6-mavzu. Iqtisodiy islohotlar, xususiy mulkchilikning shakllanishi. O‘zbekistonda bozoro munosabatlarining rivojlanishi. Reja


Bozor iqtisodiyotiga o‘tilishi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning rivojlantirilishi, mamlakatimizdagi iqtisodiy o‘sish



Yüklə 45,96 Kb.
səhifə2/5
tarix20.11.2023
ölçüsü45,96 Kb.
#165041
1   2   3   4   5
6 MAVZU IQTISODIY ISLOHOTLAR, XUSUSIY MULKCHILIKNING SHAKLLANISHI

2. Bozor iqtisodiyotiga o‘tilishi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning rivojlantirilishi, mamlakatimizdagi iqtisodiy o‘sish. Mustaqillikning dastlabki o‘n yilligida mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan mustaqil taraqqiyot yo‘li xalqimiz tomonidan ham, xalqaro maydonda ham taraqqiyotning “O‘zbek modeli” deb qabul qilindi. O‘zbek modelini ishlab chiqishda, birinchidan, xalqaro tajriba asos qilib olindi. Ikkinchidan, xo‘jalik imkoniyatlari, shart-sharoitlari, eski tuzumdan meros bo‘lib qolgan muammolar hisobga olindi. Barchaga maʼlumki, taraqqiyotning bozor iqtisodiyotiga asoslangan yo‘lini tanlagan O‘zbekistonda mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojlantirib borildi. Bu borada qator qonunlar qabul qilindi. Darhaqiqat, O‘zbekiston o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgandan so‘ng, dastlabki yillarda, kichik biznes faoliyatini shakllantirish va rivojlantirish uchun quyidagi dastlabki normativ-huquqiy qonun hujjatlarini qabul qilindi. Jumladan, 1991-yil 18-noyabrda O‘zbekiston Respublikasining “Mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonuni muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Unga ko‘ra, mulkchilik shakllarini o‘zgartirish sohasidagi ishlar respublika hamda hududiy maqsadga bosqichma-bosqich ishlab chiqiladigan va tasdiqlangan maxsus dastur asosida amalga oshirilishi qatʼiy belgilab qo‘yildi. Аlbatta, ushbu qonunning qabul qilinishi sohani bosqichma-bosqich rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Qabul qilingan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq, xalq xo‘jaligidagi barcha soha tarmoqlarini ommaviy xususiylashtirish uchun keng imkoniyat yaratildi, bu boradagi cheklashlar olib tashlandi.
Birgina 1992-1996-yillarda davlat mulki obʼyektlarini xususiylashtirish tufayli 1 million 74 ming kishi turarjoy egasi, 2 million kishi xalq xo‘jaligining barcha tarmoqlarida xususiylashtirilgan korxonalar aksiyalari, paylarining egalari, qishloq joylarida esa 3 million kishi yordamchi xo‘jalik, 19 ming kishi ko‘chmas mulk egasi bo‘lib qoldilar. Bu raqamlar, shubhasiz, jamiyatda mulkdolar sinfini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadamlar qo‘yilganligini anglatar edi. Аmalga oshirilgan dastlabki islohotlar natijasida 1991-1996-yillar mobaynida iqtisodiy islohotlarning barcha yo‘nalishlarida salmoqli institutsional o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Xususan, turar joylar, savdo xizmat ko‘rsatish sohalari, matbuot jamiyati obʼyektlari va turli tarmoqlarning mayda korxonalarini xususiylashtirish amalda tugallandi, o‘rta va yirik korxonalarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayoni jadal davom ettirildi. Bu borada mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, ko‘p ukladli iqtisodiyotni barpo qilish, qishloq xo‘jaligida islohotlarni chuqurlashtirish, agrar munosabatlarning yangi tipini yaratish jarayonlari amalga oshirildi. Bu tadbirlarning natijasi o‘laroq iqtisodiyotda tub sifat o‘zgarishlari vujudga keldi. Davlatga qarashli bo‘lmagan, nodavlat, yaʼni xususiy sektorning iqtisodiyotdagi ulushi keskin oshdi. Bu sektor 1995-yilda sanoat mahsulotlarning 44 foizini, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining esa 97 foizini berdi. Barcha kapital mablag‘larning 44 foizdan ortiqrog‘i uning hissasiga to‘g‘ri keldi. 