Kuchli ijtimoiy siyosat
“O‘zbek modeli”ning eng muhim va ustuvor tamoyillaridan biri – kuchli ijtimoiy siyosatdir. Bozor islohotlari ushbu tamoyil asosida amalga oshirilgani, aytish kerakki, eng og‘ir o‘tish davrida ham jamiyatimizda ijtimoiy adolat va barqarorlikni saqlash imkonini berdi.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishganda demografik vaziyat juda murakkab edi. Yangi ish o‘rinlari yaratish esa mutlaqo to‘xtagan edi.
Bu 70-yil mobaynida to‘planib qolgan ijtimoiy mummolarning yanada chigallashib, chuqurlashib ketishiga sabab bo‘lgandi. Ayniqsa, o‘sha paytda aholining 60 foizdan ortig‘i istiqomat qilayotgan qishloqlarda sharoit juda og‘ir edi.
Prezidentimiz tomonidan uy-joy qurish va dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun 2,5 million oilaga 700 ming gektar sug‘oriladigan yer ajratib berilgani ulkan tarixiy voqea bo‘ldi. Bu eng og‘ir o‘tish davrida jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash imkonini berdi, qishloq aholisi turmush darajasi tushib ketishining oldini oldi.
Mustaqillikning birinchi kunlaridan belgilab olingan “Islohot – islohot uchun emas, avvalo inson uchun” tamoyiliga qat’iy amal qilindi. Chunki islohotlarning barcha tamoyili zamirida inson omili mujassam.
Ushbu siyosatni amalga oshirish uchun davlat tomonidan katta mablag‘lar ajratilmoqda. Buni davlat byudjeti taqsimotida yaqqol ko‘rish mumkin. Agar 1990-yilda xarajatlarning atigi 31 foizi ijtimoiy sohalarni moliyalashtirishga yo‘naltirilgan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich 2012-yilda qariyb 60 foizni tashkil etdi. Uning 34 foizi ta’lim, 15 foizi sog‘liqni saqlash sohasiga yo‘naltirildi.
Yurtimizda tizimli asosda, bosqichma-bosqich ijtimoiy sohalarni isloh qilish va rivojlantirishga qaratilgan, dunyoda keng e’tirof etilgan umummilliy dasturlar amalga oshirildi. Ayniqsa, ta’lim, sog‘liqni saqlash, bolalar sportini, san’at maktablarini, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, aholi turmush sharoiti va qishloqda namunaviy uy-joy qurish borasidagi dasturlar bugungi kunda o‘zining yuksak samaralari bilan xalqaro hamjamiyatning havasini tortmoqda.
Ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishlarda olib borilgan izchil islohotlar natijasida mamlakatimizda aholi yalpi daromadlari 12,2 barobar oshdi. Aholining o‘rtacha umr ko‘rish darajasi 67 yoshdan 73,2 yoshga yetdi. O‘zbekiston ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoning rivojlangan davlatlari darajasiga yaqinlashdi.
Dostları ilə paylaş: |