2-mavzu – axloqiy tarbiyaning mazmuni va mohiyati reja: Axloqiy tarbiyaning tarixiy ildizlari Axloqiy tarbiyaning mazmuni va mohiyati
2-MAVZU – AXLOQIY TARBIYANING MAZMUNI VA MOHIYATI
REJA:
1. Axloqiy tarbiyaning tarixiy ildizlari
2.Axloqiy tarbiyaning mazmuni va mohiyati.
3. Ma’naviy qadriyatlar — ta’lim-tarbiyaning omili.
Tayanch ibora va atamalar: axloq, shaxs ma’naviyati, ma’naviy sifatlar, ma’naviy-axloqiy tarbiya, ma’naviy-axloqiy madaniyat, ma’naviy-axloqiy kamolot, ma’naviy-axloqiy ong, ma’naviy-axloqiy madaniyatni shaqllantirish, o‘quvchilarning ma’naviy tarbiyasi, ma’naviy tarbiyada e’tiqodning o‘rni, moddiy boyliklar, fan, adabiyot, san’at, maorif, din, axloq, odob, xulq, fazilat, xislat, sifat, xatti-harakat, ijobiy xislatlar, salbiy xislatlar, iymon, e’tiqod, insoniylik, poklik, halollik, rostgo‘ylik, to‘g‘rilik,qadriyat,an’ana, urf-odat, marosim.
1.Axloqiy tarbiyaning tarixiy ildizlari
1.
“Avesto” - Axloqiy tarbiyaning manbasi sifatida.
Mustaqil O‘zbekistonning kelajagi har tomonlama barkamol intellektual salohiyatga ega bo‘lgan yosh avlodni tarbiyalashga bog‘liq. O‘zbek xalqining ajdodlari bundan bir necha ming yillar oldin yashagan bo‘lib, ular yuksak va o‘ziga xos madaniyatni vujudga keltirishda juda katta va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tgan. Bugungi kunda ajdodlarimiz tomonidan ko‘p asrlar mobaynida yaratib kelingan ulkan, bebaho ma’naviy va madaniy merosni tiklash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan muhim vazifa bo‘lib qoldi. Bu borada Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov o‘z ma’ruzalarida quyidagicha fikr bildirganlar. „Xalqimiz tayanchi — ajdodlarimiz qoldirgan ma’naviy merosning o‘zi bir xazina. Bu xazinadan oqilona foydalanishimiz lozim“. Zero ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan asarlarda xalqimizga xos bo‘lgan insonning axloqiy-ruhiy kamolot masalasi yetakchi o‘rin tutadi. Insoniyat yaratgan ma’naviy boyliklar bisotida donishmandlarning pand-nasihatlari va o‘gitlari, tarbiya haqidagi fikrlari alohida o‘rin egallaydi. Donishmandlarning pand-nasihatlari umrboqiy ma’naviy boylik hisoblanadi. Chunki ular hayotdan, hayot tajribalaridan kelib chiqqan va ezgu orzu niyatni ifodalaydi. Shuni ta’kidlash lozimki, eng qadimgi tarbiya haqidagi fikrlar bizgacha bevosita yetib kelmagan. Bu fikrlar insonning shaqllanishida moddiy va ma’naviy madaniyatning yillar davomida rivojlanishi natijasidan dalolat beradi. Shuning uchun ham har bir davrda yashab ijod etgan mutafakkir allomalarimiz „tarbiya“ so‘zini turlicha izohlaganlar. Tarbiya — arabcha so‘zdan olingan bo‘lib, “parvarish qilmoq”, “ta’lim bermoq”, “o‘rganish”, “odob o‘rgatish”, “mehribonlik ko‘rsatish”, “himoya qilish” singari ma’nolarni anglatadi. Bu o‘rinda tarbiyaviy manba sifatida Zardushtiylik dinining muqaddas kitobi bo‘lmish „Avesto“ katta ahamiyatga ega. „Avesto“da insonning barkamol bo‘lib yetishishida uning so‘zi, fikri, ishi birligiga katta e’tibor berilgan. Bu axloqiy uchlik eng qadimgi davrlardan boshlab, undan keyin yaratilgan barcha ma’rifiy asarlarga asos bo‘lgan, desak, xato qilmagan bo‘lamiz. Mana shunga asosan, „Avesto“ning eng asosiy manbasi bo‘lgan Zardushtiylik to‘g‘risida so‘z borganda u to‘g‘rilik bilan yashash va axloqiy unsurlarga asoslanganligini ta’kidlash lozim. Ayniqsa, „Avesto“da inson tarbiyasiga, insonlarning jamiyatda tutgan o‘rniga munosabati to‘liq yoritilgan. Zardusht ta’limotida tarbiya haqida quyidagicha fikr bildirilgan. „Tarbiya — hayotning eng muhim tirgagi (tayanchi) bo‘lib hisoblanishi lozim. Har bir yoshni shunday tarbiyalash zarurki, u, avvalo, yaxshi o‘qishni va so‘ngra esa yozishni o‘rganishi bilan eng yuksak pog‘onaga ko‘tarilsin va yana yaxshi ovqatlanadigan xalqdan yaxshi nasl — sog‘lom avlod qoladi“, deb ta’kidlanadi. Tarbiya ijtimoiy hodisa. Tarbiya kishilik jamiyatining paydo bo‘lishi bilan vujudga keldi, taraqqiy etdi, jamiyatning o‘zgarishi bilan tarbiya ham o‘zgarib bordi. Tarbiya xulqni boshqarish va belgilash, bir-birini talab etadigan va belgilaydigan tarkibiy qismlar — axloqiy ong, axloqiy faoliyat va axloqiy munosabatlarning murakkab yig‘indisidir. Tarbiya shaxsni maqsadga muvofiq takomillashtirish uchun uyushtirilgan pedagogik jarayon bo‘lib, tarbiyalanuvchilarning shaxsiga muntazam va tizimli ta’sir etish imkoniyatini beradi. Tarbiya — o‘sib kelayotgan avlodda hosil qilingan bilimlar asosida aqliy kamolot — dunyoqarashni, insoniy e’tiqod, burch va mas’uliyatni, jamiyatimiz kishilariga xos bo‘lgan axloqiy fazilatlarni yaratishdagi maqsadni ifodalaydi.
Tarbiya deb tarbiyachi o‘zi xohlagan sifatlarni tarbiyalanuvchilar ongiga singdirishi uchun ularning ruhiyatiga ma’lum maqsadga ko‘ra tizimli ta’sir ko‘rsatishiga aytiladi. Tarbiya bola tug‘ilganidan umrining oxirigacha davom etadigan jarayondir. Tarbiya — biror maqsadga qaratilgan jarayon, u doimo muayyan rejaga ega bo‘ladi va buning uchun maxsus vakolati mavjud bo‘lgan kishilar tomonidan amalga oshiriladi. Hamma davrlarda ham tarbiyachilar yoshlarning axloqi va odobi, iymoni va vijdoni, bilimi, malakasi, xatti-harakati, yo‘nalishi, tarixiy tajribasi, davr talablari va ehtiyojlari, istiqlol vazifalari bilan uyg‘unlashtirib shaqllantirishga, rivojlantirishga harakat qilganlar.
2.
Dostları ilə paylaş: |