3-§. Qadimgi va milliy dinlarning tasnifi
Dinlar tarixi va ta’limotini o‘rganish jarayonida dinlarning tarixiy tiplari, turli shakllari, yo‘nalishlari, mazhablari, ularning o‘ziga xos xususiyatlari, o‘zaro bog‘liqligi, dindorlar hayotida va jamiyatda tutgan o‘rni masalalariga to‘xtalib o‘tiladi. Dinshunoslikni o‘rganishda dinning ijtimoiy-falsafiy mohiyatiga, eng qadimgi diniy e’tiqod shakllari bo‘lgan totemizm, fetishizm, animizm, sehrgarlik (magiya, shaman) dinlarining o‘ziga xosligi, milliy davlat dinlariga, jahon dinlari bo‘lgan buddaviylik, xristianlik va islom dinining mazmun-mohiyati va ta’limotini ochib berishga asosiy e’tibor qaratiladi. Politeizm ya’ni ko‘pxudolik va monoteizm ya’ni birxudolik dinlarning o‘ziga xosligi, tarixiy taraqqiyotda rivojlanish xususiyatlari o‘rganiladi.
Dinlar urug‘-qabila, milliy davlat va jahon dinlariga bo‘lib o‘rganiladi.
1. Insoniyat tarixida ilk diniy tasavvurlar ibtidoiy jamiyatda vujudga kelib, bu o‘sha davrda yashagan odamlarda ong-tafakkurning shakllanishi bilan bevosita bog‘liq edi. Insonda shakllangan dunyoqarashning ilk shakli mifologik dunyoqarash bo‘lib, ong-tafakkuri shakllanayotgan inson o‘zining tevarak atrofida sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarni tushunishga harakat qilar, lekin inson ongi ilmiy asosda voqea-hodisalarning mohiyatini tushuntirib bera olmas edi. Natijada inson o‘zining atrofidagi barcha narsalarni jonlantirib tasavvur qila boshladi. Natijada mifologiya ya’ni afsona-asotirlar vujudga keldi. Insonda ilk diniy e’tiqodning vujudga kelganini ko‘rsatuvchi belgilardan biri bu dafn marosimining paydo bo‘lishi bo‘lib, Surxondaryoning Teshiktosh g‘orida o‘rta paleolitning oxirlarida yashagan neandertal bola qabrining topilishi, uning ustiga arxar shoxlarining terib chiqilgani bu davr odamlarida yovuz ruhlardan qo‘rqish, animizmning, ulardan himoya qilish uchun arxar shoxlarining terilganligi totemizm va fetishizmning belgilaridir. Insondagi ilk diniy tasavvurlar axloqiy me’yorlarga ham asoslanib, ibtidoiy davrda ilk axloqiy me’yorlar “tabu”, - ta’qiqlar paydo bo‘lib, inson o‘zi uchun muqaddas hisoblangan hayvon, o‘simlik va turli narsalarga uni qo‘llay boshlagan. Dinning tarixiy shakllariga urug‘chilik tuzumi shakllanayotgan davrda paydo bo‘lgan totemizm, animizm, fetishizm, shamanizm, magiya (sehrgarlik) kabilar kiradi. Dinning tarixiy shakllari keyinchalik milliy davlat va jahon dinlari tarkibiga singib, o‘ziga xos bo‘lgan yondashuvlarni shakllantirgan. Shuning uchun urug‘-qabila dinlari, primitiv diniy tasavvurlar – totemistik, animistik, fetishistik tasavvurlarga asoslangan dinlardan iborat bo‘lsa, milliy davlat dinlari – ma’lum millatga xos bo‘lib, boshqa millat vakillarini o‘ziga qabul qilmaydigan dinlar bo‘lib hisoblanadi.
2. Milliy davlat dinlariga iudaizm (yahudiy millatiga xos), hinduizm, jaynizm, sikxizm (hindlarga xos), daosizm, konfutsiychilik (xitoy millatiga xos), sintoizm (yaponlarga xos) kabi dinlar kiradi.
3. Jahon dinlari – dunyoda eng ko‘p tarqalgan, kishilar o‘zining millati va irqidan qat’i nazar unga e’tiqod qilishlari mumkin bo‘lgan dinlar hisoblanib, jahon dinlariga buddaviylik, xristianlik va islom dinlari kiritiladi.
