5-mavzu: O‘zbekiston respublikasida saylov huquqi va tizimi reja


Saylovlarni tashkil qilish va o’tkazish



Yüklə 0,58 Mb.
səhifə4/5
tarix07.01.2024
ölçüsü0,58 Mb.
#211482
1   2   3   4   5
K 5-mavzu

5.4. Saylovlarni tashkil qilish va o’tkazish


Saylovlarni tashkil qilish va o’tkazish mantiqiy ketma-ketlikka asoslangan, qonunlarda aniq muddatlari ko’rsatilgan tadbirlar tizimidan iborat. Bu saylov jarayoni deb ham ataladi.
Birinchi tadbir bu saylov jarayonining boshlanishiga asos soluvchi harakat, ya’ni, saylov kampaniyasining boshlanganligini e’lon qilish (bo’shab qolgan o’rinlarga saylov tayinlash) hisoblanadi. O’zbekistonda barcha saylovlarda saylov kampaniyasining boshlanganligini e’lon qilish Markaziy saylov komissiyasining vakolatiga kiradi va u tegishli organlarning vakolat muddati tugashidan kamida uch oy oldin e’lon qilinadi.
Ikkinchi. Saylov okruglari va saylov uchastkalarini tuzish. Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga saylovda mamlakat bo’yicha 150 ta okrug tuziladi, unda saylovchilarning soni teng bo’lishiga erishiladi. Mahalliy Kengashlarga saylovda viloyatlar va Toshkent shahri uchun 60 tagacha okrug, tuman va shahar Kengashlari uchun saylovda 30 tagacha okrug tuziladi. Saylov okruglari saylovga kamida yetmish besh kun qolganda tuziladi. Qonunchilik palatasiga va Prezident saylovida okruglar, viloyatlar, Toshkent shahri hokimlari va Qoraqalpog’iston Jo’qorg’i Kengesi taqdimiga muvofiq Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tuziladi. Viloyat, tuman, shahar Kengashlariga saylov o’tkazishda okruglar shu Kengashga saylov o’tkazuvchi komissiya tomonidan saylovga kamida yetmish besh kun qolganda e’lon qilinadi.
Saylov uchastkalari saylovchilarga qulay sharoit yaratish uchun saylovga kamida oltmish kun qolganda, qoida tariqasida, kamida yigirma nafar, ko’pi bilan uch ming saylovchiga tuziladi. Istisno tariqasida, saylov uchastkalari olis joylarda, xorijdagi vakolatxonalarda saylovga kamida besh kun qolganda ham tuzilishi mumkin. Saylov uchastkalari okrug saylov komissiyalari tomonidan (Qonunchilik palatasi va Prezident saylovida) tuziladi.
Mahalliy Kengashlarga saylovlarda saylov uchastkalari tegishli Kengashga saylov o’tkazuvchi saylov komissiyasi tomonidan tuziladi. Saylov uchastkalari hokimliklar, harbiy qism qo’mondonlari taqdimnomasi asosida tuziladi. Qonunchilik palatasi, Prezident saylovida xorijiy mamlakatlardagi vakolatxonalarda Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga asosan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov uchastkalari tuziladi va ularni qaysi okruglar tartibiga kiritish masalasini Markaziy saylov komissiyasi hal qiladi.
Uchinchi. Saylov komissiyalarini tuzish. Qonunchilik palatasi va Prezident saylovida uch turdagi saylov komissiyalari ishtirok etadi, bular: Markaziy saylov komissiyasi, okrug saylov komissiyasi, uchastka saylov komissiyasi. Markaziy saylov komissiyasi doimiy ishlovchi organ bo’lib, Oliy Majlis palatalari tomonidan tuziladi. Uning raisi Prezident taqdimiga binoan komissiya a’zolari orasidagi komissiya majlisida saylanadi. Rais o’rinbosari, kotibi komissiya a’zolari orasidan komissiya majlisida saylanadi. Markaziy saylov komissiyasi saylovning barcha jarayonlariga rahbarlikni amalga oshiradi, majburiy xarakterdagi hujjatlar qabul qiladi.
Qonunchilik palatasiga saylovda okrug saylov komissiyasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida yetmish kun qolganda rais, rais o’rinbosari, kotib va kamida olti nafar boshqa a’zolardan iborat tarkibda tuziladi. Qonunchilik palatasiga saylovda uchastka saylov komissiyalari okrug saylov komissiyalari tomonidan saylovga kamida qirq kun qolganda besh-o’n to’qqiz nafar a’zodan, shu jumladan rais, rais o’rinbosari, kotibdan iborat tarkibda tuziladi. Agar komissiya yetti nafargacha a’zodan iborat bo’lsa, rais va kotib saylanadi. Mahalliy Kengashlarga saylovda, viloyat Kengashiga saylov o’tkazuvchi saylov komissiyasi, tuman Kengashiga saylov o’tkazuvchi saylov komissiyasi, shahar Kengashiga saylov o’tkazuvchi komissiya va okrug saylov komissiyalari, uchastka saylov komissiyalari tuziladi. Saylov kodeksiga kiritilgan oxirgi o’zgartirishlarga ko’ra, tuman (shahar) kengashlariga saylovda okrug saylov komissiyasi tashkil qilinmaydi, uning vazifasini tuman (shahar) kengashlariga saylov o’tkazuvchi saylov komissiyasi amalga oshiradi.
Viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari (alohida-alohida) tegishli xalq deputatlari Kengashlari tomonidan saylovga kamida sakson kun qolganida komissiya raisi va olti-o’n to’rt nafar boshqa a’zolardan iborat tarkibda tuziladi, ular o’z vakolatlarini keyingi navbatdagi saylovlar e’lon qilinguncha davom ettiradi. Komissiya raisi o’rinbosari va kotibi komissiya majlisida uning a’zolari orasidan saylanadi. Okrug saylov komissiyasi tegishli Kengashlarga saylov o’tkazuvchi komissiya tomonidan saylovga kamida yetmish kun qolganda komissiya raisi, rais o’rinbosari kotibi va olti-sakkiz nafar a’zolardan iborat tarkibda tuziladi. Uchastka saylov komissiyasi tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida qirq kun qolganida besh-o’n to’qqiz a’zodan, shu jumladan rais, rais o’rinbosari va kotibdan iborat tarkibda tuziladi. Agar komissiya tarkibi yetti nafargacha a’zodan iborat tartibda tuzilsa, rais va kotib saylanadi. Uchastka saylov komissiyasi a’zolari (hamma saylovlarda ham) ko’paytirilishi yoki kamaytirilishi mumkin. Saylov komissiyalarining vazifalari, vakolatlarining tashkil bo’lish tartibi Saylov kodeksida belgilangan. To’rtinchi. Deputatlikka nomzod ko’rsatish. Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod ko’rsatish huquqiga faqat siyosiy partiyalar ega. Ular Adliya vazirligida saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingan kundan kamida to’rt oy oldin ro’yxatga olingan va o’zining saylovda ishtirok etishini qo’llab-quvvatlovchi kamida qirq ming saylovchining imzosini to’plagan taqdirdagina deputatlikka nomzodlar ko’rsatishi mumkin. Bitta ma’muriy-hududiy tuzilmada siyosiy partiya qirq ming saylovchining ko’pi bilan sakkiz foiz imzosini to’plashi mumkin.
Deputatlikka nomzod ko’rsatish saylovga oltmish besh kun qolganda boshlanadi va qirq besh kun qolganda tugallanadi. Prezidentlikka nomzod ko’rsatish ham shunday. Siyosiy partiyalar nomzod ko’rsatishda ishtirok etish uchun qonunda belgilangan hujjatlarni Markaziy saylov komissiyasiga belgilangan muddatlarda topshirishi shart. Bu hujjatlarning orasida nomzodlarni qo’llab-quvvatlovchi imzo varaqalari uchun talablar qo’yilgan. Mahalliy Kengashga saylovda siyosiy partiyalardan imzo to’plash talab etilmaydi. Chunki ularning Qonunchilik palatasi saylovi uchun to’plagan imzosi mahalliy saylov uchun ham yetarli hisoblanadi. Siyosiy partiyalardan Qonunchilik palatasiga va mahalliy Kengashlarga saylovda har bir okrugda bittadan nomzod ko’rsatish mumkin. Nomzod ko’rsatish tartibi, ularni ro’yxatga olish, zarur hujjatlar, nomzodlarga qo’yiladigan talablar qonunlarda belgilangan. Nomzod ko’rsatish masalalari Saylov kodeksida belgilangan.
Beshinchi. Saylovoldi tashviqoti. Deputatlikka nomzodlar faoliyatining kafolatlari. Saylovoldi tashviqot va targ’ibot ishlari saylov qonunlari bilan tartibga solingan va saylov jarayonining alohida tadbirlaridan hisoblanadi. «Saylov Kodeksi»da Saylovoldi tashviqoti qoidalari mustahkamlangan. Qonunda «saylovoldi tashviqoti» tushunchasiga rasmiy ta’rif berildi. Unga ko’ra, saylovoldi tashviqoti - saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan va saylovchilarni deputatlikka nomzodni yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz berishga undashga qaratilgan faoliyat.
Amaldagi saylov qonunchiligida, Saylovoldi tashviqotini o’tkazish; tashviqot olib borish turlari, shakllari va usullari; tashviqotni ommaviy axborot vositalari orqali olib borish; tashviqotni bosma, ko’rgazmali, audiovizual va boshqa tarqatma materiallarni chiqarish hamda tarqatish orqali olib borish; saylovchilar bilan uchrashuvlar o’tkazish orqali tashviqot olib borish masalalari belgilab qo’yilgan.
Saylovoldi tashviqoti Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan, mahalliy Kengashning tegishli Kengashlari deputatligiga nomzodlar tegishli Kengashlarga saylov o’tkazuvchi saylov komissiyalari tomonidan ro’yxatga olingan kundan boshlanadi. Saylovoldi tashviqoti deputatlikka nomzodlar Markaziy saylov komissiyasi yoki tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan ro’yxatga olingan kundan e’tiboran boshlanadi. Saylov kuni va ovoz berish boshlanishiga bir kun qolganida saylovoldi tashviqotiga yo’l qo’yilmaydi. Vakillik organlari deputatligiga nomzodlar uchun ommaviy axborot vositalaridan teng foydalanish imkoniyati yuklatiladi.
