Nazariy bilim va uning shakllari. Ilmiy dalillar nazariyaga nisbatan ham ikki xil
vazifani bajaradi: mavjud nazariyaga nisbatan ilmiy dalil yo uni mustahkamlaydi (verifikatsiya
qiladi), yo u bilan to’qnashadi va uning asossizligini ko’rsatadi (fal’sifikatsiya qiladi). Biroq,
boshqa tomondan, nazariya empirik tadqiqot darajasida olingan ilmiy dalillar yig’indisini
shunchaki umumlashtirishgina emas. Uning o’zi yangi ilmiy dalillar olish manbaiga aylanadi.
SHunday qilib, empirik va nazariy bilim yaxlit hodisa – ilmiy bilim ikki tomonining birligi
hisoblanadi. Bu tomonlarning muayyan ilmiy bilish jarayonidagi o’zaro aloqasi va harakati,
ularning o’zaro nisbati nazariy bilimga xos bo’lgan shakllarning izchil qatori yuzaga kelishini
belgilab beradi. Nazariy bilimning asosiy shakllari: ilmiy muammo, gipoteza, nazariya,
tamoyillar, qonunlar, kategoriyalar, paradigmalardir.
Ilmiy muammo. Har qanday ilmiy bilish muammodan boshlanadi. Umuman olganda,
inson bilimining rivojlanish jarayonini ayrim muammolarni qo’yishdan ularni yechishga o’tish,
so’ngra yangi muammolarni qo’yish sifatida tavsiflash mumkin. Biroq muammoning haqiqiy
o’rni qanday? Ilmiy muammolar nima uchun yuzaga keladi? Muammoning masaladan farqi
nimada? Ilmiy muammolar doirasi qanday?
Muammo – bilishning rivojlanish jarayonida ob’yektiv tarzda yuzaga keladigan,
yechimini topish muhim amaliy yoki nazariy ahamiyatga ega bo’lgan masala yoki masalalar
majmuidir. SHuningdek muammo, hal qilishni talab etuvchi nazariy yoki amaliy masala; fanda –
biron-bir hodisalar, ob’yektlar, jarayonlarni tushuntirishda qarama-qarshi yondashuvlar
ko’rinishida amal qiluvchi va uni yechish uchun muvofiq nazariyani talab etuvchi ziddiyatli
holatdir.
Muammoni to’g’ri qo’yish uni muvaffaqiyatli yechishning muhim shartidir. To’g’ri
qo’yilmagan muammo yoki soxta muammo haqiqiy muammolarni yechishdan chalg’itadi.
Muammoni qo’yish – ilmiy bilish jarayonining dastlabki bosqichi. Muammoni
qo’yishda, avvalo, ayrim holatni masala sifatida anglab yetish, qolaversa, muammoning
mazmunini aniq tushunish, ma’lum va noma’lum narsalarni ajratgan holda uni ta’riflash lozim.
Ilmiy muammolar predmetga yoki protseduraga doir bo’ladi. Predmetga doir
muammolarda o’rganilayotgan ob’yektlar, protseduraga doir muammolarda esa – bilim olish va
uni baholash usullari aks etadi. O’z navbatida, predmetga doir muammolarning empirik va
konseptual, protseduraga doir muammolarning metodologik va baholash bilan bog’liq turlari
farqlanadi. Empirik muammolarni yechish uchun materialni sof nazariy tahlil qilish bilan bir
qatorda, predmetlar bilan ma’lum amallarni bajarish lozim, vaholanki, konseptual muammolar
borliqqa bevosita murojaat etishni talab qilmaydi. Predmetga doir muammolardan farqli o’laroq,
protseduraga doir muammolar doim konseptual xususiyatga ega bo’ladi; protseduraga doir
muammolar o’rtasidagi farq shunda ko’rinadiki, metodologik muammolar nisbiy mushohada
ko’rinishida yechimga ega bo’lishi mumkin emas, baholash bilan bog’liq muammolar esa fanga
mezon vazifasini bajaruvchi ko’rsatkichlar va mo’ljallarni olib kiradi.
