34-Mavzu: Zararli odatlarni oldini olish Hozirgi kunda ancha ommaviylashgan zararli odatlar – sigaretalar, nos, chilim kabi tamaki mahsulotlari; pivo, vino, shampan vinosi, aroq, konyak kabi spirtli ichimliklar hamda ko’knor, mariuxana kabi giyohvand moddalardan iborat.
Bugun mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yosh avlod salomatligini mustahkamlash, ular o’rtasida sog’lom turmush tarzini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero sog’lom avlod – sog’lom millat, sog’lom kelajak deganidir. Biroq hozirgi globallashuv davrida dunyo aholisi orasida ichkilikbozlik, kashandalik va giyohvandlik kabi millat genofondiga, inson salomatligiga, nasl-nasabga o’ta salbiy ta’sir etuvchi illatlar – zararli odatlar tobora ildiz otib borayotgani achinarlidir.
Ularning barchasi kishining miya hujayralariga ta’sir etib, uni organizmning ichki a’zolari va tizimlari hamda insonlarni bir – birlari bilan bo’ladigan munosabatlaridagi nazorat omillarini susaytirish yoki umuman izdan chiqarishdan iborat. Eng muhimi bu mahsulotlarning barchasi kishini o’ziga bog’lab olish xususiyatiga ega bo’lganligidan tamaki mahsulotlari – ashaddiy kashandalikka, spirtli ichimliklar – alkogolizmga; giyohvand moddalar – giyohvandlikka olib keladi. Bularning barchasi inson qutilishi nihoyatda qiyin bo’lgan odat tusiga kirib, u hayotimizning qisqarishiga, sog’lom turmush tarzida yashashga, mehnat qilishga, dam olishga juda kuchli salbiy ta’sir ko’rsatadi.
Kashandalik Tamaki asosan asablar tizimiga qo’zg’atuvchi, hamda tormozlovchi ta’sir etadi. Afsuski, bu o’ta salbiy oqibatlarni vujudga keltiradi.
Tamaki mahsulotlarini qo’llash, chekishning organizmga ta’siri:
O’limning darajasi chekilgan sigaretalar soni bilan barobar ortib boradi va chekuvchilar o’rtasidagi o’lim ko’rsatkichi chekmaydiganlarga qaraganda 30-50 foiz yuqori bo’ladi;
Rak kasalliklaridan o’lim ko’rsatkichi chekmaydiganlarga nisbatan chekadiganlarda 20 foiz ko’p uchraydi, o’pka raki bilan og’riganlarning 95 foizi chekuvchilar bo’lganlar, shuningdek, chekish (nos ham) og’iz bo’shlig’i, tomoq, halqum, qizilo’ngach rakining asosiy sababchisidir;
Kishi bitta sigareta chekkanda qon-tomirlarining siqilib turishi vaqti oshib, yurakning urishi 15-20 taga ko’payadi.
Yurak infarktlari, stenokardiya kasalliklari chekuvchilar orasida chekmaydiganlarga qaraganda 12-15 marotaba ko’p. 35-40 yoshgacha infarktga uchraganlarning 80 foizi sigaretalarni o’smirlikdan chekkanlar hisoblanadilar;
Kashandallik mushaklar kuchi tezkorligini kamaytiradi, xotirani susaytiradi, jinsiy maylni so’ndiradi;
Kashandalik naslga ham ta’sir etib, jismoniy yoki aqliy zaif farzandlar tug’ilishiga yoki tug’ilgan farzandlarning giyohvandlarga moyil bo’lishlariga sabab bo’ladi;
Chekuvchi ayollar o’z homilalarini do’zax azobida tutadilar. Natijada bola tashlash, homilaning chala yoki o’lik tug’ilishi, jismoniy va aqliy ko’rsatkichlarining past bo’lishi kabi holatlarga sabab bo’ladilar;
Kashanda nafaqat o’z sog’lig’i, balki, chekilgan xona, transport vositasi yoki ish joyi kabilarda oila a’zolari, hamrohlari, birga ishlaydigan xodimlar sog’liqlarini xavf ostiga qo’yadi, qo’shimcha noqulayliklar, hamda muammolarni keltirib chiqaradi;
Tamaki kuli, gugurt va sigaret qoldiqlari, hamda tutuni uyda, jamoat va ish joylarida qo’shimcha chiqit sifatida havoni va atrof-muxitni ifloslaydi;