Induktiv xulosa chiqarish (lot. inductio – yo‘naltirish) deb juz'iy bilim, fikrlardan umumiy bilim, fikrlarga o‘tish orqali xulosa chiqarishga aytiladi. Induktiv xulosa chiqarish asosida tajribada olingan yakka, juz'iy bilimlar yotadi va ularni umumlashtirish orqali umumiy xulosa chiqariladi. Sxemasi:
S1 P ga ega.
S2 R ga ega.
...................................
SN P ga ega.
S1. S2… SN K ga taalluqli.
Demak, K ning har bir qismi R ga ega.
Empirik tadqiqotning to‘liqligi va tugalligi nuqtai nazaridan induktiv xulosa chiqarishning ikki turi mavjuddir: 1. To‘liq induksiya, 2. To‘liqsiz induksiya
To‘liq induksiya shunday xulosa chiqarishdirki, unda ma'lum sinfga taalluqli hodisalardagi belgi va xususiyatlarning takrorlanishidan bu belgi va xususiyatlar barcha sinfga xosligi to‘g‘risida xulosa chiqariladi.
To‘liq induksiya yopiq, cheklangan guruhdagi kam sonli hodisalarni tekshirishda qo‘llaniladi. Bunda xulosa yakunlangan, natija to‘liq bo‘ladi. Masalan: Quyosh sistemasidagi planetalar miqdori, uchburchaklarning xillari, dunyodagi davlatlar soni, ma'lum territoriyadagi sanoat korxonalari miqdori va hokazo. Masalan:
Rossiya Federatsiyasi o‘z konstitutsiyasiga ega.
Belorussiya o‘z konstitutsiyasiga ega.
Ukraina o‘z konstitutsiyasiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi o‘z konstitutsiyasiga ega.
Rossiya Federatsiyasi, Belorussiya, Ukraina va O‘zbekiston Respublikasi mustaqil davlatlardir.
Demak, barcha mustaqil davlatlar o‘z konstitutsiyalariga egadir.
To‘liqsiz induksiyamiqdor jihatidan ko‘proq, hajm jihatidan kengroq bo‘lgan hodisalarni tekshirishga tatbiq etiladi. Bunda xulosa to‘liq yakunlanmagan bo‘ladi.
To‘liqsiz induksiyada sinfga oid ayrim hodisalar va ularning xossa- xususiyatlarini o‘rganib, ular qolgan boshqa hodisalarga ham hosdir, degan umumiy xulosa chiqariladi.
To‘liqsiz induksiya ko‘pincha tanlab olish metodi orqali sodir bo‘ladi.