2. Mehnat potensialini belgilovchi ko‘rsatkichlar tizimi
Agar «mehnat resurslari» va «ishchi kuchi» tushunchalari o‘zida faqatgina miqdoriy xususiyatlarni mujassam etsa, bulardan farqli ravishda, mehnat potensiali ham miqdor, ham sifat ko‘rsatkichlarini o‘z ichiga oladi.
Ayrim iqtisodchilar potensialning miqdor ko‘rsatkichlari bevosita re-surslar miqdoriga teng deb qarab, unga mehnat yoshidagi ishga layoqatli aholi, ishlayotgan o‘smirlar va pensionerlarni kiritadilar.
Potensialning miqdor ko‘rsatkichlari faqat resurslarning faol qismi bilangina cheklanib qolmaydi. Mazkur miqdorga quyidagi toifa aholi qat-lamini ham kiritish mumkin:
– mehnatga layoqatli aholining nofaol qismi;
– ishlash imkoniyati va istagiga ega barcha guruh nogironlari;
– mehnatga layoqatli yoshdagi imtiyozli pensionerlar;
– ishlash xohishini bildirgan o‘smirlar va yoshga doir pensionerlar. Ushbu aholi qatlamlariga yetarli miqdordagi ish haqi va qulay mehnat
sharoitlari bilan ta’minlangan ish joylarini taklif etish yoki kasanachi-lik, uyda o‘tirgan holda pullik ishlar va xizmatlarni bajarish, maishiy xizmat ko‘rsatish (kichik shahobchalarda) kabi faoliyatlarga jalb qilish yo‘li bilan ularni jamiyatning faol va to‘laqonli a’zosiga aylantirish mumkin. Ularning ushbu faoliyatlari esa mamlakatda yalpi milliy mahsulot yaratish, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, moddiy resurs va zaxiralardan, ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish samaradorligini oshirish hamda iqtisodiy taraqqiyotga erishishga bevosita ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu sa-babli yuqorida sanab o‘tilgan aholi toifalarini mehnat potensialining qo‘-shimcha (zaxira) miqdori sifatida e’tirof etish maqsadga muvofiqdir.
Bundan tashqari, potensialning faol miqdoriga mamlakatimiz hududida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan norezidentlar (immigrantlar)ni ham kiritish mumkin. Immigrantlarni potensial tarkibiga kiritishimizning sababi shundaki, ular ham mamlakat ishlab chiqarishida (moddiy va nomoddiy sohalarda) ishtirok etadi, iqtisodiyot tarmoqlarida o‘z ishchi kuchini namoyon qiladi, aqliy va jismoniy salohiyatini safarbar etadi. Garchi norezident-lar o‘z mehnat faoliyati natijasidan olgan daromadlarining asosiy qismini o‘zlari olsalar-da, mamlakat hududida o‘z ehtiyojlarini qondirish bilan bog‘-liq xarajatlarni (oziq-ovqat, dam olish, uy-joy ijarasi, kommunal, trans-port, uy-ro‘zg‘or anjomlari), daromad solig‘i va boshqa ijtimoiy to‘lovlarni amalga oshiradilar. Bu esa byudjet tushumlarida va naqd pul aylanmasida o‘zaksini topadi. Biroq O‘zbekiston iqtisodiyotining bugungi kungi holatida mazkur toifa ahlining ishtiroki u qadar sezilarli bo‘lmasa-da, mamlakat-da faoliyat ko‘rsatayotgan chet mamlakat elchixona va vakolatxonalari, xalqaro tashkilotlarning hududiy, mintaqaviy bo‘limlari, qo‘shma korxonalar, xo-rij firmalari, dilerlik kompaniyalari, chet el korxonasi (tashkiloti) fi-lial va shu’balari hamda hamkorlik tashkilotlarida norezidentlar mehnat va tadbirkorlik faoliyatlarini amalga oshirmoqdalar. Demak, bugungi kunda mamlakatda immigrantlar xizmati, asosan, xorijiy ulush yoki tegishlilikka ega bo‘lgan korxona va tashkilotlarda kuzatilmokda. Shuningdek, ularning mustaqil tarzda mamlakat mehnat bozorida paydo bo‘lishi va o‘z ishchi kuchini namoyon etishi kam uchraydigan hodisadir.
Iqtisodiyoti jadal rivojlangan, sanoat va ishlab chiqarish keng taraqqiy etgan, iqtisodiy o‘sish sur’ati talabiga nisbatan kam mehnat potensialiga ega bo‘lgan mamlakatlarda (AQSh, Kanada, Rossiya, Germaniya, Avstriya, Fran-siya, Koreya) immigrantlar alohida ahamiyatga ega. Mazkur davlatlarning iqtisodiy imkoniyatlaridan salmoqli darajada foydalanish uchun milliy ishchi kuchining o‘zi yetarli bo‘lmaydi, natijada, qo‘shimcha ishchi kuchiga talab paydo bo‘ladi. Bu talab esa o‘z-o‘zidan muhojirlar mehnati orqali qondiri-ladi. Demak, bir so‘z bilan aytganda, mehnat potensialida immigrantlar ham o‘z o‘rni va ahamiyatiga ega.
Mehnat potensiali miqdor ko‘rsatkichlarining shakllanishini rasm ko‘rinishida quyidagicha ifodalash mumkin (6.3-rasm);