«Erkin saylov va o’z xohish-irodasini erkin bildirish prinsiplari,birinchi navbatda har bir shaxsning davlat hokimiyati vakillikorganlariga saylash va saylanish bo’yicha konstitutsiyaviy huquqimilliy davlatchiligimiz modelining asosini tashkil etadi»7. Bu bilan erkin saylov huquqi fuqarolarning siyosiy huquqi tizimida, davlatchiligimizda muhim rol o’ynashi e’tirof etildi va saylov huquqi ahamiyatiga oqilona baho berildi. Saylov huquqi bilan fuqarolarni ta’minlash faqat milliy qonunchiligimizda belgilangan bolibgina qolmay, saylov huquqining ahamiyati xalqaro hujjatlarda ham qayd qilingan, jumladan, «Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasi»ning 21-moddasida: «Har bir inson bevosita yoki erkinlik bilan saylangan vakillari vositasida o’z mamlakatini boshqarishda ishtirok etish huquqiga egadir», - deb belgilab qo’yilgan. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 128-moddasida: «O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar», - deb belgilangan. Fuqarolarning saylov huquqi - saylash va saylanish huquqidan iborat. Shu ikkala huquqqa to’la ega bo’lgandagina saylov huquqi amalga oshgan hisoblanadi. Yuridik adabiyotlarda fuqarolarning saylash huquqini aktiv saylov huquqi, saylanish huquqi esa, passiv saylov huquqi deb yuritiladi. Ularga ega bo’lishda ba’zi talablar qo’yiladi. Saylash huquqiga ma’lum yoshga yetgan mamlakatning barcha fuqarolari ega bo’ladi. Konstitutsiyaga Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmiga ko‘ra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida mahrum etilishi mumkin. Chunki muomalaga layoqatsizlar aqliy tomondan ojiz, ongsiz kishilar bo’lib, ular o’z xatti-harakatining oqibatini anglay olmaydi, tushunmaydi. O’ta og’ir jinoyat sodir etishda ayblanib, ozodlikdan mahrum qilish joylarida saqlanayotganlarning saylash huquqi ma’lum davrga cheklangan, chunki u joylarda alohida rejimda yashashga to’g’ri keladi. Ozodlikdan mahrum qilish joylaridan ozodlikka chiqqandan so’ng, ular yana saylov huquqidan to’la foydalanadi. Fuqarolarning saylanish huquqiga ega bo’lishi uchun ham ayrim shartlar, chegaralar o’rnatiladi: - sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, og’ir va o’ta og’ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovlarda ishtirok etmaydi; - saylash huquqiga ega bo’lish uchun yosh chegarasi ham yuqoriroq o’rnatiladi. Masalan, O’zbekistonda Prezident bo’lib saylanish uchun 35 yoshga, Oliy Majlisga saylanish uchun 25 yoshga, mahalliy vakillik organlariga saylanish uchun 21 yoshga to’lgan bo’lish kerak. Xuddi shuningdek, saylanish huquqiga ega bo’lish uchun boshqa talablar ham o’rnatiladi. Masalan, mamlakat hududida ma’lum yil yashagan bo’lishi, til bilishi va hokazo. Bu masalalarga keyingi mavzularda kengroq to’xtalib o’tiladi. O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining saylov huquqida qo’llaniladigan shartlar, chegaralar boshqa demokratik mamlakatlar qonunlarida ham belgilangan.Fuqarolar saylov huquqlarini amalga oshirish jarayonida faqat saylash va saylanish huquqidangina emas, boshqa huquqlardan ham foydalanadi. Masalan, saylov komissiyalari tarkibida ishtirok etish, nomzodlar to’g’risida ma’lumotlar olish, kuzatuvchilar tarkibida ishtirok etish ishonchli va vakolatli vakil sifatida ishtirok etish va boshqalar. Fuqarolarning saylov huquqlari qo’shimcha ravishda «Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to’g’risida»gi Qonun8 bilan ta’minlanadi. Bunday maxsus qonunning borligi mamlakatimizda fuqarolarning saylov huquqlari himoyasiga alohida e’tibor qaratilganligini ko’rsatadi. Fuqarolarning saylov huquqlarini amalga oshirishiga turli yo’llar bilan to’sqinlik qilganlik uchun javobgarlik mavjudligi Saylov kodeksida belgilab qo’yilgan. Bundan tashqari, O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida saylov qonunlarini buzganlik uchun alohida moddalarda jinoiy javobgarlik belgilangan. Jinoyat kodeksining 146-147-moddalarida fuqarolar saylov huquqlarining har qanday buzilishiga olib keluvchi holatlar uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Saylovlar ma’lum prinsiplarda o’tkazilib, ular demokratik talablarga, xalqaro hujjat normalariga mos bo’ladi. Konstitutsiyada saylov umumiy, teng va to’g’ridan to’g’ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo’li bilan o’tkazilishi, har bir saylovchi bitta ovozga ega ekanligi, ovoz berishda fuqaro o’z xohish-irodasini erkin bildirishi ko’rsatib qo’yilgan (128-modda). Ana shular saylov huquqining asosiy prinsiplari bo’lib, saylov to’g’risidagi qonunlarda har biri alohida moddalarda berilgan. Umumiy saylov prinsipi - mamlakatdagi barcha fuqarolarga kimligidan qat’iy nazar (ya’ni, millati, dini, irqi, jinsi, ijtimoiy kelib chiqishi, partiyaviyligidan qat’iy nazar), saylov huquqidan foydalanish imkoniyatini beradi. Umumiy saylov huquqi yosh chegarasining bo’lishi, sud yo’li bilan saylov huquqidan cheklash mumkinligiga yo’l qo’yadi. Boshqacha har qanday cheklashlar umumiy saylov huquqi prinsiplariga ziddir. Avvalroq saylov qonunchiligimizga sudgacha qamoqda saqlanayotgan fuqarolarning ham saylovda ishtirok etishining o’rnatilishi umumiy saylov prinsipini kengaytirgan bo’lsa, Konstitutsiyaga kiritilgan o’zgartirish umumiy saylov prinsipini yanada kengaytiradi. Unga asosan, Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, og’ir va o’ta og’ir jinoyatlar sodir etilganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslargina saylovda ishtirok etmaydi ya’ni saylanmaydi. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to’g’ridan-to’g’ri yoki bilvosita cheklashga yo’l qo’yilmaydi. Teng saylov huquqi prinsipi - har bir saylovchining bir ovozga ega ekanligi, fuqarolar faqat bir saylov uchastkasida ro’yxatga olinib, ovoz berishda ishtiroketishi, saylovda ishtirok etuvchi partiyalarga bir xil imkoniyatlar yaratilganligini bildiradi. To’g’ridan-to’g’ri saylov huquqi - har bir fuqaro mahalliy vakillik organlari, Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga deputatlarni, shuningdek, Prezidentni saylashda bevosita o’zi shaxsan ovoz berish orqali saylovda ishtirok etishini bildiradi. To’g’ridan-to’g’ri saylov orqali fuqarolar yashab turgan joylarining o’zida ovoz beradi va ularning bergan ovozi deputatlar, Prezident saylanishiga ta’sir ko’rsatadi. Yashirin ovoz berish - bunda fuqarolarning ovoz berishiga hech kim ta’sir qila olmaydi. Fuqarolar hech kimning ta’sirisiz ovoz bersagina o’zi xohlagancha ovoz berishi mumkin bo’ladi. Yashirin ovoz berishda ovoz berish natijasi ham ma’lum bo’lmaydi, shuning uchun fuqarolar qo’rqmasdan, ikkilanmasdan, shubhalanmasdan o’zi xohlagan nomzodga ovoz beradi. Saylovda ishtirok etishning erkinligi - fuqarolar saylovlarning hamma jarayonlarida, shuningdek, ovoz berishda ham erkin ishtirok etishini bildiradi. Ularning saylov jarayonlarida ishtirok etishiga to’sqinlik qilinmaydi, ishtirok etishga, ovoz berishga ham. majbur qilinmaydi. Fuqarolar ovoz berishda ixtiyoriy ravishda ishtirok etib, xohlagan nomzodga ovoz beradi yoki umuman ishtirok etmaydi. Buning uchun ular majburlanmaydi, hech qanday tazyiqlarga uchramaydi, quvg’in qilinmaydi. Faqat fuqarolar o’z siyosiy qarashlari, ongi, madaniyatiga qarab ovoz berishda ishtirok etish yoki etmaslik masalasini o’zi hal qiladi. Ovoz berishga majburlash ham, to’sqinlik qilish ham javobgarlikni keltirib chiqaradi. Oshkoralik ham saylov huquqining muhim prinsiplaridan. Saylovlarning barcha jarayonlari oshkora o’tadi. Ommaviy axborot vositalari orqali saylov jarayonlari bo’yicha muntazam ma’lumotlar berib boriladi. Saylovlarda kuzatuvchilarning ishtiroki (xalqaro va milliy kuzatuvchilar) ta’minlanadi. Demokratiyaning kuchayishi, saylov qonunchiligining takomillashib borishi bilan saylov huquqi prinsiplarini qo’llash kengayib boradi va prinsiplarning o’zi ham takomillashtiriladi. Amaldagi saylov to’g’risidagi qonunlardan vakillik organlarini deputatlikka nomzod ko’rsatish huquqining chiqarib tashlanishi teng saylov huquqini ta’minlashni yanada kuchaytirdi. Oliy Majlisning ikki palatali etib qayta tashkil etilishi, uning yuqori palatasi - Senat a’zolarining mahalliy Kengashlar deputatlari orasidan, mahalliy Kengashlarning qo’shma majlisida saylanishi saylov tizimiga pog’onali saylov prinsipini kiritdi. Bu prinsipdan jahon mamlakatlari tajribasida foydalaniladi. Saylovlarda turli senzlar o’rnatilishi (senz cheklash ma’nosini beradi) mumkin. Hozirgi kunda butun dunyoda saylov huquqida mavjud bo’lgan senz - bu yosh senzidir. Yosh senzi fuqaroning voyaga yetgan bo’lishi, uning natijasida esa, o’z harakatiga javob bera olishni nazarda tutadi. Aktiv va passiv saylovda yosh senzi har xil o’rnatilgan, masalan, O’zbekistonda aktiv saylov huquqiga (saylash huquqiga) 18 yoshdan ega bo’linadi. Hamma organlarga saylash huquqi 18 yoshdan vujudga keladi. Passiv saylov huquqi (saylanish huquqi) turli organlarga turlicha o’rnatilgan. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida deputatlik uchun - 21 yosh, Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a’zolari uchun - 25 yosh, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanish uchun - 35 yosh belgilangan. Shu yoshga yetmaganlar tegishli organlarga saylana olmaydi. O’zbekiston Respublikasi qonunchiligida boshqa - milliy, jinsiy, irqiy, mulkiy cheklashlar nazarda tutilmagan. Shu bilan birga aytish mumkinki, turli organlarga passiv saylov huquqida - saylanishda saylanuvchilar (nomzodlar) oldiga ma’lum talablar qo’yiladi. Bu talablar qonuniy asosga ega, chunki ular tegishli qonunlarda belgilab qo’yilgan. Bunday shartlar, talablar Prezidentlikka saylanuvchilar va vakillik organiga saylanuvchilar uchun alohida-alohida bo’ladi. Konstitutsiyaning 90-moddasiga binoan, Prezident etib saylanish uchun fuqaro o’ttiz besh yoshdan kichik bo’lmasligi, davlat tilini yaxshi bilishi, saylovgacha O’zbekiston hududida kamida 10 yil muqim (doimiy) yashagan bo’lishi kerak. Shu shartlar mavjud bo’lsa, fuqaroning nomzodi tegishli tartibda Prezidentlikka nomzod sifatida qo’yiladi va saylovda ishtirok etadi. O’zbekiston Respublikasi Saylov kodeksida O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib ro’yxatga olinmaydigan shaxslar doirasi belgilangan. Ular quyidagilar: - qasddan sodir etilgan jinoyatlari uchun ilgari sudlangan fuqarolar; - diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari kiradi (kodeksning 61-moddasi). Konstitutsiya Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati va Senati a’zosi bo’lib saylanadiganlar oldiga ayrim talablarni qo’ygan, fuqaro deputat va senator bo’lib saylanish uchun yigirma besh yoshga to’lgan va kamida besh yil O’zbekistonda muqim yashagan bo’lishi kerak. O’zbekiston Respublikasi Saylov