8. 2. Fransiya tillari. 8.2.1. Lingvodemografik ma’lumotlar Fransiyada fransuz tili alloglott tillarga (turli tillarning bir hududda birga mavjudligi) nisbatan asosiy til hisoblanadi. Fransuz tili 82% fransuzlar uchun ona tili, shuningdek, minoritar (ingl. minority - ozchilik) til egalari uchun yozuv tili hisoblanadi. Biroq Fransiyada milliy ozchilik va ozchilik tili haqida gapirish siyosiy jihatdan noo‘rin hisoblanib, bugungi kunda “mahalliy tillar” va “muhojirlar tili” ifodasi qo‘llaniladi. Rasmiy jihatdan fransuz tili boshqalardan ajralib turadigan muayyan guruhlarning tili emas, balki Fransiyada yashayotgan barcha guruhlar majmuyining tilidir. Boshqacha aytganda, Fransiyada ozchilik mavjud emas, barcha fuqarolar fransuz hisoblanadi. Shuni alohida qayd etish joizki, ozchilik tilining miqdori jihatidan G‘arbiy Yevropa davlatlari orasida Fransiya Italiyadan keyingi o‘rinda turadi. 1999-yilda Fransiyada aholini ro‘yxatga olish jarayonida Fransuz statistika va iqtisodiy tadqiqotlar milliy instituti (Insee) tomonidan Fransiyaning sharqiy qismida yashovchi 380 000 katta yoshli kishilarning oilaviy ahvoli xususida so‘rovnoma o‘tkazilgan. So‘rovnomada anketa ishtirokchilari besh yoshga to‘lgunga qadar ota-onalari bilan qaysi tilda gaplashishgan degan savol ham bo‘lgan. Quyidagi jadvalda mazkur so‘rovnoma natijalari keltirilgan:
1-jadval. Fransiya tillarida so‘zlashuvchilar soni