8-mavzu. Xalqaro marketingda narxlar, narxni shakllantirish, narx siyosati


INKOTERMS TA’MINOT BAZISI ASOSIDAGI JAHON NARXLARI



Yüklə 50,99 Kb.
səhifə6/6
tarix21.12.2023
ölçüsü50,99 Kb.
#188371
1   2   3   4   5   6
8-mavzu

8.7. INKOTERMS TA’MINOT BAZISI ASOSIDAGI JAHON NARXLARI
Inkoterms-2010ga asosan savdo atamalari to’rt toifaga taqsimlanadi:

  • E (EXW) guruhidagi atamalar sotuvchi xaridorga tovarni bevosita o’z binolarida taklif etganda qo’llanadi, ya’ni keyinchalik barchasi uchun xaridor javobgar bo’ladi. EXW (nomlangan joyda ombor, kon, zavoddan). U xaridorning tovarni sotuvchidan qabul qilish, jo’natishga tayyorlash, transport vositasiga yuklash, belgilangan manzilga etkazib berish bilan bog’liq bo’lgan majburiyatlar, xarajatlar va tavakkalchiliklarni o’z zimmasiga olishini nazarda tutadi;

  • F (FCA, FAS, FOB) guruhidagi atamalar sotuvchi tovarni xaridor hisobiga tavakkalchilikdan xoli bo’lgan etkazib beruvchiga (transport tashkilotiga) taqdim etganda qo’llanadi.

FCA (nomlangan joyda tashuvchidan erkin holda). Bunda sotuvchining majburiyat va xarajatlari tovarni jo’natish punktida tayyorlash, uni xaridor ko’rsatgan yukni etkazib beruvchiga bevosita berish bilan cheklanadi. Tovarni etkazib beruvchi tovarni yo’lda saqlanishini kafolatlagan holda manzilga transport orqali etkazib berish bo’yicha xarajatlarni o’z zimmasiga oladi. Tovarni etkazib beruvchi muayyan transport vositasini tanlab, uning egasi bilan tovarni transport orqali tashish shartnomasini tuzadi yoki buni o’z nomidan amalga oshirishni boshqa shaxsga topshiradi. Tovarni jo’natish punktidan qabul qilish punktigacha bo’lgan xarajatlar xaridor hisobidan qoplanadi.
FAS (nomlangan yuklash portida kema borti bo’ylab erkin). Sotuvchi tovarni xaridor bilan tuzilgan shartnomaga asosan belgilangan portga belgilangan vaqtda o’z hisobidan etkazib keltirishi va uni xaridor yollagan kema borti bo’ylab joylashtirishi nazarda tutiladi. Bundan keyingi bacha xarajatlarni (yuklash, tashish, sug’urtalash va hokazo) xaridor o’z zimmasiga oladi.
FOB (nomlangan yuklash portida bortda erkin). Mazkur shart sotuvchini tovarni begilangan vaqtda yuklash portidagi xaridor tomonidan yollangan muayyan kema bortiga etkazib berish va xaridorga sof bort konosamentini topshirishga majbur qiladi. Savdo konosamentini qabul qilish tovarning sotuvchidan qabul qilinganligi va kema bortida joylashganligidan dalolat beradi. Tovar kema bortiga joylashtirilgan paytdan boshlab tovarning bexosdan haloqatga uchrashi, uni kema tryumlariga joylash, trasportirovka qilish, tovarni yo’lda sug’urtalash bilan bog’liq xarajatlarni xaridor o’z zimmasiga oladi.

  • C (CFR, CIF, CIP, CPT) guruhidagi atamalar sotuvchi mahsulotni etkazib berish shartnomasini tovar bexosdan haloqatga uchragan yoki zararlangan taqdirda tavakkalchilikni o’z zimmasiga olmagan holda, shuningdek, tovarni yuklab bo’lgandan so’ng qo’shimcha xarajatlarsiz imzolaganda qo’llanadi.

