Xalq qo’zg’olonlari. Urush yillarida soliq miqdori haddan tashqari oshirilardi. Subhonqulixon davrida raiyatdan 7 yillik soliqlarni birdaniga yig’ib olish hollari bo’lgan. Ubaydullaxon esa aholidan yig’iladigan soliqlar miqdorini 4 baravarga ko’paytirgan. Ubaydullaxon 1708- yilda pul islohoti o’tkazib, tarkibining 35 foizini kumush tashkil etuvchi tangalar o’rniga, tarkibida 9 foiz kumush bo’lgan tangalarni zarb ettiradi va uning qimmatini oldingi tangalarga teng deb belgilaydi. Natijada pulning qadri 4 baravar kamayadi, norozilik kuchayib, do’kondor va hunarmandlar o’z mahsulotlarini sotmay qo’yadi, do’konlar yopiladi, savdo-sotiq ishlariga katta zarar yetadi. Muhammad Amin Buxoriyning „Ubaydullanoma" asarida „Oddiy xalq va kambag’allar mushkul ahvolda qoldilar, kundalik yeyish-ichishdan mahrum bo 'ldilar, hatto kafan uchun mato topolmay, jonlarini xudoga topshirdilar", deb yozilgan edi. Bunday ahvolga chiday olmagan xalq 1708- yilda Buxoroda qo’zg’olon ko’taradi. Qo’zg’olonchilar xon saroyiga yaqinlashib, saroyni o’rab oladilar. Ark darvozasiga tosh yog’dirib, xonni haqoratli so’zlar bilan badnom qiladilar. Qo’zg’olon bostiriladi, yangi tangalar qimmati ikki baravarga tushirilib, do’konlar qayta ochiladi. 1712- yilda Samarqandda qo’zg’olon ko’tarilib, xalqqa zulm va zo’ravonlik qilayotgan kenagas qabilasidan qo’yilgan Sulton To’qsabo shahardan haydaladi. XVIII asrda Balx, Karmana, Miyonqol, Shahrisabz va boshqa viloyatlarda ham xalq qo’zg’olonlari ko’tariladi. Biroq qo’zg’olon tartibsiz, tarqoq holda bo’lganligi uchun tezda bostiriladi. Xalq qo’zg’olonlari Buxoro xonligi siyosiy tartiblarining istiqboli yo’qligini yaqqol ko’rsatdi va uni yanada zaiflashtirdi.
13- §. Ma'naviy-ma'rifiy, madaniy hayot Ashtarxoniylar davrida avj olgan ichki ziddiyatlar, tinimsiz urushlar, siyosiy parokandalik ma'naviy-ma'rifiy, madaniy hayotga salbiy ta'sir etdi. Biroq bunday murakkab siyosiy vaziyat maorif, ilm-fan, madaniyat rivojini to’xtatib qololmadi.
Maktab va madrasa ta’limi. XVII-XVIII asrlarda shahar va qishloqlarda ko’plab maktab (maktabxona)lar faoliyat ko’rsatgan. o’g’il va qiz bolalar alohida-alohida maktablarda o’qitilgan. O’g’il bolalar maktablari masjidlar, madrasalar, korxonalar qoshida yoki xususiy maktabdorlar xonadonlarida tashkil etilgan bo’lib, masjid imomi yoki madrasani tugatgan ziyoli kishilar o’qituvchilik qilgan. Ularni domla deyishgan. Qiz bolalar maktablari badavlat kishilar yoki o’qituvchi ayollar uylarida tashkil etilgan, qizlarni otinoyi, otinbibi, bibixalifa, bibiotin deb atalgan ayol o’qituvchilar o’qitishgan. Maktablar xarajati va domlalarning maoshi vaqf mulkidan tushgan daromadlar hamda o’quvchilarning ota-onalari tomonidan o’qish uchun to’langan mablag’lar hisobidan qoplangan. Yetim-yesirlar bepul o’qitilgan. Bolalar maktabga 6-7 yoshdan berilgan va 5-8 yil davomida ularga boshlang’ich ta'lim berilgan. O’quvchilarga avval harflar o’rgatilgan, keyin bo’g’inlar, ularni qo’shish orqali so’z tuzish, „Haftiyak" („Qur'oni Karimning yettidan biri") kitobini o’qish o’rgatilgan. Hisob darsida sonlar, ularni qo’shish, ayirish, ko’paytirish, bo’lish amallari o’rgatilgan. o’quvchilar Navoiy, Fuzuliy, Bedil, Mashrab, Hofiz Sheroziy, So’fi Olloyor asarlarini, „Chor kitob"ni o’qib saboq olganlar. Qizlar maktablarida uy-ro’zg’or tutish, pazandachilik, odob-axloq, pokizalik sirlarini o’rganishga ko’proq o’rin berilgan. Bolalar o’qishni to’liq o’zlashtirib olganlaridan keyingina yozishga o’tganlar. Bolalarga kitoblardan ko’chirib yozish, mustaqil ravishda duoyi salom xati, ish yuzasidan turli ma'lumotlar yozish malakalari o’rgatilgan. Maktablarda imtihonlar bo’lmagan, o’quvchilarga maktabni bitirgani to’g’risida hujjat ham berilmagan. Bolaning ravon o’qishi, to’g’ri yoza olishi, hisob-kitobni bilishi maktabni bitirganligiga guvoh bo’lgan. Madrasa o’rta va oliy o’quv yurti hisoblangan. Madrasaga maktabxonalarni tugatganlar qabul qilingan. Madrasa ta'limi talabalar iqtidoriga qarab 7-12 yil davom etgan. Buxoro xonligi shaharlarida 150 dan ortiq madrasa bo’lgan. Madrasada arab, fors tilida yozilgan kitoblar o’qitilgan, ular talabalarga mudarris tomonidan turkiy tilda sharhlab berilgan. O’qish „Avvali ilm" deb nomlangan fors tilidagi o’quv qo’llanmasini o’zlashtirishdan boshlangan. Keyin arab tili grammatikasi o’qitilgan. Fiqh (huquq) kursi majburiy kurs hisoblangan. Madrasalarda umumta'lim kurslaridan falakiyot, handasa, tibbiyot, kimyo, tarix, jug’rofiya, adabiyot, aruz ilmi, me'morchilik asoslari, xattotlik, musiqa, axloq, notiqlik kabi fanlar o’qitilgan. Talabalardan Imom al-Buxoriy, Abu Mansur Moturidiy, Burhoniddin Marg’inoniy asarlarini, jami 137 darslik va o’quv qo’llanmalarini o’zlashtirish talab etilgan.