7-mavzu. SOLIQLARNI UNDIRISH MEXANIZMI VA UNI TAKOMILLASHTIRISH Soliq qarzlarining vujudga kelish sabablari hamda soliqlarni undirish yuzasidan amalga oshiriladigan tadbirlar
Soliqlarini undirish yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar
Soliqlarni undirish mexanizmini takomillashtirish
7.1. Soliq qarzlarining vujudga kelish sabablari hamda soliqlarni undirish yuzasidan amalga oshiriladigan tadbirlar Soliq to‘g‘risidagi qonunchilik bilan soliq to‘lovchilar zimmasiga yuklatilgan soliqlarni va yig‘imlarni to‘g‘ri hisoblab chiqarish hamda o‘z vaqtida to‘lash majburiyati ularning soliq majburiyatidir.
Soliq to‘g‘risidagi qonunchilik bilan soliq agentlarining zimmasiga yuklatilgan, o‘ziga nisbatan ushbu shaxslar soliq agentlari deb e’tirof etiladigan munosabatlar doirasida soliqlarni to‘g‘ri hisoblab chiqarish, ushlab qolish va o‘z vaqtida o‘tkazish majburiyati soliq majburiyatiga tenglashtiriladi1.
Soliq qonunchiligiga muvofiq zimmasiga soliqlar va yig‘imlarni to‘lash majburiyati yuklatilgan jismoniy shaxslar, yuridik shaxslar va ularning alohida bo‘linmalari soliq to‘lovchilardir.
Ularga quyidagi majburiyatlar yuklatiladi:
soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida va to‘liq hajmda bajarish; qonun hujjatlariga muvofiq buxgalteriya hisobini yuritish, moliyaviy va soliq hisobotini tuzish; hududiy Davlat soliq inspeksiyasiga va boshqa vakolatli organlarga imtiyozlar olish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish;
soliq tekshiruvlari o‘tkazilayotgan vaqtda hududiy Davlat soliq
inspeksiyasiga soliqlar va yig‘imlarni hisoblab chiqarish, to‘lash bilan bog‘liq hujjatlar hamda ma’lumotlarni taqdim etish; hududiy Davlat soliq inspeksiyasining va boshqa vakolatli organlarning hamda ular mansabdor shaxslarining qonuniy talablarini bajarish, shuningdek, mazkur organlarning, ular mansabdor shaxslarining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilmaslik; soliqlar va to‘lovlarni to‘g‘ri va o‘z vaqtida hisoblab chiqarish, hamda byudjetga va davlat maqsadli jamg‘armalariga o‘tkazish, shuningdek, qonun hujjatlariga muvofiq boshqa soliqqa oid majburiyatlar.
Shuning uchun ham, o‘tilgan “soliqlarni undirishning zarurligi”, “soliqlarning o‘z vaqtida undirilishi” va “soliqlarning o‘z vaqtida byudjet ixtiyoriga o‘tkazilishi” bilan bog‘liq bo‘lgan jarayonlarni alohida-alohida emas, balki bir-biri bilan uzviy bog‘liqlikdagi jarayon sifatida qaramoq lozimdir.
Shu o‘rinda “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida ham bu masalaga alohida e’tibor berilganligini ham qayd etib o‘tishimiz kerak. Konstitutsiyaning 63-moddasida “Fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va mahalliy yig‘imlarni to‘lashga majburdirlar”,2- deb yozib qo‘yilgan.
Soliq kodeksining 8-moddasidagi “Soliq solishning majburiyligi prinsipi”da keltirilishicha: “Har bir shaxs Soliq kodeksida belgilangan soliqlar va unda nazarda tutilgan yig‘imlarni to‘lashi shart”.3 Yurtboshimiz Shavkat Miromonovich ta’kidlaganlaridek, “Fuqarolarimiz soliqdan qochish emas, uni vaqtida to‘lashdan manfaatdor bo‘lishi zarur”4.
Soliqlarning byudjetga o‘z vaqtida tushumini ta’minlashning obyektiv zarurligiga tegishli bo‘lgan holatlarni shartli ravishda uch bosqichga bo‘lib o‘rganishning maqsadga muvofiq ekanligini aniqlash uncha murakkab emasdir.
Dastlabki yoki birinchi bosqich o‘z ichiga qadimgi dunyo davridan o‘rta asrlarning boshlariga tegishli bo‘lgan davrni o‘z ichiga olib, bu davrlarda soliqlarni byudjetga o‘z vaqtida undirishning obyektiv zarurligi tan olingan bo‘lsa-da, davlatning o‘zi bu vazifani bevosita bajarmagan. Soliqlarni undirish quyi bo‘g‘inning, shahar yoki jamoalarning, ko‘pchilik hollarda esa sotib oluvchilarning yordami tufayli amalga oshirilgan. Bu bosqichda soliqlarning undirilishi ustidan davlat nazorati o‘rnatilmagan.