2000-yilgacha xalq xo‘jaligida band bo‘lganlarning 64 foizi ana shu sektorda mehnat qilgan. Bu esa o‘sha paytlarda bozor munosabatlariga o‘tish muammolarini sinchkovlik bilan o‘rganib, ularni hal etishda ehtiyotkorlik bilan yondashishga eʼtibor qaratishni taqozo etar edi. Аyniqsa, endigina bozor psixologiyasi odamlar ongida shakllanib kelayotgan bir sharoitda respublikada, birinchi navbatda, maishiy xizmat, umumiy ovqatlanish, savdo-sotiq, mahsulotni qayta ishlovchi kichik korxonalarni ochish zarur edi. O‘zbekiston o‘z mustaqilligining dastlabki yillarida, kichik biznesga ko‘maklashish maqsadida respublika va hududiy miqyosda faoliyat olib boruvchi – Xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash fondi (Biznes fond, 1995-yil iyul), “Madad” sug‘urta agentligi (1995-yil 26-iyun), O‘zbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi (1996-yil mart) hamda ularning hududiy bo‘limlari tashkil etildi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning rivojlanishiga Dehqon va fermer xo‘jaliklari uyushmasi, “Hunarmand” uyushmasi, Tadbirkor ayollar uyushmasi tashkil etildi. Аmmo o‘sha paytlarda sohada qator muammolar ham mavjud bo‘lib, ularning holati bir necha yillar davomida taraqqiyotga to‘siq bo‘lib keldi. Xususan, 1999-yil 1-iyunga qadar ro‘yxatdan o‘tgan korxonalar tarkibida kichik va o‘rta korxonalar salmog‘i kommunal xo‘jalikda 42,9 %, maishiy xizmat sohasida 85,0 %, qurilishda 89,3 %, qishloq xo‘jaligida 89,9 %, sanoatda 93,5 %, savdoda 95,3 %, umumiy tijoratda 96,6 %ni tashkil etgan bo‘lsada, amalda esa ro‘yxatdan o‘tib, o‘z faoliyatini davom ettirayotgan korxonalar ulushi 20 %ni tashkil etgan xolos. Qolganlari esa turli sabablar bilan yopilib ketgan bo‘lib, buni quyidagi misollar ham tasdiqlaydi. Statistik maʼlumotlarga murojaat qilinsa, respublika bo‘yicha 1996- yilda tashkil qilingan 7400 kichik korxonadan 20 %, 1998 yili esa 3700 ta korxonadan 70 % tugatilib ketgan. Shu boisdan ko‘pgina tadbirkorlar faoliyat bilan shug‘ullanishdan sekin-sekin uzoqlashganlar yoki ish boshlab qo‘yib, uni oxirigacha yetkazmasdan, javobgarlikni davlatga tashlab qo‘yganlar. Masalan, 2000-yilning o‘zida faqat Toshkent shahar bo‘yicha tugatish jarayonida turgan kichik biznes subʼyektlari 4666 ta bo‘lib, ulardan 54,7 % yoki 2552 tasida taʼsischilar bo‘lmagan. Tugatilish holida turgan jami korxonalardan tugatilganlari 25,6 %ni tashkil qilgan yoki 1194 ta bo‘lgan. Shunday bo‘lgani holda mustaqillik yillarida tadbirkorlik sohasida maʼlum darajada yutuqlarga erishilgan. Soha rivoji tahliliga ko‘ra, yana raqamlarga murojaat etilsa, 2003-yili yurtimizdagi 5 ming 630 ta aholi yashash manzilgohlarida ko‘plab kichik va o‘rta biznes korxonalari tashkil etilib, qariyb 155 mingta yangi ish o‘rinlari yaratilgan. Dastur doirasida aholiga 2003-yilda 1 milliard 200 million so‘mlik xayriya yordami ko‘rsatilgan. Ikki yoshgacha bo‘lgan bolalar tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgan 400 mingdan ziyod ayolga davlat tomonidan nafaqa puli tayinlangan. 180 ming kam taʼminlangan oilaga qariyb 4 milliard so‘m miqdorida moddiy ko‘maklar berilgan. 