5.3. Saylov jarayoni va unda ishtirok etuvchi subyektlar
Saylov, ya’ni hokimiyatining vakillik organlarini shakllantirish tartibi siyosiy-huquqiy mexanizm shaklida namoyon bo’lib, bunday mexanizmni bir vaqtda saylov huquqi va saylov jarayoni tashkil etadi. Bunda saylov huquqi, bir tomondan, saylangan vakillarning hokimiyat vakolatlariga ega bo’lishlariga tegishli bo’lib, jamiyat va davlat faoliyatining ayrim jihatlarini batafsil ifoda etsa; ikkinchi tomondan, saylov jarayoni unda subyektiv siyosiy huquqni amalga oshirishning shakli sifatida saylovchilarning hokimiyatni amalga oshirishdagi ishtiroki texnologiyasini aks ettiradi. Demokratik saylov jarayoni - bu mamlakatda o’rnatilgan siyosiy jarayon va rejimning bir qismi bo’lib, u fuqarolar saylov huquqlari amalga oshirilishiningijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-madaniy infratuzilmasini tashkil etuvchi demokratik institutlar rivojlanishining umumiy shartlari bilan bevosita bog’liqdir. Bundan tashqari, saylov kampaniyasini boshlashdan oldin bir qancha muhim harakat va protseduralar amalga oshirilishi talab etiladi. Ularga ko’ra, saylov jarayoni nafaqat ovoz berishni tashkillashtirishning yuridik texnikasi bo’lib, balki u hokimiyatning siyosiy barqarorligi va uzluksizligi, xalqchilligi va qonuniyligini ta’minlovchi muhim huquqiy institut sifatida namoyon bo’ladi. O’zbekiston Respublikasida saylov jarayoni har qanday mamlakatlardagi kabi bir-birini to’ldirib va almashtirib boruvchi bir qancha bosqichlardan iborat. Bunda saylov jarayonining bosqichlari deganda, saylovlarni tashkil etish va o’tkazish uchun belgilangan davrlar tushuniladi. Ular doirasida qonunlarda ko’zda tutilgan saylov harakatlari, shuningdek, saylovchilar va saylovning boshqa ishtirokchilari huquqlari amalga oshirilishini ta’minlovchi saylov tartibtaomillari amalga oshirib boriladi. Odatda, har qanday saylov jarayoni quyidagi asosiy bosqichlardan tashkil topadi: birinchi, saylov kampaniyasi boshlanganligini e’lon qilish yoki saylovlarni tayinlash; ikkinchi, saylov okruglari va saylov uchastkalarini tuzish; uchinchi, saylov komissiyalarini tuzish; to’rtinchisi, nomzodlar ko’rsatish va ularni ro’yxatga olish; beshinchi, saylovoldi tashviqoti; oltinchi, saylovchilar ro’yxatini tuzish; yettinchi, ovoz berishni tashkil etish va saylov natijalarini aniqlash; sakkizinchi, saylov yakunlarini e’lon qilish va deputatlarni, senatorlarni, Prezidentni ro’yxatga olish. Zarurat tug’ilsa, takroriy ovoz berish hamda takroriy saylov o’tkaziladi. Bular qo’shimcha bosqichlardir. Bo’shab qolgan o’rinlarga deputatlar saylovlarini, navbatdan tashqari yangi saylovlarni o’tkazish kabi jarayonlar har qanday mamlakatlarning saylov tizimida mavjud bo’ladi. Saylov jarayoniga oid bosqichlarning funksional vazifasi xilma-xil saylov harakatlari va tadbirlarni amalga oshirishda vaqt jihatdan ketma-ketlik va mantiqan bosqichma-bosqichlikni ta’minlashdan iborat. Ular saylovlarni va tegishli saylanuvchi shaxslarning saylanishida legitimlik jihatlarini belgilashga ko’maklashadi. Saylov jarayonida jarayon ishtirokchilari - subyektlarni aniqlash zarur. Saylov jarayoni subyektlari bu saylovni turli bosqich va tadbirlarida ishtirok etadigan va o’zlarining alohida vazifasi va o’rni mavjud ishtirokchilardir. Saylov jarayoni subyektlari quyidagilardan iborat. 1. Fuqarolar. Fuqarolar saylovlar jarayonining deyarli barcha bosqichlarida ishtirok etadi. Ular saylov jarayonida bevosita o’zlari yoki tegishli tuzilmalar, organlar faoliyati orqali ishtirok etadi. Boshqa barcha saylov jarayonining subyektlari faoliyatida fuqarolar ishtirok etadi. Faqat u yerda fuqaro sifatida emas, tegishli tuzilma a’zosi, xizmatchi sifatida. Fuqarolar saylov jarayonining tashviqot-targ’ibot ishlarida, saylovoldi yig’ilishlarida, siyosiy partiyalar, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari faoliyatida, turli saylov komissiyalari tarkibida a’zo bo’lib, ishonchli vakillar bo’lib, kuzatuvchilar tarkibida qatnashib, vakolatlivakil sifatida qatnashib, ovoz berishda ishtirok etib, saylov jarayonining subyekti sifatida bevosita ishtirok etadi. Ommaviy axborot vositalarida, turli davlat organlarida ishtirok etish fuqarolarning saylov jarayonida bilvosita ishtirokini ko’rsatadi. 