Ikkinchi bosqichda (XVI-XIX asrning boshlarida) mamlakatlarda davlatning moliyaviy tashkilotlari paydo bo‘ladi. Bu davrda davlat soliq undirishga xos bo‘lgan soliqqa tortish kvotasini o‘rnatish, soliqlarning undirilish jarayonini nazorat qilish, uning undirilish chegarasini belgilash kabi funksiyalarni o‘z zimmasiga oladi. Shunday bo‘lishiga qaramasdan, bu ikkinchi bosqichda ham, sotib oluvchilarning soliqlarni undirishdagi roli kattaligicha qolavergan.
Sotib oluvchilarning xizmatidan foydalanishning ma’nosi shundan iboratki, egri (bilvosita) soliqlar, favquloddagi soliqlar yoki yangidan joriy etilayotgan soliqlarning ayrimlari ularning aniq bo‘lishi bilan bir vaqtning o‘zida savdoga qo‘yilgan. Soliq uchun kim eng yuqori bahoni belgilasa, soliqni undirish huquqi o‘shanga sotilgan. Undan so‘ng esa sotib oluvchi u yoki bu soliqni undirish borasida davlat vakolatiga ega bo‘lgan holda o‘zining yordamchilari bilan birgalikda soliq undirish huquqini sotib olishda ketgan xarajatlarni qoplash va foyda olish maqsadida soliqni undirib olish bilan shug‘ullangan. O‘z mexanizmida juda katta kamchiliklarga ega bo‘lishiga qaramasdan davlat ana shu tartibdan uzoq yillar davomida foydalangan va uning bu tarzda ish tutishining asosiy sabablaridan biri soliqlarning o‘z vaqtida byudjetga tushumini ta’minlashning obyektiv zarurligi bilan belgilanadi.
Soliqlarning byudjetga o‘z vaqtida tushumini ta’minlashning ahamiyati quyidagi yo‘nalishlarda namoyon bo‘ladi.
Birinchidan, soliqlarning byudjetga o‘z vaqtida tushumini ta’minlash byudjetdan qilinadigan ijtimoiy-madaniy tadbir xarajatlarini (maorif, sog‘liqni saqlash va sport, fan, madaniyat, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy ta’minot va boshqalar) o‘z vaqtida moliyalashtirish imkonini beradi.
Ikkinchidan, aholini ijtimoiy jihatdan himoya qilish xarajatlarining o‘z vaqtida byudjetdan moliyalashtirilishi ham byudjetga soliqlarning o‘z vaqtida tushumini ta’minlashning ahamiyatini ko‘rsatuvchi yana bir omildir. Agar aholini ijtimoiy jihatdan himoya qilish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarning asosiy qismi so‘nggi yillarda kam ta’minlangan va ko‘p bolali oilalarga mo‘ljallanganligi inobatga olinsa, bu narsa soliqlarning byudjetga o‘z vaqtida tushumini ta’minlashning naqadar ahamiyatli ekanligini yana bir bor yaqqol ko‘rsatadi.
Uchinchidan, bozor iqtisodiyoti sharoitida iqtisodiyot tarmoqlarining mutanosib rivojlanishini ta’minlashdan davlatning o‘zi ham manfaatdor bo‘lganligi uchun byudjetdan ham ma’lum bir xarajatlarning qilinishini taqozo etadi, bu xarajatlarning byudjetdan o‘z vaqtida amalga oshirilishini soliqlarning byudjetga o‘z vaqtida tushumini ta’minlamasdan amalga oshirish mumkin emas.
To‘rtinchidan, yuqorida uchinchi punktda qayd etilgan holat bilan bir vaqtning o‘zida davlat iqtisodiyotning ayrim tarmoqlarini ustuvor rivojlanishini ta’minlash maqsadida byudjetdan markazlashtirilgan investitsiyalarni moliyalashtirish uchun ham kattagina hajmdagi xarajatlarni amalga oshirishga majburdir, bu muammoni ham soliqlarni byudjetga o‘z vaqtida tushumini ta’minlamasdan turib bajarib bo‘lmaydi.
Beshinchidan, soliqlarning byudjetga o‘z vaqtida tushumini ta’minlanmasligi davlat hokimiyati, boshqaruv va sud organlari hamda fuqarolarning o‘z-o‘zini boshqarish organlarini saqlash bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarning, rezerv fondini shakllantirish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarning va byudjetdan qilinadigan boshqa xarajatlarning o‘z vaqtida moliyalashtirilishiga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatadi. Bularning barchasi soliqlarning byudjetga o‘z vaqtida tushumini ta’minlashning ahamiyati naqadar katta ekanligini ko‘rsatib turibdi.
