34- §. XIX asrning birinchi yarmida Qo’qon xonligining ijtimoiy-siyosiy ahvoli Ichki vaziyatningkeskinlashuvi. Olimxon hokimiyatni markazlashtirish maqsadida ichki islohotlar ham o’tkazdi. Diniy unvon hisoblangan „eshon"ni bekor qiladi. Kambag’al va qalandarlarga yer maydonlari va chorva mollari berib, ularni mehnatga jalb qiladi. Ayrim diniy arboblarni imtihon qiladi va yolg’onchiligi fosh qilinganlarni jazolaydi. Ulamolar xonning bu xatti-harakatlaridan norozi bo’ladilar va unga qarshi fitna uyushtiradilar. 1810- yilda xonning Toshkentdaligidan foydalanib, „Olimxon Toshkentda o’ldi", degan mish-mishlar tarqatishadi. Taxtga uning ukasi Umarxonni o’tqazadilar. Olimxon xiyonatdan xabar topgach, Qo’qonga qaytadi. Biroq fitnachilar tomonidan yo’lda Olimxon otib o’ldiriladi.
Umarxon. Umarxon (1810-1822) akasi Olimxon davrida Farg’ona hokimi edi. U Andijon hokimi Rahmonqulbiyning qizi Mohlaroyim (Nodira)ga uylangan. Farg’onalik tarixchi Muhammad Hakim Umarxon hukmronligi davrini eng yaxshi podsholik davrlaridan biri sifatida tavsiflagan. Umarxon hukmronligining dastlabki paytlarida Buxoro bilan o’rnatilgan do’stona munosabatlar Jizzax va O’ratepa uchun azaliy kurash oqibatida yana uzilib qoldi. Bu kurash Umarxonning butun hukmronlik davrida davom etdi va ilgari bo’lganidek u tomonga ham, bu tomonga ham g’alaba keltirmadi. Qo’qon qo'shinlarining ko’chmanchi qozoq va qirg’iz elatlariga yurishlari ancha muvaffaqiyatliroq kechdi. Katta va qisman Kichik juz o’rdalarini o’z ichiga oluvchi keng hududlar Qo’qon xonligiga bo’ysundirildi. Sirdaryo bo’yidagi Yangiqo’rg’on, Sulbek, Qamishqo’rg’on, Oqmasjid, Qo’shqo’rg’on nomli harbiy istehkomlar qurdirgan. Turkiston shahrini o’z tasarrufiga olgan.
MuhammadAlixon. Qo’qon xonligining hududi Umarxonning o’g’li va vorisi Muhammad Alixon (Madalixon) davrida ancha kengaydi. Bu gal Qo’qon qo’shinlari Farg’onaning janubida joylashgan hamda asosan tojik o’troq aholisi yashaydigan va o’z hokimlari tomonidan boshqariladigan Qorategin, Darboz va Ko’lobga yurish qilib, bu yerlarni egalladilar. Madalixon boshqaruvining so’nggi yillarida, Qo’qon xonligida g’alayonlar kuchaygan paytida Madalining ko’ngli tusagan ishlami qila berishini qo’llab-quvvatlovchi odamlar ta'siriga tushib qolgan yosh xon o’z marhum otasining eng obro’li a'yonlarini ta'qib qila boshladi. Umarxon davrida xon hokimiyati bilan mahalliy zodagonlar o’rtasida mustahkamlangan ittifoq buzila boshladi. Amaldorlarning ayrimlari surgun qilindi, ba'zilari qatl etildi, ba'zilari esa Buxoroga qochib ketishdi. Joylarida qolgan amaldorlar esa xon hokimiyatidan norozi bo’lganlarning hammasini o’z atroflariga yig’ib, xonni taxtdan qulatishga tayyorlana boshladilar. Bularning hammasi aholining barcha tabaqalarini Madaliga qarshi qilib qo’ydi. Ruhoniylar xonni turli axloqsizliklarda va shariatga qarshi jinoyatlarda ayblab, unga qarshi ochiq targ’ibot olib borishdi. Xondan norozi bo’lganlar unga qarshi ochiq kurashish uchun yetarli kuchga ega bo’lmay, o’z elchilarini Buxoroga Amir Nasrullo huzuriga yuborib, undan yordam so’radilar. Amir Nasrullo 1842- yilda o’z qo’shinlarini Qo’qonga yubordi. Qo’qon qo’shinlari mag’lubiyatga uchradi. Madalixon o’z a'yonlari bilan tutib olindi va Amir Nasrullo buymg’iga binoan qatl etildi. Amir Nasrullo hatto Madalixonning onasi Nodirabegimga ham shafqat qilmadi.
