Ichkilikbozlik «Mastlik oltita baxtsizlik: muhtojlik, janjal, kasallik, obro’sizlik, sharmandalik va aqlsizlik keltiradi»- deyilgan yapon maqollarida.
Ichkilik odamni og’ir kasalliklarga olib keladi, obro’-e’tiborini yo’qotadi.
Spirtli ichimliklarni uzoq vaqtgacha muntazam ichib yurish kishini alkogolizm kasalligiga duchor qiladi. Tekshirishlar shuni ko’rsatdiki, hatto yuz gramm spirtli ichimlik sog’lom kishining bosh miya faoliyatini birdan o’zgartirib yuborar ekan. Ma’lumotlarga qaraganda, psixonevrologik dispanserlarga murojaat qiluvchi ruhiy kasalliklarga duchor bo’lganlarning eng ko’pi alkogolizmga mubtalo bo’lgan kishilardir. Ichkilikka o’rgangan o’smir vujudi sekin-astalik bilan zaharlana boshlaydi. Keyinchalik esa bunday kishi ichmasdan tura olmaydigan bo’lib qoladi, og’ir mast bo’lguncha ichaveradi. Bunday o’spirinda dastlab asab ishdan chiqadi. U ta’sirchan, jahldor bo’lib qoladi, natijada uning oila a’zolari azob-uqubatda qoladi.
Alkogolizm natijasida miyaning ish qobiliyati asta-sekin pasayadi, fikrlash, biror muhim masalani yechish qiyinlashadi. Keyinchalik serjahllik, uyquning buzilishi, mas’uliyatsizlik, boshqalarga va hatto o’ziga ishonmaslik, toliqish, umumiy holsizlik alomatlari seziladi. Kasallikning oldi olinmasa, asab tizimi butunlay buzilishi, ruhiy holati o’zgaradi. Ulug’ mutafakkir Aflotun o’z davrida «Mastlik – ixtiyoriy jinnilikdir» degan edi.
Ichkilikbozlik natijasida og’ir asoratlar kelib chiqadi, jumladan:
- Oshqozon ichak xastaliklari.
- Bosh miya, ruhiy holatini buzilish asoratlari.
- Jigar xastaliklari.
- Yurak-qon tomir tizimi kasalliklari (infarkt, qon bosimi oshishi).
-Kelajakda ulardan tug’ilajak farzandlar irsiy kasalliklar bilan tug’ilish ehtimoli yuqori (bolalar mayib-majruh bo’lib tug’ma nuqsonlar bilan dunyoga keladi).
- Umr ko’rish davomiyligi ichmaydiganlarga nisbatan kamida 10 yilga qisqaradi.
- Jinoyatlar soni ko’payadi.
Giyohvandlik - asr vabosi Giyohvandlik – kayf beruvchi giyohvand moddalarni yoki sun’iy ravishda tayyorlangan moddani iste’mol qilish, chekish, hidlash, tanaga surtish yoki nina sanchish (in’ektsiya) yo’li bilan qon tomirlarga yuborish bilan ifodalanadi.
Giyohvand moddalarni ayanchli xususiyati shundan iboratki, ularni bir marta tatib ko’rgan shaxs qayta iste’mol qilishga moyil bo’ladi, 2-3 marta iste’mol qilish esa uni giyohvand modda iste’mol etmay turolmaydigan xolatga duchor etadi.
Giyohvand moddalarga afyun, morfin, nasha, kokain, kodein, geroin, gashish va boshqa sun’iy tayyorlanadigan zaharli moddalar kiradi.
Bu moddalarning uzluksiz qabul qilish odamlarda ruhiy va jismoniy o’zgarishlarga olib keladi. Ruhiy o’zgarishlar: uyqusizlik, xotira pasayishi, bosh og’rig’i, asabiylashish va kayfiyatning buzilishi, jahlning tez chiqishi, charchash, fikrning tarqoqligi va boshqa asab tizimidagi o’zgarishlar (o’zi bilan o’zi gaplashadi, alahsiraydi, o’qishga layoqatsiz bo’lib qoladi) kuzatiladi.