7.3. To‘pgullar Bitta umumiy bandda (gulpoyada) bir nechta gul joylashgan bo‘lsa, unga to‘pgul deyiladi. To‘pgullar xilma-xil bo‘ladi. Masalan, so‘ta, shingil, kuchala, soyabon, ro‘vak, savatcha, kallak va boshqalar. Lekin to‘pgul hosil qilmaydigan yakka-yakka gulli lola, binafsha, behi kabi o‘simliklar ham bor.
Gulning changlanishi ko‘p jihatdan to‘pgulga bog‘liq. To‘pguldagi gullar oddiy gullarga qaraganda yaxshi changlanadi.
O‘simliklar tarixiy rivojlanish jarayonida o‘ziga xos to‘pgullar hosil qilgan. To‘pgullar oddiy va murakkab bo‘ladi.
Oddiy to‘pgulda gulpoya shoxlanmaydi, murakkab to‘pgulda esa shoxlanadi.
Olma, nok, gilos, olchaning to‘pguli oddiy qalqonsimon bo‘ladi. Bularda turlicha uzunlikdagi gulbandli gullar kalta gulpoyada navbat bitan joylashadi. Bu gullarning yuqori qismi bir xil tekislikda bo‘ladi.
Zubturumning mayda gullari uzun gulpoyada bandsiz joylashadi. Bunday to‘pgul oddiy boshoq deb ataladi.
Karam, rediska, jag‘-jag‘, qashqarbeda va qurttananing gullari to‘pgul, gulpoyaga uzun bandi bilan birlashgan. Buni oddiy shingil deyiladi.
Sabzi, ukrop, petrushka, shashir va bodiyon shoxlangan murakkab soyabonga ega.
Boshoqli o‘simliklarning ko‘pchiligi (bug‘doy, arpa, javdar va bug‘doyiq kabilar)da ikkita-uchta gul birlashib, oddiy boshoqcha hosil qiladi. Bunday boshoqchalardan bir nechtasi umumiy gulpoyaga birikib, murakkab boshoq hosil qiladi. Tok, sholi, qamish, nastarin, kelin supurgi, otquloq, rovoch kabi o‘simliklar murakkab shingil – ro‘vak hosil qiladi.
Yong‘oq, oqqayin va tolning changchili to‘pguli – kuchalasi boshoqqa ham o‘xshaydi. Lekin asosiy gulpoyasining osilib turishi bilan ulardan farq qiladi.
Kungaboqar, kartoshkagul, shuvoq, bo‘tako‘z, sachratqi, ermon, karrak kabi o‘simliklarning guli asosan gulpoyasi uchidagi savatchada joylashgan. Savatchalarning atrofi o‘rama bargchalar bilan o‘ralgan.
Bulardan tashqari, guli ko‘zga uncha tashlanmaydigan anjir o‘simligi gullari ham bor.