Sitoplazma membranasi. Uning qalinligi 9 nm cha bo’lib, u hujayra devoriga ichki tomondan yopishib turadigan, sitoplazmaning tashqi qavati - Sitoplazmatik membranadir. U ikki qavat lipid molekulalaridan tuzilgan, har bir qavat monomolekulyar oqsil bilan qoplagan. Sitoplazmatik membrana hujayra quruq moddasining 8-15% tashkil etadi va hujayraning lipid qismini 70 - 90% ni tutadi. Sitoplazmatik membrana osmotik bar’er vazifasini bajardi va hujayraga moddalarning kirib chiqishni boshqarib boradi. Ko’pincha sitoplazmatik membrana ichki tomondan bo’rtib chiqib (invaginatsiya) undan mezosomalar xosil bo’ladi. Sitoplazmatik membrana va mezosomalar yuqori darajali organizmlardagi membrana va mitoxondriyalar vazifasini bajaradi. Ularning usti va ichida ferment va energiya bilan ta’min etuvchi sistemalari joylashgan. Bularga nafas olish fermentlari, hujayraga moddalarning kirib - chiqishini regulyatsiya qiluvchi ferment sistemalari, azotofiksatsiya, xemosintez va boshqa jarayonlarni amalga oshiruvchi fermentlar sistemasini misol qilib keltirish mumkin (16 - rasm). Hujayra devori va kapsulasining biosintezi, tashqariga ekzoferment ajratish, bo’linish, spora hosil qilish funktsiyalari Sitoplazmatik membrana, mezosoma va shunga o’xshash strukturalarga bog’liq.
Sitoplazma.Sitoplazma membrana bilan o’ralgan. U kolloid sistema lipopolisaxarid bo’lib suv, oqsil, yog’, uglevodlar, mineral moddalar va boshqalardan tuzilgan. Uning tarkibi bakteriyaning yoshi va turiga qarab o’zgarib turadi. Sitoplazmatik membrananing ichki qismida, genetik apparat, ribosomalar, kiritmalar bo’lib, bulardan qolgan qismini sitozol tashkil qiladi. Sitozol Sitoplazmaning gomogen qismi bo’lib, oqsillar, fermentlar, substratlar, eruvchan RNK va boshqa hujayra granulalaridan iborat.
Qirmizi rangli oltingugurt bakteriyalarda fotosintez olib boradigan fermentlar (bakterioxlorofil karatinoidlar) xromatoforlarda joylashgan. Ular hujayra massasining 40 - 50% tashkil etadi.
Ko’pgina sianobakteriylarning hujayrasida (membranasida) fotosintezni olib boruvchi xlorofill va karatinoidlardan tashkil topgan qurilmalar - tilakoidlar yoki fikobilisomalar bor. Tilakoidlar sitoplazma yoki ichki membrana bilan bog’langan deb taxmin qilinadi.
Yashil bakteriyalarda fotosintezda qatnashuvchi pigmentlar xlorosoma membrana qurilmasida joylashgan.
Suv bakteriyalarining ko’plari gaz bilan to’lgan struktura - gaz vakuolalarga (aerosomalar) ega bo’ladi. Ba’zi bakteriyalarda esa poliedr tanachalar (ko’pburchakli) yoki karboksisomalar bo’lib, ular SO2 ni bog’lash vazifasini bajaradi.