Insoniyat tarixida din shakllari turli-tuman bo‘lgan. Ammo har qanday din muayyan tarixiy sharoit va ijtimoiy munosabatlarga muvofiq holda paydo bo‘lib rivojlangan, o‘zining ta’limoti va axloqiy me’yorlari tizimini ishlab chiqqan. Ibtidoiy jamiyatdagi dinning tarixiy shakllarida inson asosan tabiatni ilohiylashtirib unga sig‘ingan bo‘lsa, milliy va jahon dinlarida olamning uch bosqichdan iboratligi, jannat va do‘zax haqidagi tasavvurlar paydo bo‘ldi, ibodatxonalar, faqat dinga xizmat qiladigan rohiblar qatlami shakllantirildi. Diniy mafkura paydo bo‘lib, jamiyat hayotining barcha sohalari shu mafkura asosida boshqarila boshlandi. Qadimgi Turon va Eronda zardushtiylik dini keng tarqalib ezgu so‘z, ezgu fikr va ezgu amal g‘oyasi asosida jamiyatdagi axloqiy va ijtimoiy munosabatlar tartibga solingan bo‘lsa, Hindi-Xitoy mintaqasida Vedachilik, Buddaviylik, Jaynizm, Daosizm, Konfutsiylik kabi diniy ta’limotlar paydo bo‘ldi. Agar Buddizmda insonning axloqiy fazilatlari haqida so‘z yuritilib, inson to‘g‘ri qarash, to‘g‘ri jur’at, to‘g‘ri xatti-harakat, to‘g‘ri nutq va to‘g‘ri hayot tarziga chaqirilsa, Jaynizmda birovga zarar yetkazmaslik, muruvvat va rostgo‘ylik, halol yashash, so‘zda, fikrda va amalda o‘zini tiyish targ‘ib qilingan. Daosizm ta’limotida inson tabiat ko‘rsatgan yo‘ldan borishga, birovlarning ishiga aralashmaslikka da’vat etilsa, Konfutsiy tomonidan asosiy axloqiy qonun va qoidalar ishlab chiqiladi. Umuman milliy va jahon dinlarida politeizm, monoteizm, dunyoning uch bosqichdan iboratligi to‘g‘risidagi qarashlarning ishlab chiqilishi diniy ta’limotlardagi axloqiylik me’yorlarining takomillashishiga olib keldi. Insonning u dunyoda jannatga yoki do‘zaxga tushishi uning ezgu amallari, axloqliligi, boshqalarga ko‘rsatadigan yaxshiligi bilan belgilana boshladi. Inson diniy ta’limot doirasida halollik, poklik, adolat, insoniylikka da’vat qilinib, bu fazilatlar insonning u dunyodagi xayotini belgilashi e’tirof etildi va din doirasida axloq-odobning me’yorlari ishlab chiqildi.
Jahon dinlaridan Islom dinining paydo bo‘lishi, rivojlanishi va tarqalishi ko‘rib o‘tilganda, Islom dini insonparvar din sifatida o‘zining qadriyatlari, qonunlari va talablari, axloq-odob me’yorlari bilan ko‘pgina insonlarni o‘ziga jalb etib kelmoqda. Taqvodorlik diniy ta’limot doirasida yomonliklardan, gunoh ishlardan saqlanishni bildiradi. Yomon ishlardan saqlanib yaxshi ishlarni amalga oshirish insonning muqaddas burchidir. Odobli, axloqli, insoniy va ma’naviy kamolotga yetgan insonni tarbiyalash masalasiga Islom dinida katta e’tibor qaratilgandir. Islom dinida millatidan, elatidan, tanasining rangidan qat’iy nazar, inson insonligi uchun ulug‘lanadi. Islom barcha millatlarni birlashtirib, teng, do‘st, yoru birodar qilib, tinch-omon yashashlarini uqtirib kelgan. Islom tinchlik dinidir. Islom insonlar zimmasiga yer yuzida tinchlik ila yashash va yaratish vazifasini yuklaydi. Islom odamlar o‘rtasida adolatni saqlash zarurligini uqtiradi. Islom dinida e’tiqod erkinligi ochiq oydin e’lon qilingan bo‘lib, Qur’oni karimning Baqara surasi 256 oyatida “Dinda majburlashlik yo‘q”, degan so‘zlar bayon qilingan. Din tanlashda majburlash yo‘q, har kim o‘zi xohlagan dinga kirsin degan qoidada insonning aqli borligi, birov majbur qilmasdan har kim o‘zi xohlagan yo‘lni tanlab olishi bayon qilingan.
Dostları ilə paylaş: |