Yusuf Xos Xojib fikricha inson dunyoda abadiy emas, bu dunyoga kelgan har qanday odam vaqti etgach ketadi. Inson umrining qimmati necha yil yashagani bilan emas, qanday ezgu ishlarni amalga oshirganligi, hayotda qoldirgan izi bilan belgilanadi. U kishi olamdan o‘tgandan so‘ng, bu dunyoda undan ikki xil, biri yomon, ikkinichisi yaxshi degan nom qoladi. Inson iloji boricha o‘zidan yaxshi nom qoldirishi, yaxshi olqish olishi lozim deb ta’kidlagan.
G‘ARB FALSAFASIDA INSON. Sharq tafakkurida insonga nisbatan yuqorida qayd etilgan yondashuvlar bilan bir qatorda tabiat, kosmos muammolari ham qadimdan muayyan o‘rin egallab keladi. Bunda insonga ulkan dunyodagi bir zarra sifatida qaraladi. Ammo dunyoga nisbatan kosmotsentrik yondashuv antik falsafa rivojlanishining ilk bosqichlariga ko‘proq xosdir. Dunyoning mazkur talqiniga muvofiq birinchi o‘ringa Suqrot davridayoq falsafaning diqqat markazidan o‘rin olgan inson haqida mulohaza yuritish uchun ham tegishli zamin hozirlovchi dunyo va kosmos muammolari chiqadi.
Kosmotsentrizm nuqtai nazaridan inson avvalo kosmosning bir qismi sifatida, «kichkina dunyo» sifatida (Demokrit), ba’zan jonli organizm sifatida tasavvur qilinadigan makrokosm bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan mikrokosm sifatida idrok etiladi. Antik faylasuflar Koinotni va unda mavjud tartibni tushunish orqali insonning o‘zini ham anglab etish mumkin deb hisoblaganlar (Platon, Aristotel). Bunda tafakkur, bilim, aql-zakovat va donishmandlik muhim rol o‘ynagani bois, ular doim kosmotsentristlar tomonidan yuksak baholangan, inson va uning qobiliyatlariga baho berishda birinchi o‘ringa qo‘yilgan.
Bunday qarashlar Evropa falsafiy an’anasida V asrgacha, ularning o‘rnini teotsentrizm konsepsiyasi egallagunga qadar kuzatiladi. Bu konsepsiyaga muvofiq hamma narsani Xudo belgilaydi. Xristianlikning mohiyatini aks ettiruvchi turli kreatsionistik nazariyalarga ko‘ra butun dunyo, shu jumladan, jonli dunyo (o‘simliklar, hayvonlar, inson) darhol va o‘zining mukammal ko‘rinishida yaratilgan. Injilning dunyo olti kunda yaratilgani haqidagi rivoyatiga asoslangan bu nuqtai nazar evropaliklar tafakkurida Darvinning evolyusion nazariyasi paydo bo‘lgunicha, ya’ni XIX asrning o‘rtalariga qadar hukm surdi. Xristianlar dunyosida dindor odamlar orasida u bugungi kunda ham amal qilmoqda.