9-amaliy mashg‘ulot Kompyuter lingvodidaktikasi



Yüklə 16,61 Kb.
səhifə1/2
tarix20.11.2023
ölçüsü16,61 Kb.
#163970
  1   2
9 amaliy mashg‘ulot Kompyuter lingvodidaktikasi fayllar org


9-amaliy mashg‘ulot Kompyuter lingvodidaktikasi

9-amaliy mashg‘ulot
Kompyuter lingvodidaktikasi
Inson tafakkuri shu qadar taraqqiy etib bormoqdaki, texnikalashtirish, kompyuterlashtirish jarayoni nafaqat ishlab chiqarishning turli sohalari, balki madaniyat va ta’lim sohalariga ham dadil kirib bormoqda. Kompyuter texnologiyalarining shiddat bilan rivojlanishi ta’lim jarayonini yangi bosqichga ko’tardi, bu o’z o’rnida ta’lim mazmunini, metod va shakllarini qayta ko’rib chiqish, uni yangi bilim hamda ko’nikmalar bilan yanada boyitish zaruriyatini tug’dirdi. Hozirgi vaqtda oliy ta’lim muassasalarida yangi pedagogik texnologiyalarning ilmiy asoslarini yaratish, ularni tasniflash, metodik ahamiyatini belgilash, ta’lim jarayoniga tatbiq etish kabi dolzarb muammolar ustida ish olib borilmoqda. Ilg’or pedagogik texnologiyalarning kompyuter texnologiyalari bilan uyg’unlashtirib tashkil etilishi va shu asosda multimedia darslarining yaratilishi esa asosiy yo’nalishga aylanib qolmoqda. Multimedia (“ko’p muhitlik” degan ma’noni bildiradi) zamonaviy kompyuterlarning deyarli barchasida mavjud bo’lgan imkoniyatlar majmuini, kompleks tushunchani anglatadi. Multimedia axborotning turli ko’rinishlari – matn, jadval, grafika, ovoz, animatsiya (multiplikatsiya), videotasvir, musiqa yordamida axborotni yig’ish, saqlash va qayta uzatish vazifalarini bajaradi. Multimedia “inson-kompyuter” interaktiv (dialogik) muloqotning yangi, takomillashgan pog’onasi bo’lib, bunda foydalanuvchi juda keng va har tomonlama axborot oladi. Bir qator olimlar, metodistlar tadqiqotlari shuni ko’rsatadiki, ta’lim oluvchi birinchi marta eshitgan mavzusining faqat to’rtdan bir qismini, ko’rgan materialining uchdan bir qisminigina eslab qoladi; ham ko’rib, ham eshitsa, axborotning ellik foizini esda saqlaydi. Interaktiv multimedia texnologiyalaridan foydalanilganda esa, bu ko’rsatkich yetmish besh foizni tashkil etadi. Shu bois ta’lim jarayonida kompyuter texnologiyalaridan unumli foydalanish katta ahamiyatga ega.1

XX asr tarixga ilm-fan inqilobi davri, kompyuter, avtomatizatsiya asri sifatida tarixga kirdi. Bu davrda insoniyat o’zining og’ir mehnatini o’z aqli bilan osonlashtirishga erishdi. Ya’ni, ishlab chiqarish jarayonida foydali ish koeffitsenti bir necha barobarga oshdi, mehnat unumdorligi o’sdi. Insoniyat yirik zavod, fabrikalarni, korxonalarni avtomatlashtirishga erishdi. Bunda ilgari manufaktura (qo’l mehnati)ga asoslangan ishlab chiqarish tizimidan avtomatlashgan, kompyuterlashtirilgan tizimga o’tildi. Hozirgi kunda avtomatizatsiya faqatgina ishlab chiqarishda emas, balki jamiyatning deyarli barcha sohalariga kirib kelmoqda. Xususan, ta’lim jarayonida, bilimlarni diagnostika qilishning, xorijiy tillarni o’rgatishning ham samarali avtomatik tizimi ishlab chiqilgan.