kodeksida Qonunchilik palatasi deputati bo’lib saylanuvchilarga ba’zi talablar qo’yilgan: - sodir etilgan og’ir yoki o’ta og’ir jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yohud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar; - saylov kuniga qadar so’nggi besh yil mobaynida O’zbekiston hududida muqim yashamagan fuqarolar; - O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, O’zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo’mitasi va boshqa harbiylashtirilgan bo’linmalarning xodimlari; - diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari deputatlikka nomzod qilib ro’yxatga olinmaydi (Kodeksning 71-moddasi). Senat a’zoligiga saylanish uchun talablar qo’yilgan bo’lib, senatorlikka yigirma besh yoshga to’lgan, kamida besh yil O’zbekistonda muqim yashagan, Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylanadi. Saylov kodeksining 90-moddasida xalq deputatlari Kengashi deputatligiga nomzodlar oldiga ma’lum talablar qo’yilgan. Quyidagilar: - sodir etgan og’ir yoki o’ta og’ir jinoyatlari uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yohud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar; - saylov kuniga qadar so’nggi besh yil mobaynida O’zbekiston Respublikasi hududida muqim yashamagan shaxslar; - O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilari, O’zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligining, Davlat bojxona qo’mitasining, boshqa harbiylashtirilgan bo’linmalarning xodimlari; - diniy tashkilotlar va birlashmalaming professional xizmatchilari deputatlikka nomzod etib ro’yxatga olinmaydi. Sudyalar, prokuratura organlari va hokimiyat ijroiya organlariningmansabdor shaxslari (hokimlar bundan mustasno) deputat etib saylansa, egallab turgan lavozimlaridan bo’shash to’g’risida ariza berganidagina deputatlikka nomzod etib ro’yxatga olinadi. Saylov to’g’risidagi qonunlarda boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylash, saylanish huquqlarini cheklash taqiqlanishi qayd qilingan. Saylov o’tkazishning qonunda nazarda tutilgan qoidalari hamda tartibini buzuvchi, fuqaroning saylash va saylanish huquqini erkin ravishda amalga oshirishga zo’ravonlik, aldash, tahdid qilish yoki boshqa yo’l bilan to’sqinlik qiluvchi shaxslar, shuningdek, hujjatlarni soxtalashtirish, ovozlarni bila turib noto’g’ri sanab chiqishni sodir etgan, ovoz berish sirini buzgan yoki Qonunni boshqacha tarzda buzilishiga yo’l qo’ygan komissiyalar a’zolari, davlat va jamoat birlashmalarining mansabdor shaxslari qonunda belgilangan javobgarlikka tortiladi. Cheklashlar bo’lgan paytda aybdorlar qonunlar bilan tegishli tartibda javobgarlikka tortiladi. Saylov cheklashlari saylov erkinligi bilan bog’liq masala. Cheklashlar qanchalik kam bo’lsa, saylovlar erkin o’tadi. Saylov huquqi fuqarolarning siyosiy huquqi bo’lib, ularning jamiyat va davlat ishlarida ishtirokini ta’minlovchi muhim vositadir. Shunday ekan, saylov huquqidan foydalanish erkinlik, ixtiyoriylik prinsipiga asoslanadi.Konstitutsiyaning 128-moddasida: «Ovoz berish huquqi, o‘z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi», - deyilgan. Ko’rinibturibdiki, ovoz berish erkinligi, umuman, saylovda qatnashish erkinligi qonunbilan kafolatlanadi. Bular Saylov kodeksida ham o’z tasdig’ini topgan.«O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to’g’risida»gi Qonunning 3-moddasida fuqarolarning saylovoldi kampaniyasida va ovoz berishda ixtiyoriy ravishda qatnashishi, fuqarolarning xohish-iroda bildirishlari ustidan nazorat etishga yo’l qo’yilmasligi mustahkamlab qo’yilgan.