To‘liq tugallanish usulida bajarilgan ishlardan olingan daromadlar qurilish
ishlari to‘liq yakunlangan va buyurtmachiga topshirilgandan so‘ng yuqorida
nomlari zikr etilgan dalolatnoma va ma’lumotnomalar asosida tan olinadi. Qurilish
ishlari to‘liq yakunlanmaguncha unga sarflangan barcha harajatlar tugallanmagan
qurilish sifatida hisobga olib boriladi. «Bajarilgan ishlar (qilingan harajatlar)
qiymati to‘g‘risida ma’lumotnoma – schyot-faktura» asosida bajarilgan ishlardan
olingan daromad summasiga quyidagicha yozuv qilinadi:
Debet 4010 «Olinadigan schyotlar»
Kredit 9030 «Bajarilgan ish va xizmatlardan daromad»
Tugallanish foizi usuli qo‘llanilganda dastlab yaxlit qurilish ob’ektining
tugallanish foizi aniqlanadi. Bu ko‘rsatkich jami ketgan sarf-harajatlarni qurilish
ob’ektining smeta tannarxiga bo‘lish va 100 foizga ko‘paytirish yo‘li bilan topiladi.
Topilgan tugallanish foizi qurilish ishining tugallangan qismiga to‘g‘ri keluvchi
daromad qismini topishga asos bo‘ladi. Qurilishning tugallangan qismiga to‘g‘ri
keluvchi daromad uning jami smeta bo‘yicha kelishuv qiymatini (QQS siz)
tugallanish foiziga ko‘paytirish va 100 foizga bo‘lish orqali topiladi.
Misol.Aytaylik, qurilish ob’ektining shartnoma qiymati 60000000 so‘m, shundan QQS (20 %) 10000000 so‘m. Demak, qurilish ob’ekti bo‘yicha sof tushumning shartnoma qiymati 50000000 so‘m (60000000 – 10000000). Qurilish ob’ektining smeta bo‘yicha tannarxi 35000000 so‘m. Qurilishning tugallangan qismining haqiqiy tannarxi 28000000 so‘m. Yuqoridagi ma’lumotlarga ko‘ra:
(1) qurilishning tugallanish foizi – 80,0 % (28000000 / 35000000);
(2) qurilishning tugallangan qismiga to‘g‘ri keluvchi yalpi tushum – 48000000
so‘m (60000000 * 80 % / 100 %);
(3) qurilishning tugallangan qismiga to‘g‘ri keluvchi sof tushum (daromad) -
40000000 so‘m (50000000 * 80 % / 100 %);
(4) qurilishning tugallangan qismiga to‘g‘ri keluvchi QQS summasi 8000000
so‘m (48000000- 40000000).
Daromadlarni tugallanish foizi asosida tan olish usulida qurilishning
tugallangan qismining qiymati va tugallanish foizi pudratchi hamda
buyurtmachilar tomonidan imzolangan «Bajarilgan ishlar (qilingan harajatlar)
qiymati to‘g‘risida ma’lumotnoma – schyot-faktura» bilan tasdiqlanadi. Ushbu
hujjat asosida qurilish tashkilotida bajarilgan qurilish ishlaridan olingan daromad
hamda QQS summalariga yuqorida keltirilgan mos ravishdagi buxgalteriya
yozuvlari beriladi.
Bosqichli usulqurilish ob’ektining tarkibiy qismlarini bosqichma- bosqich
topshirish hollarida qo‘llaniladi. Bu usulni qo‘llashning asosiy shartlaridan biri
bo‘lib qurilish loyihasi va qurilish loyiha-smeta hujjatlarida uning alohida olingan
tarkibiy qismlarining shartnoma qiymati hamda smeta tannarxini alohida
belgilanganligi hisoblanadi. Bunday holatlarda qurilish ob’ektining alohida olingan
tarkibiy qismi (bosqichi)ga doir daromad va tannarx to‘g‘risidagi ma’lumotlar
«Bajarilgan ishlar (qilingan harajatlar) qiymati to‘g‘risida ma’lumotnoma – schyot-
faktura» hamda KS-6 shakldagi hisob registrlari bilan tasdiqlanadi. Ushbu hujjatlar
asosida qurilish ishining alohida bosqichini bajarishdan olingan daromad va QQS
summalariga yuqorida keltirilgan mos ravishdagi buxgalteriya yozuvlari beriladi.
Qurilish tashkilotlarida bajarilgan qurilish ishlaridan olingan daromadlarning
analitik hisobi 16-s ishlov qaydnomasida yuritiladi. Ushbu ishlov qaydnomasida
tahliliy ma’lumotlar buyurtmachilar hamda ular uchun bajarilgan qurilish
ishlarining turlari bo‘yicha mujassamlashtiriladi.