Tafakkur va uning mohiyati. Inson hamisha nimalar haqidadir o’ylaydi. O’ysiz holat
ham, psixologlar fikriga ko’ra, amalda hech bo’lmasa hech narsa haqida o’ylamaslikni o’ylash
holatidir. Bilishning dialektik yo’li sezgi a’zolari orqali bilish, dalillarni aniqlashdan mantiqiy
tafakkur sari olib boradi. Tafakkur– bu insonning narsalar muhim xossalari va munosabatlarini
izchil, bilvosita va umumiy aks ettirishidir. Ijodiy tafakkurlash amaliyot, fan, texnikada yangi
natijalar olishga qaratiladi. Tafakkurlash – muammolar qo’yish va ularni yechishga qaratilgan
faol jarayon. Tirishqoqlik – fikrlayotgan odamning muhim belgisi. Sezgidan fikrga o’tish
zamirida bilish ob’yektining ichki va tashqi mohiyatning ifodasi, ayrim va umumiyga bo’linishi
yotadi. Zotan, ilmiy va falsafiy bilim faqat sezgi va tasavvurlardan iborat emas: sezgi idroki
naqadar go’zal bo’lmasin, mazmunan qashshoqdir – u narsaning mohiyatini yoritmaydi.
Narsalardagi umumiylik – avvalo, muhim xossalar va munosabatlar majmuidir.
Ma’lumki, ular ayrim predmet kabi aniq ko’rinib turmaydi, ularni bevosita idrok etish mumkin
emas. Narsa, hodisalarning tashqi tomoni asosan amalda kuzatish, empirik bilish yo’li bilan,
narsalarning mohiyati, umumiy jihatlari esa – tushunchalar, mantiqiy fikrlash yordamida
aniqlanadi. Fikrlashda, tushunchalarda narsalar bilan bevosita aloqa mavjud bo’lmaydi. Biz idrok
etishga qodir bo’lmagan narsalarni ham tushunishimiz mumkin.
Maxsus tuzilishga ega bo’lgan oz sonli sezgi a’zolarimiz shuning uchun ham bilishning
mutlaq chegaralarini o’rnatmaydiki, ularga nazariy tafakkur faoliyati qo’shiladi. Inson fikri
hodisalarning tashqi qobig’idan o’tib, ob’yektning ichiga kiradi. Sezgi darajasida aniqlangan
ma’lumotlar va empirik tajribadan kelib chiqib, tafakkur sezgi a’zolarining ko’rsatmalarini
mazkur individ miyasida mavjud barcha bilimlar, bundan tashqari, insoniyatning umumiy
tajribasi, bilimlariga, ular mazkur odamning boyligiga aylangan darajada faol solishtirishi va
hodisalar orqali yanada teranroq mohiyatni anglab, amaliy va nazariy muammolarni yechishi
mumkin.