2. Saylov komissiyalari. Vakillik organlariga saylov, Prezidentlikka saylov jarayonida saylov komissiyalari alohida rol o’ynaydi. Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi va Prezidentlikka saylovda Markaziy saylov komissiyasi, okrug saylov komissiyasi, uchastka saylov komissiyalari tuzilsa, xalq deputatlari Kengashlariga saylovda tegishli Kengashga (viloyatga, shaharga, tumanga) saylov o’tkazuvchi saylov komissiyasi, okrug saylov komissiyasi, uchastka saylov komissiyasi tuziladi. Saylov jarayoni subyektlari tizimida Markaziy saylov komissiyasi alohidao’ringa ega. Konstitutsiyaning 129-moddasiga binoan: “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining referendumini tashkil etish va o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan faoliyatining asosiy prinsiplari mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilikdan iborat bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tuziladi”. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi saylov komissiyalari tizimiga boshchilik qiladi, o‘z faoliyatini doimiy asosda amalga oshiradi hamda o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga amal qiladi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining tavsiyasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan saylanadi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining raisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan komissiya a’zolari orasidan besh yillik muddatga komissiya majlisida saylanadi. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining raisi etib saylanishi mumkin emas. (Konstitutsiyaning 129-moddasi). Okrug saylov komissiyasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan, uchastka saylov komissiyasi okrug saylov komissiyasi tomonidan tuziladi. Okrug va uchastka saylov komissiyalari saylov natijalari e’lon qilinib, deputatlar ro’yxatga olingach faoliyatini tugatadi. Mahalliy Kengashlarga saylovlarda viloyat, tuman, shahar Kengashiga saylov o’tkazuvchi saylov komissiyasi tegishli Kengash tomonidan tuzilib, keyingi saylov kampaniyasi e’lon qilingunga qadar faoliyat ko’rsatadi. Okrug saylov komissiyasi tegishli Kengashga saylov o’tkazuvchi komissiya tomonidan, uchastka saylov komissiyasi esa, okrug saylov komissiyasi tomonidan tuzilib, saylov natijalari e’lon qilinib, deputatlar ro’yxatga olingach, o’z faoliyatlarini tugatadi.Markaziy saylov komissiyasining faoliyati O’zbekiston Konstitutsiyasi va Saylov kodeksi bilan tartibga solinadi. 3. Siyosiy partiyalar va harakatlar. Siyosiy partiyalar vakillik organlariga saylovda nomzod ko’rsatish huquqiga ega subyektdir. Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod va Prezidentlikka nomzod ko’rsatish huquqi faqat siyosiy partiyalarga berilgan. Siyosiy partiyalar nomzod ko’rsatishdan tashqari, saylov jarayonida tashviqot-targ’ibot ishlarida, ovoz berish jarayoni va ovoz berish natijalarini aniqlashda o’z vakillari orqali nazorat ishlarida ishtirok etadi. 4. Ommaviy axborot vositalari. Saylov to’g’risidagi qonunlarga asosan OAV saylovga tayyorgarlikning borishi va saylov qanday o’tayotganligini yoritib boradi. OAV saylov jarayonidagi har bir tadbirni, saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingandan boshlab, saylov natijalari e’lon qilingungacha yoritadi, ma’lumotlar beradi. Saylovlarda tashviqot-targ’ibot ishlarini yo’lga qo’yadi, saylovning barcha ishtirokchilari uchun teng imkoniyatlar yaratadi va saylovlarning oshkora o’tishini ta’minlaydi. 5. Kuzatuvchilar. Saylovlarning qonunga asosan, adolatli o’tishini ta’minlashda kuzatuvchilar instituti muhim rol o’ynaydi. Kuzatuvchilar milliy, ya’ni, mamlakat ichidagi tuzilmalardan hamda xalqaro kuzatuvchilar, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar vakillaridan iborat tarkibda tuzilishi mumkin. Kuzatuvchilar barcha saylov tadbirlarida, shuningdek, ovoz berish natijalarini aniqlashda ishtirok etishi mumkin. Manfaatdor tashkilotlar o’z kuzatuvchilari to’g’risida okrug saylov komissiyalariga saylovga kamida o’n besh kun qolganda ma’lum qiladi. Okrug saylov komissiyasi belgilangan namunadagi mandatni ariza tushgandan so’ng besh kun ichida kuzatuvchilarga beradi. Xalqaro kuzatuvchilarga mandatni Markaziy saylov komissiyasi beradi. Kuzatuvchilarning huquq va burchlari saylov to’g’risidagi qonunda belgilangan. 6. Vakillar. Saylov jarayonida deputatlikka, Prezidentlikka nomzodlarning ishonchli vakillari, siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ishtirok etadi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod 15 tagacha, Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar o’n nafargacha, Xalq deputatlari viloyat (Toshkent shahar) Kengashi deputatligiga nomzodlar 5 nafargacha, tuman, shahar Kengashi deputatligiga nomzodlar 3 nafargacha ishonchli vakilga ega bo’ladi. Ishonchli vakillar nomzodlarga saylov kampaniyasini o’tkazishda yordam beradi, targ’ibot-tashviqot ishlarini olib boradi, saylov kampaniyalari, davlat va jamoat tashkilotlari bilan munosabatlarda nomzodlarning manfaatini ifoda etadi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakillari nomzod taqdimiga ko’ra Markaziy saylov komissiyasida ro’yxatga olinib, ularga guvohnoma beriladi. Deputatlikka nomzodlar ishonchli vakillarini o’zi belgilaydi va okrug saylov komissiyalarida ular ro’yxatga olinib, ularga tegishli guvohnoma beriladi.Qonunlarda siyosiy partiyalarning vakolatli vakili bo’lish belgilangan. Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengash deputatligiga nomzod ko’rsatgan siyosiy partiyalar ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish uchun Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadigan tartibda o’z a’zolari orasidan vakolatli vakil tayinlashga haqli. Vakillar faoliyati, huquq va burchlari, vazifasi saylov to’g’risidagi qonunlarda belgilangan. 7. Fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari. Fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari saylovni o’tkazishda faol ishtirok etadi. Ular tashviqottarg’ibot ishlarida, nomzodlar bilan uchrashuvlar tashkil qilishda, saylovchilarning ro’yxatini tuzishda, saylov kuni, vaqti, joyi haqida saylovchilarga ma’lumotlar berishda tegishli organlarga yordam beradi. 8. Davlat organlari. Turli davlat organlari saylov jarayonlarida ishtirok etadi. Ular turli vazifalarni bajaradi. Mahalliy davlat hokimiyati organlari saylov o’tadigan joylar bilan ta’minlash, saylov uchastkalarini tegishli holatga keltirish, moddiy ta’minotiga yordam berish, saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlar taqdim qilish, tegishli Kengashlarga saylov o4kazuvchi komissiyalarni tuzish bilan saylov jarayonida ishtirok etadi. 9. O’zbekiston Respublikasining 2019-yil 2-dekabrda qabul qilingan «Volontyorlik faoliyati to’g’risida»gi Qonunida volontyorlar ijtimoiy ahamiyatga ega tadbirlarda ularni tashkil etuvchilarining roziligi bilan ishtirok etadi, deb belgilab qo’yilgan. Shuning uchun ularni alohida saylov ishtirokchisi sifatida emas, balki ishtirokchilarga yordam beruvchi subyekt deb qarash mumkin. Saylovlarning adolatli, qonun asosida o’tishini, fuqarolar saylov huquqlarining buzilishiga yo’l qo’ymaslik maqsadida saylov jarayonida sud va prokuratura organlarining, ijro organlarining (Ichki ishlar, Tashqi ishlar vazirliklari) ishtiroki ham nazarda tutilgan. Ularning vazifa va vakolatlari saylov to’g’risidagi qonunlarda belgilangan. O’zbekiston Respublikasining vakillik organlariga, Prezidentlikka saylov o’tkazish muddatlari Konstitutsiya va qonunlarda belgilab qo’yilgan. Saylovlar muddatli, zarurat tufayli yoki navbatdan tashqari bo’lishi mumkin. Muddatli saylovlar Prezident va vakillik organlari (vakillik organlari deganda, Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarning barcha bo’g’inlari nazarda tutiladi) vakolat muddati tugashi bilan o’tkaziladi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining vakolat muddati, 2023-yil 30-aprelda qabul qilingan Konstitutsiyaga asosan, yetti yil qilib belgilandi. Vakillik organlarining vakolat muddati besh yil qilib belgilangan. Shu muddatning o’tishi yangi saylov o’tkazishga sabab bo’ladi. Konstitutsiyaning 128-moddasida: «O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda - oktabr oyi uchinchi o’n kunligining birinchi yakshanbasida o’tkaziladi», - deb belgilangan. Bunday saylov o’tkazish muddatining avvaldan aniq belgilanishi saylovlarning har doim bir vaqtda, oldinga, orqaga surish imkoniyatini cheklab, barqaror o’tishini ta’minlaydi, bunday tartib dunyodagi ko’plab mamlakatlar tajribasida uchraydi. Zaruratga qarab o’tkaziladigan saylovlar deputatlik o’rni bo’shab qolgan vaqtlarda o’tkaziladigan saylovlardir. Ular besh yil mobaynida har qanday vaqtda o’tkazilishi mumkin, faqat vakillik organining vakolat muddati tugashiga olti oy qolganda, bo’shab qolgan joylarga saylov o’tkazilmasligi mumkin. Navbatdan tashqari saylovlar Konstitutsiyaning 112-moddasida ko’zda tutilgan, ya’ni, Prezident betobligi tufayli o’z vazifasini bajara olmagan taqdirda, Konstitutsiyaning 111-moddasidagi holatlar mavjud bo’lib, Oliy Majlis palatalari tarqatib yuborilganda o’tkaziladi. Bunday saylovlar uch oy mobaynida o’tkazilishi belgilangan. O’zbekistonning Birinchi Prezidenti I. Karimov vafoti munosabati bilan 2016-yil 4-dekabrda va yangi tahrirda Konstitutsiya qabul qilinganligi sabab 2023-yil 9-iyulda navbatdan tashqari Prezident saylovi o’tkazildi. Konstitutsiyamizda Oliy Majlis palatalarini muddatdan avval tarqatib yuborish ko’zda tutilgan bo’lib, shunday holatda ham navbatdan tashqari saylov o’tkazish mumkin. «Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to’g’risida»gi Konstitutsiyaviy Qonunning 6-moddasiga asosan, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari lavozimi ko’rsatilgan nomzodlarni tegishli Kengashlar uch marta rad etsa, Prezident Kengashni tarqatib yuborish huquqiga ega. Bunda ham saylov uch oy muddat ichida navbatdan tashqari saylov o’tkaziladi. Prezident saylovi, vakillik organlariga saylov, saylov kampaniyasi boshlanganligini e’lon qilish orqali boshlanadi. «Markaziy saylov komissiyasi to’g’risida»gi hamda vakillik organlariga saylov to’g’risidagi qonunlarda saylov kampaniyasining boshlanganligini e’lon qilish vakolati Markaziy saylov komissiyasiga berilgan. Saylov kampaniyasi boshlanganligi tegishli organlarning vakolat muddati tugashidan kamida uch oy oldin e’lon qilinadi. Bu saylov jarayonlarining boshlanishi hisoblanadi. Shuningdek, saylov tayinlash yo’li bilan ham o’tkaziladi, jumladan, takroriy ovoz berish, takroriy saylov yoki o’rni bo’shab qolgan okruglarda saylov o’tkazish, uning kuni, vaqti haqida qaror qabul qilinadi.Qonunchilik palatasiga takroriy ovoz berish haqida okrug saylov komissiyasi Markaziy saylov komissiyasini xabardor qiladi va ikki haftalik muddatda takroriy ovoz berish o’tkaziladi. Takroriy saylov bir oy muddatda Markaziy saylov komissiyasi topshirig’iga binoan okrug saylov komissiyasi tomonidan o’tkaziladi. Bo’shab qolgan o’rinlarga saylov Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov o’tkazishga bir oy qolganda tayinlanadi. Mahalliy Kengashlarga takroriy ovoz berish, takroriy saylov yuqoridagi muddatlarda okrug saylov komissiyasi tomonidan o’tkaziladi. Bo’shab qolgan o’rinlarga saylov esa, tegishli xalq deputatlari Kengashlari tomonidan saylov o’tkazilishiga kechi bilan bir oy qolganda tayinlanadi. Aslida, bu ish tegishli kengashlarga saylov o’tkazuvchi komissiya zimmasiga yuklansa, to’g’ri bo’lar edi.