6. Teizm tushunchasining mazmuni va mohiyati. Olamning xudo tomonidan yaratilganligini tan oluvchi diniy-falsafiy ta’limot teizm deb nomlanib, u iudaizm, xristianlik va islom dinlari uchun xosdir. Teizm ta’limotiga ko‘ra xudo olamdan tashqarida turib, olamni o‘z irodasiga ko‘ra yaratgan va dunyodagi barcha narsalar uning xohish-irodasiga ko‘ra yuz beradi. Xristian dinida teologiya diniy ta’limotning ko‘plab sohalarini qamrab olgan bo‘lib, ruhoniy faoliyatining amaliy masalalarini yoritib beruvchi pastir ilohiyoti, ibodat nazariyasi bo‘lib hisoblanuvchi liturgika, targ‘ibotchilik faoliyatining nazariy va amaliy masalalarini o‘z ichiga olgan gomiletika, cherkov huquqi nazariyasi bo‘lib hisoblanuvchi kanonika kabilar mavjuddir. Islom dinida ham ilohiyotning shakllanishi davrida xilma-xil ilohiyot oqimlari – jabariylar, qadariylar, mu’taziliylar, murji’iylar va boshqalar vujudga kelgan. Islom dinida ilmu kalom, ilmu hikmat, ilmu rivoyat, ilmu tavhid, aqida ilmi kabi bir qator ilm sohalari mavjud bo‘lib, kalom falsafasi, tasavvuf falsafasi kabi diniy falsafiy oqimlar paydo bo‘lib takomillashib borgan. Kalom falsafasi asosida islom ilohiyotining asoslari ishlab chiqilgan.
7. Teosofiya tushunchasi va uning din falsafasida tutgan o‘rni. Diniy falsafiy ta’limotlardan biri teosofiya bo‘lib, teosofiya yunon tilida theos – Xudo va sophia – donishmandlik, ya’ni xudoni bilish degan ma’noni bildiradi. Teosofiya ta’limotiga ko‘ra barcha tirik mavjudotlarning hayoti ularning tanasini boshqarib turuvchi ilohiy jon, ruhning faoliyati bilan bog‘liq bo‘lib, inson o‘zining yuksak zakovati yordamida aslida o‘zining ilohiy jon ekanligini anglab yetadi. Xudoning tabiati bilan inson jonining tabiati aslida bir xil bo‘lib, Xudo o‘zining quvvati bilan butun borliqda mavjud bo‘lgan eng kichik zarradan tortib eng katta tirik mavjudotning ichida alohida mavjud bo‘la oladigan, ayni paytda butun borliqni nazorat qilib boshqarib turadigan , cheksiz qudratga ega bo‘lgan Oliy Ruh sifatida e’tirof etiladi. Jon esa Xudo quvvatining ajralmas bo‘lagi hisoblangan ruh sifatida ko‘rib o‘tiladi. Borliq alohida ruhning mavjud emasligiga qarab tirik yoki o‘lik, jonli yoki jonsiz mavjudotlarga bo‘linadi. Teosofiya ilmiga asosan, Xudo – yagona mutlaq manba bo‘lib uning tabiati uch turli ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Bular - butun borliq Xudoning ichki va tashqi quvvatidan tashkil topgan bo‘lib, butun olam ana shu ikki quvvatdan tarkib topgan ikki olamga, ruhiy va moddiy olamga bo‘linadi, Xudoning ichki quvvati oliy ruhiy quvvat, tashqi quvvati esa quyi moddiy quvvat bo‘lib hisoblanadi, degan yondashuvlardan iboratdir. Ushbu ta’limotga asosan ruhiy quvvat moddiy quvvatdan ustun bo‘lib, uni boshqarib turadi. Ruhning o‘z xohishi bilan ruhiy olamda yoki moddiy olamda yashashi mumkinligi e’tirof etiladi. Ruhlarning moddiy olamni boshqarish faoliyati aralash quvvat, ya’ni ruhning moddiy hayoti bo‘lib hisoblanadi. Ruhning moddiy olamdagi, bir tanadan ikkinchi tanaga o‘tib rivojlanish faoliyati ruhning evolyusiyasi bo‘lib hisoblanadi. Inson tirik mavjudotlar ichida ong, tafakkurga ega mavjudot bo‘lganligi uchun u ruh va moddaning bir-biridan farqini anglab yetadi. Insonning boshqa tirik mavjudotlardan ajratib turuvchi yagona xislati o‘zining ruh ekanini anglab yetishi va hayotda ana shu ilmi asosida yashay olish qobiliyatiga egaligidir. Insoniyat jamiyati tarixiy taraqqiyotida vujudga kelgan turli diniy-falsafiy ta’limotlarda ruh va tananing bir-biriga munosabati va farqli jihatlari o‘z davridagi sharoitdan kelib chiqib o‘rganilgan. Natijada teosofiya rivojlantirilgan. Teosofiya mistik intuitsiya va vahiylar yordamida inson bevosita xudoni anglab yetishi mumkin deb hisoblaydi. Butun olamni qamrab oluvchi, barcha narsalarning ilohiy mohiyati haqidagi tasavvur teosofiyaning nazariy asosini tashkil etadi. Rus dinshunos faylasufi V.Solovyov teosofiyani ratsional ya’ni aqliy va empirik ya’ni tajribaviy bilimlarning mistika bilan sintezi deb hisoblaydi. Yuqorida ko‘rsatib o‘tilganidek, teosoflar jonning ko‘chib yurishini e’tirof etishgan. Ular umuminsoniy birodarlik, barcha dinlarga yo‘l qo‘yishlik, ijtimoiy-xayoliy g‘oyalarni ham targ‘ib qilib kelishgan. Ularning fikricha har bir dinda ilohiy mohiyat bo‘lib, barcha dinlar insonning ilohiy tuyg‘ularini rivojlantirishga xizmat qiladi.