Bergi Prosariotae dunyosini to’rt bo’limga ajratadi. I bo’lim –Gracilacutes Gracilacutes bo’limi (gracilus so’zi lotincha so’z bo’lib yupqa degan, cutes esa po’st, teri degan ma’noni bildiradi).
Bu bo’limga hujayra devori grammanfiy tuzilishga ega bo’lgan kokklar, tayoqchasimon yoki ipsimon prokariotlar kiradi. Ular harakatchan yoki harakatsiz bo’lishlari mumkin, endosoralar hosil qilmaydi. Miksobakteriyalar meva tanalari va miksosporalar hosil qiladi. Ko’payishi binar bo’linib va kurtaklanib amalga oshadi. Bu bo’limga fototroflar va nofototroflar (litotroflar va xemotroflar), aeroblar, anaeroblar va fakultativ anaeroblar kiradi. Obligat parazit turlari ham bor.
Bo’limga 3 sinf kiradi.
1 – sinf. Scotobacteria. Bu sinf eng katta sinf bo’lib, 10 guruhni o’z ichiga oladi.
1.1 guruh - spiroxetalar. Bu guruhga Spirochaetaceae va Leptospiraceae oilalari kiradi. Spiroxetalar oson egiluvchan, spiralsimon buralgan, bir hujayrali bakteriyalar bo’lib, o’ta uzun (3 – 500 mkm) va ingichka (0,3 – 1,5 mkm), bir yoki bir necha spiral bo’lib buralgan hujayralardir.
Spiroxeta hujayrasida protoplazmatik silindr mavjud bo’lib, u bir yoki birqancha o’q fibrillar bilan o’ralgan. O’q fibrillarni o’zi esa silindr oxirida joylashgan biriktiruvchi diskdan boshlanadi. Protoplazmatik silindr va o’q fibrillar tashqi po’st bilan qoplangan. Hujayra nukleoid, mezosomalar va boshqa qurilmalardan iborat. Spiroxetalar ko’ndalangiga bo’linib ko’payadi, harakatchan. Spora hosil qilmaydi. Aerob, fakultativ anaerob yoki anaerob. Xemoorganogeterotroflar.
Yirik spiroxetalar (30 – 500 mkm) Spirochaeta va Cristispiraavlodlariga mansub, maydalari (3 - 20 mkm) esa Treponema, Borrelis va Leptospira avlodlariga kiradi. Yuqoridagi ikki avlod vakillari saprofit, keyingi uch avlod vakillari esa odam va hayvonlarda yuqumli kasalliklar qo’zg’atadi.
1.2 guruh – aerob spiral va vibrionsimon grammanfiy bakteriyalar. Ular Spirillaceae oilasini tashkil qiladi. Hujayralari qattiq spiralsimon buralgan, tayoqcha shakliga ega. Harakatchan, hujayrani bir yoki ikkala uchida polyar joylashgan bir yoki bir to’p xivchinlari mavjud. Aeroblar, ba’zilari mikroaerofillar. Xemoorganotroflar. Saprofit yoki parazitlar. Spirillaceae oilasiga Aquaspirillum, Spirillum, Azospirillum, Campylobacter, Bdelvibrio avlodlari kiradi. Azospirillum avlodi azotofiksatorlarga kiradi. Bdelvibrio avlodi vakillari bakteriyalarda parazitlik qiluvchi mayda, bir hujayrali mikroorganizmdir. Spiral va qayrilgan bakteriyalar chuchuk, dengiz suvlarida va tuproqda uchraydi.