9-mavzu. XALQARO TRANSPORT FAOLIYATLARI LOGISTIKASI
1.2. Jahon xo‘jaligining globallashuvi xalqaro logistikaning oyoqqa turish omili sifatida
Xalqaro logistikaning rivojlanishi, logistik vazifalarning qo‘yilishi va ularning samarali hal qilinishi jahon bozoridagi tendensiyalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq bo‘ladi. Hozirgi kunda jahon iqtisodiyoti doimo rivojlanib boruvchi globallashish va ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi kuchli raqobat sharoitlarida ishlab chiqarish xarajatlarining o‘sishi yo‘lidan bormoqda. Bugungi kunda globallashish tendensiyasi jahon makrologistika tizimlarining rivojlanishida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bu tendensiya bir tomondan, yirik transmilliy korporatsiyalar (TMK) va moliya-sanoat guruhlari (MSG) uchun xarakterli bo‘lgan tayyor mahsulotni sotish bozorlari, ishlab chiqarish, moddiy-texnik ta’minot, ishchi kuchi, kapitalning globallashuvini, ikkinchi tomondan esa – davlatlararo makrologistik transport-logistika, telekommunikatsiya, distribyusiya tizimlarining yaratilishi va rivojlanishini aks ettiradi.
Kompaniyalarni jahon bozoriga chiqishga undaydigan sabablar juda ko‘plab topiladi. O‘sishga bo‘lgan intilish va raqobat kurashida jon saqlab qolish kompaniyalarni xalqaro munosabatlarni rivojlantirishga majbur qiladi. Shu bilan birgalikda texnologiyalar va ishlab chiqarish quvvatlarining rivojlanishi ham ularga xo‘jalik faoliyatini globallashtirishni osonlashtiradi.
Keyingi yillarda ko‘pgina yirik kompaniyalarning vakillari global bozor tomonidan taqdim qilinadigan imkoniyatlarni tadqiq qilish zarurligini anglab etdilar. Masalan, ko‘pgina firmalar logistikani samarali qo‘llash va moddiy resurslarni samarali boshqarishni tashkil qilish uchun xorijiy xomashyo manbalarining potensialini baholash zarurligini tushunib etdilar. Tayyor mahsulotni eksport qilish va xorijdagi bozorlarga suqilib kirish jarayonida butun jahonga yoyilgan global (xalqaro) logistika tizimlari va tarmoqlarini tashkil qilish zarurligi ravshan bo‘lib qolgan [9, 8-bet].
Bir paytning o‘zida yirik kompaniyalar yangi tovarlarni sotish bozorlari va yangi xomashyo manbalarini qidirishda marketing tadqiqotlarini o‘tkazish sohasini geografik jihatdan kengaytirmoqdalar. Bir qator xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar global logistik konsepsiyalarni joriy qilishda unumdorlik, samaradorlik va differensiatsiyani oshirish hisobiga raqobat ustunligini qo‘lga kiritish imkoniyatini ko‘rmoqdalar [5, 10 bet].
Globallashish fenomenini izohlaydigan sabablarni tahlil qilish oltita majmuaviy omilni ajratish imkonini beradi, ularning qisqacha tavsifi 3.2 jadvalda keltirilgan.
Jahon iqtisodiyotidagi zamonaviy globallashish jarayonlarini chuqurroq tushunish uchun uning tarixini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ikkinchi jahon urushi tugagandan keyin ko‘pgina mamlakatlarning iqtisodiyotining rivojlanishi iqtisodiy o‘sish va ko‘tarilish tendensiyasi bilan tavsiflanadi, jahon savdosi va logistika sohasidagi sarf-xarajatlar doimo o‘sib borgan. Xalqaro savdo hajmlarining o‘sish sur’atlari jahon ishlab chiqarishining o‘sish sur’atlaridan ikki martaga oshiq bo‘lgan, shu munosabat bilan 1950 yildan boshlab xalqaro savdo eksporti hajmi qariyb 10 martaga oshgan, jahon tovar ishlab chiqarish hajmi esa – taxminan 5 martaga oshgan.
3.2 jadval.
Biznesning globallashuvini shartlaydigan omillar [9, 9-bet].
Omil
Qisqacha tavsifi
Iqtisodiy
Kapitalning katta konsentratsiyalanishi va markazlashuvi, transmilliy kompaniyalar va moliya-sanoat guruhlarining o‘sishi, xalqaro kooperatsiya va mehnat taqsimoti, xalqaro marketing, elektron savdolar, xalqaro logistika
Siyosiy
Davlat chegaralari tobora shaffoflashib boradi, odamlar, tovarlar va kapitalning ko‘chishi uchun tobora ko‘proq erkinlikni taqdim qiladi
Xalqaro
Globallashishning dinamikasi globallashish jarayonini rag‘batlantiradigan yirik xalqaro voqe’liklar bilan bog‘lanadi:
Evropa Ittifoqining tashkil qilinishi (Evropa hamjamiyatlarining 1985 yilda Lyuksemburgda bo‘lib o‘tgan konferensiyasi), u tovarlar, odamlar, xizmatlar va kapitalning xalqaro harakatida 4 ta erkinlikni e’lon qilgan Evropa aktini qabul qilgan (1987 yilda kuchga kirgan)
1986 yilda Punta-del-Esteda bo‘lib o‘tgan GATT konferensiyasi, 8 yil davom etgan Urugvay muzokaralari raundini boshlab bergan (asosan tariflarni pasaytirish va savdodagi cheklashlarni bartaraf qilish bo‘yicha)
Germaniyaning birlashi, Iqtisodiy Hamkorlik Kengashining tugashi, “sovuq urush” ning tugashi va boshqalar
Texnik
Zamonaviy transport vositalari, axbort tizimlari va texnologiyalari, aloqa va telekommunikatsiyalar, avtomatlashgan qayishqoq ishlab chiqarishning rivojlanishi axborot, texnologiyalar, tovarlar, mablag‘larning tezda yoyilishi uchun misli ko‘rilmagan imkoniyatlarni yaratadi
Jamoatchilik
An’analar, ijtimoiy aloqalar va urf-odatlarning zaiflashishi odamlarning geografik, ma’naviy va emotsional jihatdan safarbarligini oshiradi
Liberallashish
Ko‘pgina mamlakatlarda bojxona, savdo, soliq qonunchiligining liberallashishi,transportni tartibga solish iqtisodiy faoliyatning baynalminallashuvi tendensiyasini kuchaytiradi
Xalqaro savdo-sotiqning barqaror o‘sishiga quyidagi omillar ta’sir ko‘rsatgan:
– xalqaro mehnat taqsimoti va ishlab chiqarishning baynalminallashuvining rivojlanishi;
– ilmiy-texnik revolyusiya, u tufayli asosiy kapital yangilangan, iqtisodiyotning yangi tarmoqlari paydo bo‘lgan va eskilarini rekonstruksiyalash tezlashgan;
– jahon bozorida transmilliy korporatsiyalarning faol tarzdagi faoliyati;
– xalqaro savdoning tariflar va savdo to‘g‘risidagi Bosh Kelishuv (GATT) tadbirlari vositasida tartibga solinishi (liberallashishi);
– ko‘pgina mamlakatlarda savdoning liberallashuvi, importga miqdoriy cheklashlarni bekor qilish va bojxona to‘lovlarini sezilarli darajada pasaytirishni ko‘zda tutuvchi erkin iqtisodiy zonalarning tashkil qilinishi;
– savdo-iqtisodiy integratsiyalanish jarayonlarining mintaqaviy to‘siqlarni bartaraf qilish, umumiy bozorlar va erkin iqtisodiy zonalarni yaratishni ko‘zda tutadigan rivojlanishi;
– sobiq mustamlaka mamlakatlarining siyosiy mustaqillikni qo‘lga kiritishi va ulardan ba’zilarining tashqi bozorga yo‘naltirilgan iqtisodiyot modeliga ega bo‘lgan yangi sanoatlashgan mamlakatlarga aylanishi [5, 13-bet].
XX asrning ikkinchi yarmida tashqi savdoning dinamikasidagi notekislik yaqqol ko‘zga tashlanib qolgan, u jahon bozoridagi kuchlar nisbatiga ta’sir ko‘rsatgan. AQSH o‘zining ustivorlik holatini boy bera boshlagan: 1950 yilda unga jahon eksportining 1/3 qismi to‘g‘ri kelgani holda, 1990 yilga kelib bu ko‘rsatkich 1/8 ni tashkil qilgan. G‘arbiy Evropa xalqaro savdoning bosh markaziga aylangan, uning eksporti AQSH ning eksportiga qaraganda qariyb 4 martaga oshiq bo‘lgan.
1992 yilda Evropa Ittifoqi (EI) bojxona to‘lovlarini bekor qilish, mehnat va kapitalning erkin harakati, shuningdek evro asosidagi yagona pul tizimini ko‘zda tutadigan yagona iqtisodiy kenglikka aylangan. Shimoliy Amerika erkin savdo zonasining ishtirokchilari – AQSH, Kanada va Meksika o‘rtasida etarlicha jips integratsiya kuzatiladi. Sobiq ittifoqning parchalanib ketgandan keyin aksariyat sobiq Respublikalar umumiy iqtisodiy kenglikning elementlarini ta’minlaydigan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga (MDH) a’zo bo‘lgan [10, 287-bet].
Jahon savdo-iqtisodiy bloklarining tashkil topishi erkin savdo zonalarining yaratilishi bilan bir paytda sodir bo‘lgan. Jahon bankining ma’lumotlariga ko‘ra, XX asrning 90-yillarida jahon savdosining taxminan 42 % i erkin zonalar doirasida amalga oshirilgan, ularning orasidan ko‘proq ahamiyatga molik bo‘lganlari Evropa erkin savdo assotsiatsiyasi (EAST), Evropa Ittifoqi (ES), Shimoliy Amerika erkin savdo zonasi (NAFTA), Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (ATES) va boshqalar bo‘lib hisoblanadi. Ularda bojxona tariflarining o‘rtacha stavkasi odatdagi savdo tizimlariga qaraganda 3 % va undan ham ko‘proqqa pastroqni tashkil etadi. [10, 289-bet].
XX asrning oxirgi choragida xalqaro iqtisodiy munosabatlar tizimida, jumladan, xalqaro tovar almashinish sohasida Osiyo-Tinch okeani mintaqasining roli oshgan. Jahon Bankining ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilga borib jahon savdosining 40% dan oshig‘i Tinch okeani havzasiga to‘planadi.
Global bozorda integratsiya darajasining o‘sishi, xususan, ko‘p sonli transmilliy korporatsiyalarning yaratilishi biznes tizimiga, avvalambor distribyusiya sferasiga global logistika zanjirlari va kanallarini joriy qilish zaruratini dunyoga keltirgan. Logistik menejment sohasi bo‘yicha G‘arbdagi etakchi mutaxassislar D. Bauersoks va D. Klossning fikriga ko‘ra, logistikada zamonaviy globallashishning asosiy harakatlantiruvchi kuchlari quyidagilar bo‘lib hisoblanadi (3.2 rasm [11]):