Saylovchilar bilan uchrashuv uchun yig’ilishlarni siyosiy partiyalar mustaqil o’tkazadilar. Mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari yig’ilishlar o’tkaziladigan joylarni talab darajasida jihozlashga ko’maklashadi. Yig’ilishlar ish vaqtidan boshqa vaqtlarda o’tkaziladi. Prezident tomonidan ilgari surilgan Konsepsiyada saylovlarda tenglikni ta’minlash maqsadida saylovoldi tashviqotining shakl, usullarini kuchaytirish, qonunlarda «saylovoldi tashviqoti» tushunchasiga aniq ta’rif berish, uning turlarini aniqlashtirish, ularni qonunlarda aks ettirish alohida ko’rsatildil.
2012-yil 19-dekabrda O’zbekiston Respublikasining Saylov erkinligi yanada ta’minlanishi va saylov qonunchiligi yanada rivojlantirilishi munosabati bilan Saylov qonunlarga tegishli o’zgartish va qo’shimchalar kiritildi. Saylov jarayonida, ayniqsa, tashviqot va targ’ibot bosqichida nomzodlar o’z faoliyatini erkin olib borishi uchun ularning mehnat huquqlari, transportdan foydalanish huquqlari alohida muhofaza qilinadi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod O’zbekiston Respublikasi Bosh Prokurorining roziligisiz Jinoiy javobgarlikka tortilishi, hibsga olinishi yoki sud tomonidan beriladigan ma’muriy jazoga tortilishi mumkin emas. Nomzodni majburiy yuborish, uning shaxsiy buyumlari, yukini, transportini, turar-joy va xizmat binolarini ko’zdan kechirishga yo’l qo’yilmaydi. Saylovoldi tashviqotida nomzodlarning huquqlari Saylov kodeksida belgilangan bo’lib, saylovoldi tashviqotini ommaviy axborot vositalari orqali, bosma, ko’rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini chiqarish hamda tarqatish orqali olib borish va saylovchilar bilan uchrashuvlar o’tkazish orqali saylovoldi tashviqotini olib borish mumkin.
Nomzodlarga saylov tadbirlarida ishtirok etish vaqtida saylovlarga ajratilgan mablag’lar hisobidan o’rtacha oylik maoshi to’lanadi va xizmat vazifasidan ozod qilinadi. Ularni xizmat safari va boshqa xarajatlari ham saylovga ajratilgan mablag’ hisobidan to’lanadi. Nomzodlar O’zbekiston Bosh prokurori (tegishli prokurorlar) roziligi bilangina jinoiy javobgarlikka tortilishi, hibsga olinishi va ularga nisbatan sud tartibida boshqa ma’muriy jazolar qo’llanilishi mumkin.
Oltinchi. Saylovchilar ro’yxatini tuzish va saylov byulletenlarini rasmiylashtirish. Saylovchilar ro’yxati - uni tuzish, ro’yxat bilan saylovchilarni tanishtirish, ro’yxat yuzasidan kelishmovchiliklarni hal qilish munosabatlarini keltirib chiqaradi. Saylovchilar ro’yxati - ovoz berish imkoniyatini beruvchi hujjat. Saylovchilar ro’yxati saylov uchastkalarida uchastka saylov komissiyasi tomonidan tuziladi. Tuman, shahar hokimlari saylovchilarni hisobga olishni ta’minlaydi, ro’yxat tuzishga jamoatchilik vakillari jalb qilinishi mumkin. Harbiy qismlarda saylovchilarning ro’yxati qism qo’mondonligi taqdimi bilan, xorijdagi vakolatxonalarda, sog’liqni saqlash, dam olish muassasalarida, ozodlikdan mahrum qilish joylarida jazo o’tayotgan saylovchilar ro’yxati tashkilot rahbarlari taqdim etgan ma’lumotlar bo’yicha tuziladi. Saylov kodeksida saylovchilarni yagona elektron ro’yxati kiritilishi belgilab qo’yildi. (28-modda) Saylov kuniga qadar o’n sakkiz yoshga to’lgan, ro’yxat tuzilayotgan vaqtda mazkur saylov uchastkasida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolar ro’yxatga kiritiladi. Ro’yxat uchastka saylov komissiyasi raisi va kotibi tomonidan imzolanadi. Ro’yxatda har bir saylovchining familiyasi, ismi, otasining ismi, tug’ilgan sanasi va manzili aks ettiriladi.
Ro’yxat saylovga o’n besh kun qolganda, kasalxona, dam olish uylari va boshqa uzoq joylarda o’n kun qolganda tanishish uchun saylov uchastkasida osib qo’yiladi. Saylovchilar ro’yxat bilan Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti orqali ham tanishishi mumkin. Ro’yxat xususida shikoyat uchastka saylov komissiyasiga beriladi, shikoyat 24 soat ichida ko’rib chiqilishi kerak. Komissiya xatti-harakati ustidan sudga shikoyat qilish ko’rsatilgan. Prezident saylovi to’g’risidagi qonunda sudga saylovdan kechi bilan uch kun oldin shikoyat qilinishi, sud shikoyati ikki kunlik muddatda ko’rib chiqilishi belgilangan. Saylovchilar ro’yxatiga o’zgartirish kiritish saylovga o’n kun qolganda to’xtatiladi. Saylov jarayonida saylov byulletenlarini tayyorlash, yetkazib berish va rasmiylashtirish alohida bir tadbir deb qaraladi. Saylov byulleteniga nomzodlar familiyasi, otasining ismi alifbo tartibida kiritilib, uning tug’ilgan yili, egallab turgan lavozimi, nomzodlikka ko’rsatgan siyosiy partiya ko’rsatiladi. Saylov byulletenida uni to’ldirish tartibi ham ko’rsatiladi.