Empirik muammo avvalo ma’lumotlarni izlashni nazarda tutadi; empirik muammolarga
kuzatish, eksperiment, o’lchash kabi ilmiy metodlar yordamida javob topish mumkin. Bundan
tashqari, yechimini topish uchun asboblar yasash, reaktivlar tayyorlash va hokazolar kerak
bo’lgan muammo ham empirik hisoblanadi.
Konseptual muammolar ilgari olingan ko’p sonli ma’lumotlar bilan bog’liq bo’lib,
ularni tartibga solish va talqin qilish, oqibatlarni keltirib chiqarish va gipotezalarni shakllantirish,
mantiqiy izchillik talablariga muvofiq qarama-qarshiliklarni bartaraf etishni nazarda tutadi.
Metodologik muammolar asosan tadqiqotni rejalashtirish bilan bog’liq: ularni yechish
yo’li bilan ayrim kelishuvlar tuziladi, muammoni yechish, kuzatish va eksperimentlar o’tkazish
tartibi aniqlanadi, mo’ljallanayotgan konseptual protseduralar belgilanadi va h.k.
Baholash bilan bog’liq muammolar empirik ma’lumotlar, gipotezalar, nazariyalar va
shu kabilarni baholash, hatto muammoning o’zi qay darajada to’g’ri tuzilgan va ta’riflanganligini
baholashni nazarda tutadi. Muammo to’g’ri qo’yilgan deb hisoblanishi uchun:
1) o’rganilayotgan muammoning tarkibiga kiritish mumkin bo’lgan muayyan ilmiy
bilim (ma’lumotlar, nazariya, metodika) mavjud bo’lishi;
2) muammo shaklan to’g’ri tuzilgan bo’lishi;
3) muammo o’rinli bo’lishi, ya’ni uning asoslari soxta bo’lmasligi;
4) muammo muayyan darajada chegaralangan bo’lishi;
5) yechimning mavjudlik sharti va uning yagonaligi ko’rsatilgan bo’lishi;
6) maqbul yechim belgilari hamda yechimning maqbulligini tekshirish usullari haqidagi
shartlar qabul qilinishi lozim.
SHunday qilib, pirovard natijada barcha ilmiy muammolar ham o’z yechimini
topavermaydi: ayrim muammolar ular qo’yilganidan keyin uzoq vaqt mobaynida yechilmay
qolaveradi (masalan, Frem teoremasi bir necha yuz yillar mobaynida yechilmay kelgan), ayrim
muammolar o’z yechimini topmaydi (masalan, aylana kvadraturasi, burchak triseksiyasi va
kubning ikkilanmasi haqidagi masalalar), ba’zi bir muammolar esa olimlarning almashayotgan
avlodlari diqqat markazidan butunlay yo’qoladi.
Ilmiy muammo boshqa muammolardan quyidagi belgilari bilan ajralib turadi:
- U olimni doim haqiqiy bilim olishga yo’naltiradi.
- YAngi bilim olishga qarab mo’ljal oladi. Olim ongli ravishda yangilik sari intiladi.
SHuni ta’kidlash lozimki, «dunyoning birinchi materiyasi nima?», «ob’yekt nima?»,
«harakat nima?», «aql nima?» qabilidagi olamshumul muammolar ayrim fanlarning
chegaralarinigina belgilashi mumkin, biroq ilmiy tadqiqotning dastlabki bosqichi hisoblanmaydi.
O’z-o’zidan ravshanki, har qanday muammo ham ilmiy bo’lavermaydi. Ilmiy
muammolar qolgan turdagi muammolardan shunisi bilan ajralib turadiki, ular ilmiy asoslar
negizida qo’yiladi va asosan ilmiy bilimni kengaytirish maqsadida ilmiy metodlar yordamida
o’rganiladi.
Teran, samarali yechimini topadigan muammolarni yaratishning umumiy metodi
mavjud emas. SHunga qaramay, fan tarixi ko’pgina hollarda teran ilmiy va samarali muammolar
quyidagi to’rt mo’ljalni ro’yobga chiqarish paytida yuzaga kelganligidan dalolat beradi:
1) ilgari qo’yilgan muammolarning taklif qilinayotgan yechimlariga, hatto bu yechimlar
bir qarashda shak-shubhasiz bo’lib ko’rinsa ham, tanqidiy yondashish lozim; har qanday holatda
ham ayrim kamchiliklarni topish yoki hech bo’lmasa topilgan yechimni umumlashtirish ayrim
holatga tatbiqan muayyanlashtirish mumkin;
2) yangi holatlarga nisbatan ma’lum yechimlarni tatbiq etish, ularning yaroqli yoki
yaroqsizligini baholash lozim: agar muammoning yechimi o’z kuchini saqlab qolsa, buning
natijasida nafaqat yechimlar, balki muammolar ham umumlashtiriladi, agar yechim yaroqsiz
bo’lsa, muammolarning yangi majmui yuzaga keladi;
3) ma’lum muammolarni yangi sohalarga ko’chirish yoki unga yana bir ko’rsatkich
kiritish yo’li bilan ularni umumlashtirishga harakat qilish lozim;
4) muammoning mavjudligini bilimning boshqa sohalaridagi bilimlar bilan bog’lash,
muammolarni kompleks o’rganishga harakat qilish kerak.
Umuman olganda, muammolarni tanlash ijodiy xususiyatga ega bo’lib, bu yerda
metodikadan ham ko’ra ko’proq intuitsiya va tajriba ish beradi.
Ilmiy muammo, didaktik tizim kabi, bilimlar va faoliyat usullarini ijodiy o’zlashtirish
qonuniyatlariga asoslanadi, u bilish va amaliy faoliyat jarayonida muhim ahamiyatga ega
bo’lgan ijodiy tafakkurni rivojlantirishning samarali vositalaridan biridir.
Ilmiy muammo bilimlarning izchilligi, ularning fundamentalligi va ixtisoslashuvini
uyg’unlashtirish, turdosh fanlar metodlaridan foydalanish, bilimlarni ilmiy umumlashtirish va
tizimga solish ko’nikmalarini ishlab chiqish, shuningdek o’rganilayotgan masalalarni tanqidiy
tahlil qilishni o’z ichiga oladi. U bilimlarni kengaytirish va chuqurlashtirishga da’vat etadi, yangi
muammolarni mustaqil qo’yish, ularning yechimlarini izlash va topishga qiziqishni kuchaytiradi.
Ayni vaqtda, ilmiy muammo zarur intellektual keskinlikni vujudga keltiradi, bilish jarayonidagi
qiyinchiliklarni yengish, ijodiy tafakkur ko’nikmalarini shakllantiradi.
Bosh vazifa – u yoki bu mavzuga mos keladigan muammolarni topish, farqlash va aniq
ta’riflash. Puxta ishlab chiqilgan va to’g’ri ta’riflangan muammo ilmiy hamda ijodiy jihatdan
diqqatga sazovor bo’lishi mumkin.
Ilmiy muammo sof informativ xususiyatini yo’qotadi, tayyor bilim berishdan iborat
bo’lmay qoladi va yangi bilim izlash, haqiqiy ijodiy bilish jarayoniga aylanadi. Insonga zarur
bilimlar hajmi jadal sur’atlarda oshib borayotgan hozirgi sharoitda dalillarning ma’lum
yig’indisini o’zlashtirishga qarab mo’ljal olishning o’zi kifoya qilmaydi. O’z bilimlarini mustaqil
to’ldirish, ilmiy va siyosiy axborotlarning jo’shqin oqimida mo’ljal olish ko’nikmasini
shakllantirish muhimdir. Bu tamoyillardan hozirgi davrda inson ega bo’lgan bilimlarning oddiy
yig’indisi emas, balki uning bilimlari ijodiy qobiliyati va g’oyaviy e’tiqodi bilan uyg’unlikda har
tomonlama yetuk shaxsning bosh mezonidir, degan xulosa kelib chiqadi.
Dostları ilə paylaş: |