MOOC platformalarida ta’lim olish usullarining quyidagi turlari mavjud: • kurslarda oʻqish va sertifikat olish – bepul;
• kurslarda oʻqish – bepul, sertifikat olish – pullik;
• kurslarda oʻqish va sertifikat olish – pullik.
Bugungi kunda MOOCning keng tarqalgan ikkita turi mavjud: cMOOCs (ingl. «connectivity MOOC» – bog‘langan MOOC). Asosiy tamoyillari — ommaviylik, ochiq roʻyxatdan oʻtish, ma’lumotlardan kursni tugatguncha foydalanish, ta’lim oluvchilarning teng huquqliligi, ya’ni talaba va oʻqituvchi — bitta jamoa. Bunday kurslarda ta’lim oluvchilarning oʻzaro munosabati alohida ahamiyat kasb etadi. Ta’lim bir-biri bilan bog‘langan onlayn guruhlarda olib boriladi va ta’lim oluvchilar blog, ijtimoiy tarmoq va hokazolar orqali bir-birlari bilan faol muloqotda boʻlishadi. Ta’limning bunday turi turli soha mutaxassislarini oʻxshash qiziqishlari negizida birlashtiradi, ta’lim oluvchilar orasidan yagona g‘oya ustida izlanishlar olib borayotgan shaxslarni hamkorlikka chaqiradi. Kamchiligi — ta’lim oluvchilar kurs oʻqituvchisi tomonidan baholanmaydi.
xMOOCs (ingl. «eXtended MOOC» – kengaytirilgan MOOC) — nufuzli ta’lim muassasalari tomonidan taklif etilgan ochiq onlayn kurslar. MOOC kurslari ta’lim muassasalari oʻqituvchilari tomonidan ta’lim muassasasi dasturlari asosida yaratiladi va oʻqish belgilangan grafik asosida olib boriladi. Bunday kurslar oʻquv jarayonini tashkil etish uchun juda qulay va ta’lim modeli jihatidan an’anaviy oʻqitishga oʻxshab ketadi. Kurslarda ta’lim oluvchilar topshirishi kerak boʻlgan vazifalar, ularning bajarilish muddati, kurs oxirida imtihon belgilangan boʻlib, barcha jarayon oʻqituvchi tomonidan nazorat qilinadi.
MOOClar material va topshiriqlarni taqdim etishiga koʻra quyidagi turlarga boʻlinadi: • task-based MOOCs (topshiriqqa asoslangan MOOClar). Bu kurslar topshiriqlarga asoslangan boʻlib, ta’lim oluvchidan belgilangan turdagi vazifalarni bajarish talab etiladi. Ular berilgan masalani yechish yoki loyiha ustida guruh bilan hamkorlikda ishlashni taklif etadi. Ta’lim oluvchilar belgilangan sondagi topshiriqni muvaffaqiyatli bajarganlaridan keyin, kursning maqsadida koʻrsatilgan natija va koʻnikmalarga ega boʻlishadi;
• content-based MOOCs (kontentga asoslangan MOOClar). Bu kursda asosiy faoliyatni oʻqituvchilar olib borishadi. Bu kurslarda ta’lim oluvchilar an’anaviy usulda baholanadi. Bunda belgilangan topshiriqlarni bajarishdan tashqari, oʻzlashtirilgan bilimlar ham muhim oʻrin tutadi;
• network-based MOOCs (tarmoqqa asoslangan MOOClar). Kurslarda ta’lim olish natijasida nafaqat belgilangan kontentni oʻzlashtirish, koʻnikmaga ega boʻlish, balki boshqa ta’lim oluvchilar bilan muloqot natijasida qandaydir samaraga ham erishish mumkin. Aynan shu jihatidan cMOOCsdagi jamoa va hamkorlikdagi ta’lim nazariyasiga asoslangan.