CFR (nomlangan, yuborilgan portda yollash va qiymat). Sotuvchi kemaning hisob raqamini yollab, belgilangan muddatda kemaning haqini to’lashi va tovarni jo’natish punktida kema bortiga yuklashi ko’zda tutiladi. Tovarning bexos haloqatga uchrashi va zararlanish tavakkalchiligi tovar kema bortiga yuklangan paytdan boshlab sotuvchidan xaridor zimmasiga o’tadi. Tovarni yo’lda sug’urtalash, belgilangan manzilda uni tushirib olish va vaqtincha joylashtirish bilan bog’liq xarajatlarni xaridor qoplaydi. SHu sababli xaridor tovar uchun to’lovchi narx tarkibiga tovar qiymati va kemani yollash qiymati kiritiladi.
CIF (nomlangan, yuborilgan portda yollash, sug’urtalash va qiymat). Sotuvchi va xaridor majburiyatlariga transport tavakkalchiligidan tashqari bundan oldingi punktda ko’rsatilganlarning barchasi kiritiladi. Transport tavakkalchiligini (sug’urta kompaniyasi tomonidan xaridor nomiga yozilgan sug’urta polisini sotuvchi xaridorga taqdim etadi) esa sotuvchi o’z zimmasiga oladi. Xaridorning tovar uchun to’lovchi narxi tovar qiymati, uni sug’urtalash va tashish uchun kema yollash xarajatlaridan iborat bo’ladi.
SRT (yo’l haqi nomi ko’rsatilgan manzilgacha to’lanadi). Sotuvchi o’z hisobidan belgilangan manzilgacha yukni etkazib berish shartnomasini imzolashi hamda bevosita yoki aralash yuk tashib berishni amalga oshiruvchi yuk tashuvchiga yo’l haqini to’lashi, tovarni birinchi yuk tashuvchiga topshirishi va undan yukni qabul qilib olganligi haqidagi tilxat olishi, xaridorga transport hujjatini (yuklama, konosament) taqdim etishi, eksport uchun tovarni bojxona «tozalash»idan o’tkazishi zarur. Tovarning shikastlanishi yoki nobud bo’lishi riski tovar kelishilgan muddatda jo’natish manzilida yuk tashuvchiga berilgan paytdan boshlab xaridorning zimmasiga o’tadi. Xaridor birinchi yuk tashuvchi sotuvchidan tovarni sotib olishi lozim bo’lgan manzilni o’z vaqtida va aniq ko’rsatib berishi kerak.
CIP (yo’l haqi va sug’urta puli kelishilgan manzilgacha to’lanadi). Sotuvchi tovarni belgilangan manzilgacha etkazib berish uchun pul to’lashi, xaridorning nomiga sug’urta polisi yozib berishi, eksport uchun mo’ljallangan tovarni bojxona «tozalash» idan o’tkazishi, tovarni birinchi yuk tashuvchigaga berishi va transport hujjatlarini taqdim etishi nazarda tutiladi. Xaridor yukni jo’natish manzilini aniq va o’z vaqtida ko’rsatishi, yukni transport orqali tashish uchun risk va xarajatlarga javob berishi lozim. Mazkur to’lov yuqoridagi usuldan sug’urta xarajatlri bilan farq qiladi.

  • D (DAF, DES, DDU, DDP) guruhidagi atamalar sotuvchi tovarni beligangan manzilga etkazib berguncha barcha tavakkalchilik va xarajatlarni o’z zimmasiga olgan hollarda qo’llanadi.

