15- §. Amirlik davlat tuzumi va uning ma'muriy boshqariluvi Davlat tuzumi. Buxoro davlat tuzumiga ko’ra monarxiya davlati edi. Davlat tepasida amir, ya'ni yakka mustabid hukmdor turgan. Hukmdor rasman cheklanmagan huquqqa ega bo’lib, butun hokimiyat uning qo’lida to’plangan. U davlatni o’zi ishongan eng oliy toifadagi amaldorlar (arkoni davlat) ga tayanib idora qilgan. Hukmdor amalda davlatni boshqarishda eng nufuzli qabilalarning boshliqlari bilan hisoblashib ish tutgan.
Ma'muriy bo’linish. Buxoro amirligi ma'muriy jihatdan viloyat tumanlarga bo’lingan. Chunonchi, amirlik davlati 40 viloyat va tumanliklardan iborat edi. Amirlikning yer maydoni taxminan 270 ming km2, XIX asr boshlarida aholisi esa 2 mln atrofida bo’lgan. Aholisini o’zbeklar, tojiklar, turkmanlar, qolgan qismini esa qoraqalpoqlar, qozoqlar va boshqa xalqlar tashkil etgan. Amir tayinlaydigan hokim boshqaradigan hudud viloyat deb atalgan. Amirlikning poytaxti Buxoro shahri va viloyatini qo’shbegi boshqargan. Amirlikning alohida davlat xazinasi bo’lmagan. Xazina amirning mulki bo’lgan.
Yuqori davlat lavozimlari. Amirlikning davlat muassasalari ma'muriy, moliya, qozilik, mirshablik va harbiy idoralardan iborat bo’lgan. Ularning har biriga tayinlangan amaldor rahbarlik qilgan. Buxoro xonligi saroyida 30 ga yaqin amaldor xizmat qilgan. Mahalliy boshqaruv muassasalarida xizmat qiluvchilarning soni 30 ming atrofida bo’lgan. Bundan tashqari, 40 beklik - viloyat tepasida mahalliy qabila boshliqlari turardi. Markaziy hokimiyatda devonbegi, ko’kaldosh, qo’shbegi, mushrif, mirshab, dodxoh, inoq, miroxur, dasturxonchi, kitobdor, to’qsabo, parvonachi, sadr, shayxulislom, qozikalon, muftiy, muhtasib kabi yuqori martabali lavozimlar joriy etilgan. Eng katta davlat lavozimi - qo’shbegi (vaziri buzruk), ya'ni Bosh vazir lavozimi edi. Davlatning barcha boshqaruv idoralari unga bo’ysunar edi. Bir so’z bilan aytganda, barcha ijroiya hokimiyat qo’shbegining qo’lida edi. Viloyat va tuman hokimlari ham qo’shbegi tavsiyasiga binoan tayinlanar edi. Qo’shbegi xon Arkida yashagan. Devonbegi - xonlikning moliya-xazina ishlarini boshqargan. Soliqlar undirilishi ustidan nazorat olib borgan. U Ark etagida yashagan. Ko’kaldosh - butun amirlik hududida do’stona yoki dushmanlik munosabatida bo’luvchilar haqida ma'lumotni to’plagan. Mushrif - amaldorlar xonga in'om etgan buyumlarni hamda harbiy anjomlarni ro’yxatga olgan. Soliq tushumlarini yozib borgan. Mirshab - tungi shahar soqchilari boshlig’i vazifasini bajargan. Dodxoh - fuqarolarning arz va shikoyatlarini tinglovchi va hal etuvchi amaldor bo’lgan. Inoq - vazifasi amir farmoyishlarini beklardan boshqa tabaqaga yetkazishdan iborat bo’lgan. Miroxur - amir otxonasining boshlig’i bo’lgan. Dasturxonchi - amir huzurida uyushtiriladigan ziyofatlar uchun mas'ul amaldor. Kitobdor - amir kutubxonasi boshlig’i. To’qsabo - harbiy qism sarkardasi. Parvonachi - biror-bir shaxs biror lavozimga tayinlanganida yorliqni o’sha shaxsga yetkazuvchi amaldor. Sadr - vaqf mulklarini boshqaruvchi. Shayxulislom - musulmon jamoasi boshlig’i; qozilik ishlarida hamda kundalik hayotda qonunlarga rioya etilishini ta'minlovchi, hukmdorning eng yaqin kishisi. Bu lavozim avloddan avlodga meros bo’lib ham o’tgan. Poytaxt qozisi (qozikalon) - davlatning oliy qozisi (sudyasi) amir aralashmaydigan barcha qozilik ishlariga rahbarlik qiluvchi oliy davlat lavozimi. Qozikalon „shariatpanoh" deb ham atalardi. Qozikalon huzurida a'lam va 12 muftidan iborat devon tuzilgan edi. Uning vazifasi jinoiy ishlarni sinchiklab ko’rishdan iborat bo’lgan. Muftiy - qozikalon murakkab deb hisoblagan turli diniy-huquqiy masalalar bo’yicha shariatga asoslanib, fatvo chiqaruvchi shaxs. Muhtasib (rais ham deyilgan) - musulmonlar tarafidan shariat qonunlarining bajarilishini kuzatuvchi, bozorlardagi tosh-tarozining to’g’riligini tekshiruvchi amaldor. Xullas, amirlikdagi yuqori davlat lavozimlari o’sha davrdagi boshqaruv tizimiga to’la mos bo’lib, amirning yakka hukmronligini ta'minlar edi.