6. JAMIYAT TARAQQIYOTIDA RAHBAR MA’NAVIYATINING O‘RNI
Rahbar ma’naviyati rahbarning shakllangan (ichki) ruhiy quvvati. Uning ma’naviy-psixologik madaniyati ajdodlar ibratiga asoslanib, qadriyat darajasida qadrlanadigan, shaxs ma’naviy olamini tartibga soladigan, ko‘nikma darajasiga yetgan hissiy bilimlar majmuyidir. Rahbar o‘z rahbarlik salohiyatini takomillashtirishi uchun ma’naviy olamini boyituvchi bilimlarni egallashi, tashabbuskorlik qobiliyatini oshirishi zarur. Rahbarning ma’naviy mulkiga aylangan bilim unga xohish-istaklarini chegaralay bilish, o‘zini tashqi tazyiq va ta’sirlardan himoya qilishga vosita bo‘ladi. Ya’ni ma’naviy jihatdan barkamol rahbar bo‘lish har qanday ijtimoiy-psixologik muhitda o‘zini tuta bilib, o‘zi rahbarlik qilayotgan jamoada hamda keng jamoatchilik orasida sog‘lom muhit yaratish va insonlarga samimiy munosabatda bo‘lishdan qoniqib yashaydi.
Ma’naviyati yuksak rahbar jamiyatdagi yomonlik, adolatsizlik, qonunbuzarlik, Vatan manfaatlariga zid harakatlarga qarshi kurashda iroda, shijoat va faollik ko‘rsata oladi. Rahbarlarni ma’naviy-psixologik madaniyati darajasi nuqtayi nazaridan bir necha toifaga bo‘lish mumkin:2 Ma’naviy saviyasi nisbatan past shakllangan rahbarlar. Bunday rahbarlar oddiy axloqiy-ruhiy fazilatlardan mahrum, jamiyat ma’naviy me’yorlarini tushunib yetmaydigan va ularni mensimaydigan shaxslardir.
2. Ma’naviy madaniyati, axloqiy darajasi past bo‘lishi bilan birga, jamoat fikri, oila, xalq an’analari va boshqa qadriyatlar bilan bog‘liq psixologik muhitni buzuvchi rahbarlar.
3. Axloqiy me’yorlarni hayotiy zarurat sifatida ichki ishonch va tuyg‘u bilan o‘zlashtirmay, ularni ko‘r-ko‘rona qabul qiluvchi rahbarlar. Bunday rahbarlar nazariy jihatdan yuqori bilimga ega bo‘ladi, amalda esa bu bilimlarni qo‘llay olmaydi yoki ularda tashkilotchilik qobiliyati yetishmaydi.
4. Ruhan zaif, ma’naviy madaniyati ancha yuqori bo‘lsada, adolatsizlikni o‘tkir hissiyot bilan qabul qiladigan rahbarlar. Ularda axloqiy bilimlar yetarli, ammo ularni namoyon qilish uchun tashabbuskorlik, mustaqillik va shijoat etishmaydi.
5. Ma’naviy madaniyat va siyosiy-psixologik bilimlarni yetarli darajada egallagan, tashabbuskor, shijoatli rahbarlar. Ular chuqur bilim, teran tafakkur va o‘tkir mushohada, ma’naviy hissiyotlarga boy bo‘ladi. Psixologik bilimlarni atroflicha o‘zlashtirgan rahbar o‘zida yuqori darajadagi madaniyat, xulq, axloq me’yorlarini mujassamlashtiradi. Bu esa rahbar o‘zida individual va intellektual saviyani har tomonlama takomillashtirib borishini taqozo qiladi. Rahbarlarning shaxsiy e’tiqodi va ma’naviy qiyofasini tubdan o‘zgartirishga mustaqil taraqqiyot yo‘lida to‘plangan tajriba, dunyo jamoatchiligi o‘zbek modeli deya e’tirof etgan o‘zimizga xos va mos taraqqiyot yo‘li, kelajagi buyuk davlat barpo etish borasida amalga oshirilayotgan barcha tarixiy o‘zgarishlar va yangilanishlar katta yordam beradi. O‘zining rahbarlik faoliyatida oldiga qo‘ygan maqsadlarini aniq tasavvur qila oladigan, kelajak uchun qayg‘uradigan rahbar hech bir davrda milliy g‘oya va ma’naviy mafkurasiz kamol topishi mumkin emas. Ma’naviy qiyofasi, ma’naviy mafkurasi bo‘lmagan har qanday rahbar o‘z yo‘lidan adashadi. Qaysi jamiyat ma’naviy barkamol rahbarga ko‘proq ega bo‘lsa, ana shu jamiyatdagi tarixiy taraqqiyot, tiklanish keskin siyosiy «larzalar»siz, ijtimoiy «og‘riqlar»siz va iqtisodiy «o‘pirilishlar»siz kechadi. Ma’naviy nuqtayi nazardan yuksak, ongi tiyrak rahbar uchun kadrlar bilan katta yo‘lga chiqish, xalq, millat oldida turgan barcha muammolarni ijobiy hal etish oson kechadi. Rahbar ma’naviyatining shakllanishi va rivoji odatda, uch tarkibiy bo‘g‘inda namoyon bo‘ladi. Mafkura ko‘rinishidagi birinchi bo‘g‘in - ma’lumot, axborot to‘plash, asosan so‘z, mulohaza, ibrat, g‘oya va nazariyalar darajasida ifodalanadi. Rahbar ma’naviy meros, qadriyatlar bilan tanishadi, ularni o‘zlashtiradi, yangilikni dunyoqarashiga singdiradi. Bu ishonch bo‘g‘inidir. Ikkinchi bo‘g‘in insonga yoshligidan singdirilgan madaniy-ma’naviy qarashlar, axloqiy qadriyatlar, an’analar, diniy ruhiy tuyg‘ular. Bu bo‘g‘inda oilasi, qarindosh-urug‘lari, mahallasi, millati bilan birligini his etadi. Natijada uning ongi va qalbida milliy g‘urur, vatanparvarlik tuyg‘usi shakllanadi. Bu bo‘g‘in – iymon bo‘g‘ini. Shu boisdan ham ajdodlarimiz «Vatanni sevmoq iymondandir» g‘oyasini ilgari surganlar. Uchinchi bo‘g‘in bilim, jodiy izlanish, fahm-farosat bilan ifodalanadi. U tafakkurimizda ma’rifat, dunyoviy ma’naviyat timsolida namoyon bo‘ladi. Buyuk allomalarimiz ana shu dunyoviy ma’naviyatni ilohiy ma’naviyat bilan uzviylikda kamolga yetkazganlar. Agar birinchi bo‘g‘in yangiliklarni qabul qilish, ikkinchisi qadriyatlarga, ajdodlar ruhiga tayanish bo‘lsa, uchinchi bo‘g‘in yangiliklarning ijodiy ravnaqidir. U ajdodlar merosiga haqiqiy voris bo‘lib, ularning qadriyatga aylangan qismini ijodiy rivojlantirishni nazarda tutadi.
Zero, ma’naviyati qashshoq, o‘zining mustaqil dunyoqarashi, fikriga ega bo‘lmagan odamga har qanday vayronkor g‘oya o‘z ta’sirini o‘tkaza oladi. O‘zbekistonimizning ertangi kuni ma’naviy-madaniy barkamol, ruhan tetik, mustaqil fikrlash va ishlash qobiliyatiga ega bo‘lgan, zamonasining ilmiy-texnika taraqqiyoti talablariga mos kasbhunar mahoratini o‘zida mujassam etgan, g‘ururi baland, iymoni butun, irodasi baquvvat, chinakam vatanparvar, insofli va oriyatli insonlar qo‘lidadir.