DAF (chegarada nomi ko’rsatilgan manzilda yo’lga qo’yiladi). Mazkur bazis (boshlang’ich) shartga ko’ra sotuvchi xaridorga belgilangan muddatda eksport uchun «tozalangan» tovarni muayyan bir nuqtaga va chegarada boshqa mamlakatning bojxona chegarasigacha etkazib berishi hamda unga transport hujjatini (ombor varranti, dok varranti, deliveri-order) taqdim etishi lozim. Xaridor tovarni chegarada belgilangan manzilda qabul qilishi, uni kelgusi harakatlantirish uchun javobgarlikni o’z zimmasiga olishi, o’z hisobidan barcha bojxona xarajatlari va tovarni chegaragacha etkizb berilgan transport vositasidan tushirish uchun xarajatlarni to’lashi lozim.
DES (nomi ko’rsatilgan portda kemada yo’lga qo’yiladi). Sotuvchi kemaning manzilga etib kelgani haqida xaridorni o’z vaqtida xabardor qilishi, o’z hisobidan belgilangan muddatda belgilangan portga tovarni etkazib berishni amalga oshirishi va uni xaridorga transport hujjatlari bilan birgalikda kema bortida taqdim etishi nazarda tutiladi. Tovar bilan bog’liq bo’lgan barcha risk va xarajatlar uchun sotuvchi tovarni kema bortida xaridorga topshirgunga qadar javobgar hisoblanadi (nomi ko’rsatilgan portda pristanda bojxona to’lovini amalga oshirgan hola yo’lga qo’yiladi). Bu shartga ko’ra sotuvchi import uchun «tozalangan» tovarni belgilangan muddatda belgilangan muayyan portdagi pristanda xaridorga topshirishi, barcha transport va yuklash-tushirish xarajatlari, import qiluvchi mamlakatda amal qiluvchi barcha bojxona to’lovlari, soliq va boshqa yig’imlarni to’lashi ko’zda tutiladi. Xaridor tovar unga topshirilgan paytdan boshlab tovar bilan bog’liq bo’lgan barcha xarajat va risklar uchun javobgar bo’ladi.
DDU (nomi ko’rsatilgan manzilda bojxona to’lovlarisiz yo’lga qo’yiladi). Bunda sotuvchi tovarni xaridorga import qiluvchi mamlakatda belgilangan manzilda topshirishi, bunda tovarni belgilangan muddatda belgilangan manzilgacha etkazib berguncha bo’lgan xarajat va risklar uchun javobgar bo’lishi nazarda tutiladi. U importqilganda to’lanuvchi bojxona bojlari, soliq va boshqa yig’imlarni to’lamaydi. Xaridor import uchun mo’ljallangan tovarning o’z vaqtida «tozalanmagan» ligi natijasida vujudga keluvchi risklar uchun javobgar bo’lib, qo’shimcha xarajatlarni to’laydi.
DDP (nomi ko’rsatilgan manzilda bojxona to’lovlarini amalga oshirgan holda yo’lga qo’yiladi). Ushbu shartga ko’ra sotuvchi tovarni xaridorga import qiluvchi mamlakat hududida belgilangan muayyan manzilda taqdim etadi hamda tovarni belgilangan muddatda belgilangan manzilga etkazib berish bilan bog’liq bo’lgan barcha xarajat va risklar uchun javobgar bo’ladi. Xaridorga import uchun «tozalangan», ya’ni bojxona bojlari, soliq va boshqa yig’imlar to’langan tovar etkazib beriladi. Xaridor tovar unga topshirilgan paytdan boshlab tovarning bexosdan nobud bo’lishi yoki shikastlanishi riski uchun javobgarlikni o’z zimmasiga oladi.


Nazorat uchun savollar:

  1. Boshlang’ich, shartnoma va real narxlarning mohiyati nimada?

  2. Xalqaro bozorda narx strategiyasi qanday?

  3. O’zbek tovarlari eksporti narxini qo’llab-quvvatlashning asosiy yo’nalishlarini aytib bering.

  4. Eksport narxlarini shakllantirishda davlatning roli qanday?

  5. Jahon narxlari tushunchasini izohlab bering.

  6. Jahon narxlari to’g’risidagi ma’lumotlarning qanday manbalari mavjud?

  7. Eksport va miport narxlari qay tariqa hisoblanadi?

Yüklə 50,99 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin