3. Bindusara. Ashoka hukumronligi davri. Chandragupta miloddan avvalgi 317 yildan keyin toju–taxtga ega bo‘ldi. Yustin, Strabon, Plutarx va boshqa yunon mualliflarining asarlarida Chandraguptaning Makedoniyalik Iskandar lashkarboshisi Selevk bilan o‘zaro aloqalari haqida aytiladi. Ularning o‘zaro to‘qnashuvlaridan so‘ng tinchlik o‘rnatish maqsadida Selevk Chandragupta saroyiga elchi Megasfenni yo‘llaydi. Ikki o‘rtada tuzilgan sulhga binoan Chandragupta Selevkka 500 jangovar fil taqdim etgan. Mauriylar ixtiyoriga esa Paropamisada, Araxosiya va Gedrosiya (hozirgi Pokiston va Eron hududida) o‘tadi. Bu voqea Megasfenning «Indika» asarida o‘z aksini topgan. Bizga bu asarning ayrim parchalarigina yetib kelgan. Antik mualliflardan Diodor Chandraguptani «yunonlarni hurmat qilgan hukmdor» deb tasvirlaydi. Chandragupta davlatining poytaxti Pataliputra bo‘lgan. Uni antik mualliflar katta, go‘zal va hashamatli shahar deb tasvirlaydi.
Chandragupta Hindistonning eng mashhur shohlaridan bo‘lib, turli afsonalar, rivoyatlar turkumi uning nomi bilan bog‘liq. Chandragupta taxtni taxminan 24 yil (miloddan avvalgi 317-293) boshqargan. So‘ng taxtga uning o‘g‘li Bindusara o‘tiradi. Qadimiy rivoyatlarda u «o‘z dushmanlariga qiron keltiruvchi» nomini olib, miloddan avvalgi 293-268 yillarda hukmronlik qilgan. Shu bilan birgalikda Bindusaraning Janubiy Hindiston xalqlari bilan aloqalari haqida mavjud ma’lumotlar ham ahamiyatga ega. Bindusara 16 poytaxt – shaharni egallab, davlati hududini «Sharqiy okeandan G‘arbiy okeanga» qadar yoydi. Yunon va Rim mualliflari Mauriy shohining Misr va Selevk imperiyalari bilan o‘rnatgan diplomatik munosabatlari haqida ma’lumotlar qoldirganlar.
Strabon Mauriy elchilari haqida yozib qoldirgan. Pliniy elchi yo‘llagan Misr shohining ismini Filadef deb ataydi. Bindusara hududiga Megasfendan so‘ng elchi Dionis yuborilgan. Antik davri tarixchilaridan Hindistonning bu hukmdori G‘arb bilan aloqani kuchaytirib, Chandragupta siyosatini davom ettirgani ma’lum. 3. Bindusara. Ashoka hukumronligi davri. Yunon tarixchilaridan Afiniy Selevk shohi Antiox bilan Bindusaraning bir-biriga maktub yo‘llaganini kayd etadi. Hind shohi Antioxdan o‘z saroyiga shirin musallas, quritilgan xurmo va shu bilan birga faylasuf yuborishini iltimos qiladi. Antiox xatga javoban xurmo bilan musallas yuborishimiz mumkin, ammo bizda faylasuflar sotilmaydi, deb yozadi. Turli manbalarda Bindusara davlatida braxman diniga e’tiqod qilinganligi ta’kidlangan. Bindusara vafotidan so‘ng uning o‘g‘illari orasida taxt uchun kurash boshlanib, pirovardida Pataliputra taxtini Ashoka egallaydi.
Ashoka davrida mauriylar sulolasi buyuk qudratga ega bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Ashoka hokimiyat uchun uzoq vaqt kurash olib borgan. Shu sababli u toj kiyish marosimini hokimiyatni qo‘lga olishidan 4 yil keyin o‘tkazgan. Mauriylar imperiyasi qadimgi Hindistonning mashhur arboblaridan biri, sulolaning uchinchi hukmdori Ashoka davrida gullab yashnadi. Uning davrida imperiya hududi shimolda Kashmir va Himolay, janubda Maysurgacha, shimoli-g‘arbda hozirgi Afg‘onistondan sharqda Bengal ko‘rfazigacha yoyilgan edi. Imperiya G‘arb va Sharq mamlakatlari bilan diplomatik aloqalar o‘rnatdi. Bu davlat o‘sha davrning yirik imperiyasiga aylanib, shon-shuhrati olamga yoyildi. Mamlakatda budda dini ham rivoj topdi.Bizgacha yetib kelgan Ashoka farmonlarida mauriylar siyosati, imperiyani boshqarish usullari va o‘sha davr tarixi haqida muhim ma’lumotlar bor. Farmonlarda mauriy shohi «Piyadasi Devanamniya» deb ataladi. Bu nom sanskritcha «Xudoga maqbul hukmdor» ma’nosini bildiradi. Piyadasi Ashokaning shaxsiy ismi bo‘lganligi ehtimoli ham mavjud. Ashoka ismi esa «g‘amdan xoli» degan ma’nosini bildirib, Kosambi o‘z monografiyasida Ashoka yoki Asoka nomini «g‘am bilmas» deb tarjima qiladi[14].