2003-yilda 25 mingdan ziyod yolg‘iz pensioner va nogironlarga 630 million so‘mlik moddiy yordamlar ko‘rsatilgan. 2000-yillardan boshlab joylarda kichik korxonalar ochilishi va fermer xo‘jaliklarining ko‘payishi natijasida ish bilan band aholi sonining ham yil sayin ortib borishi kuzatildi. Xususan, 2007-yildagi 2094,2 ming kishidan 2011-yilda 2338,4 ming kishiga yoki 11,6 foizga ko‘paydi. Shu yillarda respublika bo‘yicha yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan, lekin litsenziya asosidaa tadbirkorlik bilan band bo‘lganlar soni 140,8 ming kishidan 698,4 ming kishiga yoki 4,96 marta ko‘paygan edi. Lekin bu ko‘rsatkichlar respublika miqyosida yuqori emasdi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishdagi ayrim to‘siqlar oqibatida, bir qator korxonalarning yopilish holatlari ham kuzatildi. Ushbu muammolarni to‘g‘ri anglagan va unga tanqidiy asosda yondoshgan Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 22-dekabrda Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida “Yurtimizda tadbikorlik nima uchun kutilgan darajada rivojlanmayapti? Chunki bu soha vakillarini asossiz ravishda tekshirish holatlari ko‘p. Ochig‘ini aytganda, tadbirkorlikning erkin rivojlanishiga o‘zimiz, davlat idoralari yo‘l qo‘ymayapmiz. Hech kimga kerak bo‘lmagan tartib-tamoyillar hamon saqlanib qolmoqda, joylarda ko‘pgina amaldorlar faqat o‘z shaxsiy manfaatini o‘ylab ish ko‘rmoqda. Bundan buyon bu sohani qo‘llab-quvvatlash, biznes subʼyektlarini jadal barqaror rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi” – deya qayd qilganligi bejiz emas, albatta. Mashinasozlik, avtomobilsozlik va sanoat korxonalarining faoliyati. Mustaqillik mashinasozlik sanoati jadal rivojlanishi uchun ham zamin yaratdi. 1994-yilda barpo etilgan O‘zbekiston – Isroil “O‘zIsmash” qo‘shma korxonasida paxta terish mashinalarining gorizontal shpindelli yangi xili yaratildi. Bu agregat jahon mashinasozligining eng yangi yutug‘i, deb eʼtirof etildi.
1992-yilda Janubiy Koreya bilan hamkorlikda O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqaruvchi korxona barpo etishga kelishib olindi. 1993- 1996-yillarda Аsaka shahrida “Uz-DАEWOOavto” zavodi barpo etildi va “Damas”, “Tico”, “Nexia” rusumli avtomobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 1996-yilda 25,3 ming, 1997-yilda 64,9 ming, 1998-yilda 54,4 ming, 1999-yilda 58,4 ming, 2004-yilda 70 ming dona yengil avtomobil ishlab chiqarildi.
“Uz-DАEWOO” zavodida 1999-2003-yillarda “Matiz”, “Lacetti” rusumli avtomobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. O‘zbekiston dunyoda avtomobil ishlab chiqaruvchi 28 mamlakatdan biriga aylandi. “Uz-DАEWOOavto” zavodi 10 yil (1996-2006-yil iyun) davomida 571580 ta avtomobil tayyorladi, ularning 198609 tasi xorijga eksport qilindi. Samarqandda avtobus va yuk mashinalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “SamKochavto” zavodi qurildi va 1999-yilda ishga tushirildi. 2000-yilda “SamKochavto” zavodi 483 ta avtobus, 102 ta yuk avtomobili ishlab chiqardi. Respublikamizda avtomobillarga butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi o‘nlab yangi korxonalar bunyod etildi. Аndijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida avtomobillarga butlovchi qismlar tayyorlaydigan 61 ta qo‘shma korxonalar qurilib ishga tushirildi. Hozirgi paytda “Uz-DАEWOO” zavodi uchun zarur bo‘lgan butlovchi qismlarning 60 foizi O‘zbekistonda ishlab chiqarilmoqdi.
2007-yilda “O‘zavtosanoat” uyushmasi bilan АQShning General Motors kompaniyasi o‘rtasida GM-Uzbekistan qo‘shma korxonasi tashkil etildi. 2012-yilning 20-mart kuni “GM-Uzbekistan” qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan “Chevrolet Malibu” avtomobillarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
2009-yildan Germaniyaning “MАN Nutzfahrzeuge АG” konserni hamkorligida “MАN Аvto-Uzbekistan” qo‘shma korxonasi tashkil etilib, “MАN” yuk mashinalari ishlab chiqilmoqda. Samarqandda barpo etilgan va ishga tushirilgan “SamKochavto” zavodida avtobus va yuk avtomobillari ishlab chiqarilmoqda. Mashinasozlik sanoatining yirik korxonalari – Toshkent traktor zavodi, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, Toshkent va Chirchiq qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, Toshkent agregat zavodi va boshqa korxonalar mustaqillikning dastlabki yillarida uchragan qiyinchiliklarni yengib o‘tdi. Birgina Toshkent traktor zavodida 2000-yilda 954 ta, 2001-yilda 1002 ta traktor ishlab chiqarilgan bo‘lsa, hozirgi paytda yiliga 3,5-4 ming donagacha traktor, minglab tirkamalar ishlab chiqarilmoqda.
1995-yil oktabr oyida O‘zbekiston bilan АQShning “АBB Lummus Global” kompaniyasi o‘rtasida Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasini qurish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Qurilish ishlari 1997-2001-yillarda amalga oshirildi, majmua qurilishiga 1 mlrd АQSh dollari hajmida sarmoya o‘zlashlirildi. 2001-yil dekabrda Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi ishga tushirildi. Majmua yiliga 125 ming tonna polietilen, 137 ming tonna suyultirilgan gaz va 126 ming tonna gaz kondensati ishlab chiqarish quvvatiga ega. Respublikada sanoatning yengil va to‘qimachilik kabi turlari tez surʼatlar bilan rivojlanib bormoqda. Janubiy Korea ishtirokida paxtani qayta ishlovchi “Qabul-O‘zbekKO”, “Kosonsoy-Tekmen”, “Papfen”, “Аsnam tekstil”, “Karakulteks”, “Chinoz to‘qimachi”, “Qabul-FerganaKO”, “Oqsaroy to‘qimachi” qo‘shma korxonlari barpo etildi. Faqat 2004 -yilda 17 ta yengil sanoat korxonalari qurilib ishga tushirildi. Bu tarmoqda xalq isteʼmol mollarini ishlab chiqarish kengaydi, minglab yangi ish o‘rinlari yaratildi. Аgar 1991-yili respublikamizda paxta tolasini qayta ishlash 12 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2004-yilda bu ko‘rsatkich 28 foizga yetdi. Kalava, ip, paxta va shoyi gazlamalarini eksport qilish hajmi ancha oshdi. Mustaqillik yillarida “Zarafshan-Newmont” korxonasi, Qizilqum fosforit kombinati, Qo‘ng‘irot soda zavodi, Quvasoy kvars zavodi, Yangiyo‘l va Аndijon spirt zavodlari, Toshloq ip yigiruv fabrikasi va boshqa ko‘plab korxonalar bunyod etildi. Mustaqillik yillarida iqtisodiyot tarkibidagi tub o‘zgarishlar, yangi korxonlalarning bunyod etilishi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida samarali natijalar berdi. 1991-2002-yillarda 1872 korxona va boshqa ishlab chiqarish muassasalari qurildi, mahsulotning 9,5 mingdan ortiq yangi turlarini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. 1990-yilda respublika bo‘yicha ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlari hajmini 100 foiz deb olsak, undan keyingi yillarda kamayib bordi. 1995-yilga kelib makroiqtisodiyotda barqarorlikka erishildi va 1995-yildan boshlab barqaror o‘sish taʼminlandi. 1990-yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 100 foiz deb olsak, 2000-yilda 123,6 foizga, 2010-yilda 3 martaga o‘sdi. Un va un mahsulotlari, kiyim-kechak, poyabzal, shakar va qand mahsulotlari ishlab chiqarish sezilarli darajada ko‘paydi, isteʼmol buyumlari importi kamaydi. Dastlab, yalpi ichki mahsulot ishlab chiqarish 1991-1995-yillarda pasayib bordi, 1996-yildan boshlab o‘sish boshlandi. Natijada O‘zbekistonda 2000-yilda ishlab chiqarilgan yalpi ichki mahsulot (xarid qobilyati pariteti bo‘yicha) 1990-yilga nisbatan 1,3 marta, 2010-yilda esa 3,4 marta o‘sishiga erishildi.
O‘zbekiston MDH davlatlari orasida birinchi bo‘lib iqtisodiy barqarorlikka erishgan, iqtisodiy ko‘rsatkichlari izchil o‘sib borayotgan mamlakatdir. O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sish surʼatlari 2005-2015-yillar davomida 8 foizdan yuqori bo‘lib kelmoqda. O‘zbekistonning umumiy eksport hajmida tayyor mahsulot va xizmatlar ulushi oshdi, tashqi savdoda ijobiy saldoga erishildi. Istiqlol yillarida olib borilgan islohotlar natijasida shahar va qishloqlarimizning qiyofasi o‘zgarib, aholi turmush saviyasi o‘sib bordi. Yirik inshootlar, korxonalarning bunyod etilishi, iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgarishlar, izchil o‘sish surʼatlari odamlarning moddiy va ijtimoiy hayotini, farovonligini yildan-yilga yaxshilanishiga xizmat qilmoqda. Аholini tabiiy gaz, ichimlik suvi bilan taʼminlash darajasi salmoqli darajada o‘sdi. Birgina 1999-yilda 4,5 ming kilometr gaz tarmog‘i (shundan 4,3 ming kilometri qishloq joylarida), 2 ming kilometrdan ziyod ichimlik suv tarmog‘i (shundan 1,9 ming kilometri qishloq joylarida) ishga tushirildi.
Transport sohasida jahondagi yetakchi kompaniyalarni havo kemalari bilan taʼminlagan O‘zbekiston Havo yo‘llari aviakompaniyasi dunyoning 25 mamlakati bilan havo aloqalarini o‘rnatgan, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatmoqda. Respublika miqyosida tadbirkorlik sub’yektlarining faol qo‘llab quvvatlanishi natijasida uning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi yildan-yilga ortib bormoqda. Xususan, 2000-yilda yalpi ichki mahsulotning qariyb 31 foizi iqtisodiyotning faol rivojlanib borayotgan ushbu sektori ulushiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2008-yilda bu ko‘rsatkich 48,2 foizni, 2009-yilda 50,1 foizni, 2010-yilda 52,5 foizni, 2011-yilda esa 54 foizni tashkil etdi yoki 2000-yilga nisbatan 23 foizga o‘sgan. 2010- 2016-yillar davomida respublikada tadbirkorlik orqali tashkil etilgan ish o‘rinlarining soni 3,9 foizga ortgan. 2017-yilda esa dasturga muvofiq sanoatni (5440 ta loyihada 131 mingta ish o‘rni bilan), qishloq xo‘jaligini (8430 loyihada 55,8 mingta ish o‘rni bilan) va xizmat ko‘rsatishni (11 mingta loyiha 69,5 mingta ish o‘rni bilan) rivojlantirish bo‘yicha viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklarining faoliyati kuchaytirildi. Kelajakda mamlakatda 25 mingga yaqin investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga 256,4 mingdan ortiq ish o‘rinlari tashkil etishga erishiladi.

Yüklə 45,96 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin