6.Ma’ruza.Yangi tahrirdagi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida oila, bolalar va yoshlar masalalari Yangilangan Konstitutsiyada saylov tizimi Saylov demokratik davlatning asosiy belgilaridan biri bo'lib, u orqali mamlakatning taraqqiyoti va istiqboli namoyon bo'ladi. Bu xalqning o'z xohish-irodasini bildirishi, fuqarolarning davlat ishlarini boshqarishda bevosita ishtirok etishining asosiy shaklidir.
O'z navbatida, saylovda qatnashish asosida faol fuqarolik pozitsiyasini ilgari surish xalqimizning yuksalib borayotgan siyosiy tafakkurini, ijtimoiy faolligi va elektoral madaniyatini namoyon qiladi.
O'zbekistonda siyosiy, davlat va huquqiy sohalarning izchil, bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinishi natijasida eng yuksak demokratik talablarga javob beradigan saylov tizimi yaratildi. Xususan, so'nggi besh yilda saylov qonunchiligini izchil takomillashtirish hamda saylov o'tkazish amaliyoti sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarildi.
Bunda saylov qonunchiligi xalqaro umume'tirof etilgan tamoyillar, nufuzli xalqaro tashkilotlar tavsiyalari va xalq fikri asosida takomiliga etkazildi hamda mamlakatdagi demokratik islohotlar bilan uyg'unlashtirildi.
Yangilangan Konstitutsiyamizning XXII bobida saylov tizimiga oid asosiy qoidalar mustahkamlandi. Xususan, Bosh qonunimizga ko'ra, O'zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, o'z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi.
Endilikda sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, og'ir va o'ta og'ir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmiga ko'ra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida mahrum etilishi mumkin. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to'g'ridan-to'g'ri yoki bilvosita cheklashga yo'l qo'yilmasligi qonstitutsion norma sifatida belgilandi.
Konstitutsiyaning takomillashtirilishi asosida saylov jarayonlari bilan bog'liq bunday normalar mustahkamlanishi saylovning qonuniylik, ochiqlik va oshkoralik tamoyillari asosida, jahonda umume'tirof etilgan demokratik standartlarga mos holda o'tishini, fuqarolarning saylov huquqi kafolatlarini hamda davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini yanada kengroq ta'minlashga xizmat qiladi.