Shri-Lanka yilnomalariga ko‘ra Ashoka 37 yil, Purana ma’lumotlariga ko‘ra 36 yil davomida hukmdorlik qilgan. Shoh farmonlariga binoan, uning davrida Bengal ko‘rfazining janubiy sohilidagi Kalinga davlati bilan urushi eng katta hodisa bo‘lgan. Shoh bu to‘g‘rida quyidagilarni o‘n uch qoyaga o‘ydirib yozdirgan: «Sakkiz yil ichida shoh Piyadasi tomonidan Kalinga bosib olindi. 150 ming kishi asir olindi. 100 ming odam qatl etildi. Bundan ham ko‘prog‘i urushda halok bo‘ldi». Kalinga qo‘lga kiritilishi bilan mauriylar imperiyasi yanada qudratli bo‘ldi. Bu hudud nafaqat strategik jihatdan, balki savdo-sotiq nuqtai nazaridan ham qulay edi. Kalinga urushidan so‘ng Ashoka faol tashqi siyosat yuritdi. Katta qudratga ega Ashoka ba’zan harbiy kuch, ba’zan siyosiy usullar bilan g‘alabaga erishgan. Zabt etilgan yurtlarga maxsus elchilar yo‘llab, mahalliy hukmdorlarga ulkan va’dalar bergan. Rus olimi G.M.Bongard-Levin uzoq izlanishlardan so‘ng Ashokaning budda dini va dharmaning keng yoyilishiga e’tibor berganini aniqladi. Yuqorida aytilganidek, u ko‘p davlatlar bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan.
Jumladan, Selevk shohi Antiox, Misr hukmdori Ptolemey, Makedoniya shohi Antigon Tonat, Kirena shohi Mak va Epir shohi Iskandar huzuriga o‘z elchilarini yo‘llagan. Ashoka Seylon bilan ham yaqin munosabat o‘rnatgan. U o‘z o‘g‘li boshchiligidagi elchilarni Seylonga budda dinini yoyish maqsadida jo‘natganida, Seylon shohi unga taqlidan Devanampiya nomini oladi. U ham Magadxaga o‘z elchilarini yuborgan.
Mauriylar imperiyasi ulkan hududni egallagan edi. Bu imperiya tarkibiga etnik, til va madaniy jihatdan farq qilgan va diniy e’tiqodi, urf-odati turlicha bo‘lgan xalqlar birlashgan edi. Ashoka tarixchilari yozuvlariga ko‘ra, davlat hududi Janubiy okeandan Himolay tog‘lariga qadar yerlarni egallagan. Hozirgi Afg‘onistondagi Araxosiya ham mazkur imperiya tarkibiga kirgan. U janubda Chola, Keralaputra, Satyanura davlatlari bilan chegaralangan.
Mauriylar davrida monarxiya kuchaydi. Qabilalar boshqaruvi yoki respublika tizimining roli asta sekin tushib bordi. Mazkur jarayon Ashoka farmonlarida va «Artxashastra»da aytilgani kabi, davlatchilikning asosiy shiori «Davlat-bu shohdir» ma’nosini anglatadi. Vorislik qoidasiga qat’iyan rioya qilinar, shoh hayotligidayoq o‘g‘illaridan biri, odatda to‘ng‘ich o‘g‘lini taxt vorisi etib tayinlardi. Ammo ko‘pincha shahzodalar o‘zaro qizg‘in kurashdan so‘ng taxtga erishardilar. Taxtga chiqish maxsus marosim – abxisheka o‘tkazilgan. Mauriylar hokimiyati davrida Himolaydan Janubiy dengizlargacha yoyilgan hududning yagona hokimi – Chakravartin – ya’ni «hokimiyat g‘ildiragini aylantiruvchi» tushunchasi shakllandi. Bu to‘g‘rida «Artxashastra»da mufassal aytib o‘tilgan. Binobarin, mazkur jarayon ulkan imperiyaning barpo bo‘lishi bilan bog‘liq hind davlatchiligi tarixidagi yangi davrni ifoda etadi. Ashoka bitiklariga ko‘ra, mauriy shohi davlat tepasida turib, qonun chiqarish huquqiga ega bo‘lgan. U yirik davlat arboblarini o‘zi tayinlagan. U xazinabon ham oliy sud boshqaruvchisi bo‘lgan[15].
Shoh saroyida brahman zotidan bo‘lgan kohin muhim o‘rin tutgan. Hukmdor lavozimlarga o‘z odamlarini tayinlasa ham, ammo ular orasida maxfiy kuzatuvchilari bo‘lgan. Nopok amaldorlarini jazo tariqasida konlarda og‘ir ishlarni bajartirgan. Umuman, nazorat ishlariga katta ahamiyat berilgan. Faqat amaldorlar emas, balki oddiy aholi ham kuzatuv ostida bo‘lgan. Taxtga da’vogar – shahzodalar alohida nazorat ostida saqlangan. Shoh tunlari xufiya ayg‘oqchilarni qabul qilar, kunduzlari esa davlat ishlari yoki maishat bilan mashg‘ul bo‘lardi. Shohning o‘zi qo‘shinlarning bosh qo‘mondoni hisoblangan. Metasfen yozishicha, shoh Chandraguptaning 400 ming kishilik qo‘shini bo‘lgan.