Avtotransport korxonalarida umumxoʻjalik faoliyatdan olingan moliyaviy natijalarning hisobi.
Avtotransport korxonalari, oldingi mavzularda ta’kidlab oʻtganimizdek, asosiy faoliyatdan tashqari boshqa asosiy boʻlmagan faoliyat turlari bilan ham shugʻullanishlari mumkin. Bunday faoliyat turlariga, jumladan ularning investitsiya faoliyati, moliyaviy faoliyati, emissiya faoliyati va boshqalar kiradi. Ushbu faoliyat turlari boʻyicha erishilgan moliyaviy natijalar ham mos ravishda ularga doir daromad, xarajat hamda foyda yoki zarar koʻrsatkichlari bilan tavsiflanadi. Bu koʻrsatkichlar bilan birgalikda topilgan moliyaviy natijalar avtotransport korxonalarining umumxoʻjalik faoliyatidan olingan moliyaviy natijalarini ifodalaydi.
Avtotransport korxonalarida umumxoʻjalik faoliyatidan olingan daromadlarga boshqa yuridik shaxslarga kiritilgan moliyaviy investitsiyalardan dividend, royalti va foiz koʻrinishida olingan daromadlar, shuningdek uzoq muddatli ijaradan, valyuta kurslarini ijobiy tomonga oʻzgarishidan, qimmatli qogʻozlarni qayta baholashdan olingan daromadlar kiradi. Ushbu daromadlar hisobot davrida 9500 «Moliyaviy faoliyatdan daromadlarni hisobga oluvchi schyotlar» tizimida ochiladigan alohida schyotlarning kreditida aks ettiriladi. Bunda asosiy boʻlmagan faoliyat turlaridan olingan boshqa daromadlarning aniq turlarini ifodalovchi schyotlar, Chunonchi 4010, 4310, 4810, 4820, 4830, 4840, 4850, 5210, 5220, 5810,
6230 va boshqalar debetlanadi. Hisobot davr oxirida 9500 «Moliyaviy faoliyatdan daromadlarni hisobga oluvchi schyotlar» tizimida ochiladigan alohida schyotlarning kreditida toʻplangan summa 9910 «Yakuniy moliyaviy natija» schyotiga oʻtkaziladi va shu yoʻl bilan ular yopiladi.
Avtotransport korxonalarining umumxoʻjalik faoliyatiga doir xarajatlarga olingan kredit va qarzlar uchun toʻlanadigan foizlar, valyuta kurslarini salbiy tomonga oʻzgarishidan, qimmatli qogʻozlarni qayta baholashdan koʻrilgan zararlar kiradi. Ushbu xarajatlar va zararlar hisobot davrida 9600 «Moliyaviy faoliyatga doir xarajatlarni hisobga oluvchi schyotlar» tizimida ochiladigan alohida schyotlarning debetida aks ettiriladi. Bunda asosiy boʻlmagan faoliyat turlariga doir xarajat va zararlarning aniq turlarini ifodalovchi schyotlar, Chunonchi 6010, 6310, 6910, 6920, 6990, 5020,
5210, 5220, 5810 va boshqalar kreditlanadi. Hisobot davr oxirida 9600
«Moliyaviy faoliyatga doir xarajatlarni hisobga oluvchi schyotlar» tizimida ochiladigan alohida debetida toʻplangan summa 9910 «Yakuniy moliyaviy natija» schyotiga oʻtkaziladi va shu yoʻl bilan ular yopiladi.
Umumxoʻjalik faoliyatiga doir daromad va xarajatlar oʻrtasidagi farq avtotransport korxonalarining umumxoʻjalik faoliyatidan olingan foydasi yoki undan koʻrilgan zararini bildiradi. Ushbu foyda yoki zarar arifmetik yoʻl bilan 9500 «Moliyaviy faoliyatdan daromadlarni hisobga oluvchi schyotlar» hamda 9600 «Moliyaviy faoliyatga doir xarajatlarni hisobga oluvchi schyotlar»ning 9910 «Yakuniy moliyaviy natija» schyotining mos ravishda kredit va debet tomonlariga oʻtkazilgan ma’lumotlar asosida topiladi.
Avtotransport korxonalarining umumxoʻjalik faoliyati moliyaviy natijalarini ifodalovchi koʻrsatkichlarga yuqoridagi koʻrsatkichlardan tashqari soliq toʻlagunga qadar boʻlgan foyda (zarar) va daromad (foyda) soligʻiga tortiladigan foyda (zarar) koʻrsatkichlari ham kiradi.
Avtotransport korxonalarining soliq toʻlagunga qadar boʻlgan foydasi (zarari) ularning umumxoʻjalik faoliyatidan olingan foyda (zarar) summasiga favqulotdagi foyda summasini qoʻshish hamda favqulotdagi zarar summasini ayirish yoʻli bilan topiladi. 21-son BHMSga muvofiq avtotransport korxonalarida favqulotdagi daromadlar 9710 “Favqulotdagi foyda” schyotining kreditida hisobga olinadi. Bunda favqulotda olingan yoki hisoblangan foydaning turlarini koʻrsatuvchi schyotlar, masalan 0100, 0400, 0700, 1000, 4890, 5010, 5110 va boshqa schyotlar debetlanadi. Favqulotdagi zararlar hisobi 9720 “Favqulotdagi zararlar” schyotining debetida yuritiladi. Bunda favqulotdagi hodisalardan koʻrilgan zararlarning aniq moddalarini koʻrsatuvchi schyotlar, masalan, 0100, 0400, 0700, 1000, 5010, 5110, 6990 va boshqa schyotlar kreditlanadi. Hisobot davri oxirida 9710 “Favqulotdagi foyda” schyotining kreditida hamda 9720 “Favqulotdagi zararlar” schyotining debetida toʻplangan summalar mos ravishda 9910 «Yakuniy moliyaviy natija» schyotiga oʻtkaziladi va shu yoʻl bilan ushbu schyotlar yopiladi.
Dostları ilə paylaş: |