Xotirada esda olib qolish, esda saqlash, esga tushirish va unutish kabi asosiy jarayonlar mavjud bo’ladi. Shu jarayonlarning har biri alohida mustaqil psixik xususiyat hisoblanmaydi. Ular faoliyat davomida shakllanadi va o’sha faoliyat bilan belgilanadi.
Hozirgi kunda xotiraning mexanizmlari va qonuniyatlarini o’rganish bo`yicha uchta nazariya mavjuddir. Bular psixologik, neyrofiziologik hamda bioximik nazariyalardir.
Psixologik nazariya. Bu nazariya tarixiy jihatdan eng eski nazariya bo’lib, u fanda ko’p va turli – tuman nazariyalarning olg’a surilganligi bilan mashhurdir. Bu nazariyalarni xotira jarayonlarining shakllanganida insonning faolligi qanday rol o’ynashligi va bunda faollikning mohiyatiga qanday yondoshuv zarurligi bilan baholash mumkin.
Nazariyaning birinchi guruhi assotsiativ nazariya deb yuritiladi. Bu nazariyaga ko’ra, muayyan psixik hosilalar ongda bir vaqtning o’zida yoki bevosita birin-ketin paydo bo’lsa, u holda hosilalar o’rtasida assotsiativ boglanishlar tarkib topadi va bu boglanishlarni biron bir qismi takroran paydo bo’lishi ongda uning barcha elementlari muqarrar ravishda gavdalanishiga olib keladi. Assotsiatsiyalar uch turli bo’ladi: o’xshashlik, yondoshlik va qarama – qarshilik assotsiatsiyalari.