Apakopa so‘z o‘zagidagi oxirgi unli yoki undoshning tushishi
hodisasidir: do‘st-do‘s, xursand-xursan, gazeta-gazit, smena-smen va hokazo.
Sinerezis hodisasiga ko‘ra so‘z o‘rtasida bir joyda kelgan ikki unlining
biri kuchsizlanadi va nutqda tushib qoladi. Ikkinchi unli fonema esa cho‘ziq
taffuz etiladi: maorif-mo:rif, saodat-so:dat, qiroat-qiro:t, jamoat-jamo:t. Bu
hodisa asl o‘zbekcha so‘zlarga xos emas.
Reduksiya so‘zning birinchi bo‘g‘inida biror unlining, odatda, tor
unlining kuchsizlanib talaffuz qilinishidir. Masalan, bir, bil, til so‘zlari bir
bo‘g‘inli bo‘lganligi va urg‘u shu so‘zdagi i unlisiga tushganligi tufayli bu
so‘zlardagi i unlisi me’yordagidek talaffuz qilinadi va eshitiladi. Lekin shu
so‘zlarning oxiriga ikkinchi bir bo‘g‘in qo‘shilishi bilan, urg‘u ham ikkinchi
bo‘g‘inga ko‘chadi. Natijada birinchi bo‘g‘inidagi i unlisi kuchsizlanadi va
eshitilar-eshitilmas holda sust talaffuz qilinadi: bilak, tilak, biroq. Birinchi
bo‘g‘indagi urg‘ularning ana shunday kuchsizlanib talaffuz qilinishi reduktsiya
hodisasiga misol bo‘la oladi (reduksiya so‘zining lug‘aviy ma’nosi
«kuchsizlanish», «orqaga qaytish», «pastga tushish» demakdir). Reduksiyaga
quyidagi so‘zlarning birinchi bo‘g‘inida kelgan i ning kuchsizlanib talaffuz
qilinishi ham misol bo‘la oladi: pishiq, shira, pishak, qiliq, ichak kabi.
Reduksiyaning ikkinchi bo‘g‘inda kelish hollari ham uchrab turadi. Bu hodisa
so‘zga uchinchi bo‘g‘in qo‘shilganda sodir bo‘ladi - ikkinchi bo‘g‘indagi unli
tamoman kuchsizlanib, tushib qoladi. Masalan, burun-burni, bo‘yin-bo‘yni,
egin-egni, keyin-keyini singari.
Eliziya. Unli bilan tugovchi va unli bilan boshlanuvchi ikki so‘zning
qo‘shilishi natijasida unli tovushdan birining tushib qolish hodisasidir. Bunda
bir necha holat kuzatiladi: a) birinchi so‘z oxiridagi unli tushib qoladi: yoza
oladi - yozoladi, bora oladi - boroladi, qora ot- qorot: b) unli bilan
boshlanuvchi ikkinchi so‘zning bosh unlisi tushib qoladi: borar ekan -
borarkan, borar emish-borarmish, yozgan ekan - yozgankan kabi: v)
Abdusalom so‘zining Absalom, Abdujabbor so‘zining Abjabbor, olib kel
so‘zining opke tarzida talaffuz qilinishi natijasida bir unli va bir undoshning
tushib qolishi ham eliziyaning yuqori, murakkablashgan formasi hisoblanadi.
Eliziyaning murakkablashishi natijasida so‘zlarning qisqargan shakli hosil
bo‘ladi.