6-laboratoriya mashguloti. Qand moddasining sitoplazmani muzlashiga ta'siri
Kerakli reaktiv va asboblar: Qand lavlagi, piyoz epidermisi, Saxarozaning har xil konsentrasiyali eritmasi, probirka, pipetka, 6,8 % li osh tuzi, muz yoki qor.
Ishning bajarilishi. Qand moddasining sitoplazma muzlashiga bo‘lgan ta’sirini 2 xil o‘simlik misolida ko‘rib o‘tamiz.
Ildiz mevalilarning qand lavlagi olib, undan qalinligi 0,5 sm bo‘lgan 16-20 ta kesma tayyorlanadi. Kesmalarni chinni idishlarga solib, sovuq suvda yuviladi. Suvda yuvishimizga asosiy sabab, kesma tayyorlash paytida ba’zi bir hujayralar mexanik shkastlanadi va ulardan oqayotgan shira tajriba natijalariga ta’sir etishi mumkin.
So‘ngra, 4 ta probirka olib, ularning har bittasiga 4-5 tadan kesma tushiriladi. Birinchi va ikkinchi probirkalarning qismigacha distillangan sovuq suv, uchinchisiga 0,5 M saxaroza va to‘rtinchisiga esa 1 molyarli saxaroza eritmasidan quyiladi. Endi esa, probirkalarning 3 tasini sovituvchi aralashmaga tushiriladi.sovituvchi aralashma quyidagicha tayyorlanadi. Qor yoki maydalangan muz, osh tuzi bilan 3:1 nisbatda qo‘shilib yaxshilab aralashtiriladi. shunday nisbatda tayyorlangan muz va tuz aralashmasi sovutgich vazifasini bajaradi. Bu aralashmaning harorati minus 20°C gacha bo‘ladi.
Keyin esa, 2,3 va 4 probirkalar sovituvchi aralashmaga tushirilib, o‘simlik to‘qimasi turgan balandlikkacha ko‘mib qo‘yiladi. Birinchi probirka esa, ochiq havoda nazorat varianti sifatida qoldiriladi. Muz-tuz aralashmasiga qo‘yilgan probirkalarda, taxminan 20-25 minut o‘tishi bilan muz hosil bo‘la boshlaydi. Muzlagan probirkalar bu aralashmadan olinadi va xona haroratida bo‘lgan stakandagi suvga tushirilib qo‘yiladi. Nazorat vazifasini bajaruvchi probirka ham xuddi shunday haroratdagi suvga tushiriladi. Ma’lum vaqt o‘tishi bilan probirkalardagi muz eriy boshlaydi. Probirkalardagi eritma va lavlagi kesmalarining rangi bir-birlariga solishtiriladi va jadvalga yozib qo‘yiladi.
21-jadval O‘simliklar to‘qimasining sovuqqa bo‘lgan chidamliligini oshirishda saxarozaning ahamiyati.