Avtomatizatsiya so’zi lotincha “o’zi harakatlanadi” degan ma’noni bildiradi. So’zning ma’nosidan tushunilib turibdiki, tizim o’zi harakatlanishiga asoslangan, turli operatsiyalar bajarishga yo’naltirilgan va shu tamoyilda ishlashiga moslab programmalashtirilgan mexanizmlar yig’indisidir. Hammaga ma’lumki, yirik korporatsiyalarda, aytaylik, avtomobil ishlab chiqaruvchi zavodlarda avtomatizatsiya tizimi keng yo’lga qo’yilgan. Ushbu tizim optimalligi uchun jamiyatning boshqa sohalariga ham asta-sekinlik bilan tatbiq etilmoqda. Hozirda til o’rgatishning avtomatik tizimlari ishlab chiqilgan. Til o’rgatishning avtomatlashganligi shu bilan izohlanadiki, u maxsus o’quv dasturlari yordamida amalga oshiriladi.
Til o’rgatishda kompyuterdan foydalanish bo’yicha dastlabki tajribalar XX asrning 60-yillarida Stenford (Russian-Program) va Nyu York universistetlarida (Das Deutche Program) o’tkazildi. XX asrning 70-80-yillarida til o’qitishda kompyuterdan foydalanishga bo’lgan qiziqish kuchaydi va hatto alohida yo’nalishning yuzaga kelishiga olib keldi: Computer Assisted Language Learning (CALL).2 CALL bo’yicha 1-xalqaro konferensiya 1985 yil 12-13 noyabrda Budapesht shahrida o’tkazildi. 2-xalqaro konferensiya 1989 yil 15-17 noyabrda bo’lib o’tdi. Mazkur konferensiyalarda kompyuter yordamida xorijiy tillarni o’rgatishning yangi metodlari taklif etildi, o’qituvchi lingvistik avtomatlar xususida qimmatli mulohazalar o’rtaga tashlandi, o’qitishda audio va video vositalardan foydalanish samarali ekanligi ta’kidlandi.
O’qituvchi lingvistik avtomatlardan foydalanishda 2 xil yondashuv mavjud:
1) bixevioristik yondashuv – mavjud an’anaviy o’qitish tizimining barcha jabhalarini e’tiborga oluvchi o’qitish mexanizmlari, bunda grammatikaning ma’lum bo’limi tugagandan so’ng, uni topshiriqlar asosida baholash, shuningdek, leksik minimumlar bo’yicha bilimni nazorat qilishga yo’naltirilgan dasturiy ta’minotga asoslangan o’qitish tizimi. Bunda bixeviorizmning “stimul-reaksiya-mustahkamlash” formulasiga asoslaniladi. O’qitish usullari “stimul” (turtki) vazifasini bajaradi, o’rganuvchi bundan ta’sirlanadi va bilimni mustahkamlaydi.
2) kognitiv-intellektual yondashuv – CALL (CALL Software) uchun universal dasturiy ta’minotlar yaratish, o’qitish tizimini lug’at bazasi, grammatika bo’yicha qo’llanmalar, tizimni avtomatik korrektorlar, speller bilan ta’minlahs, audio va vizual effektlar bilan boyitish kabi amaliy ishlar majmuidir.
Til o’rgatishda quyidagi kompyuter dasturlarini qo’llash mumkin:3
1. Taqdimot texnologiyasi, ya’ni mashg’ulotni ko’rgazma sifatida o’tkazish, darsda kompyuterdan foydalanishning eng oson usulidir. Buning uchun o’qituvchiga birgina kompyuter va multimedia proektori kerak bo’ladi. MS Power Point dasturi yordamida o’tilajak dars uchun kompyuterda o’qituvchining o’zi slaydlar yaratadi va ko’rgazmalar paketini tayyorlaydi. Elektron nusxa – bu o’zbek tili fani bo’yicha mavjud bo’lgan muayyan darslikning kompyuterdagi elektron versiyasi (nusxasi) bo’lib, unda multimedia vositalaridan faqat ovoz va matn qatnashadi.
2. Elektron multimedia darsligi – aynan kompyuter vositasida o’quv kursini yoki uning bitta katta bo’limini o’qituvchi yordamida yoki mustaqil o’zlashtirishni ta’minlovchi dasturiy-metodik kompleks.
3. Elektron ensiklopediya – kuchli qidiruv tizimiga ega bo’lgan ma’lum yo’nalishdagi illyustrasiyali maqolalar, elektron xaritalar, fotosuratlar, giperhavola(gipermurojaat)lar, audio va videoizohlar, xronologik ro’yxat, foydalanilgan va tavsiya etiladigan adabiyotlar ro’yxati va hokazolardan iborat bo’lgan katta hajmdagi elektron dastur.