Byulletenlar davlat tili, okrug saylov komissiyasining, viloyat, tuman, shahar kengashiga saylovda shu hududlar uchun saylov o’tkazuvchi saylov komissiyasining qarori bilan okrugining ko’pchilik aholisi so’zlaydigan tilda nashr qilinadi. Saylov byulletenlari saylovga kamida uch kun qolganda uchastka saylov komissiyasiga yetkazib beriladi. Olingan byulletenlar soni ro’yxatga kiritilgan saylovchilar sonidan yarim foizdan ko’p bo’lmasligi kerak. Byulletenning o’ng tomoni yuqori burchagiga uchastka saylov komissiyasining ikki a’zosi imzo qo’yadi, imzolar komissiya muhri bilan tasdiqlanadi. Shunday usulda rasmiylashtirilmagan byulletenlar sanab chiqishda hisobga olinmaydi.
Yettinchi. Ovoz berish va saylov natijalarini aniqlash - har qanday saylov jarayonining muhim bosqichi. Ovoz berish alohida jihozlangan, saylovchilar uchun qulay, yashirin ovoz berishni ta’minlaydigan darajada shakllantirilgan binolarda o’tkaziladi. Ularda yetarli miqdorda yashirin ovoz berish kabinalari bo’lib, ovoz berishga ulardan o’tib boradigan qilib joylashtiriladi. Ovoz berish belgilangan kunda soat 8 dan 20 gacha o’tkaziladi. Ovoz berish joyi, vaqti to’g’risida uchastka saylov komissiyasi saylovga kamida o’n kun qolganda saylovchilarni ogohlantiradi. Xorijiy davlatlardagi vakolatxonalarda, harbiy qismlarda, sanatoriya va dam olish uylarida, kasalxonalarda, borish qiyin bo’lgan yerlarda tuzilgan saylov uchastkalarida ro’yxatga kiritilgan saylovchilar ovoz berib bo’lgan bo’lsa, uchastka saylov komissiyasi istalgan vaqtda ovoz berish tugaganligini e’lon qilishi mumkin.
Saylov kuni ovoz berish binosida uchastka saylov komissiyasi a’zolarining uchdan ikki qismi hozir bo’lganda ochiladi. Komissiya raisi a’zolar hozirligida saylov qutisini muhrlaydi, saylov byulletenlari va saylovchilar ro’yxatini komissiya a’zolari o’rtasida taqsimlaydi va ovoz berish boshlanganligini e’lon qiladi. Ovoz beruvchi shaxs binoga kelib, shaxsni tasdiqlovchi hujjat ko’rsatib, saylov byulletenini oladi va ro’yxatga u haqda imzo qo’yadi. Biror bir sabab bilan saylovchi ro’yxatga kiritilmagan bo’lsa, u hujjati asosida ro’yxat ilovasiga kiritiladi. Saylovchi byulletenni yashirin ovoz berish kabinasida to’ldiradi. Saylov byulleteni to’ldirilayotgan vaqtda uning oldida hech kim bo’lmasligi kerak. Saylovchi o’zi xohlagan nomzod familiyasi ro’parasiga «+», «V» yoki «х» belgisini qo’yish bilan ovoz beradi va byulletenni qutiga tashlaydi.
Saylov kuni yashash joyida bo’lmagan saylovchi, sababi ko’rsatilgan ariza bilan muddatdan avval ovoz berish saylovdan o’n kun oldin boshlanib, o’n kun qolganda to’xtatiladi. Saylovchi shu muddatda ro’yxat asosida byulliten olib, uni to’ldirib konvertga solib saylov komissiyasiga keltiradi. Saylovchi uzrli sabab bilan (kasallik) uchastkaga kela olmasa, uning turar joyida ovoz berish tashkil qilinadi.
Sakkizinchi. Saylov natijalarini aniqlash. Saylov natijasini aniqlash uchastkalarida ovozlarni sanab chiqish bilan boshlanadi. U uchastka saylov komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Ovoz berish tugaganligi e’lon qilingach, saylov komissiyasi a’zolari hozirligida varaqalar solingan konvertlar qutilarga tashlanadi, foydalanilmagan byulletenlar sanab chiqilib bekor qilinadi va quti ochiladi. Komissiya saylovchilarning umumiy soni va byulleten olganlar sonini aniqlab, har bir nomzodga berilgan ovozlarni alohida-alohida sanab chiqadi. Uchastka saylov komissiyasi:
- ovoz berishda ishtirok etganlarning umumiy sonini;
- har bir nomzodga yoqlab berilgan ovozlar sonini;
- haqiqiy emas deb topilgan byulleten va varaqalar sonini aniqlaydi.
Ovozlarni sanab chiqishda siyosiy partiyaning vakolatli vakili, kuzatuvchilar ishtirok etishi mumkin. Okrugda saylov natijalari uchastka saylov komissiyasi taqdim etgan bayonnoma asosida aniqlanadi. Okrug saylov komissiyasi:
- okrugdagi saylovchilarning umumiy sonini;
- saylov byulleteni va varaqalarni olganlar sonini;
- ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar sonini;
- har bir nomzodga yoqlab berilgan ovozlar sonini;
- haqiqiy emas deb topilgan byulleten va varaqalar sonini aniqlaydi.
Bular bayonnomada ko’rsatiladi va u rais, o’rinbosar, kotib hamda barcha a’zolar tomonidan imzolanadi hamda tegishlicha, Markaziy saylov komissiyasiga yoki viloyat, tuman, shahar saylov komissiyalariga yuboriladi. Qonunchilik palatasiga saylovlarda ham Markaziy saylov komissiyasi okrug saylov komissiyasi bayonnomasi asosida Prezident saylovidagi kabi ishlarni bajaradi, faqat u yerda deputatning saylanishiga bir okrugdagi natija ta’sir qiladi. Okrug bo’yicha ovoz berishda ishtirok etganlarning yarmidan ko’pining ovozini olgan nomzod saylangan hisoblanadi.
Saylov okruglari yoki ayrim uchastkalarda saylov natijalariga ta’sir qiluvchi qonun buzilish holiari uchrasa, Markaziy saylov komissiyasi shu joyda saylovni haqiqiy emas deb topishi mumkin. Bunday qaror chiqqan kundan e’tiboran o’n kun ichida Prezidentlikka nomzod, deputatlikka nomzod Respublika Oliy sudiga shikoyat qilishi mumkin. Markaziy saylov komissiyasi saylov yakunlari bo’yicha bayonnoma tuzadi. Mahalliy Kengashga saylovning yashirin natijalari tegishlicha viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalarida aniqlanadi. Mazkur komissiyalar okrug saylov komissiyalarining bayonnomasi asosida Markaziy saylov komissiyasi qilgan ishlarni amalga oshiradi va bayonnoma tuziladi. Barcha saylovlarda ham saylovni o’tgan deb topish, haqiqiy deb topish uchun ro’yxatga olingan saylovchilarning kamida o’ttiz uch foizi ishtirok etgan bo’lishi kerak.
Saylov jarayonida takroriy ovoz berish yoki takroriy saylov o’tkazilishi mumkinligi e’tiborga olingan. Takroriy ovoz berish saylovda nomzodlar ikkitadan ortiq bo’lib, ularning birortasi ham ovoz berishda ishtirok etganlarning yarmidan ko’pining ovozini ololmagan bo’lsa, eng ko’p ovoz olgan ikki nomzod bo’yicha ikki hafta ichida o’tkaziladi. Takroriy saylovda ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning nisbatan ko’proq ovozini olgan nomzod saylangan hisoblanadi va bu saylovda saylovchilarning ishtirok etish foizi hisobga olinmaydi. Takroriy saylov quyidagi hollarda o’tkaziladi:
- saylov o’tmagan yoki haqiqiy emas deb topilsa;
- nomzodlar bitta bo’lib, u zarur miqdordagi ovozni to’play olmagan bo’lsa;
- deputat saylovida saylov okrugida saylov o’tmagan yoki haqiqiy emas deb topilgan bo’lsa, agar takroriy ovoz berish deputat saylanganligini aniqlash imkoniyatini bermasa; okrug bo’yicha ikki nomzod ovozga qo’yilib, ulardan birortasi ham yetarli ovoz ololmagan bo’lsa.
Qonunchilik palatasiga va mahalliy Kengashlarga saylovda takroriy ovoz berish va takroriy saylov tegishli okruglarda o’tkaziladi. Takroriy saylov o’tkazish avvalgi saylov komissiyalariga topshirilishi yoki yangi komissiya tuzib o’tkazilishi mumkin. Takroriy saylov kechi bilan bir oy ichida o’tkaziladi. Bunda barcha saylov jarayonidagi tadbirlar qayta o’tkaziladi. Umumiy saylov jarayonining yana bir bosqichi (tadbiri) – deputatlarni ro’yxatga olish hamda saylov yakunlarini e’lon qilishdir.
Saylov jarayonining oxirgi bosqichi - saylov yakunlarini e’lon qilish hisoblanadi. Qonunchilik palatasi deputatlarini Markaziy saylov komissiyasi ro’yxatga olib, bu haqida deputatlarni xabardor qiladi. Deputatlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro’yxatga olinishi bilan deputatlik maqomiga ega bo’ladi. Markaziy saylov komissiyasi saylov yakunlari to’g’risidagi axborotni, deputatlar ro’yxati va ular haqidagi ma’lumotni o’n kundan kechiktirmay matbuotda e’lon qiladi.
Viloyat, tuman, shahar Kengashlari deputatlari tegishli viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari tomonidan ro’yxatga olinib, ma’lumot ommaviy axborot vositalarida shu komissiyalar tomonidan e’lon qilinadi. Nomzod ko’rsatgan siyosiy partiyalar organlari-, nomzodlar, ishonchli vakillar, kuzatuvchilar va saylovchilar saylov komissiyalarining qarorlari ustidan ushbu qarorlar qabul qilinganidan keyin besh kun ichida sudga shikoyat qilishi mumkin.
O’zbekiston saylov tizimi va saylov jarayonida o’z o’rniga ega, lekin umumiy saylov jarayoni doirasidan chetga chiqadigan saylov munosabatlari ham mavjud. Masalan, saylovlarni moliyalashtirish yoki bo’shab qolgan o’rinlarga saylov o’tkazish.
Saylovlarni moliyalashtirish Saylov kodeksida belgilab qo’yilgan, unga asosan, saylov bilan bog’liq barcha xarajatlar davlat mablag’i hisobidan o’tkaziladi. Nomzodlarni boshqa mablag’lar hisobidan moliyaviy ta’minlash va o’zga tarzda moddiy jihatdan qo’llab-quvvatlash taqiqlanadi. Respublikaning siyosiy partiyalari, jamoat birlashmalari, korxona, tashkilot, muassasa va fuqarolari o’z mablag’larini saylov uchun ixtiyoriy ravishda berishlari mumkin. Bu mablag’larni Markaziy saylov komissiyasi saylov kampaniyasi davrida foydalanish uchun qabul qiladi.
Bu normalarni mazmunidan kelib chiqilsa, birinchi, saylovning xarajatlari davlat hisobidan, uning budjetidan qoplanadi; ikkinchi, nomzodlarni boshqacha tarzda qo’llab-quvvatlash mumkin emas; uchinchi, saylov o’tkazish uchun ixtiyoriy mablag’ o’tkazish mumkin, lekin bu biror partiya yoki nomzod uchun emas, umuman, saylov uchun bo’ladi, undan Markaziy saylov komissiyasi teng foydalanishni belgilaydi.
Bunday tartibning o’rnatilishi saylanadigan Prezident va deputatlar hech qanday kuchlarga, tashkilotlarga qaram bo’lib qolmasligini ta’minlaydi. Siyosiy partiyalarning vakillik organlariga saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish tartibi «Partiyalarni moliyalashtirish to’g’risida»gi Qonunning 8-moddasida va Kodeksning 100-moddasida belgilangan. Yuqoridagilarga qo’shimcha sifatida mazkur moddada siyosiy partiyalarning Qonunchilik palatasiga saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablag’larining bir deputatlikka nomzod hisobiga to’g’ri keladigan miqdori Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi. Davlat mablag’lari shu partiyadan Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar ko’rsatilgach, ro’yxatga olingan nomzodlar soniga muvofiq hammada siyosiy partiyaning hisob-kitob varag’iga belgilangan tartibda o’tkaziladi.
Qonunning shu moddasida ajratilgan mablag’lardan siyosiy partiyalar qanday va nima uchun foydalanishi ham ko’rsatib qo’yilgan. Saylov yakunlari bo’yicha siyosiy partiya Qonunchilik palatasida partiya fraksiyasi tuzish uchun zarur miqdorda (9 kishi) deputatlik o’rnini ololmasa, shu siyosiy partiyaga saylovda ajratilgan davlat mablag’lari partiyaning boshqa mablag’lari hisobidan davlat budjetiga qaytarilishi kerak. Saylov tizimida saylov jarayoniga bog’liq, lekin o’zi alohida vaqtlarda vujudga keladigan hamda o’zining tegishli bosqichlardan iborat jarayoni mavjud bo’lgan voqea - saylov instituti bo’shab qolgan o’rinlarga deputatlar saylovini o’tkazishdir.
Vakillik organlarining vakolat muddati besh yil. Shu muddat davomida turli sabablar bilan deputatlik o’rinlari bo’shab qolishi mumkin, masalan:
- deputat vafot etsa;
- deputatning vakolati haqiqiy emas deb topilsa;
- deputat chaqirib olinsa;
- boshqa mamlakat fuqaroligini olsa yoki yashash uchun boshqa mamlakatga ketsa;
- deputatlikni istisno qiladigan boshqa ishga o’tsa, Qonunchilik palatasi deputati boshqa haq to’lanadigan ishlarga tayinlansa, saylansa, deputat vakolati muddatidan oldin to’xtagan hisoblanadi.
Prezidentning vakolati Konstitutsiyaning 112-moddasida ko’zda tutilgan holatda muddatidan avval to’xtatilishi mumkin. Yuqoridagi holatlar yuzaga kelsa, Markaziy saylov komissiyasi Prezident saylovini va alohida okruglar bo’yicha Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini tayinlaydi. Mahalliy Kengash deputatlari saylovi esa, tegishlicha viloyat, tuman, shahar Kengashi tomonidan saylov o’tkazilishiga bir oy qolganda tayinlaydi. Prezident saylovi uch oy ichida o’tkaziladi. Saylovlar saylov qonunlarining barcha talablariga rioya etilgan holda o’tkaziladi. Deputatlar saylovi bir oy ichida o’tkazilishi munosabati bilan, saylov tadbirlari qisqartirilgan muddatda o’tkaziladi.
Bunda okrug saylov komissiyasi saylovga yigirma besh kun, uchastka saylov komissiyalari esa, o’n besh kun qolganda tuziladi. Deputatlikka nomzodlarni ro’yxatga olish saylovga o’n besh kun qolganda tugallanadi. Deputatlarning vakolat muddati tugashiga olti oy qolganda o’rin bo’shab qolsa, shu o’ringa yangi deputat saylovi o’tkazilmasligi ham mumkin. O’rni bo’shab qolgan okruglarda saylov tashkil qilish va o’tkazish, nomzodlar ko’rsatish, tashviqot-targ’ibot ishlari ro’yxatini tuzish, saylovchilarni ogohlantirish, ovoz berishni tashkil etish, saylov natijalarini aniqlash saylov qonunchiligida belgilangan tartiblar asosida o’tkaziladi.
Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari, Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolarining vakolatini muddatidan avval tugatish yo’llaridan biri, ularni muddatdan avval chaqirib olishdir. D eputat va senatorlarni muddatdan avval chaqirib olish masalasi 2004-yil 2-dekabrdagi «Xalq deputatlari mahalliy Kengashi deputatini, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatini va Senati a’zosini chaqirib olish to’g’risida»gi Qonun bilan tartibga solinadi. Qonunga asosan, deputatni, senatorni chaqirib olishga quyidagilar sabab bo’ladi:
- deputatning, senatorning O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarini jinoiy, fuqaroviy, ma’muriy hamda qonunda nazarda tutilgan boshqa turdagi javobgarlikka olib kelishi mumkin bo’lgan tarzda buzganligi;
- deputatning, senatorning axloq, deputatlik odobining umume’tirof etilgan normalarini qo’pol ravishda buzuvchi va deputat, senator nomiga dog’ tushiruvchi hamda davlat hokimiyati vakillik organlarining obro’siga putur yetkazuvchi harakatlar, nojo’ya ishlar sodir etilganligi;
- deputatning, senatorning qonun hujjatlarida nazarda tutilgan o’z vazifalarini muntazam ravishda uzrli sabablarsiz bajarmaganligi, shu jumladan, tegishli xalq deputatlari Kengashlarining, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining majlislarida, ularning organlari ishida ishtirok etmaganligi, ularning topshiriqlarini bajarmaganligi.
Qonun hujjatlarini, axloq va deputatlik odobi normalarini buzgan, o’z vazifalarini muntazam ravishda bajarmayotgan deputatni, senatorni chaqirib olish zarurligi to’g’risidagi qaror tegishlicha xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi, Qonunchilik palatasi yoki Senat (Senat Kengashi) tomonidan qabul qilinadi. Deputatni, senatorni chaqirib olish masalasini ko’rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar va prokuratura tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda berilgan so’rov ham asos bo’lishi mumkin. Deputatning, senatorning qonun hujjatlarini buzganligi dalillariga oid materiallar xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi, Qonunchilik palatasi yoki Senat (Senat Kengashi) tomonidan tegishlicha viloyat, tuman, shahar prokuroriga yoki O’zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga dastlabki tarzda ko’rib chiqish va ushbu masala yuzasidan xalq deputatlari Kengashining, Qonunchilik palatasining yoki Senatining deputatlik odobi qo’mitasiga (komissiyasiga) xulosa taqdim etish uchun topshiriladi.
Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi, Qonunchilik palatasi yoki Senat (Senat Kengashi) deputatlik odobi qo’mitasining (komissiyasining) va prokurorning xulosalarini eshitish yakunlari bo’yicha deputatni, senatorni chaqirib olish haqidagi masalaning qo’yilishi asosliligi yoxud asossizligi to’g’risida qaror chiqaradi. Chaqirib olish to’g’risidagi masalasi qo’yilgan deputatning, senatorning hamda mazkur masalaga doir materiallarni o’rgangan va tayyorlagan prokurorning fikri xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining, Qonunchilik palatasining yoki Senatning (Senat Kengashining) majlisida eshitilishi mumkin. Chaqirib olish to’g’risidagi taklif asosli deb e’tirof etilgan taqdirda, davlat hokimiyati vakillik organining tegishli qarori deputatni, senatorni chaqirib olish bo’yicha ovoz berishni tashkil etish uchun O’zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga yuboriladi.
Tegishli davlat hokimiyati vakillik organlarining qo’shma majlisida saylangan senator, eng avvalo, tegishincha Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining deputati bo’lib, u tegishli davlat hokimiyati vakillik organining deputati sifatida chaqirib olinadi. Markaziy saylov komissiyasi Senatning senatorni chaqirib olish zarurligi to’g’risidagi qaroriga muvofiq senator tegishli davlat hokimiyati vakillik organi deputati etib saylangan saylov okrugida ovoz berishni tashkil etadi. Bunda ovoz berish deputatni chaqirib olish bo’yicha o’tkaziladi. Tegishli davlat hokimiyati vakillik organlarining qo’shma majlisida saylangan senator deputatlik maqomini yo’qotganidan keyin, tegishincha deputatni chaqirib olish bo’yicha ovoz berish natijalari ro’yxatga olingan paytdan e’tiboran senatorlik maqomini ham yo’qotadi.
Qonun hujjatlariga muvofiq deputatni chaqirib olish u saylangan okrug saylovchilarining yashirin ovoz berishi yo’li bilan amalga oshiriladi. Deputatni chaqirib olish bo’yicha ovoz berishni Markaziy saylov komissiyasi Saylov kodeksi talablari asosida tashkil qiladi. Markaziy saylov komissiyasi davlat hokimiyati vakillik organlarining deputatni chaqirib olish masalasi bo’yicha ovoz berishni o’tkazish zarurligi to’g’risidagi qarorni olgan kundan e’tiboran o’n kunlik muddat ichida qonunga muvofiq xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining deputatini, shuningdek, Qonunchilik palatasi deputatini chaqirib olish bo’yicha okrug komissiyasi tuzilishini ta’minlaydi hamda ovoz berish vaqti va joyini tayinlaydi.
Markaziy saylov komissiyasi bu haqda tegishincha xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashini, Qonunchilik palatasini yoki Senatni xabardor qiladi. Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi, Qonunchilik palatasi yoki Senat (Senat Kengashi) deputatni, senatorni chaqirib olish uchun ushbu Qonunning 1-moddasida nazarda tutilgan asoslar bo’lgan materiallar tushgan kundan e’tiboran uch kunlik muddatdan kechiktirmay, deputatga, senatorga tushgan hujjatlarning nusxalarini ilova qilgan holda yozma xabarnoma yuboradi. Chaqirib olish haqidagi masalasi qo’yilgan deputat saylovchilar bilan uchrashishga, saylovchilarning yig’ilishlarida, davlat hokimiyati vakillik organlarining sessiyalari va majlislarida chaqirib olinishi haqidagi masala ko’rib chiqilayotganda ishtirok etishga hamda o’zini himoya qilib so’zga chiqishga haqli. Deputatni, senatorni chaqirib olish haqidagi masala qo’yilishiga sabab bo’lgan yolg’on axborotni bila turib taqdim etgan shaxslar qonunga muvofiq javobgar bo’ladilar. Deputatni chaqirib olish ishlarini tashkil etish tegishli okrug komissiyasi zimmasiga yuklanadi.
