Oila a’zolarining huquqiy savodxonligi, uning huquqiy himoya qilinishi huquqiy jamiyat barpo etishning negizidir. Buning zamirida:
- aholi, shu jumladan, oila a’zolarining yosh tabaqalariga mos huquqiy bilim berish dasturlarini yaratish, ularning huquqiy ong va tafakkurini shakllantirishning samarali shakl va metodlarini aniqlash, bu borada noan’anaviy ta’lim-tarbiya usullaridan keng foydalanish;
- o‘quv yurtlari, idora va tashkilotlarda huquqiy mavzuni yorituvchi burchaklar, xonalar tashkil etish, huquqiy bilim kunlari o‘tkazish, radio o‘quvlari uyushtirish;
- huquqiy mavzuga bag‘ishlangan ommabop risolalar, gazeta va jurnal maqolalari, mutaxassis maslahatlarini chop etishni kuchaytirish, ruknlar rangbarangligiga erishish;
- oila huquqi bo‘yicha mutaxassis kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish; - joylarda baxt va nikoh uylari qoshida bo‘lajak kelin-kuyovlar uchun maxsus o‘quv kurslari, «Oila» klublari, «huquqiy maslahat» telefonlari tashkil etish va targ‘ibot-tashviqot guruhlarinini tayyorlash;
- oilalarda huquqiy bilim berishni takomillashtirishga yordam beruvchi sotsiologik tadqiqot ishlari olib borish va uning natijalari asosida metodik tavsiyalar ishlab chiqish va amaliyotga keng tatbiq etish, bu borada huquqni muhofaza qilish tashkilotlari bilan boshqa mutasaddi davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini mustahkamlash kabi masalalarga alohida e’tibor berish yotadi.
Milliy an’analar ma’naviy sog‘lom oilani barpo etadi
Sog‘lom milliylik barq urgan joyda umumbashariy fazilatlarning qadriga yetish ham ortadi, millatlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar ham kamol topadi. O`zimizga ham, boshqalarga ham go‘zallik va odob timsoli bo‘ladigan kelin tushirish odatimizni olaylik. Karnay-surnay sadolari yangragan ko`chada to`y, shodlik, mahalla ahli to‘planadi.
Agar to`y kechasini olib boradigan shilqim nasihatgo`ylarning har bir to‘yda takrorlayverib siyqasi chiqqan so‘zlarini e’tiborga olmasak, quloqlarni kar qiladigan darajadagi baland pardalarda ayuhannos ko‘taradigan ansambllarning «Bari gal», «Ey sanam», «Qora ko‘z bo‘ybo‘y», «Chakra-chakidan girad», «Guloyim» singari xonishlarini mustasno qilganda, to`ylarimiz chinakam jamoatchilik ramzidir. Turmushimizda shunaqa voqealar ham uchrab turadi: to‘y qiluvchining ahvoli nochorroq, hali uy-joyi bitmagan, ro‘zg`orida kamchiliklari ko‘p, bolalar oyoqqa turmagan. Lekin u mahallani va yor-birodarlarini nahorgi oshga taklif qiladi. Shunda ba’zi birovlar «ahvoling shu-ku, topganingni bola-chaqangga sarf qilsang bo`lmaydimi?» degan fikrga boradilar.