4. Elektron lug’at – odatdagi lug’atlar asosida tuzilgan, multimedia vositalari bilan boyitilgan dastur. Elektron lug’at turli yo’nalishda tuzilishi mumkin, undan talabaning so’z boyligini oshirish, tarjima qilishda foydalaniladi.
5. O’rgatuvchi audiodasturlar, elektron lingafon kurslari umuman ikkinchi tilni o’rganuvchilar uchun nihoyatda samarali ta’lim texnologiyalaridir. To’g’ri talaffuzni o’rgatuvchi kompyuter dasturlarida animatsiya yordamida tovushning artikulyatsiya o’rni, usuli ko’rsatiladi, etalon nutq eshittiriladi, talabaning o’z talaffuzi yozib kiritiladi, so’ngra u adabiy til me’yori bilan taqqoslanadi. Bundan tashqari, audiodasturlar qatoriga “Karaoke” tizimini kiritish mumkin. Undan hordiq chiqarishda yoki biron tadbirni o’tkazishda foydalanish juda qulaydir.
6. Universal test dasturi o’zbek tili darslarining biror yirik bo’limi bo’yicha test topshiriqlari va reyting tizimidan iborat bo’lgan kompyuter dasturidir. Uning qulayligi shundaki, birgina dasturiy ta’minot asosida turli xil test sinovlarini o’tkazish, ya’ni faqat matnni o’zgartirib, dasturni har xil mavzularda qo’llash mumkin.
7. Elektron virtual kutubxona – multimedia xonasining keng imkoniyatlaridan yana biri, elektron nusxa yoki elektron multimedia darsliklari mujassamlangan, tarmoqqa ulangan kutubxona. Internet tarmog’idan o’zbek tilini o’rganuvchi rusiyzabon talabalar unumli foydalanishlari mumkin: mustaqil ta’lim jarayonida ma’lumotlar to’plash, mavzularni o’zlashtirish, berilgan mavzuda referat, insho yozish va boshqalar. Videomateriallar bilan ishlash til o’qitishda alohida ahamiyat kasb etadi. Axborot texnologiyalarining bu vositasi turli ko’rinishda, usulda qo’llanilishi mumkin. Masofaviy ta’lim – bu masofadan Internet tarmog’i orqali o’qitish usuli bo’lib, uning asosida respublikamizda ma’lum sohalar bo’yicha test-tajribalar o’tkazilmoqda. Mashg‘ulotlarda kompyuterdan foydalanishning turli-tuman usullari mavjud. Sanab o’tilgan va boshqa bir qator kompyuter texnologiyalarini til o’qitish jarayonida qo’llash yuqori natijalar berishi shubhasizdir.
Tillarni avtomatik o’qitish tizimida quyidagi turdagi topshiriqlardan foydalaniladi:
a) Close the gap – Bo’sh kataklarni to’ldiring topshirig’i. Bunda semantika + grammatika sohalarini o’rganish ko’zda tutiladi;
b) krossvordlar va leksik o’yinlar;
c) elektron pochtadan foydalanib bajariladigan mashq (turli xatlar yoki elektron hikoyalar tuzish asosida - maze) word-hunting;
d) matnlarning avtomatik tarjimasi va tahriri bo’yicha mashqlar;
e) grammatikaning turli bo’limlari bo’yicha diagnostik testlar o’tkazish;
f) CD-ROMda standart o’qitish kurslaridan foydalanish.
Ingliz tilini o’rgatishga mo’ljallangan quyidagi oquv dastrulari mavjud:
TOEFL tizimi – ingliz tilini avtomatik o’qitishga mo’ljallangan eng rivojlangan xalqaro dastur. U dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida amal qiladi, u inglizcha Test Of English as a Foreign Language so’zlarining qisqartmasi bo’lib, ingliz tilidan xorijiy til sifatida sinov standarti hisoblanadi. Bu tizim ingliz tilini o’rgatish bilan birgalikda o’zlashtirilgan bilimlarni diagnostika qila olish imkoniyatiga ham ega.
IELTS – TOEFL tizimiga o’xshaydigan avtomatik til o’rgatish va bilimlarni diagnostika qilish tizimi. U grammatika, lug’at, o’qib va eshitib tushunish, to’gri jumla qurish kabilar yuzasidan bilimlarni baholaydi.