Deputatni chaqirib olish bo’yicha ovoz berishni o’tkazish uchun ovoz berishga kechi bilan yigirma besh kun qolganida ovoz berish uchastkalari va kechi bilan yigirma kun qolganida uchastka komissiyalari tuziladi. Tegishli saylov okrugi saylovchilarining ro’yxati ovoz berish kuniga kechi bilan o’n kun qolganida hamma tanishib chiqishi uchun taqdim qilinadi. Ovoz berish uchastkalari va komissiyalarni tuzish, komissiyalarning vakolatlari, saylovchilar ro’yxatini tuzish, ovoz berishni o’tkazish Saylov kodeksida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Deputatni chaqirib olish bo’yicha yashirin ovoz berish byulletenida uning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug’ilgan sanasi, lavozimi (mashg’ulotning turi) korsatiladi. Byulletenga alohida-alohida gorizontal qator qilib quyidagi matn joylashtiriladi. «Deputatning chaqirib olinishini yoqlayman» va «Deputatning chaqirib olinishiga qarshiman». Har bir qatorning ro’parasida, o’ng tomonga bo’sh kvadrat joylashtiriladi.
Saylovchi deputatni chaqirib olish bo’yicha ovoz berish chog’ida deputatning chaqirib olinishini yoqlashidan yoki uning chaqirib olinishiga qarshi ekanligidan kelib chiqib, tegishli bo’sh kvadratga belgi - krestik (+) qo’yadi. Okrug va uchastka komissiyalarining vakolatlari muddati deputatni chaqirib olish bo’yicha ovoz berish yakunlari chiqarilganidan keyin tugaydi. Ovoz berish natijalari deputatni chaqirib olish bo’yicha okrug komissiyasining majlisida, ovoz berish o’tkazilgan kunning ertasiga aniqlanib, bayonnomaga kiritiladi, bayonnoma tegishincha Markaziy saylov komissiyasiga, viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasiga yuboriladi. Agar ovoz berishda qatnashgan saylovchilarning yarmidan ko’pi deputatning chaqirib olinishini yoqlab ovoz bergan bo’lsa, u chaqirib olingan hisoblanadi.
Agar ovoz berishda qatnashgan saylovchilarning yarmidan kami deputatning chaqirib olinishini yoqlab ovoz bergan bo’lsa, shuningdek, ovoz berishda ovoz berish ro’yxatiga kiritilgan saylovchilarning o’ttiz uch foizidan kami ishtirok etgan bo’lsa, deputatni chaqirib olish rad qilingan hisoblanadi. Deputatning chaqirib olinishini yoqlab va chaqirib olinishiga qarshi berilgan ovozlar teng bo’lib qolgan taqdirda, deputat o’z vakolatlarini saqlab qoladi. Markaziy saylov komissiyasi yoki tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi ovoz berish yakunlariga ta’sir qilgan qoidabuzarlikka yo’l qo’yilganligi tufayli ovoz berish natijalarini haqiqiy emas deb topishi mumkin. Bunday holda takroriy ovoz berish tayinlanib, u mazkur Qonun talablariga rioya etilgan holda kechi bilan ikki haftalik muddat ichida o’tkaziladi.
Markaziy saylov komissiyasi, tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi okrug komissiyasidan olingan bayonnoma asosida deputatni chaqirib olish bo’yicha ovoz berish natijalarini besh kunlik muddat ichida ro’yxatga oladi hamda ommaviy axborot vositalari orqali xabar qiladi. Qonunchilik palatasi deputatini chaqirib olish bo’yicha ovoz berish yakunlari to’g’risida Markaziy saylov komissiyasi Qonunchilik palatasini xabardor qiladi. Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi deputatini chaqirib olish bo’yicha ovoz berish yakunlari to’g’risida tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi tegishli davlat hokimiyati vakillik organini va Markaziy saylov komissiyasini xabardor qiladi.
Deputatning vakolatlari, agar ovoz berish natijasida chaqirib olingan bo’lsa, uni chaqirib olish bo’yicha ovoz berish natijalari ro’yxatga olingan paytdan e’tiboran muddatdan ilgari tugatilgan hisoblanadi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlangan senatorni chaqirib olish Qonunda nazarda tutilgan asoslar bo’yicha amalga oshiriladi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlangan senatorni chaqirib olish O’zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan amalga oshiriladi. Deputat va senatorlarni chaqirib olishdagi qonun buzilishlar ustidan Markaziy saylov komissiyasi yoki tegishli viloyat, tuman, shahar Kengashiga saylov o’tkazuvchi komissiyalarga yoki sudga shikoyat qilish mumkin. Deputatni, senatorni chaqirib olish bilan bog’liq hujjatlar umumiy saylovdagi kabi davlat budjeti hisobidan qoplanadi.

Yüklə 0,58 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin