Ikkinchi belgi. Rivojlangan tashkiliy madaniyatning mavjudligi.
Oldingi paragrafda ta’kidlab o‘tilganidek, jamoada me’yorlar tizimlarini, qadriyatlarni, urf-odatlar va an’analarni yuqori darajada shakllantirmasdan turib, ta’lim sifatini boshqarib bo‘lmaydi. Bularning hammasi ta’lim jarayonining barcha qatnashchilari o‘rtasida uyg‘un o‘zaro munosabatni vujudga keltirish imkonini beradi.
Tashkiliy madaniyat ta’lim tashkilotining eng muhim quyidagi vazifalarini funksional jihatdan hal qilishda yordam beradi:
muvofiqlashtirish – belgilangan jarayonlar va xatti harakat qoidalari yordamida amalga oshiriladi, bu jamoa barcha a’zolarining kelishilgan holda harakat qilishi imkonini beradi;
motivatsiya – bajarilayotgan ish mazmuni ta’lim tashkiloti rahbari tomonidan tushuntirib berilishini ko‘zda tutadi;
ixtisoslashtirish – ta’lim tashkilotining shunga o‘xshash ta’lim tashkilotlaridan xarakterli farqqa ega bo‘lishi demakdir;
kadrlarni jalb qilish – ta’lim tashkilotining boshqalaridan afzalligini targ‘ib qilish, pedagoglarning ishlashi uchun maqbul shart-sharoit yaratish orqali hal qilinadi va h. k. (K. Shols).
Uchinchi belgi. Ta’lim tashkiloti rahbarlarida innovatsion madaniyatning shakllanganligi.
Bu ularning yangi bilimlar va faoliyat turlarini egallashga, o‘zgarishlarga, xavf-xatarga va javobgarlikka tayyorgarligini bildiradi. Boshqarish sohasidagi turli mutaxassislarning fikr-mulohazalarini tahlil qilish yangi tipdagi menejer shaxsining eng muhim sifatlarini, xususan, mehnat jamoasi bilan maqbul munosabatda bo‘la bilish mahoratini ajratish imkonini beradi. Yangi tipdagi boshqaruv kadrlarining asosiy vazifasi «Yangiliklar kiritishga yo‘naltirilgan boshqaruv munosabatlarining mos tizimini yaratish»dan iboratdir (Yu. Krasovskiy). Ta’lim tashkiloti rahbarlari tomonidan yangi tashkiliy-psixologik madaniyat ma’nosidagi kasbiy mahoratni oshirib borishning quyidagi ob’ektiv davrlarining o‘zlashtirilishini ham shunga kiritish mumkin:
o‘z imkoniyatlari bilan jamoa imkoniyatlarini o‘rganish;
jamoa imkoniyatlaridan o‘z kasbiy mahoratini oshirib borish uchun foydalanish;
jamoa imkoniyatlarini o‘zida va o‘zi orqali ro‘yobga chiqarish.
Boshqaruv kadrlarining pedagoglar va o‘quvchilarning har qanday foydali tashabbusini qo‘llab – quvvatlashga va o‘zlari ham shu ishga qo‘shilishga qodirliklarini ham innovatsion belgi deb hisoblash mumkin. Tavakkalchilik va mas’uliyat ta’lim sifatini boshqarishda boshqaruv kadrlarining, ayniqsa, еtakchining muhim hususiyatlaridandir.
Ta’lim tashkiloti rahbarlarining kasbiy bilimdonligi novator negizini tashkil qiladi. Mudira va uning o‘rinbosarlarining kasbiy bilimlari nechog‘li darajada ekanligiga ko‘p jihatdan innovatsion faoliyatning muvaffaqiyati boshqaruv nazariyasi, iqtisodiyot va sotsiologiya, siyosatshunoslik va huquq, pedagogika va psixologiya, gigiena va fiziologiya sohalariga bog‘liq. Zamonaviy mutaxassis shaxsiga, muhandis-pedagoglar tarkibi faoliyatini va o‘quvchilarning o‘qishini tashkil etishning o‘ziga xos xususiyatiga oid normativ talablarni bilish ham ushbu, ro‘yhatga to‘liq kiradi. Bunda zamonaviy ta’lim tashkilotlarini boshqarayotgan shaxslarning kasbiy-tashkiliy, axloqiy-psixologik sifatlari birinchi o‘ringa chiqadi.