Amir Nasrullo istilosidan keyin. Amir Nasrulloning Qo’qon xonligidagi hukmronligi uzoqqa cho’zilmadi. Chunki amirning Qo’qondagi noibi Ibrohim dodxoh Qo’qon xonligi aholisini avval undirib kelingan soliqqa qo’shimcha ravishda Buxoro amirligida joriy etilgan soiiqlarni ham to’lashga majbur qilgan. Natijada, butun Qo’qon xonligi hududida 1842- yili katta qo’zg’olon ko’tariladi. Uning oqibatida amirning Qo’qondagi noibi va beklari hokimiyati tugatiladi. Buxoro amiri hukmronligiga qarshi qo’zg’olonni tashkil etgan mahalliy kuchlar Farg’ona vodiysida ko’chib yurgan qipchoqlar madadiga tayangan edilar. Qo’zg’olon natijasida Qo’qon xonliginirig mustaqilligi tiklandi. Taxtga Norbo’tabiyning ukasi Hojibekning o’g’li Sherali o’tqazildi. Qo’qon xonligi mustaqilligini tiklashda minglar qabilasiga katta madad bergan qipchoqlar xonlikning ijtimoiy-siyosiy hayotida katta mavqega ega bo’lib oldilar. Qipchoqlardan Musulmonqul mingboshi etib tayinlandi. Qo’qondagi mag’lubiyatga chiday olmagan Amir Nasrullo yana Qo’qonga yurish qiladi. U Qo’qon shahrini 40 kun qamalda tutadi. Biroq Amir Nasrulloning qamalni davom ettirishiga Xiva xoni Ollohqulixonning Buxoro amirligiga qilgan hujumi xalaqit berdi. Amir Nasrullo Buxoroga qaytishga majbur bo’ldi. Sheralixonning hukmronligi davrida aholidan soliq undirish kuchaydi. Bu hol mehnatkash aholining noroziligini keltirib chiqardi. Bundan tashqari, davlatda muhim lavozimlarni egallab olgan qipchoqlar davlat ishlarida o’z hukmronligini o’tkazishga, o’zbek, qirg’iz va tojiklarning mamlakat hayotidagi ta'sirini kamaytirishga urindilar. Qipchoqlar Qo’qonga ko’plab ko’chib kela boshlagach, mahalliy aholining uy-joyini, mol-mulkini zo’ravonlik bilan ola boshladilar. Bular xonlikda qipchoqlarga nisbatan norozilikni kuchaytirdi. Musulmonqul 1845- yilda soliqlarning haddan tashqari og’irligidan norozi bo’lib qo’zg’olon ko’targan o’sh xalqi qo’zg’olonini bostirish uchun qo’shin bilan yuborildi. Bu paytda Isfara hokimi Samarqandda istiqomat qilib turgan marhum Qo’qon xoni Olimxonning o’g’li Murodxonni olib kelib Qo’qon taxtiga o’tqazadi va Sheralixon o’ldiriladi. Musulmonqul o’z qo’shini bilan Namanganga keladi. Ishni avval qizini marhum Sheralixonning o’g’li Xudoyorxonga nikohlab berishdan boshlaydi. 13 yoshli Xudoyorxon bu davrda Namangan hokimi edi. Shundan keyin Musulmonqul Qo’qonga kelib Murodxon va uni qo’llab-quvvatlaganlarni fitnachi sifatida ayblab, ularni qatl ettiradi. Kuyovi Xudoyorxonni esa taxtiga o’tqazadi.
Ichki nizolarningkuchayishi. Xudoyorxon yosh bo’lganligi tufayli amal qaynotasi Musulmonqul boshqarardi. Shunday qilib, xonlikda qipchoqlar hukmronligi davri boshlandi. Endilikda qipchoqlar Qo’qonga yoppasiga ko’chib kela boshladilar, mahalliy aholini shahardan haydab chiqarib, ularning uy-joylariga o’rnashib ola boshladilar. Sug’orish inshootlarini qo’lga kiritdilar, bundan tashqari, aholi endi suv uchun soliq to’laydigan bo’ldilar. Bularning barchasi mahalliy aholining qattiq noroziligiga sabab bo’ldi. Bu ahvol, o’z navbatida, xonlikda hukmronlarga qarshi qo’zg’olon ko’tarish xavfini tug’dirdi. Bunday vaziyatda Musulmonqul o’z mavqeyini yo’qotmaslik yo’lida ruslar bilan aloqa o’rnatishga intiladi va rus qo’mondonligi vakili V. V. Velyaminov-Zernov bilan maxfiy ravishda uchrashadi. Bu hol Xudoyorxonni qattiq cho’chitib qo’ydi. Ana shunday sharoitda u birdan bir to’g’ri yo’lni tanladi. Bu yo’l - qaynotasi Musulmonqul va qipchoqlar hukmronligiga xotima berish edi. 1852- yili 9- oktabr kuni u Toshkentdan chaqirilgan qo’shin bilan qipchoqlar qirg’inini uyushtirdi. Uning bu ishini mahalliy aholi qo’llab-quvvatladi. Qaynotasi Musulmonqul asir olinib, Qo’qonga keltirildi va qatl etildi. Qipchoqlarning mol-mulki musodara qilindi va mahalliy aholiga sotildi. Musulmonqul hukmronligiga xotima berilgan bo’lsa-da, ichki nizolar bu bilan barham topmadi.