Tafakkur va borliqning birligi . Tafakkur bilan borliq o’rtasida birlik mavjud.
Tafakkur ularning birligi zamirida mantiqiy shakllar va tafakkur qonunlarini shakllantiruvchi
ijtimoiy amaliyot yotadi. Dunyo rivojlanishining ob’yektiv umumiy qonuniyatlaridan mantiqiy
qonuniyatlarning farqi shundaki, inson mantiqiy qonuniyatlarni ongli ravishda qo’llashi mumkin,
tabiatda esa dunyoning rivojlanish qonuniyatlari o’ziga ongsiz tarzda yo’l ochadi.
Inson o’zini qurshagan dunyo haqidagi barcha bilimlarni pirovard natijada sezgi
a’zolari orqali oladi. Biroq ular ayrim soxta g’oyalar, masalan, yerning yassi tuzilishi, Quyosh
yer atrofida aylanishi kabi g’oyalar manbai hamdir. Bu ko’pincha sezgi a’zolarining
ma’lumotlariga ishonchsizlik uyg’otgan, ratsionalistlar bu a’zolarning bilishdagi rolini kamsitishi
va bilishda asosiy rolni tafakkur o’ynashini qayd etishiga sabab bo’ladi. Biroq empiriklar bu
fikrga e’tiroz bildirib, bilishda xatolarga ko’proq tafakkur yo’l qo’yganini qayd etadilar.
Ularning fikricha, hayvon tabiat yo’llaridan chetga chiqa olmaydi: uning motivlari zamirida
sezgi a’zolari orqali idrok etiladigan narsalar yotadi. Hayvonlar hech narsani o’ylab topmaydi va
shuning uchun ham ular aqlsizlik holatiga tushmaydi. Inson esa har xil xomxayollar qurboni
bo’ladi.
Sezgi darajasida bilishning rolini mutlaqlashtiradigan va mavxum nazariy tafakkurga
ishonmaydigan empirizm ilmiy bilishning rivojlanishiga monelik qiladi. Mutaxassislar qayd
etishicha, qadimgi matematiklar, faylasuflar, pifagorchilar, matematikaga irratsional, ba’zan –
kasr sonlarining kiritilishiga qarshi chiqqanlar, o’z fikrlarini bu sonlarning noaniqligi bilan
isbotlashga harakat qilganlar. Bunday fikrlar yunonlarni algebrani fan sifatida inkor etishga
majbur qilgan, bu esa matematikaning analitik metodlari Uyg’onish davriga qadar zamondan
orqada qolishining sabablaridan biri bo’lgan. Qadimgi mutafakkirlar sezgida bo’lmagan narsa
tafakkurda ham bo’lmaydi deb qayd etgan. Tafakkur jarayoni modellar, sxemalar, tabiiy, sun’iy
til va hokazolar ko’rinishidagi sezgi unsurlariga tayanmay ish ko’ra olmaydi.