9-mavzu: din madaniyat fenomeni


-§. Hozirgi davrda diniy ma’rifatni takomillashishning yo‘nalishlari



Yüklə 101,87 Kb.
səhifə9/13
tarix26.12.2023
ölçüsü101,87 Kb.
#198582
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   13
11-Din madaniyat fenomeni

5-§. Hozirgi davrda diniy ma’rifatni takomillashishning yo‘nalishlari

O‘zbekistonda turli dinlarga mansub qadriyatlarni asrab-avaylashga, barcha fuqarolarga o‘z e’tiqodini amalga oshirish uchun zarur sharoitlarni yaratib berishga, dinlar va millatlararo hamjihatlikni yanada mustahkamlashga, ular o‘rtasidagi qadimiy mushtarak an’analarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda.


1. Dinlarning o‘zaro munosabati hamkorlik, hamdo‘stlik va teng huquqlilik asosida amalga oshiriladi. Bunday munosabatlarning sabablaridan biri hozirgi vaqtda dunyoda umuminsoniy manfaatlar va qadriyatlarning mamlakat, xalq va ijtimoiy guruhlar manfaati hamda qadriyatlaridan ustun turishidadir. Bugungi kunda dunyodagi rivojlangan davlatlar demokratiya, insonparvarlik va dunyoviylik tamoyillariga amal qilgan holda taraqqiy etmoqda. Ularda vijdon erkinligi huquqi kafolatlanib, tolerantlik hal qiluvchi tamoyil sifatida e’tirof etilmoqda.
2. Globallashuv, axborot oqimining kuchayishi, integratsiyalashuv sharoitida vijdon erkinligi va bag‘rikenglik tamoyillari asosida dinlararo sog‘lom muloqotning intensivlashuvi, diniy ong va madaniyatning rivojlanishi jarayoni sodir bo‘lmoqda. Diniy jarayonlarning globallashuvi tezkor internet tizimi, yuksak texnologiyalar orqali jahon dinlari o‘rtasida o‘zaro ta’sirning kuchayishi, diniy tashkilotlar sonining ortib borishi sharoitida amalga oshmoqda. Keyingi yillarda diniy ta’lim jahon miqyosida yuqori sur’atlar bilan o‘smoqda. Bu jahonning bir qator hududlarida dinga qo‘yilgan to‘siqlarning bekor qilinishi, diniy e’tiqodning qayta faollashuvi, diniy qadriyatlarning qayta tiklanishi, diniy ma’rifatga bo‘lgan munosabatning o‘zgarishi, bir qator diniy o‘quv yurtlarining barpo etilishi bilan bog‘liq holatda amalga oshirilmoqda. Axborot texnologiyalarining keskin yuksalishi diniy mazmundagi ma’lumotlarni, xabarlarni global miqyosda keng yoyilishini ta’minlamoqda. Diniy axborot inson va jamiyat hayotining muhim resursi bo‘lib qolmoqda.
3. Din istiqboliga doir futurologik masalalar dunyoviy jamiyat to‘g‘risidagi g‘oyalarning rivojlanib borishi bilan shakllangan sekulyarlashuv konsepsiyalarida o‘z aksini topib kelmoqda. Ushbu yo‘nalishdagi barcha konsepsiyalarda taraqqiy etgan mamlakatlarda dinning jamiyat hayoti sohalariga ta’sirining tobora pasayib, dunyoviylikka asoslangan hayot tarzining mustahkamlanib borishi haqidagi qarashlar qabul qilingan. Sekulyarlashuvga bag‘ishlangan nazariyalarda dinlarning taqdiri bilan bog‘liq masalalar yuzasidan tahliliy mulohazalarga e’tibor beriladigan bo‘lsa, tabiiy ravishda insoniyat istiqbolida diniylikdan dunyoviylikka o‘tib, rivojlanib boruvchi jamiyat qurilishi modeli ustuvor bo‘lishi to‘g‘risidagi xulosa ilgari suriladi. O‘zbekiston dunyoviy davlat sifatida rivojlanar ekan, din bilan davlat munosabati dindorlarning diniy tuyg‘ularini hurmat qilish, diniy e’tiqodlarni fuqarolarning yoki ular uyushmalarining xususiy ishi deb tan olish, diniy qarashlarga amal qiluvchi fuqarolarning ham, ularga amal qilmaydigan fuqarolarning ham huquqlarini teng kafolatlash asosida amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda dunyoviy turmush tarziga dinning moslashish jarayonini ifodalash va din bilan siyosatning o‘zaro nisbatini tavsiflash uchun ilmiy adabiyotlarda “sekulyarizatsiya” atamasi ham keng qo‘llanilmoqda. Jamiyat hayotida din o‘zida faqatgina diniy aqida va ibodatlarni kamrab olish bilan kifoyalanmay, avvalo o‘ziga umuminsoniy axloq me’yorlarini singdirgan va ularni umummajburiy hulq–atvor qoidalariga aylantira olgan. Jamiyatda turli millat va din vakillarining bahamjihat yashashida, jamiyat a’zolarida ertangi kunga ishonch hissini mustahkamlashda, turli hayot sinovlari, muammo va qiyinchiliklarni yengib o‘tishlarida, eng muhimi umuminsoniy va ma’naviy qadriyatlarni saqlab qolish hamda avloddan–avlodga yetkazishda dinning alohida o‘rni bor. O‘zbekistonda din davlatdan ajratilgan bo‘lsada, mamlakatdagi madaniy-ma’naviy an’nalarning ajralmas qismi va aholi ma’naviy kamolotining asosi sifatida qaraladi. Din kishilar mentaliteti, axloqi va madaniyati bilan dialektik aloqadordir. Shu sababli ham, har qanday dunyoviy davlatda jamiyatning birdamligi, o‘zaro ahilligi, jipsligi, tinchligi va barqarorligini saqlashda din o‘zining alohida o‘rniga ega.
4. Islom ta’limotiga ko‘ra, insonlarning dini, joni, nasabi, aqli va moliga foyda keltiradigan har qanday amal diniy jihatdan ham ma’qullanib, savobli ish hisoblangan. Islomda dunyoviylikka dinga yot tushuncha sifatida qaralmay, balki, dinning muqaddas manbalari-Qur’oni Karim va Hadislarda ham inson bu dunyosi uchun ham harakat qilishi kerakligi uqtiriladi. Jumladan, “Baqara” surasi 201-oyatda: Yana shundaylari borki, ular:”Ey, Robbimiz, bizga bu dunyoda ham yaxshilik ato etgin, oxiratda ham yaxshilik (ato etgin) va bizni do‘zax azobidan asragin”,-deydilar. Qur’oni Karimda diniy hayot tarzini majburlab singdirish mumkin emasligi ta’kidlanadi. Hadisi sharifdagi “Sizlarning yaxshilaringiz dunyoni deb oxiratni, oxiratni deb dunyoni unutmaganlaringiz” degan hikmatning mazmun-mohiyati ham dunyo va oxirat ishini uyg‘unlashtirish zarurligini ko‘rsatib o‘tadi. Dunyoviy ishlar shaxs va jamiyat manfaatlarini ko‘zlar ekan, ular din ta’limotlarida doimo qo‘llab-quvvatlangan. Din jamiyat hayotida dunyoviy ishlarning ma’naviy jihatlarini savob yoki gunoh tushunchalari orqali tartibga solib turgan. Diniylik va dunyoviylik masalasi davlatchilik mavzusiga ham taalluqli masala bo‘lib, islom dini ta’limotida davlat siyosiy tuzilmasining umumiy tamoyillari - tenglik, erkinlik, adolat va mashvaratdan iborat ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan.
5. Bugun O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati qurish jarayonida dunyoviylik tamoyili va diniy qadriyatlar uyg‘unligi masalasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Dunyoviylik tamoyili O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonuni bilan huquqiy jihatdan kafolatlangan bo‘lib, xalqimiz diniy e’tiqodni chuqur hurmat qilgan holda dunyoviy taraqqiyot yo‘lidan bormoqda.
Dunyoviylik diniy qadriyatlarni hurmat qilgan holda aql-zakovat, bilim va tajribani ishga solish, el-yurtni obod qilishga hissa qo‘shish, xalqning hurmatini qozonishni o‘zida ifodalamoqda. Prezident Shavkat Mirziyoev ta’biri bilan aytganda, - Dinu diyonatimiz, va zamon ruhini qalbimizga chuqur singdirib, bugungi hayotning o‘tkir talabi bo‘lgan ilm-fan, innovatsiya va taraqqiyot yutuqlari bilan qurollanib, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida astoydil xizmat qilsak, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga albatta yetamiz2.
Hozirgi davrda taraqqiy etgan mamlakatlarda diniy tashkilotlar davlatdan ajratilgan bo‘lib, ularning davlat va nodavlat idoralar bilan aloqasi qonunlar asosiga qurilgan. Davlat diniy tashkilotlarning ichki ishiga aralashmasdan, ularning faoliyatini qonunchilik orqali tartibga soladi. Bugungi kunda O‘zbekistonda ham turli ob’ektiv va sub’ektiv sabablarga ko‘ra dinga qiziqish kuchayib, xalqimiz tarixi va madaniyatini chuqurroq bilish, o‘zligimizni qaytadan kashf etish, qadriyatlarni qaytadan baholash zaruriyati tufayli dinga munosabat o‘zgarmoqda. Bugungi kunda dinni o‘rganish jarayonida uning axloqiy ta’limoti va tarbiyasiga, falsafasiga, ijtimoiy-amaliy me’yorlariga, qadriyatlar majmuasiga e’tibor kuchaytirilmoqda. Madaniy merosga ilmiy yondashishning mezonlari insonparvarlik, vatanparvarlik, xalqchillik va taraqqiyparvarlikdan iborat bo‘lib, O‘zbekistonda islom madaniy merosiga umuminsoniy madaniyat, umuminsoniy va milliy qadriyatlarni o‘zlashtirish, madaniyat va axloqiy bilimlarning asosi sifatida munosabatda bo‘linmoqda.
Muqaddas kitoblarimiz va qadriyatlarimiz, buyuk mutafakkir ajdodlarimiz merosida doimo halol mehnat bilan yashash, vatanparvarlik, mardlik, saxovat va kamtarlik ulug‘lanib kelgan. Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Xoja Bahovuddin Naqshband, Burhoniddin Marg‘inoniy va boshqa ko‘plab allomalarimiz targ‘ib qilgan islomiy qadriyatlar ma’naviy hayotimiz va din-diyonatimizning ko‘zgusi bo‘lib hisoblanadi. Ulug‘ allomalarning ma’naviy merosi yoshlarni ezgu ishlar bilan shug‘ullanishga, vatanparvar bo‘lishga, halol mehnat qilishga undaydi. Vatanimiz hududida yashab faoliyat ko‘rsatgan ajdodlarimiz Islom dinini yuksak madaniyat va sivilizatsiya darajasiga ko‘tarishganini butun musulmon olami e’tirof etadi.
Imom Buxoriy, Burxoniddin Marg‘inoniy, Iso va Hakim Termiziylar, Mahmud Zamaxshariy, Muhammad Qaffol Shoshiy, Bahouddin Naqshband, Xoja Axror Valiy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy va boshqa ko‘plab daholar nomi nafaqat islom, ayni vaqtda jahon sivilizatsiyasi tarixida haqli ravishda oltin harflar bilan bitilgan, - deydi Prezident Shavkat Mirziyoev, - ...Buyuk tarixda hech narsa izsiz ketmaydi. U xalqlarning qonida, tarixiy xotirasida saqlanadi va amaliy ishlarida namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ham u qudratlidir. Tarixiy merosni asrab-avaylash, o‘rganish va avlodlardan avlodlarga qoldirish davlatimiz siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biridir3. Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyusiya qabul qilish taklifini bildirib, bu rezolyusiyaning qabul qilinishi dunyo mamlakatlarida tinchlik, osoyishtalik va barqarorlikning mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Yüklə 101,87 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   13




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin