11.3. Kasallik paydo qiluvchi bakteriyalar Ayrim bakteriyalar tirik o‘simlik, hayvon va odam organizmida, ular hujayrasida yashab, oziqlanadi. Bunday bakteriyalar parazit bakteriyalar deb ataladi. Parazit yoki kasallik paydo qiluvchi bakteriyalar (yoki ularning sporalari) o‘simlik, hayvon va odam organizmiga havo, ovqat, suv, teridagi jarohatlar orqali kirib, tirik hujayralar hisobiga yashaydi, tez ko‘payadi va uning faoliyati natijasida hosil bo‘lgan zaharli moddalar qonga o‘tadi. Natijada organizm zaharlanadi va kasal bo‘ladi.
Parazit bakteriyalar orasida odamlarda sil, terlama, bo‘g‘ma, vabo, o‘lat va boshqa ko‘pgina yuqumli kasalliklarni paydo qiladiganlari bor.
Yuqumli kasallikni paydo qiluvchi bakteriya kasalligi bemordan sog‘lom kishiga o‘tsa, unga kasallikning yuqishi deyiladi. Yuqumli kasallik bilan og‘rigan bemor bilan sog‘lom odam bir idishdan ovqat yesa, bitta o‘rin-ko‘rpada yotib, bitta sochiqdan va kiyim-kechakdan foydalansa, kasallik bemordan sog‘lom kishiga yuqishi mumkin. Tozalik va ozodalikka rioya qilinmasa, yuqumli kasalliklarning sababchilari ayniqsa tez tarqaladi.
Qaynatilmagan suvda, xususan ariq va hovuzlardagi suvda bir talay bakteriyalar yashaydi. Shuning uchun faqat suv quvurlari orqali keltirilgan yoki qaynatilgan suvdan foydalaniladi.
O‘rta Osiyoning buyuk olimlaridan biri Abu Ali ibn Sino (980–1037) yuqumli kasalliklarning suv va havo orqali tarqalishi haqida bundan ming yilcha oldin aytib o‘tgan edi.
Ilgarilari, hali odamlar yuqumli kasalliklarning paydo bo‘lish sabablari va ularga qarshi kurashish choralarini bilmagan davrlarda terlama, vabo va o‘lat singari yuqumli kasalliklar epidemiyalaridan goho butun-butun qishloqlarning aholisi qirilib ketgan.
Hozirgi davrda odamlarni terlama, bo‘g‘ma, qizamiq va chechakdan saqlash uchun ular emlanadi.
Odamlarning o‘z badanini va kiyim-boshini toza tutishi, turarjoy va maktablar (sinflar)ning ozoda saqlanishi, xonalarning tez-tez shamollatib turilishi yuqumli kasalliklarga qarshi kurashning muhim vositasidir.
Kasallik paydo qiluvchi bakteriyalarga qarshi kurashda shahar va qishloqlarni ozoda saqlash katta ahamiyatga ega. Ko‘pgina daraxt va butalarning havoga maxsus moddalar (fitonsidlar) ajratib turishi va bu moddalarning havodagi kasallik tug‘diruvchi bakteriyalarni kuchsizlantirishi olimlar tomonidan aniqlangan. Gledichiya, archa, yong‘oq, terak shunday moddalarni, ayniqsa ko‘p ajratadi.
Tirik o‘simliklarda yashaydigan bakteriyalar orasida g‘o‘za gommozi deb nomlanadigan kasallikni vujudga keltiradigan bakteriyalar bo‘lib, ular paxtachilikka katta zarar keltiradi. Bu bakteriyalar chigit bilan birga tuproqqa tushib tez ko‘payadi va nihol ichiga kirib olib, uning poyasi va barglariga o‘tadi. Bakteriyalar yuqqan o‘simlik barglarida qora dog‘lar paydo bo‘ladi. Kasal barglar quriydi va maydalanib, kukun bo‘lib ketadi. Bakteriyalar bilan to‘la bo‘lgan bu kukun uchib boshqa sog‘lom g‘o‘zalar bargiga tushadi va barg og‘izchalar orqali barg eti hujayralariga kiradi. Barg eti hujayralaribilan oziqlanib, ularni yemiradi va tez ko‘payib o‘simlikning hamma organlariga, jumladan, ko‘saklarga ham o‘tadi.
G‘o‘za gommozi kasalligiga qarshi kurashish uchun urug‘li chigit ekishdan oldin, gommoz sporalarini o‘ldiradigan kimyoviy moddalar bilan dorilanadi. Kasallangan o‘simliklar daladan yo‘qotiladi va yoqib tashlanadi.
12-DARS:ZAMBURUG‘LAR BO‘LIMI Zamburug‘larning vegetativ tanasi ildiz, poya va barglarga bo‘linmagan. Ular ham sporalar bilan ko‘payadi. Zamburug‘ hujayralarida plastidalar va xlorofill bo‘lmaydi. Ularning hujayrasi qobiq, protoplazma va mag‘izdan iborat. Zamburug‘lar xuddi bakteriyalarga o‘xshash tayyor organik moddalar bilan saprofit yoki parazit holda oziqlanadi.
Zamburug‘larning vegetativ tanasi mitseliy deb ataladi. Mitseliy gifa deb ataladigan ingichka ipchalar yig‘indisidan iborat. Mitseliy bir yoki ko‘p hujayrali hamda bir-ikki yoki ko‘p mag‘izli bo‘ladi.
Voyaga yetgan ayrim zamburug‘ning vegetativ tanasidan spora hosil qiluvchi qismi o‘sib chiqadi. Bunga mevatana deyiladi. Mevatana odatda oyoqcha va qalpoqchalardan iborat bo‘lib, ularda sporalar yetishadi.
Zamburug‘lar vegetativ, jinssiz va jinsiy yo‘l bilan ko‘payadi.
Yer yuzidagi zamburug‘larning 100 000 dan ortiq turi fanga ma’lum. O‘zbekistonda 3 000 ga yaqin turi tarqalgan.