Soliqlar va to‘lovlarning byudjetga o‘z vaqtida va to‘liq tushishini ta’minlash, soliq va to‘lov intizomini mustahkamlash, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning byudjet oldidagi o‘z majburiyatlarini bajarishlari uchun mas’uliyatini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Byudjet bilan hisob-kitoblar uchun xo‘jalik yurituvchi subyektlarning mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-1504-son farmoni qabul qilindi.
Mazkur farmonga muvofiq, Davlat soliq qo‘mitasiga soliqlar va byudjetga to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlarni korxonaning mulki hisobidan undirib olish huquqi berildi.
Muddatida to‘lanmagan soliqlarni undirish bilan bog‘liq bo‘lgan qonun hujjatlarida asosan soliq organlarining huquqlari, soliq to‘lovchilarning majburiyatlari belgilab berilgan.
Qonun hujjatlarida, soliq qarzini majburiy undiruvdagi ahamiyati jihatidan ko‘rib chiqilsa, avvalambor, O‘zbekiston Respublikasining 29-avgust 1997-yildagi
“Davlat soliq xizmati to‘g‘risida”gi Qonuniga to‘xtalib o‘tishni taqozo qiladi. Soliq qonun bilan belgilangan Davlat soliq xizmati organlarining huquqlaridan biri, soliq to‘lovchiga majburiyatini bajarishi zarurligi haqida hamda soliq qarzini majburiy undirish yuzasidan ko‘riladigan choralar to‘g‘risida talabnoma yuborish vakolati hisoblanadi.
Soliq qarzini majburiy undiruv bilan bog‘liq bo‘lgan eng asosiy hujjat Soliq kodeksi hisoblanadi. Soliq kodeksida soliq qarzini majburiy undirishning barcha jarayonlari o‘z aksini topgan.
Muddatida to‘lanmagan soliqlar va to‘lovlarni undirish mexanizmi tarkibiy jihatdan (harakatlantiruvchi kuchlari) uch qismdan iboratdir:
“Soliq to‘lovchilar”, “Soliq agentlari”, “Soliq to‘lovchilarning vakillari”;
Vakolatli organlar;
Normativ-huquqiy hujjatlar.
Muddatida to‘lanmagan soliqlar va to‘lovlarni undirish mexanizmining har bir tarkibiy qismi, o‘z navbatida, bir necha elementlardan iboratdir.
Qarzdorlarni tarkibiy qismi sifatida O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi 20,23 ва 24-moddalariga asosan “Soliq to‘lovchilar”, “Soliq agentlari”, “Soliq to‘lovchilarning vakillari” kabi elementlardan tashkil topgan.
Soliq to‘lovchilar Soliq kodeksiga muvofiq zimmasiga soliqlar va yig‘imlarni to‘lash majburiyati yuklatilgan yuridik va jismoniy shaxslar va ularning alohida bo‘linmalaridir.
Soliq agentlari tomonidan Soliq kodeksiga muvofiq zimmasiga soliqlar hamda yig‘imlarni hisoblab chiqarish soliq to‘lovchidan ushlab qolish hamda byudjetga va davlat maqsadli jamg‘armalariga o‘tkazish majburiyati yuklatilgan shaxslardir.
Soliq to‘lovchining vakillari qonunga yoki ta’sis hujjatiga muvofiq soliq to‘lovchining vakili bo‘lishiga vakolatli shaxslardir. Vakolatli organlar quyidagilardir:
soliq organlari – O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalari, shuningdek, tumanlar (shaharlar) davlat soliq inspeksiyalari;
bojxona organlari – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmalari, “Toshkent – AERO” maxsus bojxona kompleksi va bojxona postlari; yig‘imlarni undirish funksiyasini amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar.5 O‘zbekiston Respublikasida amaldagi soliq qonunchiligiga muvofiq xo‘jalik yurituvchi subyekt hisoblangan soliq va yig‘imlarni muddatida byudjetga o‘tkazib bermasa yoki to‘lashdan bo‘yin tovlasa u holda, Soliq xo‘jalik yurituvchi subyekt byudjet oldida soliq qarziga ega bo‘ladi.
Soliq kodeksining 55-moddasida soliq qarziga ta’rif berib o‘tilgan va unga ko‘ra: “hisoblab chiqarilgan (hisoblangan) va belgilangan muddatlarda to‘lanmagan soliqlarning, shu jumladan ular bo‘yicha bo‘nak va joriy to‘lovlarning summalari, shuningdek, Soliq kodeksida belgilangan muddatda to‘lanmagan moliyaviy sanksiyalar va penyalar soliq qarzi, deb e’tirof etiladi”.6