda xalq sevgisini qozonish sharafiga muyassar qildi. Inson qalbidagi tashvishni, tanasidagi xastalik xurujini chetroqqa surishda kulgili latifalar juda samarali vosita hisoblangan. «Latifa» atamasi arabcha «lutf» (ﻟﻄﻑ) so‘zidan olingan bo‘lib, nozik fikrlash, yaxshilik qilmoq, muruvvat ko‘rsatmoq, Sharaflamoq ma’nolarini anglatadi. Shuningdek, lug‘atlarda latifa nozik, ixcham, kichik, chuqur va keng ma’nolarini ifodalaydi. Maxsus lug‘at hisoblangan Alisher Navoiy asarlariga tayyorlangan lug‘atda buyuk adibning shu o‘zakli so‘zlardan o‘n to‘rt ma’noda foydalangani qayd etiladi. Ular qatorida nozik ma’noli so‘zlar, ajoyib hikoyalardan tortib poklik, mehribonlik tushunchalarigacha o‘rin olgan. Xullas, og‘zaki ijodimizdagi bu janr atamasi har tomonlama uning shakli va mazmuni, maqsadi, vazifasiga mos raviShda tanlangan. Latifalarning janr xususiyatlarini quyidagicha belgilash mumkin:
1 Latifalar badiiy adabiyotdagi epik tur (jins) ga mansub. Ammo ijroda dramatik – aktyorlik mahorati ahamiyatli.
Latifalar shaklan nasrda yaratiladi.
Hajm jihatdan cheklangan.
Voqea ifodasida dialoglardan keng foydalaniladi.
Favqulodda kutilmagan echimi kulgi uyg‘otadi. Ilmiy adabiyotlarda qayd etilishicha, latifalarning shakllanishi va rivojlanishi IX-XI asrlarga to‘g‘ri kelgan. Xususan, shu davrda oliy ilm darajasiga erishgan allomalardan birini yoqtirib qolgan podshoh o‘z saroyining qarshisiga olimga atab bolaxonali uy qurib beradi. Alloma ilmli, dono, hurfikr ekan. Ammo uning tashqi ko‘rinishi beso‘naqay, xunuk ekan. Kunlardan bir kun podshoh tong paytida o‘z tarafida turib tong havosidan to‘yib nafas olayotsa, qarShisidagi bolaxonadan olimning gavdasi ko‘rinibdi. Shunda podsho uning beso‘naqayligiga urg‘u berib: - Mavlono, ko‘chaning narigi betida bir eshak turibdimi? – debdi. Alloma Shu zahoti hech ikkilanmay:- Yo‘q, olampanoh, men bu tomonga katta ko‘zgu – oyna qo‘ydirganman, - degan ekan. Nasriddin Afandi nomi bilan latifalar mazmunining bog‘lanib, uyg‘unlashuvi XIX asr oxiri XX asr boshlari bilan belgilanadi. O‘zbek folklorshunosligi fani asoschisi, professor Hodi Zarifov qayd qilishiga binoan, Nasriddin Afandi nomining o‘zbek latifalarida shuhrat topishi yurtimizda matbaaning paydo bo‘lishi, Nasriddin Afandi latifalarining kitob tarzda nashr ettirilishidan boshlangan. Aytish mumkinki, Ozarbayjonda e’lon qilingan «Mulla Nasriddin” jurnalining o‘zbek ziyolilari orasida keng ommalashuvi bu jarayonni tezlashtirgan. O‘tgan asr boshlarida «Nasriddin Afandi» nomi bilan kitoblar nashr ettiriladi. Keyinchalik Sharif Rizo, Sobir Abdulla, Adham Rahmat, Hoshimjon Razzoqov, Bahodir Sarimsoqov, Farida Yo‘ldosheva kabi ziyoli, adib, olimlar tashabbusi bilan afandi latifalari bir necha marta nashr ettirildi, ilmiy tadqiqotlar olib borildi. Ayniqsa, Farida Yo‘ldosheva qalamiga mansub «O‘zbek latifalarida Nasriddin Afandi obrazi» risolasi bu janr tarixi, matn tahlili, obraz yaratish mahoratini o‘rganiShda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Nasriddin Afandi latifalarini o‘qigan har bir kitobxon bu Shaxsning tarixi bilan qiziqadi. Shayx Nasriddin, Xo‘ja Nasriddin, Mulla Nasriddin, Nasriddin Afandi nomlarining qayta- qayta takrorlanishi bu qiziqishni yana ham orttiradi. Ilmiy ma’lumotlarda Nasriddin ismli shaxs 1208 - yilda vafot etgani, hatto hijriy hisob bilan uning maqbarasiga 386 – yilda tug‘ilgan deb yozilgani, yil raqamlarining o‘rni atayin teskari tartibda berilgani haqida ma’lumotlar bor. Bu dalillarni tadqiqotchi Farida
Yo‘ldosheva shunday xulosalaydi: «Tarixda Xo‘ja Nasriddin ismli shaxslar, Nasriddin Afandi prototiplarining bir qanchasi o‘tgan bo‘lishi mumkin... Mana shu tarixiy shaxslarni xalq qahramoni Xo‘ja Nasriddinga hayot bag‘ishlagan prototiplar desak bo‘ladimi. Aksincha, xalq qahramoni Nasriddin tarixiy shaxslarga shuhrat keltirdi». Haqiqatan ham, xalq yaratgan Nasriddin afandi latifalaridagi turfa kulgili voqea-hodisalar shu qadar serko‘lam va ibratliki, ulardagi umumiy mazmun bir inson hayoti chegarasiga sig‘maydi. Shuning uchun mazkur latifalarning bosh qahramonini Nasriddin afandi ramzida mujassam topgan xalq deb tushunish haqiqatga yaqinroq bo‘ladi. Chunki tarixda Rashididdin Vatvot, Alisher Navoiy, Binoiy, Mashrab, Muqimiy, keyinchalik A.Qodiriy, G‘.G‘ulom, A.Qahhor, M.Shayxzoda, A.Rahmat, H.Razzoqov, S.Ahmad, O.Sharafiddinov, E.Vohidov, O‘.Hoshimov, O.Matchon, A.Meliboyev kabi insonlar hayotida ro‘y bergan kulgili, ibratli, hazil-mutoiba hodisalar tavsifi vaqt o‘tiShi bilan latifalarda, xususan, Nasriddin afandi bilan bog‘liq og‘zaki ijod asarlarida o‘z ifodasini topgan bo‘lishi tabiiydir. Har bir xalqda ham hayot lavhalaridan kuligili vaziyat yaratadigan insonlar bor. Ularning fikr yuritish usulida favqulodda komik holat hosil qilish sirlari bo‘ladi. Shuning uchun ham hindlarda Birbol, arablarda Jo‘ha, qozoqlarda Aldar kusa, tojiklarda Mushfiqiy, turkmanlarda Mirali, qoraqalpoqlarda Umrbek nomlari bilan latifa qahramonlari shuhrat topgan, ammo latifa matnlarida mushtarak vaziyatlar juda ko‘p uchraydi. Bunday holatlarda qaysi xalq vakilidan boshqa xalq vakili muayyan voqeani o‘zlashtirgan yoki ko‘chirgan degan savolni qo‘yish to‘g‘ri emas. Ijtimoiy, maishiy hayotdagi o‘xshashliklar oqibatida bir xil latifalarning yaratilishini asoslash ma’qulroq natija beradi. Masalan, Birbol latifalaridan birida kunlardan bir kun podshoh unga juda qaltis hazil o‘ylab topishni va bu hazilning kechirimi undan ham qaltisroq bo‘lishi lozimligini buyuradi. Birbol shoh taklifini qabul qiladi. Oradan bir necha kun o‘tganidan so‘ng Birbol hech kim yo‘q vaqtida podshohning belini chimchilab oladi. Shoh g‘azab bilan: «Bu nima qilganing?» - deb so‘raganida, Birbol: «Kechirasiz, shohim, sizni malikam, deb o‘ylabman», - deb javob beradi. Qizig‘i shundaki, aynan shu mazmundagi latifa o‘zbeklarda ham, turkmanlarda ham, ozarbayjonlarda ham
mashhur. Bu misol latifalarning yashovchanligini, turli xalqlarda bir xil vaziyatlar bo‘liShi tabiiyligini ko‘rsatadi. Natijada, qaysi xalq mazkur latifani oldinroq yaratganligini aniqlash mumkin bo‘lmaydi va aniqlashning hojati ham qolmaydi. O‘zbek Nasriddin afandi latifalarida bosh qahramon o‘ta hozirjavob, o‘ta zukko, dono va tadbirkor inson sifatida gavdalanadi. Hayotda uni so‘z bilan, xatti-harakat bilan echimi yo‘q vaziyatga tushirish mumkin emas. Chunki aqlli, mutafakkir Nasriddin afandi qiyofasida butun xalqning, millatning so‘zga chechanligi, zakiy, ya’ni nozik fikr yuritish fazilati o‘z ifodasini topgan. Har bir latifa matnida uni o‘ylab topgan shaxs aqli, vaziyatni aniqlash kayfiyati va zakovati namoyon bo‘ladi. Latifalarning e’tiborli, tinglovchini o‘ziga jalb qiladigan jihati shundaki, ularda savol-javob qilayotgan taraflar bir-birini mutlaqo echimi topilmas vaziyatga tushirishga urinadilar. Ayniqsa, Nasriddin afandi qismati latifaning yakuniy qismiga etgunga qadar juda og‘ir va chorasiz taqdir sharoitida tasvirlanadi. Ammo xalq Nasriddin afandi tarafida bo‘lgani uchun ana shunday mushkul vaziyatdan ham o‘z topqirligi, so‘zga ustaligi bilan qahramonimiz echim topib keta oladi. Bir misolga murojaat qilaylik. Kunlardan bir kun Afandining saroyga kirib kelayotganidan xabar topgan podsho u haqda o‘zi topgan bir voqea bilan mulzam qilmoqchi bo‘libdi: «Bugun tunda, - debdi u, - afandi bilan ikkalamiz tush ko‘rdik». Tabiiy, bunday paytlarda Afandi faqat tasdiq ma’nosini bildirishi shart hisoblangan. Podshoh davom etibdi: «Afandi bilan men tushimizda yangi tug‘ilgan mushuk bolasiga aylanib qolibmiz. Osmondan bir kalxat tushib, ikkalamizni ikki changaliga olib osmonga parvoz qilibdi. Ammo shu yaqin orada paydo bo‘lgan burgutning xamlasidan qochib, ikkalamizni changalidan bo‘shatib yuboribdi. Men shinni o‘raga tushibman, afandi nopok o‘raga tushibdi». Shunda saroydagi mulozimlar afandi ustidan kulib, qah-qaha ko‘tarishibdi. Afandi bamaylixotir:
«Shohim, tushimizning davomini ham ayting-da», - debdi. To‘satdan aytilgan gapdan hayron bo‘lgan podshoh ikkilanib: «Xo‘sh-xo‘sh, davomida nima bo‘lgan edi?» - deb so‘rashga majbur bo‘libdi. Afandi: «Siz shinni o‘radan, men nopok o‘radan chiqdim, to‘g‘rimi?» - debdi. «Ha-ha, - debdi podsho, - juda to‘g‘ri», - debdi. Shunda afandi: «Men sizni yaladim, siz meni yaladingiz», - deb javob
bergan ekan.Ma’lum bo‘ladiki, Nasriddinning vaziyatni to‘g‘ri baholashiga, zudlik bilan to‘g‘ri echim topa olishiga tasanno aytmasdan ilojimiz yo‘q. Afandi latifalarida so‘z, iboralarning aniq qo‘llanilishi xalq qahramonining o‘zbek tili imkoniyatlaridan, qochirimlaridan, so‘z o‘yinlaridan haqiqiy zarshunosdek foydalanishini dalillaydi. Afandi juda sodda ko‘ringani bilan tilimizning go‘zalligini, tovush tovlanishini mahorat bilan qo‘llaydi. Kunlardan bir kun afandi katta bir amaldorni «Siz ahmoqsiz» deb ranjitibdi. Amaldor uni qoziga boshlab boribdi. Qozi amaldorning xizmatlarini afandiga yaxshilab tushuntiribdi. Nasihat qilibdi. So‘zining oxirida afandiga amaldorga qarab «Siz ahmoq odam emassiz», - deyiShni buyuribdi. Afandi shu zahoti qozining buyrug‘ini bajarib: «Siz, ahmoq, odam emassiz» - degan ekan. Jumladagi ahmoq so‘zining undalma urg‘usi bilan talaffuz qiliniShi oqibatida sho‘ring qurg‘ur amaldor avval faqat ahmoq deb atalgan bo‘lsa, qozining buyrug‘ini «bajargan» afandi endi uni odam o‘rnida ham ko‘rmasligini ma’lum qildi. Bunday latifalarni to‘qigan odamlar o‘zbek tilini nihoyatda yaxshi biladigan va so‘z o‘yinlarini chuqur his qiladigan insonlar bo‘lishgani aniq ko‘rinib turadi. Badiiy adabiyotda kitobxonni hayot tashvishlaridan ma’lum bir muddat davomida to‘liq xalos etadigan asarlar ham yaratiladi. Ayrim sahna asarlarini tomoSha qilgan tomoshabin hamma tashvishlarini unutadi. Katta hayot muammolaridan forig‘ bo‘ladi. Xususan, bizningcha, «Toshbolta oshiq», «Kelinlar qo‘zg‘aloni», «Oltin devor» kabi dramalar aynan ana Shu maqsadda sahnalashtirilgan. Bizni o‘ziga maftun qiluvchi joziba asar qahramonlarining favqulodda sodda qarorga kelishlari, bir-birlariga nisbatan samimiy munosabatda bo‘lishlari bilan belgilanadi. Afandi latifalarida afandidagi ikkinchi xislat – uning nihoyatda soddaligi, aniqroq aytsak, no‘noqligini namoyiSh qiliSh bilan izohlangan. Bunday namunalarda biz afandining soddaligidan, hayotdagi ko‘ngilsiz voqealarni o‘ziga olmasligidan zavqlanamiz. Afandining afandiligi uning afandiligi bilan sharhlanadi. Ya’ni bironta es-hushi joyida odam qilishi mumkin bo‘lmagan qarorni aynan afandi qabul qiladi. Nasriddin afandi ko‘chada ketayotib, kichkina bir ko‘zgu – oyna topib olibdi. Uni qo‘liga olar ekan, o‘z aksini ko‘rgani zahoti: «E, kechirasiz, oyna siznikimidi?» -
deb tashlab yuboribdi. Oyna sinibdi. Shunda afandi: «Kerak bo‘lmasa, ayta qolmaysizmi? O‘zim olar edim-ku», - degan ekan. Gap shundaki, xalqimiz ijtimoiy turmush tashvishlaridan zerikkan ba’zi paytlarda Shunchaki ko‘ngil xushligi uchun ham kulgi yaratiSh istagini bildiradi. Bunday latifalardan murakkab vaziyat izohlarini izlaSh to‘g‘ri emas. Chunki ularni xalq faqat engil kulgiga taShnaligidan yaratgan, xolos. “Kunlardan bir kun tunda afandi suv olmoqchi bo‘lib, quduq tepasiga kelsa, quduq tubida oy ko‘rinibdi. Afandi xotinini chaqirib, arqon olib kelishini buyuribdi. U arqon yordamida oyni quduqdan chiqarmoqchi bo‘lgan ekan-da. Quduqqa tashlangan arqon qaysidir ildizga ilinib qolibdi. Afandi zarb bilan arqonni tortgan ekan, chalqanchasiga yiqilib tushibdi. Shunda ko‘zi osmondagi oyga tushibdi. «Hayriyat, chiqarib olibman-ku», - degan ekan afandi o‘zidan mamnun bo‘lib”. Bunday latifalar bilan tanishish, ayniqsa, hikoya qilish mahoratiga ega inson ijrosida tinglash odamga huzur bag‘iShlaydi. Biz avval aytganimizdek, bu turdagi latifalarda tinglovchi sodda afandi qarorlaridan kuladi. Lekin shuni ham qayd qilish lozimki, xalq bu bilan nima demoqchi ekanini tushunib etishga ham harakat qilish zarar keltirmaydi. Ehtimol, dono xalq shu kabi latifalar vositasida «Sen bunchalik sodda bo‘lma!» demoqchimi? Xulosa chiqarish har kimning o‘ziga havola.
Shunday qilib, xalq latifalari og‘zaki ijodning ajralmas qismi sifatida qadimgi qadriyatlarning durdonalaridan hisoblanadi. Ularda afandi timsolida xalqning o‘z farzandlariga har qanday mushkul sharoitning ham munosib yechimi borligini uqtirishga da’vat seziladi. Eng muhimi, ana shu echimni topa bilish mahoratida. Millatning tabiatini bilmoqchi bo‘lgan inson latifalarni tinglash, tushunish, his qilish, qolaversa, maza qilib kulish orqali muhim ma’lumotlar bilan tanishadi.