3. Iqlimning tebranishi va o‘zgarishi Iqlim geografik qobiqqa kiruvchi troposferaning xossasidir. Shunday ekan, tabiiyki, iqlim Yer yuzining butun tabiati bilan birgalikda o‘zgaradi. Iqlim nisbatan uzoq yoki qisqa vaqt davomida, goh tobora soviy borishi yoki isiy borishi, goh quruqlashishi yoki sernam bo‘la borishk mumkin. Natijada uzoq vaqt davomida bir xil iqlim boshqa xil iqlim bilan almashadi. Muayyan iqlim turi o‘zgarmasdan qisqa vaqt davomida isib borayotgan iqlimning sovuqlashayotgan iqlim bilan, sernam iqlimning quruq iqlim bilan va aksincha almashinib turishiga iqlimning tebranishi deyiladi.
Yer yuzi iqlimi va unga bog‘liq ravishda har bir joy iqlimi davriy ravishda o‘zgarib, tebranib turadi. Hozirgi vaqtda iqlimshunos olimlarning aniqlashicha, iqlimda 11, 22 yillik, 33-35 yillik, 98-100 yillik, 1800-1900 yillik, 8,5 ming yillik, 40000-40700 yillik tebranishlar mavjud.
Hozirgi vaqtda Yer shari iqlimining rivojlanishi haqida ham so‘z yuritishga yetarli asoslar bor. Tabiatdagi har qanday rivojlanish kabi, bu rivojlanish ham oddiydan murakkabga tomon boradi. Geologik eralardan oldingi vaqtda litosfera va gidrosfera hali vujudga kelmagan bo‘lib, metandan tarkib topgan atmosferaning geologik xossalari keyingi eralardagi atmosferadan butunlay boshqacha bo‘lgan.
Ilk geologik bosqichlarda, chunonchi arxeyda, ya’ni materik platformalar endigina tashkil topa boshlagan va deyarli butun yer yuzi sayoz okean bilan qoplangan vaqtlarda vulkanlar otilishi juda shiddatli, quyosh radiatsiyasi esa hozirgidan katta bo‘lgan, butun yer shari iqlimi issiq va sernam, ya’ni parnik iqlimiga o‘xshagan bo‘lgan. Yer yuzining hamma joyida issiqlik va nam ortiqcha bo‘lgan. Atmosfera sirkulyatsiyasi faqat vertikal konvektsiyadan iborat edi.
Proterozoy erasida quruqlik maydoni kengaya borib, dastlabki “materik” (orollar) iqlimlari tarkib topgan, shamollar kuchaygan, atmosfera sirkulyatsiyasi va siklonlar vujudga kelgan, dastlabki muzliklar paydo bo‘la boshlagan.
Paleozoy erasining kembriy davrida iqlim zonalari vujudga kelgan, silur va ordovik davrlarida esa dastlabki bosim markazlari paydo bo‘lgan hamda iqlim quruqlasha borgan, devon davrida iqlimning quruqligi yanada ortgan, toshko‘mir davrida yil fasllari vujudga kelgan, permda iqlimning kontinentalligi birmuncha kuchaygan, troposfera frontlari tashkil topgan, atmosfera tsirkulyatsiyasi kuchayib, deyarli hozirgiga o‘xshash bo‘lgan. Iqlim zonalari va rayonlari aniq ajralgan. Ikkinchi muzlanish boshlangan.
Mezozoy erasi davomida iqlimning zonalar doirasidagi va mahalliy tafovuti tobora orta borgan, sovuq qutbiy iqlimlar hosil bo‘lgan, troposferaning ayrim qismlarga ajralishi va sirkulyatsiyasi kuchaygan.
Kaynozoy erasida ham iqlim birmuncha o‘zgargan - paleogendagi issiq iqlim pleystotsengacha juda sovib ketgan, bunda butun Yer shari iqlimi haddan tashqari sovib, muzliklar orta borgan, materiklarning o‘rtacha geografik kenglikdagi qismlarida qoplama muzliklar paydo bo‘lgan.
Uchlamchi va to‘rtlamchi davrlarda Yer iqlimi beqaror bo‘lgan. Harorat keng doirada tebrangan (ayrim paytda favqulotda ancha yuqori va past bolgan). Bu esa o‘z navbatida muzliklararo va muzlik davrlarini yuzaga keltirgan. So‘nggi 1,6 mln yilda 17 ga yaqin muzlik va muzliklararo davr bo‘lgan. Davrlar muzliklarning doimo bosib borishi (o‘tish davri 90 000 yilga yaqin) va muzliklarning keskin qisqarishi (o‘tish davri 8000 yilga yaqin) bilan harakterlangan. Oxirgi muzlik davri taxminan bundan 18000-20000 yil oldin katta maydonni egallagan. Bu vaqtda Skandinaviya, Shimoliy German pasttekisligi, Buyuk Britaniyaning katta qismi (janubiy qismi mustasno) va Shimoliy Amerikaning 39° shimoliy kengliklarigacha muz qoplagan. Yer iqlimi so‘nggi bir necha million yil ichida kuchli o‘zgardi. Iqlimning global o‘zgarishi kaynazoy erasining oxirgi – to‘rtlamchi davrida kuchli o‘zgardi. Bu davirda iqlim juda sovib ketgan, bunda butun Yer shari iqlimi haddan tashqari sovib, muzliklar orta borgan, materiklarning o‘rtacha geografik kenglikdagi qismlarida qoplama muzliklar paydo bo‘lgan. 20000 yildan keyin muzliklar maydoni qisqarib, okean sathi taxminan 100 m ga ko‘tarilgan. Materiklarning muzliklardan holi bo‘lgan hududlarida o‘simliklar mintaqasi vujudga kelgan. Yevropaning katta hududlari tundra va muzloqlardan holi bo‘lgan. Tropik o‘rmonlar kengaygan2.