ENGLISH FOR ALL (Hamma uchun ingliz tili) – O’zbekistonda yaratilgan avtomatik o’qitishga asoslangan o’quv dasturi. Unda o’quvchiga ingliz tilidagi tovushlar va ularning talaffuzi audio effektlar yordamida tushuntiriladi, qisqacha ingliz tili grammatikasi bayon etiladi, mashqlar va testlar yordamida bilimni tekshiradi. Ushbu o’quv dasturining afzal tomoni shundaki, unda o’qitish tizimi video effektlar bilan ham boyitilgan, ingliz tilida multfilmlar kiritilgan va inglizcha qo’shiqlar karaoke bilan ta’minlangan.
WAY TO PERFECTNESS (Mukammallik uchun yo’l) – ingliz tilini avtomatik tarzda o’qitishga mo’ljallangan o’quv dasturi bo’lib, bunda ham multimedia bilan ta’minlangan. Ushbu dasturning yuqoridagilardan farqli tomoni shundaki, unda dastur “elektron” (“virtual”) o’qituvchi bilan ta’minlangan.
REWARD – bir necha yil davomida o’qitishga mo’ljallangan til o’rgatish tizimi.
PROFESSOR HIGGINS - АНГЛИЙСКИЙ БЕЗ АКЦЕНТА - fonetik trenirovka, ingliz tilida aksentsiz talaffuz me’yorlarini o’rgatuvchi tizim.
REPETITOR ENGLISH - Moskvadagi ingliz tilini o’rgatuvchi xalqaro markaz tashabbusi bilan yaratilgan. Mazkur tizim ingliz tilini turli xil zamonaviy metodlar va elektron metodik ishlanmalar paketi yordamida avtomatik tarzda o’rgatishga mo’ljallangan.
EURO PLUS – uch yil davomida ingliz tilini bosqichma-bosqich (Elementary, Intermediate, Upper intermediate, Advanced English) tizimli tarzda o’rgatishga asoslangan avtomatik o’qitish tizimi.
Til o’qitishning avtomatik tizimi yildan yilga rivojlanib yangi effektlar bilan boyib bormoqda. Jahonda kompyuterni o’quv jarayonida qo’llash bo’yicha yetarli tajriba to’plangan, bu borada olib borilgan muhim ilmiy-metodik tadqiqotlar, ko’pgina ta’limiy-nazorat dasturlari, multimedia darsliklari mavjud. Yaratilgan dastur va boshqa elektron ishlanmalarning sifati, albatta, mualliflarning shaxsiy qarashlariga, ilmiy-metodik saviyasiga va umumiy madaniyatiga bog’liq bo’ladi.
Bu esa nazorat qilinishi qiyin bo’lgan holdir. Masalan, ba’zi ta’limiy-elektron ishlanmalar ko’zlangan maqsadga to’la-to’kis erishishga xizmat qilsa, ba’zilari o’ta qiziqarli, estetik jihatdan yuqori sifatli bo’lishiga qaramay, muayyan mavzu bo’yicha kerakli bilim va ko’nikmalarni egallashga xizmat qilmay, informatika va informasion madaniyat kursini o’rganishgagina yordam beradi.
Bugungi kunda o’qitishni kompyuterlashtirish nazariyasini ishlab chiqish, haqiqatan ham, o’quv faoliyatining samaradorligini oshiradigan, o’rganilayotgan mavzuga nisbatan ijobiy munosabat va qiziqishni shakllantiradigan ta’limiy-elektron ishlanmalarni yaratishning umumiy va xususiy mezonlarini belgilash zarurati paydo bo’ldi. Hozirgi paytda Rossiya, Fransiya, Yaponiya, Kanada va boshqa mamlakatlarda ta’limiy-elektron ishlanmalarni yaratish konsepsiyasini ishlab chiqish bo’yicha ilmiy-metodik tadqiqotlar olib borilmoqda. Konsepsiyada ishlanmalarning mohiyati, ularni yaratish, tekshirish va qo’llash tartibi belgilanadi. Mutaxassislarning fikricha, ta’limiy-elektron ishlanmalar asosan texnik, pedagogik, metodik talablarga javob berishi zarur. Ular shunday talablarga mos kelsagina, ta’lim jarayonida qo’llanilishi mumkin.4


Yüklə 16,61 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin