Oʻtkir respirator kasalliklar bilan ogʻrigan bemorni uyda davolaganda alohida xonaga yotqiziladi. Bemorni parvarish qilayotgan oila aʼzolari ogʻiz-burniga doka niqob taqib yurishlari kerak. Kasal yotgan xonani tez-tez shamollatib, koʻrpa-yostiq jildi, choyshabni muntazam almashtirib turish zarur. Bemorning harorati koʻtarilgudek boʻlsa, uni yaxshilab oʻrabchirmab, limon, malina solingan issiq choy berish, iloji boricha koʻproq suyuqlik (choy, mors, kompot, sharbat va h.k.) ichirish lozim. Ovqat yengil hazm boʻladigan va oqsilga boy (bulonlar, goʻshtli va baliqdan qilingan kotletlar, tvorog, sabzavotlar, hoʻl mevalar) boʻlishi zarur. Bemor uchun alohida idish-tovoq tutish lozim. U yotgan xonani va mebelni kuniga ikki mahal nam latta bilan artib turiladi.