Adenovirus kasalliklarga adenoviruslar sabab boʻlib, ular antibiotiklar taʼsiriga chidamli, past temperaturada uzoq saqlanadi. Ultrabinafsha nurlar, formalin va fenolning 5% li eritmasi taʼsirida nobud boʻladi. Organizmga kirgan adenoviruslar 3— 14 kun davomida (oʻrtacha 5—7 kun) kasallik belgilarini paydo qilmaydi. Bu davr inkubatsion davr deyiladi. Odatda, u asta-sekin boshlanadi, bemorning ahvoli yomonlashadi, intoksikatsiya belgilari paydo boʻladi, isitma koʻtariladi, darmonsizlik, boʻshashish, bosh ogʻrigʻi, koʻngil aynishi, baʼzan qusish alomatlari roʻy beradi.
Kasallik grippga oʻxshab birdan boshlanishi ham mumkin. Qator hollarda isitma koʻtarilishi bilan birga, odatda, uzoq muddatli tumov paydo boʻladi, qovoqlar qizaradi, koʻzdan yosh oqadi, yutinganda tomoqda ogʻriq seziladi. Boshqa hollarda azob beradigan quruq yoʻtal, tovushning boʻgʻilib qolishi, havo yetishmasligi quzatiladi. Baʼzan meʼda-ichak faoliyati buziladi (tez-tez suvdek ich ketadi). Bemorni uyda boshqalardan ajratib qoʻyiladi. Albatta shifokor chaqirib, uning buyurganlarini qatʼiy bajarish lozim.